2. O’ZBEK XALQ PEDAGOGIKASIDA OILA VA OILAVIY TARBIYANING AKS ETISHI. - Yurtimiz O’zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin tarixiy haqiqat va adolatni tiklash uchun umum xalq yurishi boshlandi. Ming yillar davomida yaratilgan, xalqimiz qoni va joniga aylangan ma’naviy durdonalarga yangicha qarala boshlandi. Milliy an’analarning qadri ko’tarilishi kerakligi etirof etildi, bir so’z bilan aytganda, zo’rlik va ongsizlik oqibatida berkitilgan ezgulik buloqlari ko’zini tozalashga kirishildi.
- Ilgarilari milliy an’analar va udumlarga ham hadiksirab qaraldi, uning tarbiyaviy xazinalaridan ham qandaydir «illat» qidirildi. Hayotbaxsh xalq an’analari kamsitildi. Ba’zi urf-odat va udumlarga diniy tus berilib, hayot sahnasidan tamom supurib tashlandi. Ota-bobolarimizning qimmatli pandnasihatlari eskilikka yo’yildi, qadri toptaldi. Qariyalar hikmatomuz ertaklarining tarbiyaviy ahamiyati e’tibordan qola boshladi. Ayollar rohatbaxsh allalarni unutayozdilar.
- Ta’lim-tarbiya ishlarida xalqimiznilg’or, hayotda o’zini oqlagan an’analarini oila, maktab va mehnat jamoalarida qo’llash, ulardan foydalanish kabi vazifalar hamisha dolzarb bo’lib kelgan. Shu kunlarda, ayniqsa, vatanparvarlik, millatlararo do’stlik, ekologik tarbiyaga doir an’analarni oilaviy ing eng tarbiya jarayoniga tatbiq etish, hozirgi avlod kishilarini xalq pedagogikasining xalqchil ko’rsatmalari asosida tarbiyalashni keng qo’llash nazariy va amaliy jihatdan muhim ahamiyat kasb etmoqda.
- Dunyoda necha millat, necha xalq bo’lsa, hammasining o’ziga xos turmush tarzi, o’tmish , hayoti va kelajagi bilan chambarchas bog’liq an’analari mavjuddir. O’zbek xalqining ham urf-odatlari, turmush tarzi, oilaviy marosimlari, ta’limtarbiya, madaniyat an’analari moziyning uzoq-uzoq asrlariga borib taqaladi. Barg ildizdan quvvat oladi deganlaridek, hozirgi va kelajak avlod kishilarining ularni chuqur bilishi ma’-naviyatining mag’zi to’qligi omilidir.
- Qadim zamonlardan, hatto o’zbek xalqining yozuvi bo’lmagan paytlardanoq yosh avlodni tarbiyalash asosan oilada amalga oshirilgan. Bunda tabiiy va ijtimoiy omillar hal qiluvchi o’rin tutganligi shubhasiz. Xalq pedagogikasi hamisha yaxshi samara bergan. Shuning uchun ham xalqning tarbiyaga oid bilimlarini chuqur o’rganish, tarbiya natijalariga asoslanib, ularning asliy manbalariga, tarbiya sirlariga nazar tashlash bugungi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotgani yo’q. Oilaviy an’analarga bolalarning tug’ilishlari bilan bog’liq bo’lgan marosimlar, urfodatlar, bolalar tarbiyasiga taalluqli bo’lgan va umuminsoniyat tomonidan qabul qilingan amaliy maslahatlar, qoidalar, metodik usullar va vositalar kiradi. Ana shu xususiyatlariga ko’ra oilaviy an’analar nisbatan yashovchandir. Ayniqsa, umumxalq ko’rinishidagi oilaviy an’analarning umri boqiydir. Urf-odatlar qancha hayotiy, xalqchil, qancha keng tarqalgan bo’lsa, u xalqqa shuncha tez singadi, shuncha uzoq yashaydi.
- Sharq xalqlari, jumladan o’zbeklar bolalar tarbiyasiga befarq qaramaganlar. Hayotdagi har qanday xatti-harakatning ham oqibati to’g’ri baholangan.
- Yoshga monand ta’sir ko’rsatish yo’l va vositalari yaratilgan. Kerak bo’lganda rag’batlantirish turlaridan foydalanilgan, lozim bo’lsa jazolangan. «Bir bolaga etti mahalla ota-ona» deb bejiz aytilmagan. Tarbiya borasida xatolikka yo’l qo’ygan bola u kimligidan qat’i nazar jazolangan. Noaxloqiy xatti-harakatlarni qisqa va lekin o’ta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lgan «yomon bo’ladi» iborasi bilan tavsiflangan.
- Masalan, xalqimizning qadimdan amal qilib kelayotgan odob-axloq qoidalariga ko’ra nonga hurmat ulug’langan va non ushog’i bexosdan erga tushib ketsa, «yomon bo’ladi» deb, uni qo’lga olib ko’zga surtib o’pib, og’izga solingan yoki chetga olib qo’yilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |