Mavzu: O‘simliklarning ko‘payishi reja


Download 0.58 Mb.
bet1/2
Sana15.12.2020
Hajmi0.58 Mb.
#167611
  1   2
Bog'liq
9-maruza


Mavzu: O‘SIMLIKLARNING KO‘PAYISHI

Reja

1. Ko’payish haqida tushuncha

2. Vegetativ ko’payish

3. Jinssiz ko’payish

4. Jinsiy ko’payish

5. Nasllar gallanishi


Har qanday tirik organizm uchun nafas olish, oziqlanish, rivojlanish, ko‘payish va oxirida nobud bo‘lish kabi jarayonlar xosdir. Barcha tirik organizmlarning o‘ziga o‘xshash yangi individlarni hosil qilishi ko‘payshi deb ataladi. O’simliklar dunyosida ko’payish usullari juda xilma-xildir. O‘simliklar dunyosida ko‘payishning turli xili mavjud. Tuban va yuksak o‘simliklar uch xil ko’payish: jinssiz, vegetativ va jinsiy ko’payish usullari bilan ko‘payadi. Jinsiy ko‘payishda yangi organizm ikki xil hayotiy xususiyatga ega bo‘lgan jinsiy hujayralarning o‘zaro qo‘shilishidan kelib chiqadi. Shuning uchun ham jinsiy ko‘payish jinsiy yangilanish deb ham yuritiladi. Jinssiz ko‘payish ham jinsiy ko‘payish ham maxsus ko‘payish uchun xizmat qiluvchi hujayralar yordamida sodir bo‘ladi. Jinssiz ko‘payish sporalar yordamida ko‘payishdir. Sporaning muhim xususiyatlaridan biri shuki, u ikkinchi bir hujayra bilan qo‘shilmay turib, yangi individ hosil qiladi. Ikkinchidan, u ona o‘simlikdan har doim ajralib chiqib, ushbu turni uzoq masofalarga tarqalishini ta’minlaydi. O‘simlik sporalari uning tarqalishida va ko‘payish jarayonida har xil rol o‘ynashi mumkin. Ko‘pchilik yashil va qo‘ng‘ir suv o‘tlari hamda zamburug‘lar sporalarining o‘sishi natijasida ona organizm o‘xshash yosh individ rivojlanadi va ko‘payish jarayonini tugallaydi. Suvo‘tlar va barcha sporali yuksak o‘simliklarda yangi individning qayta tiklanishi faqat sporalar yordamida ko‘payish bilan jinsiy jarayonlarning birgaligida amalga oshadi.
VEGETATIV KO’PAYISH
Bu ko’payish tuban va yuksak o’simliklar uchun xosdir. Vegetativ ko‘payish (lot. “vegetativus - o’sish) - o‘simlikning yo‘qolgan qismini yoki organini tiklashga, ya’ni regeneratsiya hodisasiga, shuningdek, ayrim tana qismlaridan bir butun o‘simlik paydo qila olish hususiyatiga asoslangan. O’sish, vegetativ ko’payish, ya’ni individlarning rivojlanishi uning vegetativ organlaridan (ildiz, poya, barg, piyozbosh, ildizpoya, tugunak, ildizbachki va boshqalar) va ularning bo‘laklaridan boshlanadi. Vegetativ ko‘payish ba’zi bir hujayrali suvo‘tlarni oddiy bo‘linish yo‘li bilan ikkita yosh hujayraga aylanishini misol qilish mumkin. Xlorella, xlorokokk va ko‘pchilik suvo‘tlar ana shunday ko‘payadilar. Ko‘p hujayrali suvo‘tlarda vegetativ ko‘payish tanasining bo‘laklarga ajralishi bilan boradi. Zamburug‘larda esa mitseliy ayrim bo‘laklarga ajralib ketishi yoki achitqi zamburug‘ida kurtaklanish yo‘li bilan boradi. Lishayniklar ixtisoslashgan sorediylar va shamol yoki yomg‘ir ta’sirida oson tarqaladigan o‘simtalar – izidiylar yordamida vegetativ ko‘payadi.

Gulli o‘simliklarda vegetativ ko‘payish juda xilma-xil usullarda boradi. Ona o‘simlikdan vegetativ yo‘l bilan hosil bo‘lgan yangi individlar yig‘indisi klonlar deb ataladi. Ko‘p yillik o‘t o‘simliklar va yarim butalarda poyaning pastki ildizga yaqin kaudeks qismi ajratiladi. O‘q ildizli o‘simlikning kaudeks bilan birga ayrim individlarga bo‘linib ketishi partikulyatsiya deyiladi. Vegetativ ko‘payish usuli tabiatda keng tarqalgan bo‘lib, ayniqsa noqulay sharoitda yashovchi o‘simliklar urug‘ yordamida ko‘payish o‘rniga ko‘pincha vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi.

Tabiiy sharoitda o‘simliklarda keng tarqalgan quyidagi vegetativ ko‘payish usullarini farq qilish mumkin:

1. Ildizpoyalar yordamida ko’payish. Ko‘p yillik o‘t o‘simliklarning ildizpoya orqali tez ko‘payishi ma’lum. Masalan, yovvoyi o’simliklardan ajriq, g‘umay, qirqbo‘g‘im, qamish, qiyoq, salomalaykum, bambuk, shirinmiya kabi o‘simliklar shular jumlasidandir.

2. Tuganaklar yordamida ko‘payish. Bunday ko‘payishni madaniy ekinlardan kartoshka, topinambur, kartoshkagul kabi o‘simliklarda uchratamiz. Tabiiy sharoitda esa siklamen, burmaqora, salomalaykum va boshqalar shu yo’l bilan ko’payadilar. Salomalaykumning bir tupi 100 tagacha tugunak hosil qiladi.

3. Piyozbosh bilan ko‘payish asosan cho‘l, chalacho‘l, shuningdek, tog‘ o‘simliklari orasida ko‘proq uchraydi. Ko‘p yillik piyozboshli o‘simliklar (lola, chuchmoma) mayda yosh piyozboshchalarni hosil qilib, katta maydonlarni qamrab oladi. Madaniy o’simliklardan piyoz, lola, sarimsoq, nargiz, giatsint, ilongul kabilar piyozchalari bilan ko‘paytiriladi. Tabiatda ham lolalar, boychechak, za’faron, chuchmomalarni uchratamiz. Ayrim o‘simliklar barg qo‘ltig‘ida yoki to‘pgullarida piyozchalar hosil qiladi. Shu piyozchalar to‘kilsa, undan yangi o‘simliklar hosil bo‘ladi. Bunday ko‘payishni ayniqsa, sarimsoqda ko‘rish mumkin.

4. Ildiz bachkilar yordamida ko’payish. Ildiz bachkilar ildizda endogen yo‘li bilan qo‘shimcha kurtakning rivojlanishidan hosil bo‘ladi. O‘simliklar ildiz bachkilari yordamida tez ko‘payib, katta-katta maydonlarni egallaydi. Har qaysi novda o‘zining qo‘shimcha ildizlariga ega, shuning uchun ular alohida ekilsa ham nobud bo‘lmaydi. Bunday o‘simliklarga daraxtlar, butalar va ba’zi o’t o’simliklar: olcha, gilos, terak, akatsiya, do‘lana, zirk, maymunjon pechak, kakra, qizilmiya, bo’ztikon va boshqalar misol bo’ladi.

5. Jingalaklar, palaklar yoki gajaklar bilan ko’payish. Sudralib o‘sadigan o‘simliklar yer usti novdalari yoki gajak (mo‘ylab)lari yordamida ko‘payadi. Palak otib, o‘rmalab o‘suvchi o‘simliklar (qulupnay, g‘ozpanja, o’rmalavchi sebarga) shunday usulda ko‘payadi. Gajakning tuproqda tegib turgan qismi qo‘shimcha ildiz hamda kurtak chiqarib, yangi o‘simlikni hosil qiladi. Ikki yil davomida bir tup qulupnaydan 200 gacha o‘simlik hosil bo‘ladi.

6. O’simliklarning ayrim bo’laklari yordamida ko’payish. Daryo bo’yi va to’qayzorlarda o’suvchi ba’zi bir tol va terak turlari uchun xarakterli. Tollarning shamol yoki suv ta’sirida ajralgan bo’laklari loyga ko’milib qolishidan yangi individ o’sib chqadi.

O’simliklarni vegetativ yo’l bilan ko’paytirish usullaridan inson qadimdan mevali va rezavor mevali o’simliklarni ko’paytirishda, sabzavotchilikda, o’rmonchilik va gulchilikda foydalanib kelgan. Vegetativ ko’payish mazkur jarayonni tezlashtirish va maxsus sharoitlarga rioya qilgan holda qimmatli navlarni sof holda saqlab qolish imkonini ham beradi.



Sun’iy vegetativ ko’payishning ham bir necha usullari ma’lum:

1. Parxish qilib ko‘paytirish. O‘simlik novda va shoxlari yoysimon shaklda yerga egiladi hamda novdasining uchi yerdan chiqib turadigan qilib ko‘miladi. Ma’lum vaqtdan so‘ng novdaning ko‘milgan qismida qo‘shimcha ildizlar paydo bo‘ladi, shundan keyin parxishni ona o’simlikdan ajratib boshqa joyga ko‘chirish mumkin. Parxish qilinadigan novdaning tilinishi tez ildiz otishiga yordam beradi. Parxish asosan erta bahor yoki kuzda qilinadi. Tut, anor, tol, tok, krijovnik, qoraqat anjir va ba’zi bir chinniguldoshlar, yukka, dratsenalar parxish qilib ko‘paytiriladi.

2. Qalamchalar yordamida ko‘paytirish. Ona o‘simlikdan qirqib olingan, vegetativ ko‘payish uchun xizmat qiluvchi o‘simlikning bir qismiga qalamcha deyiladi. Ildiz, poya va barg qalamchalaru ajratiladi. Qalamchalar ko‘pincha o‘simlikning novdalaridan tayyorlanadi. Tok, terak, tol va anorlar novda qalamchasi; olcha, atirgul, siren tou-sag‘iz, qrim-sag‘izlar ildizlari bilan; begoniyaning ayrim turlari, binafsha va gloksiniyalar esa bargi orqali ko‘payadi. Qalamchalar uzunligi o’simlik turiga qarab turlicha (8-25-45 sm)bo’ladi

3. Tuplarni bo‘lish bilan ko’paytirish. Ko‘p yillik manzarali o‘simliklar (floks, navro‘zgul, binafsha, otquloq, ravoch) hamda buta (namatak, maymunjon) larning tuplangan novdalari kovlab olinib ildizi bilan bo‘lib o‘tkaziladi.

65-rasm. Payvandlash usullari:



A - ablaktirovka (yaqinlashtirib bog’lash); B - kopulirovka (qalamcha payvand); C - okulirovka (kurtak payvand); 1-payvandust; 2-payvandtag.
4. Payvandlash. Payvandlash (transplantatsiya) deb, bir o’simlik kurtagining yoki qalamchasining boshqa bir o‘simlikka o’tkazish bilan qo‘shilib o‘sib ketishiga aytiladi. Payvandlash usuli kishilik jamiyati rivoji va dehqonchilik tarixi bilan bog’liq. Antik davr tabiatshunoslari Aristotel, Teofrast, Platon, Pliniy va ularning shogirdlari payvandlashning turli usullarini yozib qoldirganlar. O‘tqaziladigan o‘simlik (kurtak yoki qalamcha) payvandust, payvandlanadigan o‘simlik payvandtag deb ataladi. Payvandlash usuli bilan asosan qo‘shimcha ildiz chiqarishi qiyin bo‘lgan mevali daraxt, rezavor va manzarali o‘simliklar ko‘paytiriladi (65-rasm).

Payvandlashda albatta o’simliklarni foydali xususiyatlari e’tiborga olinadi. Payvandlash yo’li bilan o’simlikka bir necha payvandustlar o’tkazish ham mumkin. Avvalo, payvandlanadigan o’simliklar o’zaro yaqin turlar navlari o’rtasida o’tqaziladi. Payvandlashning muvaffaqiyatli chiqishi payvandtag va payvandustlarning po’stlog’i ostidagi kambiy to’qimasining bir-biriga yaqinlashtirib joylashtirishga bo’gliq. Payvandlash juda tez va toza holda olib borilishi kerak. Namlik va harorat etarli darajada bo’lishi kerak. Payvand qilingan joy rafiy deb atalgan material yoki polietilen lenta bilan bog’lab quyiladi.

Payvandlash muddati yil davomida o’tkazilishi mumkin. Lekin qulay vaqt bu bahor faslidir. Kurtak payvand yozning o’rtalarida olib boriladi.

Payvandlashning bir qancha usullari mavjud bo‘lib hamma usullari ham o‘simlikning navini yaxshilash va undan yuqori hosil olishga qaratilgan. Ulardan eng muhimlari quyidagilardir:

1. Kurtaklar yordamida payvandlash (okulirovka). Bunda kurtak payvandtagning po’stlog’i ostiga o’tkaziladi. Odatda kurtaklar bir yillik novdalardan tayyorlanadi. Kurtak po’stlog’i bilan birga kesib olinadi. Payvandtagga kurtakni joylashdan oldin uning yoshi kattaroq shoxlaridan biri tanlanib, uni maxsus pichoq bilan T shaklida po’stloq qirqiladi. Unga kurtak joylanib bog’lanadi. Payvandlashni 10 kundan keyin tekshirib ko’riladi. Kurtak payvand yozning o’rtalarida (iyul oyining oxirlari va avgustning boshlarida) o’tkaziladi.

2. Qalamchalar yordamida payvandlash (kopulirovka). Qalamchalar bilan payvandlashning yuzdan ortiq usullari ma’lum.

3. Yaqinlashtirish yordamida payvandlash (ablaktirovka). Bunda yonma-yon ikki daraxt shoxlari yaqinlashtirilib, ularning birikkan joylari kesiladi, bir-birlariga mustahkam biriktirib quyiladi.
JINSSIZ KO‘PAYISH
Jinssiz ko‘payish uchun yangi avlodni qayta tiklanishida maxsus bir hujayrali sporalar yoki zoosporalar (spora grekcha urug‘; zoon - esa hayvon demakdir) yordamida amalga oshadi.. Xivchini yordamida suvda harakatlanuvchi sporalar zoosporalar deb ataladi. Spora zich qobiq bilan o’ralgan, uning ustki qismida har xil o’simtalar bo’ladi. Hujayraning tiriklik qismi sitoplazma, yadro va mitoxondriyalar, plastidalar yoki proplastidlar hamda zahira oziq moddalardan moylar, oqsillar, kraxmal va shaker moddalar bo’ladi. Sporalar quruqlikda o‘suvchi o‘simliklarda hosil bo‘lib, mustaqil harakatlana olmaydi. Ular mayda va yengil bo‘lganligi uchun shamol yordamida tarqaladi. Qulay sharoitga tushgan spora o’sib yangi individ hosil qiladi. Zoosporalar ko‘pincha suv o‘tlarida, zamburug‘larda hosil bo‘lib, o‘z xivchinlari yordamida suvda bemalol harakatlanadi.

Sporalar yoki zoosporalar ona o‘simlikning maxsus hujayralaridan yoki organidan hosil bo‘ladi. Ularni agar spora hosil qilsa, sporangiya, zoospora hosil qilsa zoosporangiya deb ataladi (66-rasm).



Evolyutsiya jarayonida organizmlarning birmuncha murakkablashishi sporangiyalarni ko‘p hujayrali bo‘lishiga va mustaqil organga aylanishiga olib keldi. Shunday qilib, har bir o‘simlik turida o‘ziga xos sporangiya hosil bo‘ldi. Ana shunday o‘ziga xos har xil sporangiya va undan hosil bo‘lgan sporalar zamburug‘ turlarida ko‘plab uchraydi. Ko’pchilik zamburug’larda maxsus sporangiylarda mitseliyning oxiridagi hujayralarning bir necha marta bo’linishidan sporaga aylanadi.

66-rasm. O’simliklarni spora hosil qilishi:

1-Mog’orning bir hujayrali sporangiysi; 2-paporotnikning ko’p hujayrali sporangiysi; 3- uning sporangiysidan sporalarni to’kilishi; 4- Ulothrix suvo’tining zoosporangiysi va uning zoosporalari
Ona o‘simlikdan ajralgan spora yoki zoospora qulay sharoitga tushsa, bemalol o‘sadi, urug‘lanish jarayoni o‘tmasdan yangi o‘simlik hosil bo‘ladi. Shuning uchun ham bunday ko‘payish jinssiz ko‘payish deb ataladi. Havo harorati, chirindi va suv yetarli bo‘lgan muhit sporaning o‘sishi uchun yaratilgan qulay sharoitdir.

Spora va zoosporalar hujayraning meyoz bo’linishi natijasida hosil bo’ladi va ular gaploid xromosomga ega bo‘ladi. Sporalar o’lchami nihoyatda kichik bo’ladi.


JINSIY KO‘PAYISH
Bu usul jinssiz ko’payishdan tubdan farq qilib, turlarning evolyutsiyasida muhim biologik ahamiyatga ega. Jinsiy ko’payishda maxsus jinsiy hujayralar, ya’ni gametalar qatnashadi. Jinsiy ko‘payishda qo‘shiladigan hujayralar jinsiy hujayra -gametalar deb ataladi. Gameta grekcha “gamete”-xotin, “gametes”-er degan so‘zdan olingan. Gametalar orasidagi fiziologik farq shundan iboratki, bir gameta urg‘ochi, ikkinchisi esa erkak hisoblanadi.

Gametalar gaploid bo’lib, bir yoki har xil organizmda paydo bo‘lishi mumkin. Ular qo‘shilib bitta hujayra - zigotani vujudga keltiradi va diploid nabor tiklanadi. Yangi organizm bu zigotaning rivojlanishidan hosil bo‘ladi. Agar gametalar bir-biri bilan qo‘shilmasa, yangi organizmni hosil qiluvchi zigota vujudga kelmaydi va ular halok bo‘ladi.



Jinsiy ko‘payish o‘simliklar dunyosining tuban va yuksak vakillari uchun xosdir. O‘simliklarda jinsiy ko‘payish konyugatsiya va kopulyatsiya deb ataladigan ikki tipga bo‘linadi.

Konyugatsiya yo‘li bilan ko‘payishda o‘zaro yaqin turgan ikki hujayraning qarama-qarshi tomonidan maxsus o‘simta hosil bo‘lib, ular bir-biriga qarab o‘sadi. O‘simtalar uchrashishi bilan ular o‘rtasidagi parda erib kanalchani hosil qiladi.

Hujayraning biridagi protoplast ikkinchisiga kanalcha orqali o‘tadi va yadro bilan yadrosi, sitoplazma bilan sitoplazma qo‘shiladi, natijada zigota hosil bo‘ladi. Hosil bo‘lgan zigota ustidan yangi qalin po‘st qoplanadi hamda noqulay sharoitdan o‘zini saqlaydi. Qulay sharoitning hosil bo‘lishi bilan undan yangi organizm vujudga keladi. Bunday ko‘payish ko‘pincha spirogira suv o‘tida uchraydi.

Kopulyatsiya yo‘li bilan jinsiy ko‘payish xologamiya, izogamiya, geterogamiya va oogamiya kabi shakllarida o‘tadi. Kopulyatsiya lotincha so‘z bo‘lib juftlashish degan ma’noni bildiradi.



Eng oddiy usuldagi jinsiy ko‘payishda ba’zi bir hujayrali suvo‘tlarda hujayra maxsus po‘stga ega bo‘lmagani uchun taraqqiyotning ma’lum davrida ushbu hujayra gametalar rolini bajarishi mumkin. Bu usuldagi jinsiy ko‘payish xologamiya deb ataladi.

Izogamiya grekcha so‘z bo‘lib “izos”-teng, “gomeo”- nikohlanaman, degan ma’noni bildiradi. Kattaligi va shakli bir-biridan farq qilmaydigan erkak va urg‘ochi gametalarning xivchini bo‘lib, uning yordamida suvda tez suzib harakatlana oladi.. Ular bir-biri bilan qo‘shilganda xivchinsiz bitta hujayra - zigota hosil bo‘ladi. Bu hujayra keyinroq qalin po‘stga o‘ralib, o‘zini noqulay sharoitdan asraydi. Bunday ko‘payishni yashil suvo‘tlaridan ulotriksda ko‘rish mumkin.

Geterogamiya ham grekcha “geteros” har xil, “gomeo” nikohlanaman degani. Bunda gametalar o‘zining katta-kichikligi bilan bir-biridan farq qiladi. Xivchinli ikkala gameta ham bemalol harakat qiladi. Ularning kichikrog‘i erkak gameta mikrogameta, yirikrog‘i esa urg‘ochi makrogameta hisoblanadi. Mikrogameta makrogametaga nisbatan harakatchan bo‘ladi. Ikkalasi qo‘shilganda zigota hosil bo‘ladi. Ko‘payishning bu xili xlamidomonada yashil suv-o‘tida kuzatiladi.

Oogamiya. Jinsiy ko‘payishning bu shakli oogamiya bo‘lib, grekcha “oog” tuxum, “gomeo”-nikohlanaman degan ma’noni bildiradi. Oogamiyada urg‘ochi gameta yirik va qo‘zg‘almas, erkak gameta esa juda mayda hamda harakatchan bo‘ladi. Urg‘ochi gametaning xivchini bo‘lmaydi, u tuxum hujayra deb ataladi. Spermatozoid yoki sperma deb ataladigan erkak gametaning esa xivchini bo‘ladi. Oogamiya yashil suv o‘tlarida hamda qo‘ng‘ir suv o‘tlaridan fikusda uchraydi. Ko‘pchilik tuban o‘simliklar va barcha yuksak o‘simliklar oogamiya yo‘li bilan ko‘payadi. Urug’li o‘simliklarda erkaklik gametalari harakatchanlik xususiyatini yo’qotgan, shuning uchun ular spermiylar deyiladi.

O‘simliklarda gametaning hosil bo‘ladigan joyi gametangiya deyiladi. Tuban o’simliklarda tuxum hujayra hosil bo’ladigan gametangiy bir hujayrali bo‘lib oogoniy, yuksak o’simliklarda esa ko‘p hujayrali bo‘lib arxegoniy deb ataladi. Erkak gametangiylar har ikkala guruhdagi o’simliklarda ham anteridiy deyiladi.

Agar jinssiz ko‘payishda yangi organizm o‘z irsiy belgilarini bir hujayra (spora) bilan tiklasa, jinsiy ko‘payishda irsiy belgilar ikkita (otalik va onalik) hujayra asosida ifodalaydi. Shuning uchun ham jinsiy hujayralarning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan organizm ikkita moslashuvchi nasliy belgilarga ega bo‘ladi. Bunday organizm noqulay sharoitlarga chidamlidir. Bu uning yer yuzining ko‘pchilik hududlariga tarqalishga sabab bo‘lgan.


Download 0.58 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling