Mavzu: Kirish
Download 105.5 Kb.
|
Maruza matni №1.
Mavzu: Kirish. Tarixshunoslik fani va uning vazifasi. O‘zbekistonda qadimgi davr tarixining o‘rganilishi REJA: Tarixshunoslik fanining predmeti, maqsad va vazifalari Tarixiy bilimlar taraqqiyoti va tarixiy tadqiqot usullari, metodologiyasi. Tarixiy bilimlarning paydo bo’lishi va rivojlanishi. Eng qadimgi og’zaki va yozma tarixiy yodgorliklar. Zardushtiylik dini tarixining tarixshunosligi. Yunon va Rim tarixshunosligi. Musulmon tarixshunosligi va uning o’ziga xos xususiyatlari. 1. Tarixshunoslik – tarix fanining tarixini o’rganuvchi fan. Tarixshunoslik tarixiy bilimlar taraqqiyotini, muayyan tarixiy bosqichda yaratilgan ilmiy mahsulotlarni yoki ma’lum bir muammoga bag’ishlangan tarixiy tadqiqotlarni o’rganadi va tahlil qiladi. Tarixshunoslik nafaqat tarix, balki maxsus tarix fanlari (masalan, sharqshunoslik, etnologiya, arxeologiya) tarixi bilan ham shug’ullanadi. Tarixshunoslikning asosiy vazifasi tarix fani rivojini chuqur va har tomonlama xolisona anglashdan, muayyan taraqqiyot davrida to’plangan tarixiy bilimlarni tahliliy tadqiq etishdan, amalga oshirilgan ishlarning natijasini chiqarishdan hamda shu asosda tadqiq etilgan dolzarb muammolarni aniqlab, kelgusi tadqiqotlarning yo’nalishlarini belgilashdan, tarixchilarni muayyan tarixiy-ilmiy muammo doirasidagi adabiyotlarga yo’naltirishdan iborat. Tarixshunoslik o’tmishda kechgan va bugunda sodir bo’layotgan voqea-hodisalarning odamlar ongida qanday aks etishini, tarixiy adabiyotlar orqali ijtimoiy-tarixiy rivojlanish jarayonini kuzatish; jamiyat tarixiy rivojining turli bosqichlarida tarixiy bilimlarning o’sib borish jarayonini kuzatish imkonini beradi. Boshqacha aytganda ma’lum bosqich yoki davrda tarix fanining rivojini jamiyat taraqqiyotining asosiy yo’nalishi bilan bog’liqlikda ifodalaydi, ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy muhitning tarix faniga ta’sirini, u yoki bu yo’nalishdagi rivojlanish va tanazzulga yuz tutish sabablarini aniqlaydi. Tarixshunoslik shuningdek, fan taraqqiyotida o’z o’rniga ega bo’lgan ilmiy-tadqiqot markazlari tarixini, unda faoliyat ko’rsatgan ilmiy kadrlarning salohiyati, ularning fan rivojiga qo’shgan hissalarini o’rganish kabi vazifalarni ham bajaradi. 2. Tarixshunoslik tadqiqotlarining bir qancha tahlil usullari mavjud; - Qiyosiy tarixiy usul-turli tarixiy davrlarda tarixiy ma’lumotlar qanday paydo bo’ldi, harakatlandi, o’zgardi va rivojlandi, jamiyat taraqqiyotida tarixiy fikrlarning paydo bo’lishi va rivojlanishi jarayonini aniqlashda qo’llaniladi; - Aniq tahliliy usul-olib borilgan tarixshunoslik tadqiqoti voqea-hodisalar tafsilotini kelib chiqish sabablari, rivojlanish jarayonini nazariy va faktik materiallarning o’zaro aloqasida tahlil qiladi, ularning fanda qanday yoritilganligini o’rganadi; - Mantiqiy-tahliliy usul-tarixshunoslikda katta imkoniyatlarga ega bo’lib, tarixiy muammoning o’ziga xos xususiyatlari, tuzilishi, boshqa tarixiy hodisalar bilan bog’liqligini o’rganishda qo’llaniladi. Boshqacha aytganda, ma’lum bosqich yoki davrda tarix fanining rivojini jamiyat taraqqiyotining asosiy yo’nalishi bilan bog’liqlikda ifodalaydi; - Xronologik usul-voqea-hodisalar haqida turli bosqich yoki davrda to’plangan tarixiy faktlarni o’zaro bog’liqlikda o’rganishda qo’llaniladi. Bu esa turli zamonda ilmiy fikrlarning harakatini, muammoga yondashuvda kontseptsiyalar, qarashlar, g’oyalarning o’zgarib borishini xronologik tartibda takroriy yoki xilma-xil jihatlarini ochib beradi; - Davriylashtirish usulida ma’lum bir tarixiy-davriy chegarada tarix fanining sifat, uslub va xususiyatlarining o’zgarishiga ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning ta’siri, har bir yangi bosqichda vujudga kelgan ilmiy g’oyalarni harakatlantiruvchi omil va yo’nalishlar aniqlanadi; - Retospektiv tahlil-har bir ilmiy adabiyot o’z davriga taalluqli bo’lib, uning kuchli va kuchsiz jihatlarini o’zida aks ettiradi. Tarixshunoslik tadqiqotlarida tadqiqotchining vazifasi o’zidan avvalgi bosqichlarda yaratilgan ilmiy asarlarni zamonaviy bilimlar nuqtai nazaridan o’rganish, ularning ijobiy va salbiy jihatlarini tahlil qilishdan iborat. Tarixshunoslik tarix faniga nisbatan yangi fan hisoblanadi. O’rta asrlarda yaratilgan ba’zi tarixiy asarlarda, jumladan, Abu Rayxon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” va “Hindiston”, Abu Bakr Narshaxiyning “Tarixi Buxoro”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Boburning “Boburnoma”, Muhammad Yusuf Bayoniyning “Tarixi Xorazm”, “Shajarai Xorazmshohiy”, Ahmad Donishning “Buxoro amirligining tarjimai xollari” va boshqalarda muayyan ma’lumotlarni umumlashtirishga, fakt va tarixiy jarayonlar bayonida tahliliy yondashuvga bo’lgan harakatlar kuzatiladi. O’zbekistonda tarixshunoslik tarix fanining maxsus sohasi va alohida predmeti sifatida XX asrning II yarmida shakllandi. O’zbekiston FA Tarix instituti tashkil topgach, bir qator tarixshunoslar, jumladan V.X.Nepomnin, R.N Nabiyev, I.K.Dodonov, L. M. Landa, X.I.Inoyatov, B.V.Luninlar muayyan muammolarning tarixshunosligini tadqiq qilishga kirishdilar. 1968-yil Tarix instituti qoshida “Tarixshunoslik” sektori, keyinroq bo’lim tashkil etilishi bu sohaning rivojiga katta hissa qo’shdi. Istoriografiya tushunchasi ikki ma’noda qo’llaniladi: Tarixiy bilimlar taraqqiyoti va tarixiy tadqiqot usullariga doir fan ma’nosida. Muayyan tarixiy davrga yoki muammoga bag’ishlangan tarixiy tadqiqotlar majmuasi ma’nosida (masalan, hozirgi davr istoriografiyasi). O’rta Osiyo xalqlari tarixining istoriografiyasi deganimizda, O’rta Osiyo xalqlarining eng qadimgi zamonlardan hozirgacha bo’lgan tarixiga manba bo’lib xizmat qiluvchi tarixiy tadqiqot, ya’ni tarixshunoslik asarlarini tushunamiz. Tarix fan sifatida qachon va qanday paydo bo’lgan? Bu savolga javob olish uchun antik, ya’ni qadimiyat istoriografiyasiga (manbalariga) murojaat qilamiz. Yozuvlar vujudga kelguniga qadar epik asarlar (epos – grekcha so’z bo’lib, doston, rivoyat, afsona asarlarini anglatadi) tarixni o’rganish uchun yagona manba edi. (Masalan, yunon shoiri Homerning «Iliada», «Odisseya» dostonlari, O’rta Osiyo xalqlarining «Alpomish», «Manas», «Go’ro’g’li» dostonlari, Vladimir, Muromli Ilya, Dobrinya Nikitich, Alyosha Popovich kabi rus bahodirlari haqidagi dostonlar yoki «Igor’ jangnomasi» qo’shig’i...) Yozuvlar ixtiro qilinganidan so’ng esa toshlar yoki binolardagi bitiklar va yilnomalar eng qadimiy yozma tarix manbalari hisoblanadi. O’sha davrlardagi voqealarning guvohlari yoki zamondoshlari yozib qoldirgan manbalar keyinchalik xattotlar, shoirlar (bizda oqin, baxshilar) tomonidan qayta-qayta ko’chirilgan yoki og’izdan-og’izga ko’chib, bizgacha o’tib kelgan manbalar qadimiy manbalar hisoblanadi. Chamasi, yozuvi bo’lgan barcha xalqlarda bitiklar va yilnomalar uchraydi. . Yunon olimi Gerodotning mashhur «Tarix» kitobi bizgacha yetib kelgan eng qadimiy tarixiy manbadir. Aslida Gerodotning bu asari oxiriga yetkazilmagan (miloddan avvalgi 470- yilgacha bo’lgan voqealar bilan tugallanadi) va uni hozirgi ma’noda ilmiy-tadqiqot deb bo’lmaydi. Shunga qaramay, uning kitobi voqealar va dalillar ko’lami jihatidan va badiiy qiymati jihatidan o’zidan avvalgi salafdoshlaridan anchagina baland turadi. Masalan, Gerodot o’z kitobida Kaspiy dengiziga chegaradosh yerlarda bo’lgan janglarni tasvirlaydi. Shundan so’ng Kaspiy ortida yastalgan vohalar, ularda yashagan masoxatlar (massagetlar) haqida yozadi. Gerodot birinchi bo’lib Kaspiy dengizi Kaspiy xalqlari nomidan olinganligini aytadi. Muarrixning buyuk shaxs ekanligini uning quyidagi xolis so’zlaridan ham bilish mumkin: «Men o’zim eshitgan narsalarni hikoya qilyapman, ammo ularning hammasiga ishonishim shart emas. Mayli bu xulosa mening yangi asarimga ham taalluqli bo’lsin». Miloddan avvalgi V-IV asrlarda yashagan Fukididning Peloponnes urushlari haqidagi asarini dunyoda birinchi ilmiy tarix deb e’tirof etishadi. Bu asar o’sha davr tarixiy voqealarining ishonchli va haqqoniy tasvirlangani bilan ajralib turadi. Gerodot asariga nisbatan Fukidid asari olg’a tashlangan qadam edi. Fukidid kitobida hayot voqealariga Olimp «xudo»larining aralashuvini ko’rmaymiz. Fukidid asarida tarixiy tahlilning asosiy talablari voqealar guvohlarining aytganlarini taqqoslash va bevosita o’sha voqealar qatnashchilarining hikoyalaridan foydalanish kabi fazilatlarni ko’ramiz. To’g’ri, Fukidid ham asotirlar, miflardan foydalanadi va bunda asosiy e’tiborni tarixiy taraqqiyotga, iqtisodiy omillarning ta’siriga qaratadi. Tarixiy dalillarni aniq bayon qilish va haqiqatni aniqlashga intilish Fukidid asarining asosiy fazilatidir. Tarixiy voqealarni haqiqatga yaqin qilib ilmiy bayon etgan muarrixlardan yana biri, miloddan avvalgi II asrda yashagan Polibiydir. U o’zining «Umumjahon tarixi» asarida miloddan avvalgi 220-146 yillardagi voqealarni ellinlar (elladaliklar) nuqtai nazaridan tasvirlaydi: bu o’rta yer dengizi atrofidagi barcha eng muhim davlatlarning tarixini o’zaro bog’liqlikda tasvirlagan birinchi asardir. Muarrix xulosasiga ko’ra har bir davlat tirik vujud kabi tabiat qonuniyatiga asosan o’sadi, rivojlanadi va inqirozga uchraydi. Polibiyda birinchi marta «pragmatik (amaliy) tarix» degan ibora uchraydi. O’z asarining 2-qismini muarrix pragmatik usulda quradi: u voqealar nima sababdan, qanday maqsadda yuz berganligini aniqlaydi, ya’ni muayyan voqealarning kelib chiqish sabablarini birin-ketinligini va oqibatlarini bayon qiladi. Fukidid va Polibiy asarlari antik, ya’ni qadimgi davr tarixshunosligining cho’qqisini tashkil etadi. Keyingi yunon (grek) muarrixlarining deyarli barchasi ular izidan bordilar. Rimliklar tarixshunoslikda va boshqa fanlar sohasida, shuningdek san’atda yunonlarning shogirdlaridirlar. Musulmon tarixshunosligi bevosita shariat va islom aqidalari bilan bog’liqdir. Musulmon olimlari tarixiy voqealarni islom aqidalari, Allohning qudrati va qazoi taqdir bilan bog’laydilar. Qur’oni Karimda aytilishicha, inson tirik ekan, u Allohning irodasi bilan ish ko’radi. Tarixchi esa jamiyatda yuz beradigan voqealarning sabablarini shariat qoidalari bilan uyg’unlashtirishi zarur edi. Chunki har qanday mantiqiy fikrlash voqealarning sababini aniqlashni taqozo etadi. Musulmon tarixchilari bu murakkab vaziyatda o’ziga xos yo’l topdilar. Ular voqealarning kelib chiqish sabablarini bayon etib, bu sabablar ham Allohning irodasi ekanligini e’tirof etdilar. Alloh-ta’olo lozim topsa, shu voqealarni boshqa izga burib yuborishi ham mumkin. Musulmon tarixchilari ko’p o’rinlarda «Qur’on» suralari va oyatlarga asoslanadilar. Bunday qarash tabiiyotchilarga ham keng yo’l ochib berdi. Ammo islom ta’limoti Arabistondan tashqari mamlakatlarga yoyilgan paytdan boshlab tarix fani sezilarli darajada rivojlanadi. Ana shu davrda (VII asrdan boshlab) arablar, forslar, turkigo’y mutafakkirlar (Abu Abdulloh Xorazmiy, Beruniy, Tabariy, Maqdisiy, ibn Xaldun va boshqalar) musulmon Sharqi tarixchiligi faniga asos soldilar. Zardushtiylik-dunyodagi eng qadimgi dinlardan biridir va insoniyat madaniyatiga ko’p ta’sir ko’rsatgandir. Ayni vaqtda, zardushtiylik dini eng murakkab, tushunish qiyin bo’lgan dinlardan. Bundan 3500 yil muqaddam Osiyo dashtlarida vujudga kelgan bu din Erondagi uch qudratli davlatda (Kayoniylar, Ahmoniylar, Sosoniylar) uzoq asrlar hukm, surgan din bo’lishi bilan birga, u juda ko’p Sharq mamlakatlarida, xususan O’rta Osiyoda ham tarqalgan edi. Tarixiy manbalarda ilk marta tilga olina boshlagan vaqtlarda zardushtiylik ancha eskirib qolgan edi. Yevropada zardushtiylik ta’limoti antik davr – qadimgi zamonlardayoq katta qiziqish uyg’otgan, Zoroastr (Ozar, Zardusht) va uning ta’limoti haqida ko’pchilik yunon va rimlik yozuvchilar, faylasuflar va tarixchilar ilmiy asarlar yozgan. Sosoniylar sulolasi davrida III-VII asrlarda zardushtiylikning muqaddas kitobi «Avesto» matnlari o’rta forsiy tilda ko’chirila boshlagan vaqtlardayoq mazkur din tarixshunosligi tug’ila boshlagan edi. Abu Rayhon Beruniyning «Osoru-l-boqiya»- «Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida (X asr) zardushtiylik dini haqida ancha mufassal fikr yuritiladi. Yuqorida aytganimizdek, eng qadimgi zamonlardayoq zardushtiylik dini juda keng hududlarga tarqalgan bo’lib, ilk o’rta asrlarda mazkur din o’rnini asosan islom dini egallagan. Natijada bundan avvalgi davrlarda mavjud bo’lgan zardushtiylik diniga oid adabiyotlarning juda ko’p qismi, Sosoniylar davrida amalda bo’lgan «Avesto» to’plamining taxminan to’rtdan uch qismi yo’qolib ketgan. Mana shu hol zardushtiylik ta’limoti tarixini va uning tarixshunosligini o’rganish uchun katta qiyinchilik tug’diradi. Shu ma’noda zardushtiylik mavzuining o’zi qator tarixiy-madaniy muammolarni o’rganish uchun katta ahamiyat kasb etadi. Eron, Afg’oniston va O’rta Osiyo xalqlari tarixining turli jihatlarini diniy mazmundagi matnlarsiz o’rganish mumkin emas. Bu fikr «Avesto»ga ham tegishlidir. «Avesto» zardushtiylikning muqaddas kitobi bo’libgina qolmay, u O’rta Osiyo va Eron tarixi, madaniyatini, o’ziga xos siyosiy tuzumini o’rganish uchun katta ahamiyatga egadir. «Avesto» shuningdek, O’rta Osiyodagi eng qadimiy qabilalar va elatlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini o’rganishda qo’l keladi. Garchi, Shimoliy Qora dengiz bo’yidagi skiflarning qabilalari zardushtiylik dinida bo’lmasa-da, qadimiyat-antik davr adiblarining skiflar tili, madaniyati, ijtimoiy hayot tarzi haqidagi fikrlarini Sharqshunoslik dilillari, xususan, «Avesto» ga oid manbalar orqali yaxshiroq tushunish mumkin. «Yer yuzidagi eng qadimgi dinlar, jumladan, zardushtiylik haqida ko’plab ilmiy-tadqiqotlar vujudga kelgan. Xorijiy olimlardan amerikalik R.Fray, farang sharqshunosi E. Benvenist, bel’giyalik professor J. Dyushen- Gyuyimen, shved eronshunoslari X. Yu. Nyuberg va G. Videngran, daniyalik K. Barr, nemis olimi V. Xints asarlarini, olimlardan I. A. Aliyev, V. I. Abaeva, M. A. Dandamayev, I. M. Dyakonov, V. A. Livshits, B. G’. G’afurov va boshqalarning asarlarini ko’rsatish mumkin. London universiteti professori M. Boys Eron tarixi va madaniyatiga oid asarlari bilan zardushtiylikning o’rta asrlardagi va yangi zamondagi tarixini o’rganishga katta hissa qo’shdi. M. Boys 1963-1964- yillarda Yazd vodiysi shimolidagi olib borgan dala-qazilma ishlari vaqtida hozirgi zardushtiylarning e’tiqodlari va rasm-rusmlarini o’rgandi. Yuqoridagi ishlari natijasida Meri Boys 4 jilddan iborat «Zardushtiylik tarixi» nomli yirik ilmiy asarini tayyorladi va qisman nashr etdi. Bu asarning qimmatli ahamiyatini e’tirof etgan holda unda zardushtiylikning keyingi davriga oid ma’lumotlar avvalgi davrlarga ko’chirilganligi muayyan e’tiroz uyg’otishini ta’kidlab o’tmoqchimiz. Shuningdek, M.Boysning zardushtiylikning qachon vujudga kelganligi haqidagi fikrlari munozaralidir. Miloddan avvalgi (V asr oxiri) tarixshunoslar yozishicha, Gerodotning zamondoshi lidiyalik Ksanor Zardusht nomini tilga olgan. Keyingi tarixshunoslarning yozishicha, Ktesiy o’z asarida Zardushtni Ossuriyaliklardan yengilgan Baqtriya podshosi sifatida tilga oladi. Shuni ta’kidlash lozimki, Ktesiy asari ancha ilgari qayta ishlangan bo’lib, keyinroq o’tgan qadimiyat olimlari ana shu qayta ishlangan nusxadan foydalanganlar. Ammo Ksenofontning «Kiropediya» va «Anabasis» asarlarida Zardusht haqida ma’lumot uchramaydi. Holbuki, Ksenofont Ahmoniylar davlatining ahvoli, xalq urf-odatlari va marosimlari bilan yaxshi tanish edi. Gerodot, Ktesiy va Ksenofont asarlarida keltirilgan ma’lumotlarni umumlashtirib, aytish mumkinki, Ahmoniylar davri (miloddan avvalgi VI-V asrlar) da hali Zardushtni hukmron din asoschisi deb hisoblashmagan. Zardushtiylik dini tadqiqotchilari E. Benvenist, A. K. Kristensen, X. Nyuberg, V. V. Struve va boshqalar ham shu fikrdalar. Xullas, O’rta Osiyoda zardushtiylik dini tarqalishi tarixining ochilmagan qirralari ko’p. Bu ko’plab ilmiy izlanishlarni taqozo etadi. Download 105.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling