Mavzu: Oilaviy-huquqiy munosabatlar Bajardi: Sarvar Qosimov Tekshirdi
Oila huquqi munosabatlarida ota-ona hamda bolalarning mulkiy huquq va majburiyatlarining tartibga solinishi
Download 122.8 Kb.
|
oilaviy huquqiy munosabatlar
Oila huquqi munosabatlarida ota-ona hamda bolalarning mulkiy huquq va majburiyatlarining tartibga solinishi
Oila kodeksining 90-moddasiga binoan, ota-ona hayotligida bolalar ularning mol-mulkiga nisbatan mulkdor bo`lish huquqiga ega emas. Ota-ona ham voyaga etmagan bolalarning mol-mulkiga nisbatan mulkdor bo`lish huquqiga ega emas. Oila kodeksi 90-moddasining 2-qismiga muvofiq, voyaga etmagan bolalar o`z ota-onasidan va boshqa shaxslardan qonunda nazarda tutilgan miqdorda va tartibda ta`minot olish huquqiga ega. Voyaga etmagan bolalar ta`minoti uchun olingan mablag`, pensiya, nafaqa uning otasi yoki onasi tasarrufida bo`lib, bolaning ta`minoti, tarbiyasi va ta`lim oli-shi uchun sarflanishi kerak. «Voyaga etmagan bolalarning mol-mulkini tasarruf etishga doir vakolatlar amalga oshirilayotganda fuqarolik qonun hujjatlarida belgilangan qoidalar qo`llaniladi. Voyaga etmagan bolalar o`z ish haqi, stipendiyasi va boshqa daromadlarini tasarruf etish, fan, adabiyot, san`at bobidagi asarlari, ixtirolari yoxud o`z intellektual faoliyati samaralarini, shuningdek, qonun bilan qo`riqlanadigan boshqa mualliflik huquqini amalga oshirish, qonunga muvofiq kredit muassasalariga omonatlar qo`yish va ularni tasarruf etish hamda qonunda belgilangan (Fuqarolik ko-deksining 29-moddasi 2-qismi) mayda maishiy bitimlarni tuzishni mustaqil amalga oshirishlari mumkin» . Oila kodeksining 91-moddasiga binoan, ota-ona va bolalarning alohida-alohida mulki bo`lishi mumkin va birga yashab turganda ular bir-birlarining roziligi bilan bunday mulkka egalik qilishlari va undan foydalanishlari mum-kin. Bolalar mulkdorlik huquqiga ega. Bu holat bolaga bo`lgan e`tibor uni huquqning mustaqil sub`ekti ekanligini anglatadi. Voyaga etmagan bolalarning mulkka bo`lgan huquqlari yig`ma xarakterga ega bo`lgan huquqlar bo`lib, ularning har biriga Oila kodeksida alohida e`tibor beriladi. Bularning ichida birinchi navbatda, har bir voyaga etmagan bolalar o`z ota-onasidan va boshqa shaxslardan qonunda nazarda tutilgan miqdorda va tartibda ta`minot olish huquqiga ega ekanligi yotadi. O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 64-moddasiga binoan, ota-onalar o`z farzandlarini voyaga etgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Bunday huquqlar, eng avvalo, bolalarning muhim hayotiy ehtiyojlari (oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy va boshqa-lar) birinchi navbatda ota-onalari, oilasi yoki ularning o`rnini bosuvchi oila a`zolari tomonidan amalga oshiriladi. Oilada bolalarga ta`minot berishning bir qancha manbalari mavjud. Voyaga etmagan bolalarning normal hayotiy ehtiyojini qondirish uchun ota-onasi, farzandlikka oluvchilar ish haqining ma`lum qismi jalb etiladi; bolalarga tegishli bo`lgan alimentlar, agar ota-onalar (ulardan biri) ularning moddiy ta`minotidan xabar olmasa, qonun yo`li bilan bolalarga tegishli bo`lgan pensiyalar, har xil nafaqalar undiriladi. Yuqorida ta`kidlanganidek, voyaga etmagan bolalar ta`minoti uchun olingan mablag`, pensiya, nafaqa uning otasi yoki onasi tasarrufida bo`ladi hamda bolaning ta`minoti, tarbiyasi va ta`lim olishi uchun sarflanadi. Quyidagi asoslar bolalarning mol-mulkka huquqlarining kelib chiqishiga asos bo`ladi: mayda maishiy bitimlar tuzish, kichik tadbirkorlik yuritish; hadya shartnomasini tuzish; ish haqidan; stipendiyasidan; fan, san`at va adabiyot bo`yicha qo`lga kiritilgan yutuqlari va ixtiro yaratgan bo`lsa, undan foydalanishdan tushgan daromaddan; merosdan; banklarga qo`yilgan omonatlardan mol-mulk orttirish mumkin. Voyaga etmagan bolalar o`zlariga tegishli bo`lgan mol-mulkni o`zlari tasarruf qila olmasliklari mumkin. Bunday hollarda ularga ota-onalari va boshqa qonuniy vakillari yordam beradilar. Demak, ota-onalar oilada bolalarini mul-kdorlik his-tuyg`usi asosida tarbiyalashlari lozim. Mulkdor o`z mol-mulkidan foydalanayotganda boshqalarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga putur etkazmasligi, o`zining ustunlik mavqeini suiiste`mol qilmasligi, fuqaroning hayoti va sog`lig`iga, atrof tabiiy muhitga zarar etkazmasligi ke-rak. Amaldagi Oila kodeksining 92-moddasiga binoan, ota-ona va o`n to`rt yoshga to`lgan voyaga etmagan bolalar o`rtasida qonunda belgilangan tartibda umumiy mulk huquqi vujudga kelishi mumkin. Ota-ona va voyaga etmagan bolalar umumiy mol-mulkni vujudga keltirish to`g`risida kelishuv tuzishlari mumkin. Ota-ona va voyaga etmagan bolalarning umumiy mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqi fuqarolik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Oilada ota-ona va bolalarning birga yashashi bilan bog`liq turmush tarzi tufayli ular o`rtasida umumiy mulk vujudga kelishi mumkin. Umumiy mulk huquqi faqat o`n to`rt yoshga to`lgan voyaga etmagan bolalar bilan ota-onalari o`rtasida tuzilgan bitim yoki kelishuv asosida vujudga keladi. O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 36-moddasiga muvofiq, har bir shaxs mulkdor bo`lish huquqiga ega. Shaxsning mulkdorlik huquqi cheklanmaydi, unga mutlaq huquq sifatida beriladi. Bu huquq shaxsning yoshi bilan cheklanmaydi. Ko`pchilik qatori voyaga etmagan bolalar ham xususiy mulk egasi bo`lishlari mumkin. Mamlakatimizda barcha fuqarolarga amaldagi qonunlar bilan man etilmagan har qanday shartnomalarni tuzish huquqi berilgan. Ota-onalar ham o`z bolalari bilan shunday shartnomalar tuzishlari mumkin. Hayotda ota-onalar bilan bolalar o`rtasida ko`pincha hadya shartnomasi tuziladi. Bola o`ziga tegishli bo`lgan mulkdan olgan daromadi hisobiga ham mulkdor bo`lishi mumkin. O`n olti yoshga to`lgan voyaga etmagan bolalar mehnat shartnomasi bo`yicha ishlab yoki ota-onasi, farzandlikka oluvchilar yoxud homiysining roziligida tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanib xususiy mulk orttirishlari mumkin. Bola xususiylashtirish tufayli olgan uyga, kvartiraga (ularning qismiga) xususiy mulkdor bo`lishi mumkin. Xususiylashtirish tufayli berilgan uylar nafaqat voyaga etgan bolalarga, shuningdek, oila a`zolari hisoblangan 14 yoshdan 18 yoshgacha bo`lgan voyaga etmagan bolalarga ham o`tishi mumkin. Agar uyda faqat voyaga etmagan bolalar yashasalar, u holda vasiylik va homiylik organlari ularni bolalarning nomiga hujjatlashtirib berishga yordam beradi. Voyaga etmagan bolalarning kundalik ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladigan shaxsiy foydalanishdagi buyumlari, kiyim-bosh, poyabzal, ishlab chiqarish qurol va aslahalari, o`quv anjomlari va boshqalar ularning xususiy mulki hisoblanadi. Fuqarolik qonunchiligi bolalarga o`z mulkini mustaqil ravishda tasarruf etish huquqini beradi. Bolalarning bu imkoniyatlari ularning yoshiga bog`liq bo`lib, Fuqarolik kodeksining tegishli moddalari bilan belgilanadi. Hozirgi vaqtda ayrim voyaga etmagan bolalar «Mehribonlik uylari»da istiqomat qilayotgan vaqtlarida ularning nomlariga jamg`arma banklariga pul mablag`lari qo`yish an`anaga aylanib bormoqda. Bunday pul mablag`larining qo`yilishi ayniqsa, «Oila yili», «Sog`lom avlod yili», «Onalar va bolalar yili», «Obod mahalla yili», «Mehr va muruvvat yili» munosabati bilan yanada barqaror tus oldi. Modomiki shunday ekan, voyaga etmagan bolalarning bu mablag`larini muhofaza qilish, ularni boshqarish va tasarruf etish masalalari vasiylik va homiylik organlari tomonidan hal qilinishi lozim. Voyaga etmagan bolalar nomiga ota-onalari va boshqa shaxslar tomonidan qo`yilgan mablag`larni boshqarish va tasarruf etish Fuqarolik kodeksi qoidalari asosida amalga oshiriladi. Voyaga etmagan bolalar nomiga qo`yilgan pul mablag`lari, bolalar o`n to`rt yoshga kirgunga qadar ularning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari tomonidan tasarruf etilishi mumkin. Ular o`n to`rt yoshga to`lgandan keyin esa faqat o`zlari tomonidan ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillarning roziligi bilan tasarruf etilishi mumkin. Yuqorida qayd etilganidek, kichik yoshdagi bolalar - olti yoshdan o`n to`rt yoshgacha bo`lganlar: mayda maishiy bitimlar tuzish, tekin manfaat ko`rishga qaratilgan, notarial tasdiqlashni yoki davlat ro`yxatidan o`tkazishni talab qilmaydigan bitimlarni tuzishlari mumkin. Mayda maishiy bitimlar tushunchasi aniq bo`lmasligi ham mumkin, chunki ayniqsa bizning davrimizda ashyoning qadri va uning bahosi tez o`zgarib turibdi. So`zsiz har bir oilada bolani moddiy ta`minlash darajasi o`zgarishi tufayli uni qondirish ham o`zgarib bormoqda. Uni belgilashda ota-onaning madaniyati, oila pedagogikasi va ularning maqsadi ham muhim o`rin tutadi. Shuning uchun kundalik hayotda mayda maishiy bitimlar tushunchasi kam uchraydi. Ota-ona va voyaga etmagan bolalar o`rtasida kelib chiqadigan mulkiy nizolar sud tomonidan umumiy asoslarda hal qilinadi. «O`n to`rt yoshga to`lmagan kichik yoshdagi voyaga etmagan bolalar o`z huquqlarini sudda himoya qilish muomalasiga ega emaslar. Ularning ota-onalari esa nizo munosabati bilan ishda taraf sifatida ishtirok etganliklari sababli voyaga etmagan bolalarning qonuniy vakili sifatida ishtirok eta olmaydilar. Shu sababdan kichik yoshdagi bolalarning mulkiy huquqlarini himoya qilish vasiylik va homiylik organlari tomonidan qonuniy vakil sifatida amalga oshiriladi» . Xulosa Oila jamiyatning tabiiy hujayrasidir, ijtimoiy asosidir. Oila qanchalik mustahkam bo`lsa, jamiyat ham shunchalik mustahkam bo`ladi va tez rivojlanadi. Zero, jamiyat asosi - oila moddiy va ijtimoiy jihatdan mustahkamlanib borishi g`oyat muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 1994 yildan e`tiboran har yili 15 may kunini Xalqaro Oila kuni sifatida nishonlashga qaror qilgani bejiz emas. Shuningdek, 1993 yildan buyon Vena, Qohira, Kopengagen, Pekin va dunyoning boshqa shaharlarida bo`lib o`tgan Xalqaro anjumanlar kun tartibiga oila masalasining maxsus kiritilishida ham katta ma`no bor. Umuman olganda, har yili belgilanayotgan va amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning barchasida oila va uning mustahkamligi muammosi umuminsoniy vazifa cifatida e`tirof etib kelinmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1948 yil 10 dekabrda qabul qilingan "Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi"ning 16-moddasida shunday deyiladi: "1. Balog`atga etgan erkaklar va ayollar irqi, millati va diniga qarab biror bir cheklashsiz nikohdan o`tish va oila qurish huquqiga egadirlar. Ular nikohdan o`tayotganda ham, nikohda bo`lgan vaqtda ham va nikoh bekor qilinayotganida ham bir xil huquqlardan foydalanadilar. 2. Nikoh, nikohdan o`tayotgan ikkala tomonning xohishi va batamom roziligi bilangina tuzilishi mumkin. 3. Oila jamiyatning tabiiy va asosiy hujayrasidir va u jamiyat, davlat tomonidan muhofaza etilish huquqiga egadir" . Inson shaxsini shakllantirishda oila, shubhasiz, dastlabki bosqich vazifasini o`taydi, ya`ni oilada odamlarning bir-birlari bilan o`zaro munosabatlariga ham, jamiyat va davlatga nisbatan munosabatlariga asos solinadi. O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida ta`kidlangan quyidagi so`zlar nihoyatda ramziy va teran ma`noga ega: "Oila jamiyatning asosiy bo`g`inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo`lish huquqiga ega". Mamlakatimiz aholisini tarbiyalashda milliy istiqlol g`oyasining o`rni alohidadir. "Oila - mafkuraviy tarbiyaning eng muhim ijtimoiy omillaridan biridir. Chunki oila - jamiyat negizi bo`lib, ko`p asrlik mustahkam ma`naviy ta-yanchlarga ega. Milliy mafkuramizga xos bo`lgan ilk tushunchalar, avvalo, oila muhitida singadi. Bu jarayon bobolar o`giti, ota ibrati, ona mehri orqali amalga oshadi. Oiladagi sog`lom muhit - sog`lom mafkurani shakllantirish manbaidir. Jamiyatda har bir oilaning mustahkamligi, farovonligi, o`zaro hurmat va ahillikni ta`minlash - milliy mafkurada ko`zda tutilgan maqsadlarni amalga oshirishda tayanch bo`ladi". Oilaning muhim ijtimoiy vazifalari quyidagilardan iborat: Birinchidan, u jamiyatning demokratik hujayrasini tashkil etib, odamlar shu muqaddas maskanda tug`ilib, o`sib, jamiyat tarkibini tashkil etadi. Ikkinchidan, oila muhim bo`g`in bo`lib, unda biz mehnat jarayonida sarf qilgan kuchlarimizni tiklash imkoniyatiga ega bo`lamiz. Uchinchidan, oila muhim tarbiya o`chog`i. Va nihoyat, to`rtinchidan, oila nodir ruhiy muhitdir. Oila a`zolari o`rtasidagi munosabatlar axloq-odob va huquqiy qoidalar bilan tartibga solinadi. Shuning uchun ham oila huquqi huquqning mustaqil sohasi bo`lib, nikoh, qon-qarindoshlik, bolalarning nasl-nasabini belgilash, ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni joylashtirish shakllaridan kelib chiqadigan munosabatlarni huquqiy tartibga soladi. Agar oila huquqi tushunchasiga muxtasar ta`rif berib aytadigan bo`lsak, bu er-xotinlar, qarindoshlar, ota-onalar (farzandlikka oluvchilar) va bolalar o`rtasidagi shaxsiy nomulkiy va ular bilan bog`liq mulkiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquq tarmog`i hisoblanadi. Shu ta`rifdan ham ko`rinib turibdiki, oila huquqi fuqarolik huquqi bilan chambarchas bog`liq bo`lish bilan birga, farq qiluvchi xususiyatlarga ham ega. Ya`ni: birinchidan, oilaviy munosabatlar fuqarolik huquqiga xos bo`lmagan yuridik faktlar (nikoh, qarindoshlik, onalik, otalik, farzandlikka olish va hokazolar) asosida vujudga keladi, ikkinchidan, oilaviy munosabatlar fuqarolik huquqidan farq qilib, ko`proq shaxsiy-huquqiy mohiyatga ega bo`ladi, uchinchidan, oilaviy huquq sub`ektlarining huquq va majburiyatlari ularning o`zlarigagina tegishli huquq va majburiyatlar sanaladi. Mamlakatimizda chinakamiga xalqchil, adolatli fuqarolik jamiyatini vujudga keltirish sari odimlamoqda. Bu jamiyat poydevorini boy-badavlat, mehnatning qadriga etadigan, ma`naviy sog`lom va madaniy saviyasi yuksak ming-minglab oilalar tashkil etishi shubhasiz. Davlat tomonidan oilaga doimiy g`amxo`rlik qilish, unga har taraflama moddiy yordam berish insonparvar demokratik huquqiy davlatning muhim vazifalaridan hisoblanadi. Foydalanilgan adabiyotlar tizimi 1. O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. T., «O`zbekiston», 2017. 2. Inson huquqlari to`g`risida xalqaro bill`. T., «Adolat», 1992. 3. O`zbekiston Respublikasining Oila kodeksi. T., «Adolat», 2017. 4. O`zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga sharhlar. T., «Adolat», 2000. 5. F.Otaxo`jaev. Nikoh va uning huquqiy tartibga solinishi. T., «O`zbekiston», 1995. 6. F.Otaxo`jaev. Konstitutsiya va oila. TDYuI, 2002. 7. F.Otaxo`jaev. O`zbekiston Respublikasining oila huquqi. Toshkent, 2004. 8. Internet sayti: http://Zionet.uz/ Download 122.8 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling