Mavzu: Klassik iqtisodiy maktabning rivojlanishi Reja


David Rikardo (1772-1823 y.) ta’limotida klassik iqtisodiy nazariyaning rivojlantirilishi


Download 95.46 Kb.
bet3/7
Sana07.03.2023
Hajmi95.46 Kb.
#1245492
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Iqt. nazar 24-Mavzu

David Rikardo (1772-1823 y.) ta’limotida klassik iqtisodiy nazariyaning rivojlantirilishi

David Rikardo (1772-1823) klassik iqtisodiy maktabining atoqli vakillaridan biri hisoblanadi. U Londonda badavlat birja makleri yahudiy Avraam Rikardo oilasida tug’ilgan. Oiladagi o’n yetti farzandning uchinchisi bo’lgan David yoshligida muntazam ta’lim olgan emas va u hech qachon kollej va universitetlarda ham o’qimagan. Lekin u otasi yordamida tijorat sirlarini yaxshi o’rgangan va 16 yoshidayoq kontora va birjada otasiga yordamchi bo’lib ishlagan.
D.Rikardo 21 yoshida otasi bilan aloqani uzishga majbur bo’ldi. Chunki otasi uning xristian dinidagi qiz bilan bo’ladigan nikohiga qarshi edi. Oradan 5-6 yil o’tgach, D.Rikardo birjada yirik boylik orttirdi. (bu davrga kelib uning oilasida uchinchi farzand tug’iladi, keyinchalik bu oila yana beshta farzand ko’radi). D.Rikardo 1810 yilga kelib London moliya dunyosidagi yirik shaxslarning biriga aylanadi.
1799 yili Bat kurortida D.Rikardo A.Smitning “Odamlar boyligi ...” asarini o’qib chiqqach, unda birinchi bor siyosiy iqtisodga bo’lgan jiddiy qiziqish paydo bo’ladi. Shundan keyin u siyosiy iqtisod bilan shug’ullana boshladi va hammani qiziqtirgan savollarga javob berishga harakat qildi.
Ko’pchilik tadqiqotchilarning guvohlik berishicha, D.Rikardo o’sha davrdagi iqtisodchi-olimlarning ko’pchiligi bilan ijodiy hamkorlikda bo’lgan. Ayniqsa, Jeyms Mill (Jon Styuart Millning otasi) bilan D.Rikardo qalin do’st bo’lgan va unga qattiq ishongan. U D.Rikardoning dastlabki nashrlariga yordam bergan. P.Samuelsonning yozishicha “... Katta Mill deyarli tahlika ostida D.Rikardoni “Siyosiy iqtisod tamoyillari va soliq solish”ni (1817) yozishga majbur etdi va u Rikardoga shuhrat keltirdi”. Lekin D.Rikardoga A.Smitning ta’limotini va o’z zamondoshlari T.Maltus, J.B.Sey va boshqa “klassik maktab” iqtisodchilarining iqtisodiy qarashlarini “tushunishga” yordam bergan, har holda, J.Mill emas, balki uning iste’dodi va amaliy tajribasi hisoblanadi. Bunda uning asarlari, ayniqsa, “Siyosiy iqtisod va soliq solishning boshlanishi” (1817 y.) asaridagi mohirona mulohazalar, ilmiylik tamoyillari D.Rikardoni bugungi kunda ham hurmatga sazovor o’ziga xos olim sifatida ko’rsatib turadi.
Quyida biz D.Rikardoning nazariy qarashlarini ko’rib chiqamiz.
Qiymat nazariyasi. D.Rikardo, eng avvalo, qiymat nazariyasiga alohida e’tibor qaratdi. Bu kategoriyani talqin qilishdagi noaniqlikni tugatish, D.Rikardo bo’yicha, siyosiy iqtisod uchun muhim ahamiyatga ega. Bu muammoni ko’rib chiqishda u A.Smit xulosalariga asoslandi va ularni tanqidiy rivojlantirishga harakat qildi. D.Rikardo A.Smitning mazkur kategoriyaga bo’lgan ikki xil qarashini inkor etadi va qiymat tovar ishlab chiqarishga sarflangan mehnat bilan aniqlanishi kerakligini yozadi. U, qiymat birlamchi, shu bois daromadlar bilan aniqlanishi mumkin emas, deb hisoblaydi. Bu bilan D.Rikardo o’zini qiymatning mehnat nazariyasi tarafdori ekanligini namoyish etadi.
Qiymatni bunday sarfli tamoyil asosida tadqiq qilish, klassik iqtisodiy maktabining boshqa vakillariga ham xos. Lekin D.Rikardoda e’tiborga molik jihat shundaki, u ayrim hollarda tovar qiymati nafaqat unga sarflangan jonli mehnat bilan, balki kapital va xom-ashyoni ishlab chiqarish uchun ketgan oldingi mehnat sarflari bilan ham aniqlanishini qayd qilib o’tadi. Erkin takror ishlab chiqarilmaydigan tovarlar qiymati esa nafaqat mehnat sarflariga, balki noyoblikka ham bog’liq bo’ladi.
Umuman olganda, D.Rikardo tomonidan ishlab chiqilgan qiymatning mehnat nazariyasi sarfli tamoyillarga asoslangan. Uning bu nazariyasini birinchi bo’lib tanqid qilgan o’zining do’sti T.Maltus hisoblanadi. U, birinchidan, savol qo’yadi: agar qiymatning mehnat nazariyasini to’g’ri deb faraz qilsak, unda mehnatga haq to’lash qanday bo’ladi: qiymat bo’yichami yoki qiymatdan past baho bo’yichami? Agar baho qiymatdan past bo’lsa, unda ekvivalentli ayirboshlash tamoyili buziladi (foydaliligi har hil, lekin bir xil qiymatga ega bo’lgan tovarlar ayirboshlanadi) - bu klassik iqtisodiy nazariyaning va D.Rikardoning asosiy tamoyili. Ikkinchidan, T.Maltus qiymatning mehnat nazariyasi real amaliyot bilan mos tushmasligini ko’rsatib beradi: agar qiymatning yagona manbai haqiqatdan ham mehnat bo’lsa, unda mehnat ko’p sarflanadigan tarmoqlardagi tadbirkorlar, kapital ko’p sarflanadigan tarmoqlardagi tadbirkorlarga nisbatan ko’proq foyda olishlari kerak. Amaliyotda esa barcha tarmoqlarda foyda me’yori deyarli bir xil. Demak, D.Rikardo nazariyasi xato, tovar qiymati faqat mehnat bilan emas, balki boshqa ishlab chiqarish omillari sarflari bilan ham aniqlanadi, deb xulosa qiladi T.Maltus. D.Rikardo o’limidan sal avval, o’zining qiymat faqat mehnat sarflari bilan o’lchanadi deb tushuntirishga qilgan harakati noto’g’ri ekanligini tan olgan.

Download 95.46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling