mavzu. Mo‘g‘ullar istilosi va zulmiga qarshi kurash. Jaloliddin Manguberdi Ma’ruza– soat. R e j a


Mo‘g‘ullarning O‘rta Osiyoga harbiy yurishlari, unga qarshi kurash (Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Najmiddin Kubro) va uning fojiali oqibatlari


Download 378 Kb.
bet2/6
Sana08.03.2023
Hajmi378 Kb.
#1249594
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
6-mavzu. Mo\'g\'illar ist. va zulmiga qarshi kurash-2018

2. Mo‘g‘ullarning O‘rta Osiyoga harbiy yurishlari, unga qarshi kurash (Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Najmiddin Kubro) va uning fojiali oqibatlari.

Mo‘g‘ullar haqida juda ko‘plab ma’lumotlar mavjud bo‘lib, ular menu (menva) nomi ostida Xitoyning Tan sulolasi (618-908) solnomasida ilk bora tilga olinadi. Mo‘g‘ul atamasi haligacha o‘zining ilmiy isbotiga ega emas. Ular Oltoy va Janubiy Sibirdagi turkiy qabilalarga yaqin va qondosh bo‘lganliklari ehtimoldan xoli emas. Bu xususda olimlar turli fikrlarni bildiradilar. Mo‘g‘ul etnogenezi ham murakkab masala bo‘lib, har holda elat sifatida ular XIII asrda yuzaga kelgan bo‘lishlari kerak. X-XI asrlarda esa asli Amur daryosi bo‘ylarida yashagan 16 ta urug‘-aymoqlarga bo‘lingan tatan (tatar)larning tarkibiy qismi sifatida ularning bir urug‘idan alohida, moxe (mo‘g‘ul) qabilasi vujudga kelgan deyiladi.


XII asr o‘rtalariga kelib Baykal ko‘li atrofi, hozirgi Mo‘g‘uliston hududlarida yashovchi turkiy va tungus-manjur qabilalarining ko‘pchiligi mo‘g‘ullar rahnomasi Esugay bahodir ta’siriga o‘ta boshlaydilar. Lekin unga qarshi turgan tatar, markit qabilalarni bo‘ysundirish osonlik bilan kechmaydi. Esugayni tatarlar ziyofat paytida xiyonatkorona o‘ldirishgandan so‘ng, uning o‘g‘li bo‘lmish Temuchinning ta’siri mo‘g‘ullar ichida ko‘tarila boshlaydi. Temuchin (1155-1227) (mo‘g‘ulcha, temir ustasi)-kuchli va tadbirkor, ayyor sarkarda bo‘lib, parokanda qabilalarni turli yo‘llar bilan o‘z qo‘li ostida mustahkam birlashtirgan shaxs edi. 1186 yilda u boshqa bir mo‘g‘ul sarkardasi Jamuxa yordamida o‘zining eski raqibi markitlarni bo‘ysundiradi. XIII asr boshida esa yana bir boshqa kuchli qabila tatarlar ustidan ham g‘alaba qozoniladi.
Mo‘g‘ullarni birlashtirish chog‘ida Temuchin kuchli harbiy tuzilmani tashkil etdi. Temuchin juda intizomli, sadoqatli va o‘ta jangovar harbiy tuzilmalarni yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Ularni boshqarishni esa avvalo, o‘z o‘g‘illari-Jo‘chi, CHig‘atoy, O‘gedey, Tuli, xotini Burte-fujen, safdoshlari Subutoy, Jebelarga topshirdi. O‘z hokimiyatini to‘liq mustahkamlab olgach Temuchin 1206 yili mo‘g‘ullarning umum qurultoyi (qurultoy halq xohishi degan ma’noni anglatgan)ni chaqiradi. Qurultoyda u oliy mo‘g‘ul hukmdori-xon deb tantanali e’lon qilinib, unga bosh shaman Teb-Tangriy “CHingizxon” degan faxriy nom beradi. CHingiz so‘zi tarixchi Rashididdinning yozishicha, kuchli, buyuk degan ma’noni anglatadi.
Qurultoyda odat bo‘yicha CHingizxon o‘z tug‘i-bayrog‘ini ko‘tardi, 10 ta lavozim joriy etib uni o‘z yaqinlariga taqdim etadi. Sahrodagi Qoraqurum shahrini markaziy poytaxt deb belgiladi. O‘z qo‘li ostidagi mansablarni esa 3 toifaga bo‘lib, ularga aniq vazifalarni bo‘lib berdi. Ularga Boorgu, Muxali, Nayaa ma’sul bo‘ldilar. U o‘z qo‘shinlarini ham isloh etdi. Butun Mo‘g‘uliston 95 ta harbiy-ma’muriy birlikka bo‘lindi. YAngi mo‘g‘ul davlati - Eke Mo‘ng‘ul ulus (buyuk mo‘g‘ul davlati) deb atala boshlandi. Qurultoydan avvalroq 1203-yildayoq hali bir tizimga ega bo‘lmagan qonunlar to‘plami vujudga kelib, u o‘z ichiga yorliqlar (buyruqlar), yasoq (qonunlar), bilik (nasihat)larni olgan edi. “YAsoq“ bizgacha to‘liq etib kelmagan bo‘lib, u turli ko‘rinishlarda, manbalarda qayd etiladi. “YAsoq” o‘z ichiga quyidagilarni kiritgan: xalqaro, shaxsiy, savdo va sud huquqlari. CHingizxon tayin etgan davlat bosh hakami SHiki-Xutuxuga “YAsoq”qa qarab ish tutishni qat’iy belgilab bergan edi. “YAsoq” qonunlari mo‘g‘ullarning qadimiy urf-odatlari, an’analari, mavjud siyosiy tuzum mohiyatidan kelib chiqqan holda keskin va juda qattiq ohangda, patriarxal harbiy tuzumni o‘zida aks ettirgan ravishda tuzilgan edi. “YAsoq” qonunlarining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan bo‘lgan:
1. Hukmdor (xon) “YAsoq”qa qat’iy rioya etishi xususida qasamyod qilishi va unga amal qilish, amal qilmagudek bo‘lsa, xonni umrbod qamash mumkin bo‘ladi;
2. CHingizxon mo‘g‘ullar orasida diniy adovat kelib chiqmasligi uchun barchaga to‘la diniy erkinlik beradi. Ruhoniylar soliqdan ozod etiladi;
3. Ayollar naslni davom ettiruvchi bo‘lganliklari uchun ham, urush vaqtida ularning gunohlari kechirilishi lozim;
4. Jazolash darajasi sifatida o‘lim jazosini eng ko‘p miqdorda qo‘llash;
5. Bosib olinayotgan mamlakatlar xalqlariga butkul rahm-shafqat qilmaslik.
CHingizxon shaxsiy gvardiyasi sonini (keshiktan) 9000 kishigacha etkazdi. 1204-yili uyg‘ur alifbosi mo‘g‘ul yozuvi uchun qabul qilindi. SHuningdek, mustaqil davlat belgisi bo‘lgan muhr (tamg‘a) hamda taqvim qabul qilindi. CHingizxon 1209 yilda tang‘utlarni, 1211-yilda uyg‘urlarni, 1215-yilda esa shimoliy Xitoyni poytaxt CHjundu (Pekin) bilan birgalikda o‘ziga tobe qilib oldi. Xitoydagi Sin sulolasi tugatilib, juda katta o‘lja olindi. Xitoy yurishi vaqtida yuksak harbiy mahorat va urushning yangi usullari qo‘llanildi. Madaniy jihatdan ancha qoloq mo‘g‘ullar ko‘p jihatdan uyg‘ur va musulmon ahli tajribasidan keng foydalanishdi. SHarqiy uyg‘urlarning boshlig‘i Ediqut (Saodatbek) CHingizxonning do‘sti va maslahatchisi, sobiq naymanlar xoni Tayanxonning muhrdori uyg‘ur Tatatunga esa mo‘g‘ullarni savodga o‘rgatar edi. Musulmon savdogarlarini zehni, tadbirkorligiga CHingizxon doimo yuqori baho bergan edi. SHu bilan birga ulardan ko‘pincha ayg‘oqchilar sifatida ham foydalanar edi.
Xitoyni zabt etgan CHingizxon shu bilan kifoya etib qolmasligi aniq edi. CHingizxon davlati g‘arbda Qipchoq cho‘llari, qoraxitoylarning ko‘chmanchi G‘arbiy Lyao (Si Lyao) va xorazmshoh-anushteginiylar davlati bilan chegaradosh edi. SHubhasiz uning g‘arbdagi eng yirik va kuchli qo‘shnisi hamda raqibi buyuk Xorazmshoh-anushteginiylar davlati (1097-1231) edi.
CHingizxon 1219-yili o‘z o‘g‘illari boshliq 200 mingga yaqin asosiy harbiy kuchlari bilan anchadan beri puxta tayyorlangan Xorazmshoh-Anushteginiylar davlati ustiga harbiy yurishni boshladi. CHegaradan o‘tgan CHingizxon o‘z qo‘shini bilan janubiy qozoq cho‘llarining Sirdaryoga tutashgan joyidagi O‘tror shahri yaqinida to‘plab uni 4 qismga bo‘ladi.
CHig‘atoy va O‘qtoy qo‘shinning bir qismi bilan O‘trorni qamal etib, egallash uchun qoldirildi. Ikkinchi qism esa Jo‘chi boshchiligida Sirdaryoning yukori oqimidagi Jand, YAngikent, Borchig‘lig‘kent, Sig‘noq shaharlarni bosib olish uchun yuborildi. Uchinchi qismidagi besh ming chog‘li qo‘shinga Uloq no‘yon va Suketu CHerbi bosh bo‘lib O‘trordan janubga, Xo‘jand va Banokatni egallash vazifasi topshirildi. CHingizxon o‘zi bosh bo‘lgan to‘rtinchi, asosiy qism (uning tarkibida taniqli sarkardalar Jebe va Subutoy ham bor edi) Zarafshon vohasi tomon-Buxoro hamda Samarqandni istilo etish uchun yo‘l oldi.
CHegaradagi O‘tror mustahkam shahar qal’a bo‘lib, mo‘g‘ullarga olti oy davomida mardonavor qarshilik ko‘rsatgan edi. O‘tror hokimi Inalxon (G‘oyirxon) qo‘lida 20.000 chog‘li suvoriy bo‘lib, Xorazmshoh unga yordam tariqasida 50.000 kishilik “lashkari birun”ni ham yuborgan edi.
Qamal davomida qo‘shimcha tarzda yana Qoracha Hojib boshchiligidagi 10.000 kishilik qo‘shin ham yuborilgan edi. O‘tror hokimi jasur va mard sarkarda Inalxon unga mahorat bilan boshchilik qilar edi. Ammo ayrim zotlarning xiyonatkorligi tufayli besh oylik qamaldan so‘ng Inalxon deyarli bir oy davomida o‘z qo‘shini bilan shahar qal’asida qarshilikni davom ettiradi. Oxir-oqibatda Inalxon deyarli bir o‘zi qolib, qal’a tomiga chiqib, qo‘liga tushgan narsasi bilan mo‘g‘ullarga hujum qilgan. Mard sarkardani mo‘g‘ullar tiriklayin qo‘lga tushirib, Samarqandga CHingizxon huzuriga yuborganlar. CHingizxon esa manbalarning yozishiga ko‘ra, “kumushni eritib o‘z huzurida sarkardaning quloq va ko‘ziga quyishni buyurgan”. Inalxon shu tariqa vahshiyona ravishda o‘ldirilgan. O‘tror shahri o‘z jasorati evaziga mo‘g‘ullar tomonidan butkul buzib tashlandi. Buxoro yo‘nalishida ketayotgan CHingizxonga esa Zarnuq (Zerinuh) va Nur qal’alari jangsiz taslim bo‘ladilar.
CHingizxon 1220-yilning fevral oyi boshlarida (ba’zi adabiyotlarda 7 fevralda deyiladi) SHarqning qadimiy go‘zal shahri, SHarqdagi islom dini gumbazi, “butun musulmon shaharlari onasi” nomini olgan “Islomiy ilmlar markazi” Buxoro yaqinida paydo bo‘ldi. Uch kunlik shahar qamali boshlandi. Buxoroda bu paytda 12.000 lik shahar garnizoni va 20.000 kishilik “lashkari birun” mavjud edi. Lashkarlarga nufuzli sarkardalar Ixtiyoriddin Qo‘shlu, Inanchxon Og‘ulhojib, Hamid Pura Qoraxitoy, Suyunchxon, mo‘g‘ullardan qochib o‘tgan uyg‘ur sarkardasi Ko‘kxon (Go‘rxon) bosh edilar.
Sarkardalardan Inanchxon bazo‘r Amudaryodan o‘tib qutulishga muvaffaq bo‘ladi, Hamid Pura Qoraxitoy mardonavor jangda halok bo‘ladi, qolgan-qutgan harbiylar Buxoroga qaytib chekinishga majbur bo‘ladilar. Buxoroliklar o‘z himoyachilaridan ayrilgandan so‘ng, shahar ahli jonini omon saqlab qolish niyatida maslahatlashib, Buxoro qozisi Badriddin qozi boshchiligidagi bir guruh oqsoqollarni CHingizxon huzuriga yuboradilar. 10 fevral kuni Buxoroga mo‘g‘ullar kirib keladilar. Buxoroga kirib kelgan CHingizxonning hatti-harakatlari xususida Rashididdin shunday deb yozgan edi: «CHingizxon otda masjidi jome oldiga kelib to‘xtadi va shaharning kazo-kazolarini o‘z huzuriga chaqirtirdi. Mo‘g‘ullar shahar omborxonalarini ochib, g‘allalarni tashib oldilar. Qur’on nusxalari saqlanadigan sandiqlarni otlarga oxur qildilar, masjidlarga meshlarda sharob keltirib joylab qo‘ydilar, shahar hofizlari va o‘yinchilarini chorlab, raqsga tushirdilar. Mo‘g‘ullar dol-guliga keltirib o‘z ashulalarini aytar edilar. Oqsuyaklar, ulamolar va shayxlar otboqarlar o‘rnida otlarni qo‘riqlash uchun otxonalarda turar va o‘sha qabila kelishlarini, amr-farmonlarini bajo keltirish balan mashg‘ul edilar.» Buxoro talon-taroj xususida muarrix ibn Attor shunday yozgan edi: «Ul kun haqiqatda dahshatli kun bo‘ldi. Bori manguga ketgan erlarining, xotinlarning, bolalarning tovushlarigina eshitilib turdi. Vahshiylar xotinlarni. qizlarni ham o‘zlarining birodarlari ko‘z oldida tahqirladilar. Bu taxqirlarga ularda ko‘z yoshlaridan o‘zga qurol topilmadi. Ko‘plar dahshatli manzaralardan ko‘ra o‘limni ortiq ko‘rdilar. Qozi Badriddin, Imom Rukniddin va uning o‘g‘li bu nomussizlik manzaralariga chiday olmay, g‘azablanib, o‘zlari teng bo‘lmagan dushmanga hujum qilib, halokat topdilar.»
Aksariyat shaharliklar o‘z qarshiliklarini davom ettirdilar, tunda esa yashirincha askarlarga yordam berib, mo‘g‘ul askarlariga qarshi hujumlar uyushtirdilar. CHingizxon bunga javoban shaharni yoqib yuborishga buyruq berdi. Ko‘kxon boshchiligidagi 400 ta mudofaachilar Buxoro arkida yana 12 kun qattiq qarshilik ko‘rsatdilar. Arkni egallash uchun qilingan mo‘g‘ullar hatti-harakatlari zoe ketdi. Qal’adagi chuqurliklar odam va hayvon o‘liklari bilan to‘lib ketdi. Ko‘kxon va u boshchiligidagi mudofaachilar qahramonona halok bo‘lganlaridan so‘nggina ark egallandi. Buxoroliklar qarshiligi mo‘g‘ullarni qattiq g‘azablantirdi. Bu jasorat evaziga mo‘g‘ullar shahar ahlidan 30000 kishini qirib tashladilar. Kelib chiqishidan qat’iy nazar qolgan aholi qullikka mahkum etildi. Ma’rifatli, nozik ta’b, madaniyatli va ilmli Buxoro ahli sahroilar tomonidan zulm va tahqirlanish girdobiga tortildi.
Buxorodan so‘ng CHingizxon Samarqand tomon yo‘l oldi. 1220 yil mart oyi boshida u Samarqandga etib kelib, yon-atrofdagi qishloqlarni er bilan yakson qildi. CHingizxon Samarqandni egallashga alohida ahamiyat berdi. Samarqandning Movarounnahr uchun, Xorazmshohlar uchun ahamiyati beqiyos ekanligini CHingizxon yaxshi bilar edi. SHuning uchun uni egallashga katta e’tibor bilan qaradi. SHaharda 110.000 kishilik harbiy garnizon (undan 60.000 tasi turkiy, 50.000 tojiklar edi.), 20 ta harb ilmiga o‘rgatilgan fil ham mavjud edi. Sulton Muhammadning tog‘asi To‘g‘ayxon shahar noibi bo‘lib, shahar mudofaaga birmuncha tayyor ham edi.
SHahar oziq-ovqat zahirasi, mudofaa istehkomlarining puxtaligi jihatidan bir necha yillik qamalga ham chidash mumkin edi. O‘z qarorgohini mo‘g‘ullar bosqini boshlanishi bilanoq sarosimada Balxga ko‘chirgan Sulton Muhammad ham Samarqand mudofaasiga umid ko‘zi bilan boqar edi.
CHingizxonning o‘zi shahar tashqarisidagi Ko‘ksaroy qo‘rg‘onidan turib shahar qamaliga boshchilik qildi. 1220-yilning mart oyining boshlarida shahar qattiq qamal qilinib, to‘xtovsiz hujum boshlandi. Qamalning 3-kunidan boshlab shahar qamaliga CHingizxonning shaxsan o‘zi boshchilik qila boshlaydi. Qamalning beshinchi kuni ulamo, zodagon, shahar harbiy boshliqlari keyingi qarshilik maqsadga muvofiq emas va ommaviy qirg‘in bo‘lishini oldini olish kerak, degan maqsadda mo‘g‘ullarga taslim bo‘lishga qaror qiladilar. SHahar qozisi va shayxulislom boshchiligida CHingizxon huzuriga Samarqand ahli nomidan elchilar tashrif buyuradilar. Mo‘g‘ullar Samarqand bosh suv inshooti – «Jo‘yi arziz – «Qo‘rg‘oshli novasi» ni buzib tashlab, shaharni tashnalik girdobiga giriftor qildilar. SHahar istehkomi buzib tashlandi. 20 000 chog‘li shahar mudofaachilari suv toshqini bois taslim bo‘lishga majbur bo‘ldilar. Taxminan 1000 nafarli mudofaachilar esa, sulton tomonidan 1211-1214 yillarda qurilgan Jome – masjidiga kirib, dushmanga zarba bera boshladilar. Mo‘g‘ullar masjidiga o‘t qo‘yib, mudofaachilarni tirik o‘limga mahkum etdilar. SHahar qozisi va shayxulislom vakolati bilan tashqariga olib chiqib ketilgan 50000 nafar kishidan boshqa barcha aholi qatlamlari behad talon-taroj qilindi. 30000 nafar hunarmand ahli CHingizxon qarindosh-urug‘lariga taqsim qilib berildi. Tirik qolgan shahar ahliga 200000 dinor o‘lpon majburiyati yuklatildi. Samarqandda jami aholining faqat ¼ qismigina tirik qoldi. Mo‘g‘ullar tomoniga xiyonatkorona o‘tib ketgan sobiq shahar noibi To‘g‘ayxon tez orada o‘zining 30000 kishisi bilan CHingizxon buyrug‘iga ko‘ra qirib tashlandi.
Taslim bo‘lgan shaharda mo‘g‘ullar qilgan talon-tarojliklar tufayli “sayqali ro‘yi zamin ast” deb ulug‘langan, sharqning buyuk shaharlaridan biri hisoblangan, bir paytlar gullab-yashnab turgan Movarounnahr poytaxti huvillab qoladi va er bilan yakson qilinadi.
Hukmdorning subutsiz va ma’suliyatsizligi, harbiy boshliqlarning o‘zaro ittifoq bo‘lmaganligi xalq, mamlakat taqdirini o‘z holiga tashlab qo‘yishi oqibatida bu dahshatli voqea sodir bo‘lgan edi. Bu vaqtda Sulton Muhammad Xorazmshoh janubda, Balxdagi o‘z qarorgohida turib, voqelikni befarq kuzatuvchi sifatida harakatsiz turar edi. Ko‘pgina sargardonliklardan so‘ng sulton Kaspiy dengizining janubidagi Ashuradi oroliga borib o‘rnashadi. Ham jismoniy, ham ruhiy, ma’naviy ezilgan sobiq hukmdor bu erda plevrit (o‘pka qobig‘iga suv yig‘ilishi) kasaliga chalinib, o‘z o‘g‘illarini yoniga chorlaydi. O‘z gunohlariga iqror bo‘lgan holda ushbu orolda xorlik va azob-uqubat bilan 1220-yilning dekabr oyida vafot etadi.
CHingizxonning katta o‘g‘li Jo‘chi boshchiligidagi mo‘g‘ul bosqinchilari reja bo‘yicha Sirdaryoning quyi qismidagi erlarni egallashi lozim edi. Bosqinchilar ma’lum muddatdagi qamaldan so‘ng Sig‘noq va Borchilig‘kent shaharlarini egallashdi CHingizxonning lashkarboshilari Oloqno‘yon va Suketi CHerbi Sirdaryoning yuqori oqimlaridagi Mo‘g‘ullar 20.000 nafar qo‘shin va 50.000 ming chog‘li asirga tushgan hasharchilarni Xo‘jand atrofiga yig‘adilar. Xo‘jand hokimi Temur Malik asli turkiy sarkardalardan bo‘lib, Xorazmshohlar davlatida nom chiqargan, sulton va uning oilasiga tanish bo‘lgan shaxs edi. Mo‘g‘ullarga qarshi tura olish mumkin emasligini sezgan Temur Malik (malik-hokim ma’nosida) taxminan 1000 nafar askari bilan Xo‘janddan bir kilometr naridagi Sirdaryoning mo‘jazgina orolida joylashib oladi. Qulay strategik ahamiyatga ega bo‘lgan orolga mo‘g‘ullar o‘qlari, palaxmon toshlari etib bormas edi. Temur Malik buyrug‘iga ko‘ra 12 ta qayiq yasatilib, o‘q o‘tmasligi, yonib ketmasligi maqsadida bu qayiqlarning usti namat bilan qoplanib, sirka bilan shimdirilgan loy bilan suvab chiqiladi. Temur Malik uzoq vaqt mudofaa uchun endilikda orolchada turish maqsadga muvofiq emasligini tushunib, bor oziq-ovqat zahirasi va askarlarini 70 ta kemaga joylab, tunda daryoning quyi oqimi bo‘ylab suzib ketadi. Mo‘g‘ullar ikki sohil bo‘ylab Temur Malik kemalariga to‘xtovsiz hujumni uyushtirar edilar. Hatto Banokat bo‘yida daryoning u sohilidan bu sohiliga zanjir ham tortib qo‘yadilar. Uzoq, uzluksiz jang bilan ular Jandga qadar etib keladilar. Mo‘g‘ul sarkardasi Ulus Idi Borchilig‘kent va Jand yaqinida manjaniqlar (tosh otar zambaraklar) o‘rnatib, qayiqlarni bir-biriga tutashtirib, jasur sarkarda yo‘lini to‘sadi. Uzoq janglardan so‘ng Temur Malik Urganchga etib keladi va Urganch himoyasida qatnashib, Jaloliddinning ozodlik kurashida faol ishtirok etadi. Keyinroq, uzoq sargardonliklardan so‘ng sarkarda Temur Malik o‘z yurtiga darvesh sifatida kelib, qahramonona ravishda mo‘g‘ul harbiylari qo‘lida halok bo‘ladi.
CHingizxon yozni Nahshabda o‘tkazib, 1220 yilning kuzida Termizga yurishni boshlaydi. Termiz Hindiston va O‘rta Osiyo savdo yo‘llari tutashgan bir qulay erda joylashgan bo‘lib, uning Amudaryo sohiliga tutashgan qal’asi o‘z vaqtida mustahkam ravishda barpo etilgan edi. Termiz hokimi Faxriddin habash mo‘g‘ullar bosqiniga mardonavor turib javob berishga qaror qildi. Mudofaaning o‘n birinchi kuni shahar egallandi. SHahar butkul talon-taroj qilinib, xonavayron etildi. SHahar ahli esa dashtga haydab chiqilib qirib tashlandi. Movaraunnahrning asosiy qismlari-Sirdaryo havzasi, Zarafshon, Qashqadaryo vodiylari, Buxoro vohasi, SHosh va Farg‘ona vodiysi egallangach, CHingizxon endilikda o‘zining asosiy e’tiborini Xorazmshohlar davlatining markazi Xorazm o‘lkasiga qaratdi. Bu yurishga o‘g‘illari Jo‘chi, CHig‘atoy, O‘ktoy (Ugedey)larni mas’ul qildi. Ayniqsa, xon musulmon SHarqining eng katta shahri bo‘lmish, madaniyat, savdo gullab yashnagan boy-badavlat qadimgi Urganch (Gurganj) istilosiga katta ahamiyat bilan qaradi. Ushbu yurish 1221 yilning boshida boshlandi.
1221 yilning boshida sulton deb e’lon qilingan Jaloliddin va shahzodalar Oqshoh, O‘zloqshohlar bilan Urganchga keladi. Lekin Urganchdagi siyosiy vaziyat, sobiq Jand noibi Qutlug‘xonning unga qarshi suiqasdi, qipchoq sarkardalarining xoinona o‘zlarining tutishlari, Jaloliddinni shahar mudofaasiga bosh bo‘lish fikridan qaytaradi. Qipchoqlar uni hokimiyat tepasiga kelishini xohlamas edilar. Bunday vaziyatda mudofaani tashkil etib bo‘lmasligi aniq bo‘lib qolgan edi. Ushbu voqealardan so‘ng Jaloliddin Temur Malik bilan birgalikda 300 ta kishi bilan shaharni tark etib Xurosonga yo‘l oladi. Uning ortidan esa, tez orada Oqshoh va O‘zloqshohlar ham yo‘l olishadi. Jaloliddinning faoliyatini alohida qayd etib o‘tish maqsadga muvofiq bo‘lgani uchun keyinroq bu buyuk shaxs faoliyati to‘g‘risida batafsil to‘xtalinadi.
Urganchga CHingizxonning o‘g‘illari Jo‘chi, CHig‘atoy, O‘gedey, taniqli mo‘g‘ul sarkardalari Tulun cherbi, Ustun no‘yon, Qozon no‘yon boshqalar o‘z harbiy kuchlari bilan etib keladilar. Xorazm Jo‘chi boshqaruvi ilkiga tushganligi uchun ham, Jo‘chi shaharni tinchlik bilan mo‘g‘ullarga topshirishni talab etadi. Lekin nima bo‘lganda ham jasur shahar himoyachilari mudofaaga qat’iy tayyorgarlik ko‘rib jonajon shaharlarini mo‘g‘ullarga berishdan qat’iy bosh tortdilar. Poytaxt atrofini 100.000 dan ziyod mo‘g‘ullar qo‘shini bilan o‘rab olish boshlandi. SHahar devorlarini buzish uchun manjaniqlar o‘rnatiladi. Mo‘g‘ullar shaharni katta kuch bilan zabt etishga kirishdilar. YAngi “sulton” shahar mudofaasiga bosh bo‘la olmaydi. 1221 yili boshidan boshlangan Urganch qamali deyarli 7 oy davom etadi. SHahar ahli mo‘g‘ullar qurol-yarog‘i, palahmon toshlarni otuvchi manjaniqlar zambaraklardan cho‘chimay mardonavor kurashga kiradilar. Nayza o‘qlaridan qo‘rqmay shahar devorlarining buzilgan erlarini qayta tiklay boshlaydilar. Bir guruh urganchlik harbiy navkarlar shahardan deyarli 1 farsah uzoqlikdagi Bog‘i-Xurram degan joyda mo‘g‘ullarga zarba berishga harakat qilib, qahramonona jang qildilar. Lekin Juvayniyning yozishiga ko‘ra, jangda qo‘shin va qurol jihatidan ustun mo‘g‘ullar shu erlik tinch aholi jangchilar bilan birgalikda 100.000 dan ziyod aholini qirib tashlaydilar. Sulton zobitlarining boshlig‘i Faridun G‘uriy o‘zining 500 kishilik harbiy otryadi bilan mardonavor shahar devorlari va darvozalari himoyasiga bosh bo‘ladi. Lekin qo‘rqoq “sulton” Xumortegin shahar darvozasini ochib berib, o‘z hayotini saqlab qolish maqsadida xiyonatkorona ravishda mo‘g‘ullarga taslim bo‘ladi. Istilochilar shaharga bostirib kira boshlaydilar. Urganchda tarixchilardan an-Nasaviy, Juvayniylarning yozishlariga ko‘ra, har bir ko‘cha, mavzeni jon-jahdlari bilan himoya qilganlar. Ko‘prik ustidagi jangda shaharliklar 3000 nafardan ziyod mo‘g‘ul askarlarini qirib tashlashga ham muvaffaq bo‘ladilar.
SHahardagi janglarda Xorazmlik mashhur alloma, faylasuf va olim, “Kubroviya” tariqatining asoschisi Ahmad ibn Umar Abul Janob Najmiddin al-Kubro al-Xevaqiy (1145-1221 yy.) ham faol qatnashdi. O‘ziga “YO Vatan, yo sharofatli o‘lim” degan g‘oyani shior qilib olgan bu 76 yoshdagi buyuk shayx mo‘g‘ullarning taslim bo‘lish haqidagi takliflarini rad etib, o‘zining behisob shogird, do‘st-yoron, muxlis-safdoshlar bilan shahar ichki mudofaasida ishtirok etadi. Uning jangovar chaqirig‘iga muvofiq har bir qarich erni shaharliklar qahramonona tarzda, bir tomchi qonlari qolguncha himoya qiladilar. Najmiddin Kubro qahramonona tarzda jang qilib, o‘lim oldidan mo‘g‘ul navkariga tashlanib uni avval halok qilib, shahid bo‘ladi. SHahar mudofaasi cho‘zilib, hatto CHingiz o‘g‘illari Jo‘chi va CHig‘atoy o‘rtasida ham ixtilof chiqib, shaharni egallash boshqa bir o‘g‘il - Ugedeyga topshirildi. Behisob qon daryo bo‘lib oqib, bundan so‘nggi himoya befoydaligini sezgan shaharliklar qolganlarni jonini saqlab qolish maqsadida taslim bo‘lishdan o‘zga choralari qolmaydi. 100000 dan ko‘proq hunarmandlar ajratib olinib, Mo‘g‘ulistonga jo‘natiladi. SHahar ahli dashtga haydab chiqarilib, bolalar va ayollar bo‘lib olinadi. «Ortiqcha» asirlar haqoratli o‘limga mubtalo etiladi. Juvayniyning yozishicha, har bir mo‘g‘ul askarga shaharliklardan 24 ta o‘ldirilgan askar to‘g‘ri kelgan ekan. Qolgan barcha narsalar beayov talon-taroj qilindi. SHahar qo‘lga olingandan uning asosiy qismi buzilgan, xonavayron bo‘lgan edi. SHundan keyin ham mo‘g‘ullar Amudaryo to‘g‘onini buzib, shaharni suvga bostiradilar.
Urganch qamali bilan bir vaqtda CHingizxon 1221 yilning bahorida o‘zining e’tiborini Amudaryodan janubdagi yirik savdo yo‘llari ustida joylashgan boy madaniyat markazlari bo‘lmish Balx, Hirot, G‘azna, Qandahor, Nishopur va boshqalarga qaratdi. CHingizxon shaxsan Balx yurishiga boshchilik qilib, shaharni zabt etdi. Balx aholisini esa qirib tashladi. Ba’zi bir janublik Xorazmshoh noiblari, jumladan Amin-al mulk ham mo‘g‘ullar tomoniga xiyonatkorona o‘tib ketdilar.
Jaloliddinga qarshi kurash vaqtida qator qal’a, shaharlar qattiq janglar ila ishg‘ol qilindi (Bamiyon, G‘azna, Qandahor, Gardiz, Valiyon va boshqalar.) Ularning janubdagi oxirgi egallagan shahri Hindistonning shimoliy g‘arbidagi Mo‘lton bo‘lib qoldi.
Tariximizdagi ulug‘ zotlardan biri mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi mardonavor kurashgan, Vatan ozodligi yo‘lida jon fido qilgan Jaloliddin Manguberdidir. O‘rta asr musulmon mualliflari, jumladan uning vaziri va mirzasi ham bo‘lgan an-Nasaviy uni Mankburni, (ya’ni mank belgi, xol degan ma’noda, xoldor burunli degan ma’noni anglatgan) nomi bilan atashgan.
Jaloliddin Manguberdi (Mankburni) xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni qaror toptirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi 1998 yil 24-sentabrda 408-sonli maxsus qaror qabul qildi. Ushbu qarorga muvofiq buyuk sarkardaning tavallud to‘yi keng miqyosda nishonlanishi qayd qilib o‘tildi. YUbiley munosabati bilan Urganchda sarkardaga ulkan memorial yodgorlik o‘rnatildi, O‘zbekiston Respublikasi FA Tarix va SHarqshunoslik institutlari, Xorazm Ma’mun akademiyasi, bir qator Oliy o‘quv yurtlari, turli jamg‘armalar mutaxassislari tomonidan ko‘plab risolalar chop etildi, mohir rassom T. Quryozov tomonidan sarkardaning portreti yaratildi, “Jaloliddin Manguberdi-Vatan, yurt himoyachisi” mavzuida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi va eng muhimi Prezident I. Karimov boshchiligidagi hukumat va parlament a’zolari, chet ellik mehmonlar, yurtimiz mehmonlari ishtirokida ulkan teatrlashtirilgan tamoshalar bo‘lib o‘tdi.
Jaloliddin og‘ir bir paytda, Movaraunnahr urush domiga tortilgan, mamlakatning katta qismi mo‘g‘ullar tomonidan istilo etilgan, imperiya qo‘shini yakson qilingan, amirlarning bir qismi xoinlik yo‘liga, qolgani o‘z joni-mulkini asrash yo‘liga tushgan, sulton mamlakatni o‘z holiga tashlab qo‘ygan, o‘zaro sarosima va tahlika hukm surgan bir vaqtda tarix sahnasida paydo bo‘ldi. Jaloliddin shunday bir og‘ir vaziyatda, Vatan va xalq erki uchun kurashib, mo‘g‘ullarga qarshi 11 yil kurash olib bordi. 14 marotaba mo‘g‘ullarga qarshi ot surib, uning 13 tasida g‘oliblikni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Mo‘g‘ullar bosqini arafasida Jaloliddin garchi katta o‘g‘il bo‘lsa-da, buvisi Turkon-xotun tomonidan hokimiyatdan chetlatilgan bo‘lib, taxt vorisi etib Turkon-xotun urug‘idan bo‘lmish boshqa bir shahzoda Qutbiddin O‘zloqshoh valiahd deb e’lon qilingan edi.
G‘azna, Bamiyon, al-G‘ur, Bo‘st, Takinobod, Zamin-Davora va Hindiston bilan chegaradosh erlar esa Jaloliddinga mulk etib berilgan edi. Garchi Jaloliddin buvisining izmi bilan markazdan chetlatilgan bo‘lsa-da, lekin sulton unga alohida muhabbat bilan qarar, uning jasurligini qadrlar va uni o‘zidan uzoqlashib ketmasligini xohlar edi. SHuning uchun ham unga vazir etib taniqli davlat amaldori SHams-al Mulk SHahobiddin Alp al-Xaraviyni, noib (o‘rinbosar) etib esa sarkarda Kuzbar Malikni tayinlaydi. Muhammad Xorazmshoh plevrit (o‘pkaga suv yig‘ilish) kasali bilan og‘rib taxminan 1220-yilning oxirlarida (hijriy 617-y.) quvg‘inlikda Kaspiy dengizidagi Ashuradi orolida vafot etadi. O‘limi oldidan sulton Jaloliddinni taxt vorisi deb e’lon qilib, sultonlik ba’zi rutbalarini unga topshiradi. Jaloliddin o‘z inilari O‘zloqshoh va Oqshohlar bilan otasini dafn etgach, 70 ta kishisi bilan to‘g‘ri Urganchga keladi. Tez orada unga Xo‘jand hokimi Temur Malik va boshqa erksevar kishilar kelib qo‘shiladilar. Xalq Jaloliddin Manguberdini shod-u-xurramlik va katta umid bilan kutib oladi.
Lekin inisi O‘zloqshoh va uning tarafdorlari unga qarshi fitna tayyorlayotganidan xabar topgach, bu alfozda mo‘g‘ullarga qarshi kurashib bo‘lmasligini tushungan Jaloliddin 300 ta kishisi bilan yashirincha Xorazmni tark etadi. Hozirgi davrdagi yangi tadqiqotlar shuni ko‘rsatayaptiki, Jaloliddinning mo‘g‘ullar bilan ilk to‘qnashuvi avval boshida Jand viloyatidagi Irg‘iz dashtida bo‘lgan ekan. Jaloliddin 16 kun ichida Xorazmdan Xuroson erlaridagi Niso qo‘rg‘oni atrofiga etib keladi. CHingizxon sulton o‘g‘illarining Xorazmga qaytganliklaridan xabar topgach agarda ular Xurosonga chekinmoqchi bo‘lsalar, ularga qarshi chiqadi degan maqsadda o‘z qo‘shinidan Xurosonning har eriga pistirmalar qo‘yadi. Jaloliddin Niso yaqinida o‘zining 300 ta askarlari bilan mo‘g‘ullarning 700 kishilik qo‘shinini zarbaga uchratadi. Mo‘g‘ullar batamom mag‘lub etiladi.
Bu vaqtda Jaloliddinning ukalari O‘zloqshoh va Oqshohlar sarosimaga tushib, nima qilishlarini bilmay, Jaloliddin ketidan ular ham Xurosonga ketishadi. Mo‘g‘ullarning kichik otryadi ustidan g‘alaba qozonib, bu g‘alabaga juda katta e’tibor berib yuborishadi. SHundan so‘ng aysh-u-ishratga berilib, Xurosonning Xabushan shahri yaqinida mo‘g‘ullarga qarshi navbatdagi kurashda qo‘lga tushib, qatl etiladilar. Mo‘g‘ullar qatl etilgan shahzodalarning kallalarini namoyishkorona tarzda birmuncha vaqt Xurosonda olib yurishadi. Jaloliddinning yana bir inisi Rukniddin G‘ursanjiy (manbalar unga «aql-zakovat va ko‘rkamlikda teng i yo‘q» deb ta’rif berishgan) Eronning Ustunavand qal’asida 6 oy mo‘g‘ullarga qarshi kurash olib borib, mardonavor tarzda halok bo‘ladi. Jaloliddin esa bu vaqtda Nishopurga etib keladi. Bir oy davomida mo‘g‘ullarga qarshi kurashish maqsadida barcha amir, sarkardalarga qo‘shin yig‘ish xususida murojaat qiladi. Mo‘g‘ullar uning ushbu faoliyatidan xabardor bo‘lganliklarini bilgach, Zavzon (Nishopur va Hirot oralig‘ida) tumanidagi al-Qohira qal’asiga kelib o‘rnashadi. Afsuski, bu vaqtda mahalliy noib hokimlar uning atrofida jipslasha ololmaydilar. Hali etarli kuchga ega bo‘lmagan Jaloliddin qal’ada uzoq turish xavfli ekanligini tushunib, G‘azna tomon yo‘l oladi.
CHingizxon esa bu vaqtda ulkan qo‘shin bilan Xurosonga izma-iz kelayotgan edi. Jaloliddin G‘aznaga etmasdan yaqin orada Hirot hokimi hamda qayinotasi bo‘lmish Amin Malik bilan uchrashadi va ular birgalikda Qandahor qal’asini qamal qilayotgan mo‘g‘ullar ustiga yurish qiladilar. Jaloliddin bu kurashda harbiy ilm tarixida ilk bora “piyoda yoyandozlar”ni mo‘g‘ullarning otliq askarlariga qarshi qo‘yadi. Inglizlar keyinchalik bu harbiy usulga yuqori baho berib, o‘zlarining Kress yonidagi mashhur janglarda undan foydalanishadi. Uch kunlik jangdan so‘ng mo‘g‘ullar mag‘lub etilib Jaloliddin g‘olib bo‘ladi va u G‘azna tomon yo‘l oladi.
U 1221-yilning fevralida G‘aznaga kirib keladi. Manbalarning qayd etilishicha, xalq Jaloliddinni juda katta tantana bilan kutib oladi. SHahar xuddi xayit bayramidek shod-xurramlikka to‘ladi. G‘aznada Jaloliddin xizmatiga Sayfiddin O‘g‘roq al-Xalajiy, Balx hokimi A’zam Malik, afg‘on qabilalari sardori Muzaffar Malik va qarluqlar rahbari al-Hasan qarluq o‘z qo‘shinlari bilan qo‘shiladilar. Jami qo‘shinning soni tarixchilarning xabariga ko‘ra 90-130 ming kishi atrofida bo‘lgan. CHingizxon Jaloliddinning kuch-qudratini oshib borayotgani va mo‘g‘ullar undan Qandahorda zarbaga uchraganligidan g‘azablanib, no‘yon SHiki Xutuxu boshchiligidagi qo‘shinni uning ustiga yuboradi. U 1221-yilning kuzida Jaloliddin erlariga yaqinlashib keladi. Bu vaqtda mo‘g‘ullarning Tekechuk va Molgor boshchiligidagi ilg‘or guruhi CHorikordan shimolroqdagi Valiyon qo‘rg‘onini qamal qilishni boshlagan edi.
Jaloliddin bir hamladayoq mo‘g‘ullarni zarbaga uchratishga muvaffaq bo‘ladi. Bu jangda mo‘g‘ullarning 1000 dan oshiq kishisi halok bo‘ladi. Ko‘plab tarixchilar jumladan, Ibn al-Asir, Juvayniy, Rashididdin bu jangga yuqori baho bergan edilar. Jaloliddinning mo‘g‘ullarga qarshi muhim janglaridan biri 1221 yilning kuzida shimoliy Afg‘onistonning Lagar daryosi bo‘yidagi Parvona dashti yaqinida bo‘lib o‘tadi. Birlashgan qo‘shinga shaxsan Jaloliddinning o‘zi lashkarboshilik qilib, o‘ng qanotga Amin Malik, chap qanotga Sayfiddin O‘g‘roq boshchilik qilishadi. Mo‘g‘ullar jon-jahdlari bilan kurashga kiradilar. Hatto SHiki Xutuxuning buyrug‘i bilan Jaloliddin qo‘shiniga xavf tug‘dirish maqsadida har bir mo‘g‘ul askari orqasiga tulup o‘tkazib ham qo‘yishadi. Parvona jangi mo‘g‘ullarning mutlaq mag‘lubiyati bilan tugab, SHiki Xutuxu qolgan qutgan qo‘shini bilan CHingizxon huzuriga bazo‘r qochishga ulguradi.
Jaloliddin qo‘shini Parvona jangidan so‘ng katta o‘ljani qo‘lga kiritgan edi. Ushbu o‘ljaning taqsimlanishi vaqtida Jaloliddinning ikki sarkardasi Amin Malik va Sayfiddin O‘g‘roq o‘rtasida ixtilof chiqadi. Ixtilof natijasida Sayfiddin O‘g‘roq va undan keyin boshqalar ham qo‘shindan ajrab chiqib ketadilar. Jaloliddinning qo‘shini kamayib, u nihoyatda og‘ir bir ahvolda qoladi. Jaloliddinning uni tark etgan sarkardalarga qayta ittifoq tuzish, dushmanga qarshi birgalikda kurash olib borish to‘g‘risidagi murojaati zoe ketdi. Jaloliddin ichak og‘rig‘i kasaliga duchor bo‘lib turgan paytida mo‘g‘ullarning ilg‘or guruhi Gardezga (G‘aznadan 50 km. sharqda joylashgan shahar) o‘rnashganligidan xabardor bo‘ladi. Jaloliddin xastaligiga qaramasdan Gardezdagi mo‘g‘ul askarlariga to‘satdan zarba berib, ularni mag‘lubiyatga uchratadi. U CHingizxonga qarshi ozchilik qo‘shin bilan kurasha olmasligini anglab, Sind (Hind) daryosi bo‘yiga chekinishga qaror qiladi.
Nihoyat 1221-yilning 25-noyabri, payshanba kuni (hijriy 618-yil shavval oyining sakkizinchi kuni) Sind daryosi bo‘yida uch kun davom etgan hal qiluvchi jang boshlandi. Bir qator o‘rta asr musulmon tarixchilarining ta’kidlashlaricha, bunday qonli, keskin va dahshatli jang tarixda ro‘y bermagan ekan. Jaloliddin va uning qo‘shini misli ko‘rilmagan darajada jasorat va bahodirlik namunalarini ko‘rsatdilar. Faqat uchinchi kunga kelib, CHingizxon qo‘shini ustunlikka erisha boshladi. Jaloliddinning taxminan 7-8 yoshli o‘g‘li CHingizxon qo‘shini qo‘liga tushib qolib o‘ldiriladi. Jangda mardonavor kurashgan Amin Malik va boshqa ko‘plab sarkarda, navkarlar halok bo‘ldilar. CHingizxon qanday qilib bo‘lmasin Jaloliddinni tiriklayin qo‘lga olishga buyruq beradi. Jaloliddin esa uni qo‘lga olishga intilayotgan mo‘g‘ul qo‘shini qo‘rshovini shaxsiy bahodirligi bilan yorib chiqib, Sind daryosi bo‘yiga etib kelishga muvaffaq bo‘ladi. Daryo bo‘yida onasi Oychechak va haramdagi boshqa ayollar uni kutib turishar edi. SHundoq ham bu jangdan ruhiy va jismonan yozilgan Jaloliddinga ular “... bizni o‘ldiring va mash’um asirlikdan qutqaring” deya murojaat qilishadi. Jaloliddin barcha haram ayollarini suvga cho‘ktirishga ko‘rsatma berishdan boshqa iloji qolmaydi. O‘zi esa oti bilan suvga sakrab, daryoning narigi beti-Hindiston tomonga suzib o‘tadi.
Jaloliddinning har qanday vaziyatda ham o‘zini yo‘qotmasligi, uning jasorati va mardligiga CHingizxon ham tan beradi. Tarixchilardan Juvayniy, Rashididdin va boshqalarning yozishlariga qaraganda Jaloliddinning jasoratiga qoyil qolib CHingizxon o‘z o‘g‘illariga qarata “Otaning faqat shunday o‘g‘li bo‘lishi lozim. U olovli jang maydonidan o‘zini qutqarib, halokatli girdobdan najot qirg‘og‘iga chiqdimi, undan hali ulug‘ ishlar va qiyomatli isyonlar keladi!”,-dedi va uning orqasida ta’qib etishni ta’qiqladi. Sind daryosi bo‘yidagi jangdan so‘ng CHingizxon uch oy davomida Jaloliddin qo‘shinidan o‘z vaqtida ajrab ketgan sarkardalar qal’alarini qo‘lga olib, ularni yo‘q qilish bilan band bo‘lgan.
Hindistonda Jaloliddin 1223-yilning oxirlarigacha bo‘lib, xorazmshohlarning azaliy mulki bo‘lgan Iroq va Eronni o‘z izmiga kiritish maqsadida yo‘lga otlanadi.
Jaloliddin mo‘g‘ullarga qarshi birgalikda kurash olib borish maqsadida ukasi G‘iyosiddin Pirshoh, Bag‘dod xalifalari az-Zohir (1225-1226), so‘ngra al-Muntansir (1226-1242), Gurjiston malikasi Rusudana va boshqalarga murojaat qiladi. Lekin mo‘g‘ullar qasosi, Qolaversa Jaloliddinning hokimiyati kuchayib ketishidan cho‘chigan ko‘pchilik musulmon hokim, hukmdorlari u bilan ittifoq tuzishni xohlamaydilar.
Bir vaqtning o‘zida Jaloliddin Manguberdi Kirmonda unga qarshi bosh ko‘targan xiyonatkor Barak Hojibga, ismoiliylarga ham qarshi kurash olib borishga ham to‘g‘ri keladi. SHuningdek, ahamiyatli hisoblangan Ararat tog‘liklari etaklarida joylashgan Xilat qal’asi ham Jaloliddinga uzoq vaqt mobaynida qarshilik ko‘rsatadi. 1227 yili oxirlarida mo‘g‘ullarning Eronga kirib kelishi niyatlari borligini bilgan Jaloliddin ularga qarshi qat’iy jangga kirishga tayyorgarlik ko‘radi. Mo‘g‘ullarning o‘sha yili yuborilgan 2000 kishilik avangardi tor-mor etilib, ulardan 400 tasi Isfahonda namoyishkorona tarzda qatl etiladi. 1228-yil 25-avgustida Eronni zabt etish uchun kelgan Taynal no‘yon boshchiligidagi mo‘g‘ul istilochilari bilan Isfahon yaqinida hal qiluvchi jang bo‘lib o‘tdi. Garchi jang vaqtida ukasi G‘iyosiddin xoinlik qilib, o‘z qo‘shini bilan Luristonga chekingan bo‘lsa-da, Jaloliddin qat’iy ravishda bu holatga e’tibor qilmay kurash olib boradi. Manbalarning so‘zlashicha, hatto mo‘g‘ul no‘yonining o‘zi “Sen haqiqatdan ham o‘z davrining erkak o‘g‘loni ekansan”,- deb uning jasoratiga tan bergan ekan. Jaloliddin bu jangda butkul g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. U sakkiz kun mobaynida Erondagi mo‘g‘ullarni izma-iz ta’qib etib ularni mamlakatdan haydab chiqaradi.
Jaloliddin murakkab va ziddiyatli davrda yashadi. SHubhasiz u o‘z davrining farzandi edi. U qo‘shinlarining ko‘plab harbiy yurishlar vaqtida talonchilik, zo‘ravonlik qilishlariga gohida ko‘z yumdi, xonavayronchilik keltiruvchi ishlarga bosh qo‘shdi. Bu esa Eron, Ozarbayjon, Iroq, Gurjiston ahlida salbiy fikrlarning ko‘payishiga, noroziliklarning kuchayishiga ham olib kelgan. Jalolidinga qarshi Koniya sultoni Xims hokimi halab mayafirqin va Baynas hokimlari itifoq tuzishadi. 1231-yil bahorida u Ganjaga kelib, barcha gina-kudratlarini unutib, yana mo‘g‘ullarga qarshi ittifoq tuzish uchun musulmon hukmdorlariga murojaat etdi. Lekin uning taklifi javobsiz qolib ketdi. SHunda Suriyadagi Amida qal’asi hokimi uni o‘z oldiga chorlaydi. U Iroqqa borib yana qo‘shin to‘plamoqchi bo‘ladi.
Amida yo‘li yaqinida unga to‘satdan mo‘g‘ullar hujum qilib qolishadi (1231 yil avgust boshi). Uni 15 chog‘li mo‘g‘ul navkarlari ta’qib etishadi. Jaloliddin o‘z sheriklaridan ajrab, Mayafariqin (Hozirgi Turkiyaning Silvan viloyati) yaqinida Ayn-ad-dar qishlog‘iga keladi. Ushbu tog‘lik qishloqda u kurdlar qo‘liga tushadi. O‘zini sulton deb tanishtirgandan so‘ng uni kurdlar o‘ldirishga jazm etmaydilar. Uni tegishli joyga etkazib qo‘yish evaziga mukofot va’da qiladi. Lekin kurdlar rahbari xonadonidan joy olgan horib-tolgan Jaloliddinni, boshqa bir kurd kishisi o‘lgan inisi xuni evaziga o‘ldiradi. Bu voqea taxminan 1231 yilning avgust oyi 17-20 sanalari oralig‘ida ro‘y beradi. Ertasi kuni sulton buyumlarni sotib yurgan kurd xususida Mayafariqin hukmdori al-Malik al-Muzaffarga xabar berishganda u qishloqqa o‘z sarkardasi SHahobiddin G‘oziyni yuboradi. SHahobiddin G‘oziy sulton jasadini olib, qishloq erkaklarining barini o‘ldiradi va qishloqqa o‘t qo‘yib yuboradi. Muarrix an-Nasaviy buni eshitib, shaxsan Mayafariqinga keladi. Jaloliddinning tog‘asi, vazir O‘turxon uning jasadini tanib, qattiq iztirobga tushdi. Jaloliddin Manguberdining murdasi Mayafariqinga dafn etilib, mo‘g‘ullar kirib kelgudek bo‘lsa, haqoratlanmasin degan maqsadda go‘ri er bilan tekislab yuboriladi.
Uning ashaddiy dushmani Damashq hokimi al-Malik al-Ashrafga sulton halokati xususida xabar etkazib suyunchi so‘raganlarida, u qayg‘uga botib: ”Sizlar uning o‘limi bilan meni qutlamoqchimisizlar? Ammo siz voqeaning achchig‘ini tatib ko‘rasizlar. Olloh nomi bilan qasam ichamanki, uning halokati islom olamiga mo‘g‘ullarning bostirib kirishini anglatadi. Endilikda biz bilan YA’juj va Ma’jujlar o‘rtasida devor bo‘lib turgan Xorazmshohdek odam yo‘qdir”, -deb javob bergan edi. Ibn Vosil esa uni “mo‘g‘ullar va musulmonlar orasidagi istehkom bo‘lgan” deb ta’riflagan edi. Jaloliddinning o‘limidan so‘ng uning shonli nomi tez orada xalqlar tilida doston bo‘lib ketdi. “Jaloliddin tirik”, “Jaloliddin qaytib kelayapti” degan ovozalar uzoq vaqtgacha mo‘g‘ullarni tahlikaga solib kelgan. O‘zini “men Jaloliddinman” deb nomlagan turli shaxslar mo‘g‘ullarga qarshi ko‘p holatda isyon va qo‘zg‘olonlarga boshchilik qilganlar (masalan, 1236-yili Eronning Ustundorida ko‘tarilgan qo‘zg‘olon, 1255-yili Amudaryo bo‘yidagi voqealar va h.k).
Musulmon tarixchilari o‘z asarlarida hamisha uni mard va jasur sarkarda sifatida ta’riflashgan edi. Jaloliddin Manguberdini shaxsan bilgan an-Nasaviy u to‘g‘risida shunday ta’rif bergan edi.
“U turkiy bo‘lib, qora mag‘iz yuzli, burni oldida qora xoli bor o‘rta bo‘yli yigit edi. Fors tilida ham bemalol so‘zlasha olar edi. U dovyuraklikda teng i yo‘q, sherlar ichida arslon, otliqlar ichida eng jasuri edi... Qisqa so‘zli, hech qachon so‘kinmagan, yomon so‘zlarni o‘ziga ep ko‘rmagan, juda jiddiy, atrofdagilar oldida o‘zini sipo tutar, hech qachon kulmas, faqatgina tabassum qilib qo‘yar edi xolos. U adolatni sevgan, lekin zamon zayli uni o‘zgartirishga majbur qilgan. U o‘z fuqarolarini dardini engillashtirishga harakat qilgan, shuni hohlagan, lekin tanazzul davri bo‘lganligi bois ham zo‘ravonlikka yo‘l bergan. O‘zini ulug‘lashlarini istamagan. Bachkana ta’riflarni yoqtirmagan, faqat sulton deya murojaat qilishlarini so‘ragan. Uning farmonlarida yolg‘iz so‘z: ”YOrdam yolg‘iz Ollohdandir!” degan shior bo‘lgan.»
Xorazmshohlar avlodidan bo‘lgan Misr hokimi al-Muzaffar Sayfiddin Kutuz ajdodlarning shonli kurash yo‘lini davom ettirib, 1260-yili YAqin SHarqdagi Ayn Jalut yonida mo‘g‘ullarga qaqshatqich zarba berib, ularning Suriya va Misrga kirib kelishlariga chek qo‘yadi.
1999-yil noyabrda Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligining keng nishonlanishi, uning vatani Xorazmda unga mahobatli haykal o‘rnatilinishi, yurtboshimiz ta’kidlaganidek “G‘anim oldida bosh egmagan, tiz cho‘kmagan. Vatan deya halok bo‘lgan” milliy qahramonimizga xalqimizning ehtiromi, muhabbati, ajdodlar xotirasini muqaddas saqlashi ramzi bo‘lib qoldi.



Download 378 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling