Mavzu: O’zbekiston respublikasining tashqi qarzdorlik ko’rsatkichi makroiqtisodiy tahlili
Download 33.16 Kb.
|
MAKROIQTISOD TAHLIL
Oʻzbekistonga xos jihatlar
Moliya vazirligining dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, 2021-yil 1-yanvar holatiga Oʻzbekiston Respublikasining davlat qarzi jami 23,3 mlrd. dollar ekvivalentiga yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 40,4 foizga yetdi. Xususan, ushbu qarzlarning 21,1 mlrd. dollarga yoki YAIMga nisbatan 36,5 foizga teng qismini davlat tashqi qarzi tashkil qiladi. Davlat qarzining soʻnggi uch yildagi oʻsish dinamikasi YAIMdagi ulushiga nisbatan olganda 19,5 foizdan 40,4 foizgacha, tashqi qarz esa 12,7 foizdan 36,5 foizgacha ortganligini kuzatish mumkin. Shu oʻrinda davlat ichki qarzi 6,8 foizdan 3,9 foizgacha qisqargan. Davlat qarzi, shu jumladan, tashqi qarz oʻsishida kuzatilayotgan yuqori dinamikaga qaramasdan ushbu qarz miqdorlari xalqaro meʼyorlarga koʻra mamlakatimizda moʻtadil darajada saqlanib qolayotganligini xalqaro moliyaviy tashkilotlar ekspertlari ham eʼtirof etmoqda. Lekin keyingi 3-4 yil ichida Oʻzbekistonning davlat qarzi, shu jumladan, tashqi qarz nega bunchalik tez surʼatlarda oʻsib ketganligi koʻpchilikni qiziqtirayotgani bejiz emas. Bunday oʻsish surʼatlarining biz bilgan va bilmagan bir qancha sabablari bor. Eng avvalo, keyingi toʻrt yilda iqtisodiyot tarmoqlarida olib borilayotgan islohotlarga yangicha tus berilganligi, tadbirkorlikni nomigagina emas, balki amalda qoʻllab-quvvatlash, valyuta operatsiyalarini erkin amalga oshirish imkonining yaratilishi, tashqi savdoda eksport-import jarayoni shartlarining yengillashtirilishi va iqtisodiyotni liberallashtirishning boshqa bir qancha omillari evaziga mamlakatimizda tadbirkorlik va investitsiya faolligi keskin oshdi. Natijada iqtisodiyotning energetika mahsulotlari (neft, gaz, elektr energiyasi) hamda transport xizmatlariga boʻlgan talab kuchaydi. Shu tufayli ham keyingi toʻrt yilda energetikaning neft va gaz, elektr energiyasi hamda transport sohalarida ishlab chiqarish infrastrukturasini rivojlantirish, modernizatsiya qilish va yangi quvvatlarni ishga tushirishga oid bir qancha loyihalar xalqaro moliyaviy tashkilotlar koʻmagida amalga oshirilmoqda. Ushbu maqsadlarga deyarli 8 mlrd. AQSH dollari ekvivalenti miqdorida yoki tashqi qarzning 38 foizi yoʻnaltirilgan. Shuningdek, qishloq xoʻjaligida bevosita davlat tomonidan olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, sohani modernizatsiya va diversifikatsiyalashga qaratilgan loyihalar ijrosi uchun ishlatilgan davlat tashqi qarzi mablagʻlari 2,2 mlrd. AQSH dollari ekvivalentiga teng boʻldi. Davlat tashqi qarzining 10 foiziga teng bu mablagʻlar qishloq xoʻjaligida sugʻorish, agrotexnika, urugʻchilik, seleksiya, yer unumdorligi va meliorativ holatini yaxshilash bilan bogʻliq eng muhim loyihalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga sarflanganini anglatadi. Davlat tashqi qarzi tez surʼatlarda oshishining yana bir jihati xalqimizning farovon hayotini taʼminlash bilan bogʻliq. Aholining yashashi, uy-joy sharoiti, suv taʼminoti, kanalizatsiya va kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish borasida mamlakatimizda koʻplab muammolar yigʻilib qolganligi hech kimga sir emas. Ayniqsa, muhtoj oilalarni uy-joy bilan taʼminlashda oxirgi toʻrt yilda misli koʻrilmagan ishlar amalga oshirilganligiga qaramasdan, bu borada vaziyatni keskin oʻzgartirish uchun davlat koʻmagida bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka tizimini takomillashtirish, shuningdek, davlat tashabbusi bilan katta miqdordagi sarmoyalar kiritish talab etiladi. Ichki imkoniyatlar cheklanganligi uchun 2020-yilning yakuni boʻyicha jami davlat tashqi qarzining 11 foizi yoki 2,3 mlrd. dollar ekvivalentidagi mablagʻlar uy-joy va kommunal xoʻjaligi sohalarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan. Bundan tashqari, taʼlim, sogʻliqni saqlash, telekommunikatsiya va boshqa sohalar uchun ham tashqi qarz hisobidan 2 mlrd. AQSH dollari ekvivalentida mablagʻlar jalb etilgan. Shuningdek, 2020-yilda Moliya vazirligi tomonidan umumiy hajmi 750 mln. dollar miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalarning ikkinchi transhi ilk bor milliy valyutamiz — oʻzbek soʻmida 2 trln. soʻm miqdorida London qimmatbaho qogʻozlari bozorida muvaffaqiyatli joylashtirildi. Ushbu obligatsiyalardan tushgan mablagʻlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga, xususan, kambagʻallikka qarshi kurashish, sogʻlom turmush tarzini va sifatli taʼlimni targʻib qilish, gender tengligi taʼminlanishini jadallashtirish, toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini yaratish, munosib mehnat sharoiti va iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlash hamda infratuzilma barqarorligini oshirishga qaratilgan rivojlanish loyihalari uchun yoʻnaltirilmoqda. Download 33.16 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling