1.1. Korxonani boshqarishning o`ziga xos xususiyatlari Boshqaruv Ijtimoiy mehnat jarayoniga ishlab chiqarish rivojlanishining ob`ektiv qonunlari asosida yo`naltirilgan tarzda ta`sir o`tkazish tizimi, har bir ishchining va butun jamoaning mehnatini bir vaqtning o`zida nazorat qilish, motivatsiya va tartibga solish usulidir. Agar jamiyatning butun iqtisodiy tizimini oladigan bo`lsak, uning tarkibiga kiruvchi ko`plab kichik tizimlarni - tarmoqlar, korxonalar, birlashmalar va hokazolarni ko`rishimiz mumkin. Ularning har birini ikki jihatidan: mustaqil faoliyat yuritish nuqtai nazaridan yoki butun birlikning tarkibiy qismi sifatida ko`rib chiqish mumkin. Masalan, korxona (firma) mustaqil boshqaruv tizimi yoki tarmoqning (ishlab chiqarishning) bo`linmasi, bo`g’ini sifatida faoliyat yuritishi mumkin. Bunga bog’liq bo`lgan holda boshqaruvning tashkiliy tuzilmasi, uning vazifalari shakllantiriladi. Korxonani boshqarishning maqsadlarini quyidagi turlarga bo`lib tasniflashimiz mumkin:
amalga oshirish muddatiga ko`ra - joriy va istiqbolli;
ahamiyat darajasiga ko`ra - asosiy (strategik) va ikkinchi darajali (taktik);
boshqaruv ob`ektiga munosabatiga ko`ra - xususiy va umumiy;
natijaga erishish darajasiga ko`ra - yakuniy va oraliq yoki bosqichli.
Boshqaruv faoliyati texnologiyasidagi muhim bo`g’indir. Boshqaruvning maqsad va vazifalarini amalga oshirish ko`p jihatdan qarorlarning to`g’ri qabul qilinishiga bog’liq bo`ladi. Boshqaruv qarori bir tomondan asosan korxonaning rahbarlari tomonidan amalga oshiriluvchi mantiqiy-fikriy faoliyat bo`lsa, ikkinchi tomondan, emotsional-psixologik xatti-harakatdir. U insonning boshqaruv qarorlarini qabul qilish jarayonlarida to`plagan tajribasi, bilimi va fikrlash doirasining chuqurligiga bog’liq bo`ladi. Boshqaruv qarorlari quyidagi belgilar bo`yicha tasniflanadi:
kompetentlik va mas`uliyat bo`yicha - yakka tarzda yoki kollegial (jamoa) boshqaruv qarorlari;
mazmuni bo`yicha - ilmiy-texnik, iqtisodiy, tashkiliy, ijtimoiy boshqaruv qarorlari;
xarakteri bo`yicha - operativ-taqsimlovchi, xo`jalik-raxbarlik va me`yoriy boshqaruv qarorlari;
ta`sir ko`rsatish darajasi bo`yicha - bir va ko`p darajali boshqaruv qarorlari;
ta`sir ko`rsatish yo`nalishi bo`yicha - ichki va tashqi;
ta`sir ko`rsatish miqyosi bo`yicha - xususiy va umumiy (majmuaviy);
ta`sir ko`rsatish davri bo`yicha - bir martalik va ko`p martalik.
Do'stlaringiz bilan baham: |