Мavzu: O‘simliklar rivojlanish biologiyasi fanining predmeti, maqsadi va vazifalari. O‘simliklar embriologiyasining tarixiy rivojlanishi


Download 28.36 Kb.
bet1/3
Sana07.02.2023
Hajmi28.36 Kb.
#1173795
  1   2   3
Bog'liq
1 -маьруза


1- Maʼruza
МAVZU: O‘SIMLIKLAR RIVOJLANISH BIOLOGIYASI FANINING PREDMETI, MAQSADI VA VAZIFALARI. O‘SIMLIKLAR EMBRIOLOGIYASINING TARIXIY RIVOJLANISHI.

“Oʻsimliklar embriologiyasi”ni fan sifatda shakllanishi oʻsimlikning jinsiy organlarini mikroskopik tadqiq etish bilan chambarchas bogʻlik boʻlib, u dastlab oʻsimliklar morfologiyasining bir qismi sifatida oʻrganila boshlangan. Keyinchalik u taraqqiy etib, botanika fanining alohida yoʻnalishiga aylandi. Yoʻnalishning nomi “embriologiya” soʻzi lotincha - “embrion – murtak” va “logos – taʼlimot” degan soʻzlardan olingan. Oʻsimliklar sitoembriologiyasi oʻsimliklarda jinsiy hujayralarning rivojlanishi, urugʻlanish jarayoni, murtak va endospermning taraqqiyotini oʻrganuvchi fandir. Bu yoʻnalishning asoschisi boʻlib ingliz botanigi R. Broun (1773-1858) hisoblanadi. U birinchi marta oʻsimliklar urugʻkurtagini tuzilishni toʻla bayon etadi. 1823-yili italyan olimi D.B. Amichi semizoʻtlar vakillaridan birining gulini oʻrgana turib, urugʻchi tumshuqchasida changni oʻsishini kuzatadi. Hosil boʻlgan chang naychasi urugʻkurtakning mikropile qismi orqali urugʻkurtak ichiga kirishini aniqlaydi. 1836-yili rus tabiatshunosi Yu.F.Fritche chang hujayrasi ekzina va entina qavatlaridan tuzilganligini koʻrsatadi. D.B. Amichi 1842-yili orxideya oʻsimligi murtak xaltasida tuxum hujayrasi borligini e’tirof etadi. 1849-yil V.Gofmeyster 40 oshiq oʻsimlik turlarida urugʻkurtak va murtak xaltasi tuzilishi, urugʻlanish jarayoni va murtakni shakllanishi toʻgʻrisidagi tadqiqot natijalarini eʼlon qiladi. 1883-yili rus olimi I.N.Gorojankin qaragʻaylarda, 1984-yili E.Strasburger boshqa yopiq urugʻli oʻsimliklarda urugʻlanish jarayonini kuzatdilar. Ular chang hujayrasini 2 ga boʻlinib, katta va kichik hujayralar hosil qilishni, shundan katta hujayradan chang naychasi shakllanib, uning yadrosi urugʻlanish jarayonda qatnashadi deb koʻrsatadilar. Ammo kichik hujayra taqdiri haqida hech narsa deyishmaydi. 1898-yil S.G.Navashin yopiq urugʻli oʻsimliklarda qoʻsh urugʻlanish hodisasi uchrashini isbotlab berdi. Qoʻsh urugʻlanish hodisasi aniqlanishi embriologik tadqiqotlarga boʻlgan qiziqishni yanada oshirdi.


1934-yili fransuz embriologi E. Suej murtak taraqqiyotida maʼlum bir qonuniyat borligini eʼtirof etib, fanga oʻzining “embriotektonika” qoidasini kiritdi. Nemis olimi K. Shnarf va amerikalik D. Iogansenlar (1945) embrionlarning rivojlanish tiplarini ajratib, ularni maʼlum oilalarda kuzatilishini koʻrsatdilar.
“Oʻsimliklar sitoembriologiyasi” fanining keyingi yillardagi taraqqiyotida rus olimlaridan M.S.Yakovlev, I.D.Romanov. Ye.S.Gerasimova-Navashina, V.A.Poddubnaya-Arnoldi, L.I.Orel, T.B.Batigina, E.S.Terexin, moldaviyalik A.A.Chebotar va V.R.Chelaklarning xizmati katta boʻldi.
Jumladan, 1981-1990-yillar oraligʻida 5 tomlik “Сравнительная эмбриология цветковых растений”, 1994-2000-yillar oraligʻida 3 tomlik “Эмбриология цветковых растений. Терминология и концепции” klassik asarlari eʼlon qilinib, ularda sitoembriologiya va reproduksiya jarayoni bilan bogʻliq atama va tushunchalarga batafsil izoh berildi hamda oʻsimliklar embriologiyasining asosiy yoʻnalishlari va vazifalari belgilab berildi.
Embriologik tadqiqotlar Respublikamizda ilk bor Oʻzbekiston Milliy Universitetining biologiya fakultetida boshlandi. Bu ishlarga P.A. Baranov, I.D. Romanov va I.A. Raykovalar boshchilik qildilar. 1937-yili “Gʻoʻzaning tuzilishi va rivojlanishi” atlasi chop etildi. 1960-1980-yillarda OʻzFA Oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutida V.A. Rumi va N.A. Vlasovalar rahbarligida gʻoʻza oʻsimligi generativ organlari rivojlanishi qonuniyatlari oʻrganildi. M. Usanov tomonidan gʻoʻza oʻsimligidagi urugʻlanish jarayoni va embriogenezi elektronomikroskopiya usuli yordamida tadqiq qilindi. Ye. Aleksandrovskiy ninabargli oʻsimliklar, pista va bodomlarning sitoembriologiyasi ustida ish olib bordi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi “Botanika” ilmiy –tatqiqot institutida turli oilalarga mansub boʻlgan xalq xoʻjaligi uchun kerakli boʻlgan yovvoyi va madaniy oʻsimliklar sitoembriologiyasi oʻrganilib, ish natijalari ilmiy toʻplam va monografiyalarda eʼlon qilindi. Bu ishlarga misol qilib J.Yu. Tursunovning (1988) saponin saqlovchi chiniguldoshlar, O.A. Ashurmetov, H.K. Qarshiboyevlarning (1995) shirinmiya va meristotropislar, O.A. Ashurmetov va X.Ch. Boʻriyevning (2002) qovoqdoshlar oilasi vakillariga bagʻishlab eʼlon qilingan asarlarini koʻrsatish mumkin. Hozirgi kunda Botanika institutida va Respublikamizning qator oliy taʼlim muassasalarida xalq xoʻjaligi uchun oʻta zarur oʻsimliklarni madaniylashtirish, ular hosildorligini oshirish, genetika va seleksiya uchun ilmiy asoslarni yaratish, filogeniya va taksonomiya muammolariga aniqlik kiritish ustida tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Oʻsimliklar sitoembriologiyasi fani predmeti murtak va uning taraqqiyoti bilan bogʻlik jarayonlar, yaʼni sporo-gameto-endospermo-embriogenez jarayonlari hisoblanadi. V.A. Poddubnaya-Arnoldi 1976-yili eʼlon qilgan “Цитоэмбриология покрытосеменных растений. Основы и перспективы” monografiyasida bu fanning asosiy vazifasi oʻsimliklarda boradigan koʻpayish jarayoni oʻrganishdir deb taʼkilaydi, chunki chang va changdonning rivojlanishi, urugʻkurtak va murtak xaltasini shakllanishi, changlanish va urugʻlanish jarayoni, murtak va endospermning hosil boʻlishi oʻsimlikning koʻpayishi bilan chambarchas bogʻlanib ketgan.
1994-yilda eʼlon qilingan “Gulli oʻsimliklar sitoembriologiyasi” (1-qism) kitobida professor T.B. Batigina sitoembriologiyaning asosiy vazifasi - amfimiksis va apomiksis muammolarini ishlab chiqish, embriogenez, potensial va real urugʻ mahsuldorligi, shuningdek urugʻ hosildorligi qonuniyatlarni oʻrganishdir deb koʻrsatadi. Ayniqsa kam uchraydigan, yoʻqolib ketish arafasida turgan foydali oʻsimliklar urugʻini olish, uzoq formalarni chatishtirish orqali yuqori hosildor navlar va formalarni yaratish, ularni biotexnologik yoʻllar bilan koʻpaytirish asoslarini ishlab chiqish va qishloq xoʻjaligida qoʻllash bu fan oldida turgan eng asosiy masalalardan biridir deb qaraladi.
Professor T.B. Batigina (2010) Rossiya FA V.L. Komarov nomli Botanika Instituti oʻsimliklar embriologiyasi va sitoembriologiyasi laboratoriyasining tashkil etilganining 50 yilligi munosabati bilan tashkil qilingan. Xalqaro konferensiya materiallarining soʻz boshida qayd etishicha, oʻsimliklardagi reproduksiya jarayonini oʻrganishga kompleks yondashish talab etiladi. Bu ishda turli soha olimlari, yaʼni morfologlar, embriologlar, genetiklar, fiziologlar, seleksionerlar va boshqalar tadqiqotchilarning olib borayotgan izlanishlarini birlashtirish zarur, chunki bu jarayon tiriklikning asosiy xususiyatlaridan biri – oʻsimlikning rivojlanish xususiyati bilan chambarchas bogʻliqdir.
Rus olimasi T.B. Batigina (2010) ning fikricha, hozirgi kunda gulli oʻsimliklarning koʻpayishi va oʻzini tiklashi yuzasidan oʻtkazilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida olingan maʼlumotlarga tayangan holda reproduksiya nazariyasining asosiy qoidalarini quyidagicha ifodalash mumkin:
- reproduksiya tizimini shakllanish prinsiplari (diploid va gaploid nasllar gallanishi), morfogenez yoʻllari universalligi, turning reproduktiv strategiyasi (oʻsimlikning urugʻ va vegetativ yo‘l bilan koʻpayish shakllari, usullari va xillari orasidagi munosabatlar darajasi);
- embrional strukturalarning tashkiliy tuzilish prinsiplari (rivojlanishining polivariantligi, makon va zamondagi kordinatsiyasi);
- rivojlanishidagi xavfli davrlar (murtakning avtonomlik bosqichi, gaploidli mikrosporalar bosqichi).
Bundan tashqari T.B. Batigina (2010) oʻzining “Нетрадиционные представления о типах и способах репродукции. Феномен эмбриоидогении, новая категория вегетативного размножения цветковых растений» mavzuli maqolasida oʻsimliklarning vegetativ koʻpayishida yangi embrioidlar (somatik murtaklar) yordamida koʻpayish turi – embriodogeniyaini keltirib, uning 2 shakli (1) reproduktiv - gul va mevada emrioidlar hosil boʻlishi va 2) vegetativ – vegetativ organlarda embriodlar shakllanishi) mavjudligini keltiradi. Uning fikricha, embriodogeniyaning oʻsimliklar uchun biologik ahamiyati shundaki, qisqa vaqt ichida unipariyental irsiyatga ega boʻlgan koʻp sondagi koʻpayish diasporalarini hosil qilish va yashash uchun kurashda maʼlum ustunlikka ega boʻlishini taʼminlashga xizmat qiladi. Shuni taʼkidlash lozimki, oʻtgan asrning saksoninchi yillarida oʻsimliklar sitoembriologiyasi negizida “oʻsimliklar sitoembriologiyasi” fani shakllandi va reproduksiya jarayonini oʻrganishni yangi bosqichga olib chiqdi.
Maʼlumki, turning reproduksiya jarayoni murakkab jarayon boʻlib, u qator bosqichlardan tashkil topadi va oʻsimlik oʻsayotgan ekologik muhit bilan chambarchas bogʻliqdir. Chunki oʻsimlik boshqa ekologik muhitga tushib qolsa, u koʻpayish xossasini yoʻqotib qoʻyishi mumkin. Shuning uchun koʻpayish ekologiyasini ham oʻrganish talab etiladi. “Репродуктив биология” atamasni birinchi boʻlib qoʻllagan rus olimasi R.Ye. Levina (1981), “u koʻpayishning biologiyasi va ekologiyasini oʻz ichiga oladi”- deb koʻrsatgan edi. Oʻsimliklar sitoembriologiyasi reproduktiv organlarining shakllanishi, gʻunchalash, gullash va changlanish, urugʻlanish, meva tugishi va pishishi, disseminatsiya, urugʻlar tinim holati va unishi, oʻsimliklar jamoasida turning qaytadan urugʻdan tiklanishi kabi tomonlarini oʻz ichiga qamrab oladi (1-rasm).




Download 28.36 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling