Tilimizning boyishi va takomillashuvida tashqi manba, ya’ni o‘zlashma so‘zlar ham muhim o‘rin tutadi. Hozirgi kunda o‘zbek tili leksik tarkibining taxminan yarmini arab, fors-tojik, yunon, lotin, rus, ingliz fransuz va boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar tashkil qiladi. - Taraqqiyot sari qilingan ildam odimlar natijasida, tilimiz ko‘plab yangi tushunchalarni atovchi so‘zlar bilan yanada boyidi. So‘nggi yillar ichida til lug‘atimizga jadal kirib kelgan kompyuter, fayl, sayt, biznes, barter, market, marketing, monitoring kabi so‘zlar ham mazkur Lug‘atda o‘z o‘rnini topdi.
- O‘zlashma so‘zlarning aksariyati tilimizga rus tili orqali kirib kelganligi sababli, ularning talaffuzi ham ko‘p hollarda rus tilidagi talaffuzidan farq qilmaydi va bu hozirgi o‘zbek adabiy tili uchun me’yor hisoblanadi. Shuning uchun Lug‘atda so‘zlarning transkripsiyasi, ya’ni talaffuziga doir maxsus ko‘rsatmalar keltirilmagan. Biroq o‘zbek tilida urg‘u turg‘un bo‘lib, u asosan so‘zlarning oxirgi bo‘g‘iniga tushadi, hind-yevropa oilasiga mansub tillarning aksariyatida esa urg‘u erkin bo‘lgani uchun, so‘zning har qanday bo‘g‘iniga tusha oladi. Shuningdek, hindcha, yaponcha, portugalcha va ayrim arabcha so‘zlarda ham urg‘u so‘zning birinchi yoki ikkinchi bo‘g‘iniga tushishi mumkin. Shu bois so‘zlarning oxirgi bo‘g‘iniga tushmagan hollarda urg‘u yozuvda ko‘rsatildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |