Mavzu: “Lison ut-tayr” va unda tasavvufiy, falsafiy qarashlarga oid maqolalar bilan tanishish. Reja


Download 74 Kb.
bet4/5
Sana13.11.2023
Hajmi74 Kb.
#1771339
1   2   3   4   5
Bog'liq
“Lison ut tayr” va unda tasavvufiy, falsafiy qarashlarga oid maqolalar

Xudnamo topti bu yanglig’ intiqom. (12-tom, 72)
Demak, xudshikanlik - faqr yo’liga kirgan solikning xususiyatlaridan bo’lib, unda Rasulullohning "al-faqru faxri" hadisi sharifi hayot va yashash mezoni sifatida qabul qilinadi. Ma`lumki, bu naqshbandiya suluki soliklari uchun xos xususiyat bo’lib, Alisher Navoiy ham ana shuni nazarda tutadi va insonning komillikka erishuvida bu xususiyatning qanchalik zarurligini badiiy timsol (Muqbil) xatti-harakatlari vositasida bayon etadi.
Demak, sayyor sujet va timsollar har bir asarning xususiyatlaridan kelib chiqilgan holda qalamga olingan va talqin qilingan. Bu esa Alisher Navoiy badiiy mahoratining rang-barang qirralarini namoyish ettiradi.
Xuddi shunday holni sayyor timsollardan bo’lmish Iskandar haqida "Lison ut-tayr"ning 77-bobida keltirilgan hikoyada ham kuzatish mumkin. Ma`lumki, Alisher Navoiyning ko’pgina asarlarida Iskandar timsoliga murojaat qilingan va, hatto, "Xamsa"ning bir dostoni- "Saddi Iskandariy"da uning Alisher Navoiy tasavvuridagi yaxlit timsoli yaratilgan. Ammo "Lison ut-tayr"dagi hikoya voqealari va Iskandar timsolining talqini dostonning umumiy g’oyasidan kelib chiqib amalga oshirilganidan u o’ziga xos va yangicha xususiyatlarni o’zida mujassam etadi. hikoyada keltirilishicha, podshoh Iskandarning o’zi bir mamlakatga elchi sifatida borib:
Dedi elga: budur Iskandar so’zi,
Turfa bukim erdi Iskandar o’zi.
Elchilardek so’z bayon aylar edi,
O’zi o’z hukmin ayon aylar edi. (12-tom, 93)
Shundan so’ng Alisher Navoiy quyidagi baytlarda o’zining hikoyadan kuzatgan maqsadini ifoda etadi:
El ne bilsunlarki Iskandardur ul,
Yo’qki qosid, hokimi kishvardur ul…
Xalqning mingdan biri bilmay bu hol,
Kim nedur bu parda naqshida xayol.
Sen dog’i shahdin qilursen nukta go’sh
Sog’inursen lek noqildin Suro’sh. (12-tom, 93)
Shoirning maqsadi shuki, elchi Iskandar-podshoh Iskandarning o’zi ekanligini ta`kidlash bilan Simurg’ga intilayotgan qushlarning o’zlari Simurg’, ya`ni afsonaviy qush ekanliklarini uqtirishdan va, shundan kelib chiqib, ularning (qushlarning) o’zligini tanishi lozimligini bayon etishdan iboratdir. Bas shunday ekan, mazkur dostonda Iskandar (elchi-podshoh) timsoli ana shu aqidani badiiy timsol vositasida isbotlashdan iboratdir. (Shuni eslatish kerakki "elchi-shohning o’zi" mavzusi "Saddi Iskandariy" dostonida ham "Elchi-Chin xoqonining o’zi" tarzida foydalanilgan bo’lsa-da, undan kuzatilgan maqsad boshqadir).
Dostondagi Shayx San`on haqidagi rivoyat eng jozibali qissalardandir. Shu jihatdan bu qissa ko’pgina olimlarning diqqat markazida bo’lib, uning haqida turlicha fikrlarni bayon etganlar.
Xo’sh, Alisher Navoiy tasvirlagan Shayx San`on kim va uning sarguzashtlaridan kuzatilgan asosiy maqsad nimadan iboratg’
Bu savolga shoirning qissada bayon etgan fikrlari asosida javob topmoq maqsadga muvofiqdir.
Alisher Navoiyning yozilishicha, Shayx San`on "Ka`bada shayx ul-mashoyix", ya`ni Ka`badagi shayxlarning rohnamosi bo’lib, "Ko’ngli g’ayb asroridan ogoh" bo’lgan siymodir.
Shuning uchun:
Ostonining gadoyi shohlar,
Qullug’iga muftaxir ogohlar.
Har duokim qilsa bir g’amgin uchun,
Qo’l ochib xayli malak omin uchun. (12-tom, 96)
Bas, shunday yuksak darajadagi siymoning keyingi sarguzashtlarini qanday izohlamoq lozim. Bu masala Alisher Navoiy tomonidan shu qissadan oldin keltirilgan "qushlarning yo’l kayfiyatin hudhuddin savoli va oning javobi" sarlavhali 78-bobda va qissaning o’zida izohlangan ko’rinadi.
78-bobda Alisher Navoiy hudhud tilidan shunday yozadi:
Kim bu yo’lda ishqdur kulli sifat,
Ishq ahlidin yiroqdur maslahat.
Kimki oshiqdur anga jondin ne bok,
Kufr olib, bermak imondin ne bok.
Gar kerak oshiqqa o’z jononidin,
Sahl erur chekmak jahonu jonidin. (12-tom, 94)
Demak, haqiqiy ishq ahli, ya`ni "ko’ngli g’ayb asroridan ogoh" bo’lganlar uchun "jonon"- Alloh taoloning istagi bilan yashash shartdir. Agar "jonon" oshiqdan jon fido qilishni istasa, oshiq "jahonu jonidin" voz kechmog’i hech gap emas. "Jonon" - Alloh taolo esa o’z oshiqining unga nisbatan bo’lgan haqiqiy ishqda sodiqmi - sodiq emasmi ekanligini imtihon qilishning turli yo’llarini ishga soladi. Shayx San`on sarguzashtlari unga nisbatan qo’llangan imtihonlardan biri edi. Shayx San`on esa bu imtihondan a`lo darajada o’tdi: "jonon"ning barcha istaklarini azob-uqubatlarga giriftor bo’lgan bo’lsa-da, bajardi va oqibatda yana o’zining holatiga qaytdi:
Ka`badin andoqki qildi azmi dayr,
Dayrdin ham Ka`bag’a ko’rguzdi sayr.
Tengriga arz etti uzri momazo,
To ani ham yorig’a qo’shti qazo. (12-tom, 135)
Bunga asosiy sabab Shayx San`onning haqiqiy ishqga sodiqligi va uning barcha imtihonlaridan sharaf bilan o’tganligidir. Chunki bu yo’lda Shayx San`on "jonon" irodasiga bo’ysunadi va uning xohishlarini so’zsiz bajaradi. Bunday bo’lish esa "faqr ahli atvori" - faqrga taalluqlilarning sifatlari bo’lib, unga amal qilmaslik "vafosizlik" bo’lib, bu qoralanadi. Bu holni Shayx San`onni Rumda qoldirib kelgan muridlarga Shayx San`on safariga qatnashmagan va shayx safaridin so’ng Ka`baga kelib, bu hodisani eshitgan Shayx San`onning sodiq muridi tomonidan shayxga nisbatan vafosizlik qilgan muridlarga qarata aytgan quyidagi so’zlaridan ham anglash mumkin:
Shayxkim, pir erdiyu sizlar murid,
Borchag’a irshodidin behbud umid.
Faqr aro sharti irodat keldi bu
Kimni qilsa murshidi farxundaxo’,
Xaylu ashobi tashabbuh aylamak,
Tengriga lekin tavajjuh aylamak.
Gar taalluq bo’lsa, gar tajrid anga
Har ne qilsa aylamak taqlid anga.
Siz vafosizlarga faqr atvori hayf,
Ahli taqvo xirqau dastori hayf. (12-tom, 124)
Bunda "pir" keng ma`noda ishlatilgan bo’lib, murid pirning barcha ishlari, gaplari va xohishiga "Taqlid aylamagi" zarur. Faqr yo’nalishiga aloqadorlikning shartlaridan biri ham shu. Ammo barcha holatda asosiy narsa - "Tengri taologa tavajjuh"ni bajarmoq kerak. "Tengriga tavajjuh" pirning asosiy maqsadi. Bas shunday ekan, pirning barcha ishlari, so’zlari shunga asoslanadi, undan chetga chiqmaydi. SHuning uchun muridlar pirga "taqlid" qilgandagina asosiy maqsadga erisha oladilar. Ana shu aqida Shayx San`onning o’ziga ham taalluqli. Chunki u "jonon" - pirning aytganlarini so’zsiz bajarish bilan "tengriga tavajjuh"ni bajardi, uning istaklarini amalga oshirdi.
Ko’rinadiki, Alisher Navoiy naqshbandiya yo’nalishidagi pir va murid o’rtasidagi munosabat, har birining burchi, vazifalaridan so’z yuritadi va "pir"larga sodiq bo’lish, ularga nisbatan samimiyatni namoyon etish - Tengri taologa tavajjuh qilmoqning namunasi ekanligini uqtiradi. Chunki unga erishish yo’llari, usullari turli xil bo’lishi mumkin, ammo maqsad bittadir- Tengri taologa tavajjuh, o’zlikni tanish va komillikka erishishdir:
Munda solikka tafovut bo’ldi fosh,
Anga mehrobu munga but bo’ldi fosh.
Bo’ldi o’z irfoni har kimga sifat,
Ko’p tafovut qildi paydo ma`rifat.
Har kishi o’z tavrida istab kamol,
Qildi vodiy tay qilurg’a ishtig’ol.
Gar suluk atvorida tag’yir edi,
Maqsadi lekin borining bir edi. (12-tom, 225).
Shunday qilib, "Lison ut-tayr"da keltirilgan turli xil hikoya, masal va qissalar ham dostonning yaxlit tarkibiy qismini tashkil etib, asosiy mavzuni har tomonlama yoritishga xizmat qiladi.
Shuni ham nazarda tutmoq kerakki, dostonning asosiy qahramonlari qushlar bo’lsa-da, ammo hikoya va qissalarda tarixiy va badiiy to’qima shaxs-insonlar tasvirlanadi. qizig’i shundaki, turli toifa va xususiyatga ega bo’lgan shaxs-insonlar faoliyati haqida qushlar hikoya qiladi, ya`ni qushlarga insonlardan o’rnak va saboq olish kerakligi uqtirilganday bo’ladi. Bu esa bejiz emas.
Chunki Alisher Navoiy ta`kidlaganidek:
Ofarinishdin qilib inson g’araz,
Oni aylab xalq ichinda beavaz,-
Ya`ni Alloh taolo tabiat va koinotni yaratar ekan, ularni inson uchun yaratdi va insonni yaratilgan narsalarning hech biri bilan almashtirish mumkin emas. Shuning uchun garchi qushlar tashxislangan - insoniylashtirilgan bo’lsalar-da, ular Inson o’rnini bosa olmaydilar, balki undan ibrat va namuna oladilar, chunki uning ko’ngli "irfon maxzani" bo’lib, Alloh taoloning tajalliygohi hamdir.
Demak, ulug’ shoir bunda tabiat va Insonning yaxlitligi haqida so’z yuritadi. Shuning bilan bir qatorda Inson mavjudot Xalloqi tomonidan eng mo’`tabar va mo’`jiza sifatida yaratilganiga ham ishora qiladi.
Shunday qilib, "Lison ut-tayr" dostoni falsafiy-tasavvufiy asar bo’lib, unda Alisher Navoiyning umri oxirlaridagi falsafiy-ijtimoiy va axloqiy qarashlari ramziy timsollar hamda tarixiy va badiiy to’qima obrazlar misolida gavdalantirilgan.
Ko’rinadiki, Alisher Navoiy, bir tomondan, dostonlarning yaxlit turkumidan iborat bo’lgan buyuk "Xamsa"ni va, ikkinchi tomondan, alohida dostonning go’zal namunasi bo’lmish "Lison ut-tayr"ni yaratish bilan bu sohada Sharq mumtoz adabiyotida mavjud bo’lgan an`analardan ilhomlanib, turki-o’zbek dostonchiligi tarixiga ulkan adabiy yodgorliklarni hadya etdi. Alisher Navoiyning dostonchilik sohasidagi faoliyati faqat o’zbek adabiyoti tarixidagina emas, balki Sharq adabiy-madaniy hayotida ham muhim bir hodisa ekanligi ko’pgina shoir va allomalar tomonidan e`tirof etilgan.
Shuning uchun Sharqning ulkan shoir va adiblarigina (jumladan, Muhammad Fuzuliy) emas, balki g’arbning mashhur yozuvchilari (jumladan, Xristofor Armeniy, Volter, Mark Tven) ham Alisher Navoiy dostonlaridan ilhom oldilar, ulardagi sujetlardan foydalandilar.



Download 74 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling