Mavzu: Litоsferа tеktоnik plitаlаri va ularning harakatlari


Litosfera plitalarini siljituvchi kuchlar


Download 25.97 Kb.
bet3/3
Sana29.01.2023
Hajmi25.97 Kb.
#1138175
1   2   3
Bog'liq
Hujjat

Litosfera plitalarini siljituvchi kuchlar. Hozir litosfera plitalarining gorizontal harakatlari mantiyaning issiqlik-gravitatsion oqimlari - konveksiya tufayli
sodir bo‘lishiga shubha yo‘q. Bu oqimlar energiyasining manbai bo‘lib, Yerning markaziy qismlari va yuzasidagi haroratlar farqi hisoblanadi. Yer yadrosidagi harorat juda yuqori, taxminan 5000 S deb baholanadi.
Konvektiv oqimlar yopiq zanjir shakliga ega bo‘ladi. Uni oddiy tajribada tekshirib ko‘rish mumkin. Bunga o‘quvchi kastryulkadagi suvni gaz gorelkasida qizdirish yo‘li bilan ishonch hosil qilishi mumkin. Idish tubidagi haroratning oshishi bilan suv qalinligida harorat gradiyenti va yuqoriga harakatlanuvchi issiqliq oqimi yuzaga keladi. Qizigan suv balandga ko‘tarila boshlaydi, yuzasi bo‘ylab yoyiladi va, sovushi tufayli, idishning devori bo‘ylab pastga tushadi. Bu holda suyuqlikning barcha qatlamlari konveksiyaga jalb etiladi. Hosil bo‘lgan konveksiya tartibli va bir yarusli bo‘ladi. Agar bir qancha gorelkadan foydalanilsa konveksiya tartibsiz holga keladi. Ammo har ikki holda ham suvning butun qatlami konveksiyaga jalb qilingan, konveksiyaning o‘zi esa bir yarusli bo‘ladi. Boshqa tajribada o‘zaro aralashmaydigan suyuqliklarning ikki qatlamli (suv, moy) modelidan foydalanamiz. Uni qizdirish jarayonida konveksiyaning ikki sathi vujudga keladi va ularning har birida mustaqil zanjirlar hosil bo‘ladi. Bu holda konveksiya ikki sathli yoki ikki yarusli hisoblanadi.
Yer mantiyasida ham, suyuqliklar bilan o‘tkazilgan tajribadagi singari, konvektiv oqimlar vujudga keladi. Ammo bu jarayon juda murakkab bo‘lib, ko‘p omillarga bog‘liq bo‘ladi. Energiya generatsiyasining turli sathlarda va turli jadallikda kechishi, jinslarning yuqori qovushoqligi, mantiya va po‘stloqning qatlamlarga ajralganligi va lateral bir jinsli emasligi shular jumlasidandir. Ular tog‘ jinslarining turli petrokimyoviy tarkibi, zichligi va qizdirilganligi bilan bog‘liq.
Qovushoq mantiya moddasining harakatga keltiruvchi kuchi konvektiv oqimning pastki va ustki qismlarida zichlikning o‘zgachaligidan kelib chiqadi.
Zichlik mantiya oqimining ko‘tarilgan qismida past bo‘lib, oqimning cho‘kadigan joyi tomon yaqinlashgan sari ortib boradi. Yer po‘stining cho‘kayotgan oqim ustidagi og‘irlik kuchi shunday yuqoriki, vaqti-vaqti bilan po‘stning mustahkamligidan oshib ketadi (eng past mustahkamlik va eng yuqori kuchlanish joylari), ya’ni po‘stning noelastik (plastik, mo‘rt) deformatsiyasi - zilzila vujudga keladi. Bunda po‘stning deformatsiyalanuvchi joylaridan butun bir tog‘ tizmalari, masalan, Himolay siqib chiqariladi. Plastik (mo‘rt) deformatsiya juda tez (zilzila vaqtida po‘stning surilish tezligida) susayadi, zilzila o‘chog‘i markazida va uning atrofida kuchlanish kamayadi.
Shunday qilib, litosfera plitalarining harakati – Yerning markaziy qismidan juda qovushoq magma bilan issiqlik olib kelinishi oqibati hisoblanadi. Bunda issiqlik energiyasining bir qismi ishqalish kuchini yengib o‘tish uchun mexanik ishga aylanadi, bir qismi esa, yer po‘stidan o‘tayotganda, atrofdagi bo‘shliqqa tarqab ketadi. Demak, bizning sayyora ma’lum ma’noda issiqliq dvigateli ham sanaladi.
Yer qa’ridagi harorat to‘g‘risida bir necha gipotezalar mavjud. XX asrning boshlarida bu issiqlik energiyasining radiofaol tabiati to‘g‘risidagi gipoteza ommaviy bo‘lgan. Birinchi ko‘rinishda u yer po‘stida uran, kaliy va boshqa radioaktiv elementlarning ancha yuqori konsentratsiyasi bilan tasdiqlangan, ammo keyinchalik yer po‘sti jinslaridagi radioaktiv elementlarning miqdori kuzatiladigan issiqliq oqimini ta’minlash uchun mutlaqo yetarli emasligi aniqlandi. Po‘stosti moddasidagi (tarkibi bo‘yicha okean tubi bazaltlariga yaqin) radioaktiv elementlarning miqdori juda ham kam. Ammo bu sayyoraning markaziy qismida issiqlik ajratib chiqaruvchi og‘ir elementlarning ancha yuqori miqdorini istisno qilmaydi.
Ikkinchi model - qizishni Yerning kimyoviy differensiatsiyasi orqali tushuntiradi. Dastlab sayyora silikatli va metalli moddalarning aralashmasidan tarkib topgan. Ammo sayyoraning hosil bo‘lishi bilan bir vaqtda uning muayyan qobiqlarga differensiatsiyalanishi boshlangan. Ancha zich metalli qismi sayyoraning markaziga qarab harakatlangan, silikatlar esa ustki qobiqlarda to‘plangan. Bunda tizimning potensial energiyasi kamayib borgan va issiqliq energiyasiga aylangan.
Boshqa tadqiqotchilar esa sayyoraning qizishi meteoritlarning zarbasi ta’siridagi akkretsiya tufayli sodir bo‘lgan deb taxmin qilishgan.
Download 25.97 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling