Mavzu: ro’zi choriyev hayoti va ijodi. Reja: kirish i-bob. O’zbekiston xalq rassomo ro‘zi choriyev hayoti
Download 1.44 Mb. Pdf ko'rish
|
Namuna uchun R.Choriyev
2.BOB. IJODNING YORQIN ESHIGI. 2.1 Rassom asarlarining badiiy taxlili Men rassomning ba’zi asarlari haqida gapirib bermoqchi bo’lar ekanman, avvalo uning ijodi, uning shaxsiyati, fe’li bilan bog’liq ekanligini ta’kidlamoqchiman. Mana bir misol. Kech, qish oqshomlari edi. Tashqari sovuq, qor. Eshik taqillab, shlyapa kiygan, bo’g’iqqan, asabiy, san’atshunos Rafail Toqtosh kirib keldi. Ko’rinishdan navbatdagi» dahanaki jang» lardan qaytgandi, shekilli. Ro’zi aka unga kursi qo’ydi-da, gapini ham eshitmasdan uning portretini chizishga kirishib ketdi. Toqtosh unga nimalarnidir tushuntirmoqchi bo’lardi. Rassom uning asabiy gaplarini tinglash bilan birga, uning qiyofasini shosha-pisha chizaverdi. Shu tariqa «San’atshunos» portreti paydo bo’ldi. Portret rassomlar soyuzidagi arboblarga ham, san’at muxlislariga ham yoqdi. Yoki «qo’shiqchi Botir Zokirov» portretini olaylik. U bu obrazni yaratish uchun necha yillar mobaynida tinimsiz kuzatishlar qilganidan xabardorman. U tabiiylikdan, oniy lahzalardan inson ichki dunyosini, psixologiyasini yaratishda hamisha ustalik bilan foydalana olardi. U kartinalarini hamma vaqt ham ana shunday vaziyatda ishlardi demoqchi emasman, albatta. Lekin bu misollar uning jo’shqin xarakteridan bir sharh. Rassomning ayrim kartinalariga boqsangiz, ular hayotdan olingan shunchaki lavhalarga o’xshab ko’rinadi. Ammo chuqur idrok etilganda buning aksini ko’rasiz. Rassom hayot lahzalaridan ajib bir qo’shiqlar izlaydi, sizga ham ular haqida so’zlab bermoqchi bo’ladi. Bu qo’shiqlar ba’zan ichki, kuchli tug’yon bilan taraladi, ba’zan ranglar oqimi fikr ifodasini bosib qo’yadi. Rassom qanday asar yaratmasin, u hamisha atrofga, odamlarga, tabiatga o’z munosabatini bildirib keldi. 2-Jahon urushi qatnashchisi, shifokor Yoqub Mahmudov portreti yaqindagina yaratilgan. Rassom salomatlik posboni bo’lgan vrachning ichki dunyosini, fikr- e’tiborini tasvirlashga intilgan. Og’ir urush yillaridan muhr bo’lib qolgan ajinlar vrach qiyofasida, qo’llarida aks etgan. Kartina fonida fonnindoskop bor. Ammo qahramon ko’zlarida insonni faqat fonnindoskop bilan bilib bo’lmaydi, buning uchun qalb ko’zi bilan qarash lozim, degan ma’noni o’qiymiz. Vrachning o’zini ko’rganimda, uning ko’zlari qisiqroq ekanligini payqab, rassomga aytdim. U: «doktorning bemor ko’rayotgan paytini ko’rganmisiz? O’shanda ko’zlari kattalashadi, o’tkir nur bilan charaqlab turadi», – degan edi. Demak, insonning eng xarakterli holatlari kartinada gavdalanishi muhim ekan. Biz bunday holatlarni rassom ijodida ko’plab ko’ramiz. Rassom ijodida Surxon vohasi, uning odamlari salmoqli o’rin tutadi. Uning «Surxondaryo odamlari» turkumidagi qator suratlari buning isbotidir. To’ra Quvvatov va uning turmush o’rtog’i Ulash To’raeva portetlariga e’tibor bering-a. Bu ikki portret siymosida bir- biriga o’xshash nimadir borligini, ayni paytda ikkalasida ham betakror, go’zal bir olam borligini ko’rasiz. Bu er-xotin yigirmanchi yillarda birinchi kolxoz tashkil qilganlardan. Tomoshabin portretlarga boqar ekan, hech qanday izoh siz ham ularning hayoti shiddatli kurashlar bilan o’tganligini payqaydi. Ularning matonatli qiyofalariga maftun boqadi. Rassom chizgan manzaralarda hamisha inson qalbidagi, yaratuvchanlik hissini sezamiz. «Namangan. Bog’larda yoz» kabi manzarasi fikrimizning dalilidir. Bog’larning kahrabo tusga kirayotgan bir payti. Ana, daraxtlar nafas olishayotir. Ularning tarovatli hayotlarida bir qo’shiq – yoz qo’shig’i aytilyapti. Rassomning har bir kartinasida hayotning uyg’unlashgan bo’yoqlarini, so’nmas jozibasini, mangu lahzalarini ko’ramiz. Aytaylik, uning “Sho’rchida to’y” (1981) asarini olaylik. Bu asarda real odamlar yo’q. Unda to’yga kelgan xotin-xalaj, bolalarning g’ira-shira sharpalari, soyalarini ko’rish mumkin. Asar asosan iliq ranglarning qorishuvida, qora va ko’k, yashil dog’larga nisbati ajib bir manzara hosil qiladi. Ulardagi ranglar inson qalbi va shuuriga yoqimli yorug’ tuyg’u olib kiradi. “Qahramon ona” portreti (1981) da Surxon ayolining dasht ayollariga xos hayoti manzarasi saratonga xos iliq ranglar, yorqin va o’tkir bo’yoqlarda ifoda etilgan. Uning qiyofasi qizil chaman gullar muqoyasida yaratiladi. Bu jozibali ayol Pol Gogenning qizg’ish rangda chizilgan juvoniga o’xshab ketadi. Ammo u milliy libosda yana ham tarovatli, viqorli, bir qadar jiddiy ko’rinadi. Uning dadil nigohi hayotning dolg’ali to’lqinlarida kurashib, chiniqqan ayol ruhiyatini namoyon etadi. Download 1.44 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling