Mustaqillik yillarida o‘zbek adabiyoti, adabiyotshunoslik fani taraqqiyotida ham yangi sahifalar ochildi. Asarlari zararli o‘zlari millatchi deb nohaq baholangan Cho‘lpon, Otajon Hoshim, Vadud Mahmud, Munavvar qori singari millatparvar yozuvchi, ma’rifatparvarlar ijodi xolisona o‘rganilib, ularning asarlari chop etildi, teatr saxnalarida o‘z o‘rnini egalladilar. Ma’rifatparvarlar faoliyatining asl mohiyatini, adabiy, madaniy, siyosiy hayotdagi o‘rnini ro‘yi-rost ko‘rsatish boshlandi. O‘tmishda diniy va saroy adabiyoti vakili deb tamg‘a bosilgan buyuk shoir va mutafakkirlar hayoti va ijodi o‘rganilib, asarlari xalqqa qaytarildi. Mustaqillik sharofati bois mo`tabar Qur’oni Karim va hadislar chop etildi. Bunday asarlarning xalqimiz qo‘liga yetib borishi butunlay yangi, sog‘lom, sof milliy g‘oyalarimiznng, maqsad va intilishlarimizning sifat darajasini belgilaydi. Adabiyot sohasidagi va ko‘plab nashr etilgan boshqa asarlar milliy istiqlol g‘oyasi va mafkurasining buyuk xayotbaxsh kuchini ko‘rsatadi. Mustaqillik davri adabiyotining bayroqlari O‘zbekiston qahramonlari Sayid Ahmad, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, O‘zekiston xalq shoirlari Muhammad Yusuf, Habib Sa’dullayevlar ijodiy faoliyati bilan butun xalqimiz faxrlanadi. Milliy istiqlol davridagi o‘zbek adabiyotshunosligi oldida turgan muhim vazifalarni hal etishda Ozod Sharofiddinov, Begali Qosimov, Nayim Karimov, Erkin Karimov, Ahmad Aliyev, Najmiddin Komilovlarning asarlari alohida o‘rin egallaydi. T.Malikning romanlari, O.Matjon, O.Hojiyeva, X.Sultonov, A.Suyun, Y.Eshbek, H.Do‘stmuhammad, Sh.Salimova singari shoir va adiblarning badiiy barkamol, g‘oyaviy yetuk asarlari o‘zbek milliy istiqlol adabiyotiga katta hissa bo‘lib qo‘shildi. Mustaqillik yillarida madaniy-ma’rifiy muassasalar ishlarida ham keskin o‘zgarishlar yuz berdi. Bu muassasalarning soni 1997-yili 9442 ta bo‘lsa, bulardan 60 tasi muzeylar, 2657 tasi klublar, 6725 tasi kutubxonalardir. Mustaqillik yillari bu muassasalar aholi o‘rtasida madaniy-ma’rifiy tarbiyaning o‘chog‘iga aylandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |