Mavzu: korporativ moliyaning mohiyati va uning tashkil etilishi
Download 108.57 Kb.
|
1 2
Bog'liqI bob. Korporativ moliyaning mohiyati va uning tashkil etilishi -fayllar.org
MAVZU: KORPORATIV MOLIYANING MOHIYATI VA UNING TASHKIL ETILISHI Reja: 1. Korporativ moliyaning iqtisodiy mohiyati va prinsiplari 2. Biznesni tashkil etishning korporativ shakllari 3. Yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini yuritishning oʻziga xos xususiyatlari 4. Korporativ moliyaviy siyosat va uning oʻziga xos xususiyatlari Bozor iqtisodiyoti sharoitida har bir tijorat tashkilotining asosiy vazifasi sifatida yuqori foyda olish va mulkdorlar manfaatlarini qanoatlantirish maqsadida moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini tashkil etish belgilanadi. Erkin bozor munosabatlarida bozorning har qanday sub’ekti sotuvchi va xaridor sifatida qatnashishi mumkin. Bu jarayonda bozor munosabatlarini rivojlantirish korporativ moliyaning jamiyatdagi rolini kuchaytirishni talab qiladi. Har qanday moliyaviy munosabatning moddiy asosi pul hisoblanadi. Pul mablagʻlarining sub’ektlar oʻrtasidagi maqsadli harakati moliyaviy munosabatning yuzaga kelish asosiy shartidir. Korporativ moliya korporativ tuzilmalar moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini yuritish jarayonida yuzaga keladigan barcha pulli moliyaviy munosabatlar tizimini anglatadi. Bunda korporativ tuzilma doirasida pul fondlarini shakllantirish va taqsimlash, ulardan foydalanish jarayonlari korporativ moliyaning asosi sifatida xizmat qiladi. Shu oʻrinda ta’kidlash lozimki, korporativ tuzilma bu tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxsdir. Yuridik shaxs tushunchasi esa oʻz mulkida, xoʻjalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega boʻlgan hamda oʻz majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, oʻz nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻla oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da’vogar va javobgar boʻla oladigan tashkilotni anglatadi. Korporativ tuzilmalarda yuzaga keladigan moliyaviy munosabatlarni iqtisodiy mazmuniga koʻra quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha guruhlash mumkin: – ta’sischilar oʻrtasida; – alohida korxonalar oʻrtasida; – korxonalar va ularning boʻlinmalari oʻrtasida; – korxonalar va ularning ishchi-xodimlari oʻrtasida; – korxonalar va yuqori turuvchi tashkilotlar oʻrtasida, moliya-sanoat guruhlari tarkibidagi biznes sub’ektlari oʻrtasida, xolding tarkibidagi biznes sub’ektlari oʻrtasida; – korxonalar va davlat moliya tizimi oʻrtasida; – korxonalar va bank tizimi oʻrtasida; – korxonalar va sugʻurta kompaniyalari oʻrtasida; – korxonalar va fond birjalari oʻrtasida; – korxonalar va investitsiya institutlari oʻrtasida. Korxona pul mablagʻlaridan samarali foydalanish maqsadida turli maqsadli fondlarni shakllantiradi. Har bir pul fondining oʻz maqsad va vazifalari belgilanadi. Korxonalar pul fondlarini shakllantirish orqali xoʻjalik faoliyatini kerakli mablagʻlar bilan ta’minlashni amalga oshiradi, hamda takror ishlab chiqarishni kengaytiradi; pul oqimlari harakatini ishlab chiqarish uzluksizligiga qaratadi; ilmiy texnika jarayonini moliyalashtiradi; yangi texnikani oʻzlashtiradi va joriy etadi; sub’ektlarni iqtisodiy ragʻbatlantiradi; budjet, bank va hokazolar bilan hisob- kitoblarni amalga oshiradi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, korporativ moliya moliya tizimida muhim rol oʻynaydi. Shu bois moliya tizimining mazkur boʻgʻinini samarali tashkil etish va rivojlantirish aniq prinsiplarga asoslanadi. Ular korporativ tuzilmalarning ta’sis hujjatlarida belgilab qoʻyilgan maqsad va vazifalar bilan bevosita bogʻliq va ular quyidagilar: – moliyaviy-xoʻjalik faoliyati boʻyicha oʻz-oʻzini tartibga solish; – oʻz xarajatlarini oʻzi qoplash va oʻz-oʻzini moliyalashtirish; – aylanma mablagʻlarni shakllantirish manbalarini oʻz va qarz manbalariga ajratish; – moliyaviy zaxiralar tashkil etish. Download 108.57 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling