Mavzu: Mirzakalon Ismoiliyning “Insoniylik qissasi” tahlili. Topshirdi: Qabul qildi: Reja
Ma’rifatsiz jamiyat — zulmatga mahkum
Download 75.36 Kb.
|
9 mavzu
Ma’rifatsiz jamiyat — zulmatga mahkumRomanning birinchi kitobi — “Qa'r guldurosi”da mustabid hukumat, shu bilan birga, ko‘zini davlat va mansabning shirasi bosgan aksariyat mahalliy boy va amaldorlar tomonidan o‘lkada ma’rifatga qarshi ochilgan urush alangasiga guvoh bo‘lamiz. “Qora xalq"ni jaholatda, jismonan qullikda, ma’nan qashshoqlikda, madaniy jihatdan qoloqlikda tutib turishdan manfaatdor bo‘lgan uch toifani ajratib ko‘rsatish mumkin. Bunda ularning har qaysisi xalq orasida muayyan ta’sir kuchi va vakolatlarga ega ekanligi bilan harakterlanadi. Birinchi toifa — mustabid hukumati amaldorlari. Ular xalqning savodi chiqib, haq-huquqlari toptalayotgani, tabiiy boyliklari tortib olinayotgani va tashib ketilayotgani, ularning bir burda non ilinjida qora terga botib qilgan mehnati evaziga imperiyadagi katta-kichik amaldorlar va yer egalari, savdo-sanoat vakillari boyigandan-boyib borayotganligini tushunib yetishi mumkinligi sabab, ularni muttasil yo‘qsillikda, jaholatda saqlashdan manfaatdor edilar. Zotan qashshoqlikda kun kechiruvchi kishining tiriklik g‘amidan ortib, ilm talabida bo‘lishi real voqelikda nisbatan mantiqsiz hodisa. Qolaversa, o‘lka aholisi qanchalik ma’naviy va madaniy jihatdan orqada bo‘lsa, bu imperiyaning ular ko‘z o‘ngidagi nufuzini shunchalik oshirar, uni yuksak taraqqiyot namunasi qilib ko‘rsatar edi. Hukumat tomonidan rus va mahalliy aholi bolalari qo‘shib o‘qitiladigan rus-tuzem maktablari tashkil etilganligi — bu hukumatning marhamati emas, balki mahalliy aholini ruslashtirish siyosatining bir qismi, aholi orasida rus madaniyatini singdirish yo‘lidagi tadbir edi. Bundan tashqari, qishloq va qashshoq oilalar farzandlari bunday maktablardan ham benasib edilar. Ikkinchi toifa — ayrim o‘ziga to‘q boylar. Boylar, yirik yer va ishlab chiqarish egalarining manfaatlari hukumat manfaatlari bilan nisbatan uyg‘un edi. Ular o‘z faoliyatlarida savodli, hisob ilmidan xabardor bo‘lgan kishilar yoki boshqa turdagi texnik xodimlarga ehtiyoj sezsalar-da, ularning yerli aholi emas, boshqa millat vakillari, xususan, ruslar bo‘lishini afzal ko‘rganlar. Sababi — mahalliy boylar milliy boylikni qanday talon-toroj qilayotganlari yoki bu borada bosqinchilarga qanday ko‘maklashayotganlari, kambag‘allar nonini qanday tuya qilayotganlaridan vatandoshlarining (baxtga qarshi) xabardor bo‘lib qolishiyu, ularga qarshi bosh ko‘tarishi, boyliklarini talab, qo‘rg‘onlariga o‘t qo‘yishini, tabiiyki, istamas edilar. Bundan tashqari, ilm o‘rgangan, haq-huquqini taniganlar ularning qo‘lida arzimas haq evaziga mehnat qilayotgan mehnatkashlarni “yo‘ldan urib qo‘yishi” ehtimoli ham yo‘q emasdi. Uchinchi toifa — ko‘pchilik din peshvolari, jumladan, qozilar, imomlar, musulmon bolalariga diniy ilmlardan saboq beruvchi mudarrislar va mullalar. Ular o‘lkada ma’rifatning taraqqiy topishiga ikki asosga ko‘ra jiddiy qarshilik ko‘rsatishgan. Birlamchi asos — ular dunyoviy ilmni g‘ayridinlar ilmi, shu nuqtai nazardan musulmonlar uchun bu ilmlarni o‘rganish nojoiz, deb hisoblaganlar. Taassufki, bu o‘rinda g‘oyatda mantiqli bo‘lgan bir mulohaza bor: yer yuzida insonlar xilma-xil etnik guruhlar, turli dinlarga mansub bo‘lishlariga qaramay, bir xil biologik va boshqa turdagi ehtiyojlarga ega bo‘lib, ularning hayot tarzi qisman bir-biriga o‘xshashi shubhasiz. Shunday ekan, ular bir xil ilmlarga ehtiyoj sezishlari ham tabiiy. Ular aynan shu mulohazani e’tibordan chetda qoldiradilar. Qolaversa, ular kundalik turmushlari, o‘z ta’birlari bilan aytganda, g‘ayridinlar ilmining mahsuli bo‘lgan katta-kichik xilma-xil ashyolar bilan to‘lib-toshganligini ko‘rishdan ojiz edilar. Ikkinchi asos — ko‘proq diniy ilmlardan saboq beruvchi mudarrislar va mullalarga taalluqli bo‘lib, ular dunyoviy ilmlarning o‘qitilishi, xususan, yangi usul maktablarining ommalashishi natijasida o‘z maktab va madrasalarining yopilishidan xavotirda edilar. Zero, Yaratganning qudrati va marhamatiga muhabbat uyg‘otishga emas, bandasi oldidagi qo‘rquv va g‘ayrishuuriy itoatga asoslangan, allaqachon eskirgan o‘qitish uslubi bolalarni tobora bezdirib borayotgan bir paytda bu havotir o‘rinsiz emasdi. Shu o‘rinda yana bir jihatni eslab o‘tish joiz. Yuqorida ham ta’kidlanganidek, qashshoqlikda kun kechirayotgan xalq uchun savod chiqarish, ilm o‘rganish ikkinchi darajali masala. Shunday ekan, asosan o‘rta hol hamda o‘ziga to‘q aholi vakillaridagina bunday imkon bor edi. O‘ziga to‘q boylarning kambag‘alga qayishmasligi va o‘rta hol aholining qolgan aholi qatlami oldida nisbatan ozchilikni tashkil etishi hisobga olinsa, xalqparvar, millatparvar savodlilar va ziyolilar ko‘p bo‘lmaganligini tahmin etish mumkin. Biroq ma’rifatning zarragina uchquni ham imperiya hokimiyatining mo‘rtlashishi uchun yetarli bo‘lishi mumkinligini anglagan bosqinchilar xalqning savodini chiqarish maqsadida mahalliy ziyolilar tomonidan boshlangan yangi usul maktablarini tashkil etish harakatiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqishgan. Xususan, qahramonimiz G‘ulomjon madrasani tashlab, rus alifbosini o‘rganib, qishloq bolalarining savodini chiqarish maqsadida o‘z uyida tashkil etgan kichik maktabga qishloq qozisi va imomi boshchiligida o‘t qo‘yilishi o‘lkada ma’rifatga qarata ochilgan urushning yaqqol namunasi sifatida namoyon bo‘ladi. Keyinroq kichik Dilshodning, domlasining tazyiqlari, jismoniy ozorlariga qaramasdan dunyoviy ilmlarni o‘rganish uchun rus-tuzem maktabiga qochib ketishi, ramziy ma’noda, ma’rifatning tutqunlikdan nihoyat xalos bo‘lishidir ehtimol. Xalqning birlashib, tosh kesib, tog‘ni teshib, zilziladan keyin qaqrab qolgan yerlarga suv chiqarish yo‘lidagi jasoratida ham allaqanday ramziy ma’no bordek. Zero, ilmsiz jamiyat qaqragan yer kabi hosilsiz, hech nima unmaydi. Download 75.36 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling