Mavzu: O’zbek adabiy tanqidchilik janrlari reja
Download 108 Kb.
|
3-MAVZU
Adabiyotlar.
D.Quronov. Cho’lpon nasri poetikasi. T.: Sharq., 2004 B.Karim. Abdulla Qodiriy. T.: Fan., 2007. D.Quronov va boshq. Adabiyotshunoslik lug’ati. T.: Akademnashr., 2010. ADABIY TANQIDDA BIOGRAFIK METOD Reja: 1. Adabiy tanqidchilikda biografik janr iborasining qo‘llanilishi. 2. O‘zbek tanqidchiligida biografik – monografik tadqiqotlar. 3. 60 yillar o‘zbek adabiyotining siymolari haqidagi monografiyalar. 4. Ilmiy biografiya. 5. Mustaqillikdan so‘nggi yillarda biografik janr taraqqiyoti. Adabiy tanqidchilikda biorafik asar, biografik janr, biografik uslub degan iboralar bot-bot qo’llanadi. Jahon adabiyotida mashhur insonlar obrazi vositasida tarixiy taraqqiyot qonuniyatlari, jamiyat ruhiyati yoritib berilgan talay asarlar mavjud. A.Navoiyning “Holoti Sayid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, Romen Rollanning “Betxoven hayoti”, “Tolstoy hayoti”, Konstantin Fedinning “Gorkiy hamisha davramizda” singari asarlari biografik janrda yaratilgan. Biografik asar, adabiy portret va tanqidiy – biografik tadqiqot, aslida o’zaro yaqin hisoblanadi. Lekin mutaxassis adabiy portret bilan biografik asarlarni, holat bilan tanqidiy tadqiqot orasidagi farqlarni aniq sezadi. Badiiy asar sistemali tahlil qilinar ekan, unga gnoseologik, qiyosiy-tarixiy, ijodiy genetik, ontologik yondashuvlar qatori, asar mazmunini yoritishda, san’atkor taqdiri muhim rol o’ynashi hisobga olinib unga biografik printsip nuqtai nazaridan ham yondoshiladi. Hozir bizning maqsadimiz biografik yondoshuv emas. Lekin ba’zi mutaxassislar biografik uslubni bir-biriga yaqin qo’yadilar. Yuriy Borevning ta’kidlashicha, XIX asr o’rtalarida ijod qilgan Sharl Sent-Byov ham biografik yondashuv printsipini qo’llagan, ham biografik uslubga asos solgan. 50 yillarning oxirlarida o’zbek adabiyotshunoslari va tanqidchilari ilmiy biografik – monografik, tadqiqotlar yaratishga jiddiy e’tibor berdilar. Qo’qon adabiy muhitida yashab ijod etgan shoirlar haqida qator ishlar yaratilgan. Xuddi shunday ishlar Xiva va Buxoro adabiy muhiti materiallaridan maydonga keldi. XIX asrning birinchi yarmi XX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan o’nlab ijodkorlar haqida maqolalar, ilmiy biografik asarlar vujudga keldi. Goh u, goh bu ijodkor biografiyasining muammolari haqida qizg’in bahslar davom etayapti. Masalan, 80 yillarda Furqat biografiyasining muammolari haqida G’.Karimov, A.Qayumov, A.Hayitmetov, A.Abdug’afurov, H.Rasullarning maqolalari, kitoblari chop etildi, ular o’rtasidagi bahslar mohiyati yoritib berildi. Ijodkor hayoti va ijodning muammolari haqidagi bahslar biografik uslubning zarurligini isbotlaydi. Adabiyotshunos Sharif Yusupovning Furqat hayoti, adabiy ijtimoiy muhiti xususidagi izlanishlari ajoyib ilmiy xulosalarga olib keladi. 60 yillarga kelib o’zbek adabiyotining siymolari haqida monografiyalar yaratish, ilmiy biografik tadqiqotlar ustida ishlash kuchaydi. Hamza, Ayniy, Oybek, G’.G’ulom, H.Olimjon, A.Qahhor, Uyg’un, Yashinlar haqida tanqidiy biografik ocherklar yozilgan, ko’plab maqolalar e’lon qilingan bo’lsada, ilmiy biografiyalar hanuz yo’q edi. Mazkur ijodkorlar biografiyasini mukammal yaratish XX asrning birinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-adabiy hayot haqida chuqur va to’la ma’lumot berish degan ma’noni anglatadi. Ilmiy biografiya bilimdon ob’ektivlikni, faktlar mohiyatini izchil kontseptsiya asosida talqin qilib berishni taqozo etadi. Hamza haqidagi ilmiy biografiyada tadqiqotchi simpatiyasi – o’z ob’ektini bo’rttiribroq, tasvirlashga moyillik seziladi. L.Qayumov “Yangi saodat”ni psixologik roman deydi, haqiqiy romanchilik Hamzadan boshlangan degan fikrni ilgari suradi. Vaholanki, barcha tadqiqotlar o’zbek realistik romanchiligining asoschisi A.Qodiriy deb ko’rsatmoqda. XX asr bo’sag’asida xalq tafakkuridagi yangilanish sezilayapti. Matbuot organlari ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-madaniy hayotimizdagi kamchiliklar, yutuqlar haqida ro’y-rost yozmoqdalar. Vaholanki, o’tmishga yangicha nigoh bilan qarala boshlandi. Eskicha tafakkur mevasi bo’lgan narsalarning nokerakligi, nomuhimligi darhol sezilmoqda. 60-70 yillarda yaratilgan ilmiy biografiya-tadqiqotlardagi yetishmovchiliklar ko’zga aniq tashlanmoqda. Hamza, Cho’lpon, A.Qodiriy, G’.G’ulom, Oybek, H.Olimjon, A.Qahhor, Yashin singari o’zbek adabiyoti vakillari ijodlarini davrning barcha murakkabliklari adabiy-estetik qarashlardagi ziddiyatlar birligida ko’rsatish lozimligi sezilmoqda. Shu paytgacha adabiyot tarixi ocherklarda yozilganday, 20 yillarning adabiyotiga munosabatdagi yuzakiliklar o’zini mutlaqo oqlamaydi. 60 yillarda S.Mamajonovning G’.G’ulom haqida “Shoir va zamon” (1963), “G’.G’ulom prozasi” (1966), H.Yoqubovning “Adibning mahorati” (1966), M.Qo’shjonovning “Oybek mahorati” (1965), M.Qo’shjonov va U.Normatovning A.Qahhor haqidagi tadqiqotlari yaratildi. Ilmiy biografiyalar, asosan, 60 yillardan boshlab yaratilgan. Ilmiy biografiyalarda yozuvchi bosib o’tgan yo’lni sal ko’tarinki ruhda tasvirlash, ijodining murakkab nuqtalarini sal tekislab yuborishga intilish hollari seziladi. Ilmiy tadqiqotda kontseptsiya teran, ob’ektiv bo’lsa, sub’ektiv holatlar ahamiyatli kasb etmaydi. Laziz Qayumov tadqiqotida faktlar sehriga mahliyolik sezilsa, M.Qo’shjonovda badiiy komponentlarning “ichki hayoti, harakatini kuzatish ustunlik qiladi. S.Mamajonov ijodkor yaratgan barcha asarlarni qamrab olishga intilsa, H.Yoqubov poetik obrazlar – rang barangligini ko’rsatishni yoqtiradi. Ilmiy biografik adabiyotshunoslik mukammal monografiyalar yaratish orqali boy tajriba orttirdi, biografik uslubni ishlab chiqdi. XXI asrda yashaydigan adabiyotshunoslar XX asr adabiyotining san’atkorlari haqida unchalik qiynalmasdan ilmiy-biografik monografiyalar yaratadilar. Iste’dodli yozuvchilarning barcha asarlari nashr etilmoqda. Ular haqida adabiy-tanqidiy maqolalar e’lon qilinmoqda. Ilmiy biografiya ob’ekti – yozuvchi hayoti va ijodi. Lekin mashhur asarlar adabiy janrlar ham o’z biografiyalariga ega bo’ladilar. “Shohnoma” (Firdavsiy), “Gamlet” (Shekspir), “Urush va tinchlik” (Tolstoy), “O’tgan kunlar” (A.Qodiriy), “Navoiy” (Oybek), “Kecha va kunduz” (Cho’lpon) “Ulug’bek xazinasi” (O.Yoqubov), “Ruhlar isyoni” (E.Vohidov), “Genetika” (A.Oripov) singari asarlari haqida monografik tadqiqotlar yaratish mumkin. 70-80 yillarda o’zbek prozasi, xususan, roman janri muammolari haqida bir qator tadqiqotlar yaratildi. U.Normatovning “Nasrimizning ufqlari” (1974), “Nasrimiz an’analari” (1978) to’plamlariga kiritilgan maqolalarni hikoya, qissa, roman janri, poetikasiga oid ilmiy – nazariy qarashlar aks etdi. Tadqiqotchi nasrdagi jarayonlarni ilmiy tahlildan o’tkazadi. A.Kattabekovning “Tarixiy haqiqat va badiiy mahorat” (1982) tadqiqotida tarixiy romanlar shaxs kontseptsiyasi muammosi nuqtai nazaridan o’rganiladi. O.Sharafiddinov, N.Shukurov, N.Rahimjonov va boshqalarning ilmiy tadqiqotlari diqqatni jalb qiladi. Shulardan Ibrohim G’afurov chorak asrdan beri asosan, o’zbek she’riyati masalalari bilan shug’ullanib keladi. Uning “Go’zallikning olmos qirralari”, “Joziba”, “Yonar so’z”, “Yam-yashil daraxt”, “Lirikaning yuragi”, “O’ttiz yil izhori” asarlari kitobxonlarga tanish. Munaqqid tanqidchilik dargohiga kiribdiki, sheriyat sehrini anglashga intildi. Ibrohim G’afurov she’riyatni jonli organizm, o’sish – o’zgarishdagi kuch deb biladi, undagi harakatni, rangin toblanishlarni ravshan ko’radi. Ibrohim G’afurov she’riyatdagi zamonaviylikni teran anglaydi. Zamonaviylik mangu tushunchalar, ezguliklar, yaratuvchilik bilan hamohangdir. Ibrohim G’afurov tajribali tanqidchi, sinchkov tadqiqotchi. Uning asarlaridagi kamchiliklarni payqash qiyin. O’zbek adabiyotshunosligida biografik uslubga asoslangan holda “O’zbek romani” (S.Mirvaliev), “Yillar va yo’llar” (O.Sharafiddinov), “O’zbek badiiy publitsistikasi” (O.Tog’aev), “O’zbek adabiyotida hikoya janrining taraqqiyoti” (N.Vladimirova) singari monografiyalar yaratildi. N.V.Vladimirova tadqiqotida har bir davrni belgilaydigan hikoyalarni bilib-bilmay tanlash, o’sha hikoyalar tahlil va talqini orqali ham yozuvchi mahoratini yoritish o’zbek hikoyachiligi taraqqiyotining ma’lum bosqichidagi xususiyatlarini ochish ko’zga tashlanadi. Mustaqillikdan so’nggi yillarda ilmiy-biografik tadqiqotlar yaratishga e’tibor kuchaydi. Ayniqsa nohaq qatag’onga uchragan adiblarimiz ijodini o’rganish borasida samarali ishlar qilindi. O.Sharafiddinov, N.Karimov, D.Quronovning Cho’lpon haqidagi tadqiqotlari, B.Qosimov, H.Boltaboev, I.G’anievning Fitrat haqidagi ilmiy-biografik tadqiqotlari bu yo’ldagi dastlabki sa’y–harakatlardan hisoblanadi. Shuningdek, M.Qo’shjonov, S.Melievning “Abdulla Oripov”, B.Nazarovning “G’.G’ulom olami”, A.Qayumovning “Akademik Oybek”, B.Karimning “Jadid munaqqidi Vadud Mahmud”, U.Dolimovning “Ishoqxon Ibrat”, N.Karimovning “Maqsud Shayxzoda” kabi ilmiy biografik tadqiqotlari bu uslubning imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Xulosa qilib aytganda, o’zbek tanqidchiligida biografik uslubga asoslangan holda adabiyotimizning yetuk namoyandalarining ilmiy biografiyasini yaratish sohasida jiddiy ishlar amalga oshirildi. Adabiy janr va turlarning adabiyotimizdagi o’rni, shakllanish yo’llari ham olimlar tomonidan talqin etilmoqda. O’zbek dramaturgiyasi, bolalar adabiyoti, adabiyotshunoslik fanining shakllanish yo’llari borasida ishlar bajarilgan bo’lsada, bu sohada bajarilishi lozim bo’lgan ishlar talaygina. Download 108 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling