Mavzu: shahar tashkil qiluvchi va shaharga xizmat qiluvchi omillar
Download 39.89 Kb.
|
1 2
Bog'liqhkj
- Bu sahifa navigatsiya:
- Xulosa. Foydalanilgan adabiyotlar. Kirish
- Shaharlarning funksional tiplari.
MAVZU: SHAHAR TASHKIL QILUVCHI VA SHAHARGA XIZMAT QILUVCHI OMILLAR Kirish Asosiy qism Shaharlarnig tarixiy shakllanishi va «shahar» haqida tushuncha. Hozirgi zamon urbanizatsiyasi va uning mintaqaviy xususiyatlari. Shaharlarni geografik o’rganish tartibi. Xulosa. Foydalanilgan adabiyotlar. Kirish Shaharlarni o’rganish katta ilmiy, madaniy va ma’rifiy ahamiyatga ega. Chunki mamlakat va yurtlarning hozirgi kuni va o’tmishi, tarixi, tasnifi va taqdirini, ularning jahon hamjamiyatidagi o’rnini, geosiyosiy mavqeini ko’p hollarda shaharlar orqali anglash mumkin. Shaharlar nihoyatda harakatchan, dinamik ob’yekt bo’lib, ular ham jonli mavjudotdek betakror, o’ziga hos borliq: Shaharlarning ham tug’ilgan vaqti va joyi, ijtimoiy ahvoli va kelib chiqishi, yoshi va faoliyati, boshqacha qilib aytganda, pasportlari bor. Binobarin, shaharni o’rganish hamma vaqt jonli va qiziqarli bo’ladi. Ayniqsa, shaharlarni geografik, xususan iqtisodiy-ijtimoiy geografik jihatdan o’rganish muhim ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib men bitiruv malakaviy ishim “Shaharlarni geografik o’rganish”ga bag’ishladim. Qolaversa, mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy geografiya fanida shaharlar geografiyasiga oid tadqiqotlarning eng ko’p o’tkazilganligi, ya’ni g.f.d., prof. A.S.Soliyev ta’biri bilan aytganda fanimizning “omadi kelgan” sohasi ekanligi mazkur mavzuni tanlashim uchun turtki bo’ldi. Asosiy qism Geourbanistika yoxud shaharlar geografiyasi aholi va aholi manzilgohlari va umuman, iqtisodiy va sotsial geografiyaning eng rivojlangan yo’nalishidir. Shaharlar boshqa iqtisodiy geografik ob’yektlarga qaraganda o’zining yaxlit, darhol ko’zga tashlanib turishi bilan farqlanadi. Buning sababi - ularning ishlab chiqarishni, ijtimoiy - iqtisodiy voqelikni xuddudda, geografik xaritada o’ziga xos tasvirlashdir. Ma’lumki, iqtisodiy xaritalarda asosan uch hududiy shakl ko’rsatiladi: chiziqlar yo’llarga mos kelsa, areal yoki maydonlar - qishloq xo’jalik sohalariga, nuqta va tugunlar (tugunchalar) esa sanoat markazlari, shaharlarni aks ettiradi. Binobarin, aytish mumkinki, iqtisodiy va sostial geografiyaning asosiy tadqiqot ob’yekti ana shu uchlik, hududiy yoki geografik geometriya hisoblanadi va ularni tahlil etish bu fanning tub masalasidir. Shaharlar geografiyasining iqtisodiy va sotsial geografiya fani doirasidagi bunday yutug’ini boisi nima? Avvalambor, ta’kidlash lozimki, shaharlar hududiy birlikdir ikkinchidan, ular murakkab sotsial-iqtisodiy kategoriya; uchinchidan, shaharlarda atrof-muhit, mazkur hududning ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati, misli oynada aksni topganidek, yaxlit mujassamlanadi; to’rtinchidan, shaharlar har bir davlat, hudud, iqtisodiy va sotsial geografik tizimning tayanch nuqtalari, «ustunlari» bo’lib xizmat qiladi. Shaharlar - bizning o’tmishimiz, hozirgi kundagi qudratimiz va istiqbolda rivojlanish quvvati va imkoniyatimizdir. Ular yerdagi chinakam porloq yulduzlardir. Shaharlar juda murakkab mavjudot bo’lib, serqirali vazifalarni bajaradi. Siyosiy jihatdan olsak, har bir davlat o’zining shaharlar to’ri va, ayniqsa, poytaxti (dorulsaltanati) bilan kuchlidir. Bejiz emaski, har qanday urush-yurushlar muvaffaqiyati va zafari dushmanning shahar va qal’alarini zabt etishda, bo’yin sundirishda o’z isbotini topgan. Demak, qadimda shaharlar butun yurtga, mamlakatga, boylikka nisbat berilgan. Ularni turli mamlakat yoki «iqlimlarda» turlicha atashgan: qubba, madinat, polis, bolig’, bozor, taun, grad, pur, burg, vill va hokazolar ayni paytda shaharlar geografiyasining kengligidan dalolat beradi. Bundan ko’rinib turibdiki, shaharlar davlatlarning siyosiy hayotida, ularning jahon hamjamiyatida, geosiyosiy tuzilmasida muhim rol o’ynaydi. Shaharlarning qudrati ularda mujassamlangan iqtisodiy saloxiyat bilan belgilanadi. Shaharlar, eng avvalo, qishloq xo’jaligi bo’lmagan tarmoqlarning hududiy tashkil etish shakli sifatida iqtisodiy jihatdan samarali, serdaromad, harakatchan (dinamik) yo’nalishlarni o’zida mujassamlashtirgan. Shu bois har qanday mamlakat milliy iqtisodiyotining tarkibi, rivojlanganlik darajasi va xalqaro mehnat taqsimotidagi o’rni, undagi mavjud shaharlar tizimi, urbanizatsiya jarayoni bilan tavsiflanadi. Ayni vaqtda shaharlarning ilmiy-texnikaviy, madaniy salohiyatlari ham salmoqlidir. Shaharlar bozor iqtisodiyotiga o’tishda asosiy omil bo’lib xizmat qiladi. Ularda mavjud bo’lgan bank-moliya tizimlarini bozor infrastrukturasi ma’nosida ta’riflash mumkin. Binobarin, mustaqil mamlakatimizning siyosiy xayoti va uning bozor munosabatlariga o’tish davrida shaharlarning ahamiyati beqiyosdir. Shaharlarda zamonaviy tarmoqlar, ilg’or texnologiya joriy etish imkoniyati katta; xorijiy sarmoyadorlar ham asosan shaharlar va, ayniqsa infrastruktura tizimi mukammal shakllangan markazlarni tanlashadi. Shaharlarda tovar ayriboshlash, pul oboroti (aynalishi) faol bo’ladi. Bularning barchasi shaharlarga yangicha qarashni taqozo etadi. Shaharning madaniy-ma’naviy, diniy, tarixiy jihatlarini ham unutmaslik lozim. Qadimda, xususan, dini islomda shaharlarga oydek nisbat berilgan, ular dorul, bayt-ul, sharif kabi iboralar bilan ulug’langan. Agar dashtiy yovuzlar shaharlar rivojlanishiga qarshi bo’lgan bo’lsalar, musulmon olamida shaharlarni barpo etish va ularni yuksaltirishga jiddiy e’tibor berilgan. O’tmishda shaharlarning goh avj olishi, goh tushkunlikka uchrashi madaniyat (sivilizatsiya), ijtimoiy rivojlanishning doimiy yo’ldoshi bo’lgan va ana shunday davriy notekisliklar tarix bosqichlarini belgilab turgan. Shuning uchun yurtning tarixi, tavsifi va taqdiri ko’p jihatdan uning shaharlari bilan bog’liqdir. Har qanday shaharlar azaliy va adabiy muqaddas joylardir, chunki bu joylarda buyuk avliyo va allomalar qabri mavjud. Ko’pgina shaharlar ana shunday fazilatga ega. Bu borada Makka va Madina, Buxoro, Turkiston, Samarqand, Xiva, Toshkent, Termiz, G’ijduvon, Shahrisabz, Chustga o’xshash shaharlarni tilga olish kifoyadir. Shaharlarimizning xosiyatli tuprog’i, yeru suvi dunyoga mashhur siymolarni bergan. Ular esa ismi-shariflari bilan o’z navbatida tug’ilgan va yashagan shaharlarni dunyoga mashhur qilishgan, adabiylashtirgan. Shaharlarning muqaddasligi qadamjoylar va mozorlar bilan bog’liq bo’lgan; qabristonlar shaharlarning o’tmish sirlari, tarixini saqlaydi, ulardagi bozorlar esa yurtning ijtimoiy xayotini minatyurada mujassamlantiradi. Binobarin, shaharlar shu o’lka, diyorning iqtisodiy va sostial, ijtimoiy geografiyasini ko’zgusidir. Halqimiz xayotida bozorlar azaldan muhim o’rin tutgan; bozori bor joy shahar deb yuritilgan (hozir ham Xitoyning Uyg’uristonida kichik shaharlar, rayon markazlari ba’zan bozor deb aytiladi). Bozorlar mamlakatning turli shaharlarida haftaning deyarli har kunida navbatma-navbat uyushtirilgan, ayniqsa, chorshanba, payshanba, juma va yakshanba kunlari bozorlar nihoyatda gavjum bo’lgan. Shu bois sharq bozorlarining shahar hosil qiluvchi vazifasi ularning shahar halqigagina emas, balki butun atrof ahliga xizmat qilishda ko’ringan. Shaharliklar uchun bozorlar har kuni va bir joyda muqim, barqaror bo’lsa, qishloq ahliga esa bozor har kuni va har joyda bo’lgan. Bozor kunini oila a’zolari zoriqib kutishgan, shu kunga mo’ljallangan ma’lum maqsadlarni rejalashtirgan; bozor bolajonlarga sovg’a bergan, oilaga ro’zg’or yumushlarini bajargan, oila va qo’ni-qo’shni, maxalla uchun axborot vazifasini ado etib kelgan. Yurtimizga turli maqsadda tashrif buyurgan sayohatchilar, musofir va boshqalar, eng avvalo, shaharlarimizning bozorlarini ta’riflashgan. Shaharning katta-kichikligi, mamlakat va yurtda tutgan mavqeini bozor xajmi, unda savdo - sotiq qilinadigan tovarlar, matolar geografiyasi bilan baholashgan. Shu sababli sharq madaniyatini va tarixini bozorlarsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Bizning «bozor» atamamiz Buyuk ipak yo’li orqali Yevropaga, ulardan esa Amerika qit’asiga ham kirib borgan. Xalqimiz hayotida bozorlar hozir ham muhim o’rin tutadi. Agar mozor va qabristonlarda qadriyatimiz mustaxkamligi, o’tgan avlodga munosabatimiz o’z aksini topsa, bozorlar yurt boyligi va butligi, xalq farovonligining ko’zgusidir. Binobarin, shaharlarni iqtisodiy va sostial geografik o’rganishda qadamjoy va bozorlarga ham xaqli ravishda katta e’tibor berishni talab etadi. Yuqorida keltirilgan shaharlarning qisqacha tarixi ularni o’rganishning nihoyatda serqirrali, qiziqarli va ayni paytda ma’suliyatli ekanligidan dalolat beradi. Bu jumboq yoki kalavada geograflar hamma vaqt o’ziga xos va betakror o’rinlari bilan ajralib turadi; geografik tadqiqot uchun shaharlarning, eng avvalo, hududiy tizim, hududiy-iqtisodiy va sostial majmua, dinamik, harakatchan ekanligi muhimdir. Demak, shaharlar geografiyasining ob’yekti ma’lum bir hududda tarixan shakllangan shahar yoki shaharlar to’ri, tizimidan iboratdir. Uning predmetini esa quyidagicha ta’riflash mumkin. Shaharlar geografiyasi iqtisodiy va sostial geografiyaning alohida tarmog’i bo’lib, u turli mamlakat yoki rayonlarda shaharlarning vujudga kelish va rivojlanish xususiyatlari, ularning murakkab hududiy tizimlarining shakllanish qonuniyatlarini o’rganadi. Shaharlar geografiyasi sanoat, transport, aholi geografiyasi, hamda shaharsozlik va rayon planirovkasi, sostiologiya, demografiya, aholiga xizmat ko’rsatish soxalari geografiyasi kabi yo’nalishlar bilan aloqa qiladi. Uni o’rganishda geografik taqqoslash, kartografiya, tarixiy, statistik, modellashtirish va boshqa metodlardan foydalaniladi. Shu bilan birga shaharlarni o’rganish orqali mamlakat yoki viloyatning o’tmishi, ularning hozirga axvoli, ijtimoiy va siyosiy vaziyatidan boxabar bo’lishi mumkin. Ayni paytda shaharlarning geostrategik ahamiyati ham katta. Ammo, shaharlarni aholi punktlarining boshqa shaklidan, jumladan, qishloqlardan keskin ajratish ham nodurustir. Sababi, shaharlarning aksariyati, xususan, bizning sharoitimizda qishloqlar negizida shakllangan. Qolaversa, Osiyo yoki Sharq shaharlari, aslida shahar va qishloqlarning ajralmas birligidir. Shaharlarning ham tarixi uzoq. Biroq bu tarix insoniyat tarixidan qisqa bo’lib, bu davr jamiyat tarixiga mos keladi. Shaharlar jamiyatning hudidiy birikmasi shaklida sinfiy tuzum, ya’ni quldorlik davrida ko’proq rivojlana boshladi. Umuman olganda, shaharlarning vujudga kelishini ijtimoiy mehnat taqsimoti bilan bog’laydilar. Ma’lumki, dastlabki ijtimoiy mehnat taqsimoti dehqonchilikning chorvachilikdan ajralib chiqishidir. Dehqonchilik, xususan sug’orma dehqonchilikning paydo bo’lishi muqim, doimiy (statsionar) aholi manzilgohlarining barpo bo’lishiga sabab bo’ldi. Dastlabki sug’orish inshootlari yoki vositalarini ko’pchilik qurar edi, undan ko’pchilik foydalanar va ularni ko’pchilik qo’riqlardi Shu asosda kishilarning qadimiy jamoasi vujudga keladi. Ammo bu jamoa (jamiyat emas!), kishilarning hududiy birligi u davrda shahar ham qishloq ham deb aytilmasdi. Shaharlar esa ijtimoiy mehnat taqsimotining navbatdagi bosqichi, ya’ni dehqonchilikdan xunarmandchilik va savdoning ajralib chiqishi natijasida paydo bo’ldi. Ushbu kasbdagi kishilar, bevosita qishloq xo’jaligi bilan shug’ullanmaydilar va binobarin, ular har xil mehnat qurollari ishlab chiqarish, hamda tovar ayriboshlash (almashtirish)da vositachilik vazifasini bajargan, qulay joyda o’rnashgan aholi punktlarida yashaganlar. Keyinchalik bunday joylar «shahar» deb atalgan. Quldorlik davrida shaharlar qul savdosi markazi bo’lgan. Ayni shu vaqtda, ular davlat markazlari vazifasini ham o’taganlar. Natijada, shahar - davlat (города-полисы) vujudga kelgan. Masalan, Rim, Afina, Vizantiya, Vavilon, Buxoro, Samarqand (Marokand) shular jumlasidandir. Feodalizmda shaharlar rivojlanishining hunarmandchilik va qishloq xo’jaligi, yerdan foydalanish bilan (feod - yer) bog’liq bo’lgan. Bu davrda shaharlar katta hududlarning siyosiy, diniy, iqtisodiy va madaniy hamda savdo markazlari funkstiyasini bajargan. Shaharlarning jadal taraqqiy etishi, hozirgi zamon urabanizastiya jarayonining rivojlanishi ko’p mamlakatlarda kapitalistik ishlab chiqarish, iqtisod, moliya, transport va boshqa sohalarning mujassamlashuvi asosida sodir bo’lgan. Bizning o’lkamizda esa shaharlar an’anaviy ravishda (sharq madaniyatiga xos holda) sug’orma dehqonchilik, savdo va hunarmandchilik negizida rivojlanib kelgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, «shahar» tushunchasi, barcha el va yurtlarda, mamlakat va muzofotlarda aynan bir ma’noda talqin qilinmaydi, ular bunday maqomda turli davlatlarda turlicha belgilanadi. Chunonchi, islom dini mamlakatlarida shaharlar (Qubbalar) avvalombar bozor va masjidlarning soni bilan belgilangan. G’arb mamlakatlarida shaharlar aholi soni va zichligi, joylarning arxitekturasi va qurilish shakli, manzilgohning bajaradigan vazifasiga o’xshash mezonlar orqali ajratilgan. O’zbekistonda 1972 yildan beri aholi manzilgohining shahar maqomini olishi uchun eng kamida 7 ming aholigi ega bo’lishi hamda ularning ko’pchiligi qishloq xo’jaligi bilan bog’liq bo’lmagan sohalarda band bo’lmog’i shart. Shaharlar murakkab tushuncha. Shu bois ulardan turli fan vakillari har xil talqin qiladilar. Masalan, iqtisod uchun shahar asosan ishlab chiqarish, eng avvalo sanoat markazi, sostiologiya uchun o’ziga xos yashash muhiti, tarixchi uchun o’tmishdan guvohlik beruvchi joydir va h.k. Iqtisodiy geografiyada esa shahar-bu qishloq xo’jaligi bo’lmagan sohalar va ular bilan shug’ullanuvchi aholining hududiy tashkil etish shakllidir; u dinamik ijtimoiy-iqtisodiy tizim (sistema) hisoblanadi. Shaharlar ma’lum sabab, omil asosida vujudga keladi. Ularning paydo bo’lishi qulay geografik o’rin bilan bir qatorda turli xil qazilma boyliklarni qazib olish, ilmu-fan, rekreatsiya, savdo-sotiq, sanoat tarmoqlari, transport kabilarning rivojlanishi bilan bog’liq. Shahar hosil qiluvchi tarmoqlarning eng muhim xususiyati shundaki, ularning ahamiyati, ta’sir doirasi mazkur aholi manzilgohidan chetga chiqadi. Qadimda shaharlar savdo-sotiq va hunarmandchilik negizida paydo bo’lishgan. Keyinchalik bunga eng ko’p sanoat va transport sababchi bo’lgan. Qazilma boyliklar asosida shakllangan shaharlarni ilmiy adabiyotlarda «resurs shaharlar» deb ham yuritishadi. Bunday shaharlar, odatda, o’z atrofi, qishloq joylar bilan kam bog’langan bo’ladi. Shaharlarning aksariyati bizning sharoitimizda, ya’ni dehqonchilik rivojlangan mamlakatlarda, qishloqlar asosida tashkil etiladi; ular muayyan talab darajasiga etganlaridan so’ng qonuniy ravishda bu rasmiy maqomni olishadi. Shaharlarning bunday genetik xususiyatlari urbanizatsiya jarayonining, ayniqsa, qishloq urbanizatsiyasining «sharqona» rivojlanishidan darak beradi. Shaharlar kelib chiqishiga qarab, «yangi» va «eski» shahar bo’lishi mumkin. Biroq bu tushunchalar nisbiydir. Sababi yaqingacha biz sobiq sho’rolar davrida vujudga kelgan shaharlarning barchasini «yangi shaharlar» guruhiga kiritar edik. Hozir esa yangi shaharlarni mustaqillik davri bilan belgilash tug’riroqdir. Biroq, aholi manzilgoxining yuridik ravishda shahar maqomiga ega bo’lishi uning xaqiqiy yangiligini iifodalamaydi. Chunki bunday aholi yashaydigan joylar qadim - qadimdan mavjud. Masalan, Chust shahri so’nggi marta shahar unvonini rasmiy ravishda XX asrning 70-yillarda oldi, vaxolanki uning real tarixi bir necha yuz yilliklarni o’z ichiga oladi. Xuddi shunday, G’ijduvon, Pskent, Nurota, Rishton va hokazolar ko’p yillik tarixga ega. Aslida olganda, yangi shahar deyarli «bo’sh» joyda, yaqinda barpo bulgan, arxitektura qurilishi, obodonchiligi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga eski qishloqning yangi yirik qurilish tufayli o’z qiyofasini tubdan o’zgartirishi, aholi sonini bir necha marta ko’paytirishi ham uning yangi shahar deb atalishiga asos bo’la oladi. Shaharlarning kelib chiqishi, ularning genetik xususiyatlarini o’rganish tarixiy yondashuvni talab qiladi. Ana shunday tarixiy tahlil yordamida ularning o’tmishi va hozirgi holati baholanadi. Bu esa, o’z navbatida, shaharlarni bashorat qilishga (prognozlashga) ilmiy asos bulib xizmat qiladi. Shaharlarning funksional tiplari. Ko’pchilik hollarda shaharlarning genetik tiplari ularning nima bilan shug’ullanishini ham belgilab beradi. Bu esa ularning hududiy mehnat taqsimotida tutgan o’rni, basharasini ko’rsatib turadi. Shaharlar ham turli sohalarga ixtisoslashadi, ya’ni ularning o’ziga xos va mos «kasbi», vazifasi va yo’nalishi mavjud. Bu jihatdan shaharlar sanoat, transport, ilmu-fan, dam olish markazlari bo’lishi mumkin. Shaharlarning qaysi soxaga ixtisoslashuvi, ularning bajaradigan vazifasini aniqlash funksional tipologiya doirasida amalga oshiriladi. Bunda bosh mezon qilib shahar aholisining bandlik tarkibi olinadi, ya’ni qaysi soxada mehnat resurslari ko’proq (mamlakat shahar joylari bo’yicha o’rtacha ko’rsatkichdan yuqori) bo’lsa, o’sha yo’nalish mazkur shaharning funksional tipini ifodalab beradi. Odatda shaharlar quyidagi funksional tiplarga bo’linadi. Ko’p funksiyali siyosiy-ma’muriy markazlar, poytaxt shaharlar. Ko’p funksiyali shaharlar-viloyat markazlari. Ko’p tarmoqli yirik sanoat markazlari. Asosan bir yoki ikki sanoat tarmog’iga ixtisoslashgan shaharlar. Transport markazlari. Agroindustrial shaharlar. Tuman markazlari. Rekreatsiya shaharlari. Ilmu-fan markazlari, universitet shaharlari va x.k. Yuqoridagi funksional tiplar shaharlarning katta-kichikligiga qarab ham turlanadi. Bu holda shaharlarning funksional klassifikatsiyasi vujudga keladi. O’zbekistonda birinchi va ikkinchi guruh shaharlarga Toshkent hamda barcha viloyat markazlari kiradi. Ular ayni paytda ko’p tarmoqli sanoat markazlari ham hisoblanadi. Uchinchi tipga asosan Chirchiq, Olmaliq, Qo’qon kabi shaharlar mansub, to’rtinchi guruhga Marg’ilon, Angren, Ohangaron, Muborak, Gazli, Zarafshon, Taxiatosh, Asaka, Uchqo’rg’on, Quvasoyga o’xshashlarni kiritish mumkin. Kogon, Xovos, Qo’ng’irot-transport shaharlari, Chortoq-rekreatsiya, Ulug’bek-fan markazlaridir. Respublikamizda juda ko’p shaharlar agroindustrial yo’nalishga ega, ya’ni ularda qishloq xo’jalik maxsulotlarini qayta ishlovchi sanoat korxonalari mavjud. Ulardan ham ko’proq shaharlar qishloq tumanlar markazi vazifasini bajaradi. Biroq, bunday shaharlar - «kichik poytaxtlar» ayni paytda agroindustrial xarakteriga ham ega bo’lishlari mumkin. Poytaxt shaharlar mamlakat shaharlar turi va tizimida karvonboshchilik qilishadi. Ammo ular aholisi buyicha eng katta, sanoat o’ta rivojlangan bulishi aslo shart emas. Chunki, bunday shaharlarning asosiy vazifasi-siyosiy markaz, dorulsaltanat, ya’ni poytaxt funkstiyasini bajarishdan, binobarin, mamlakatni boshqarish, uni siyosiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-iqtisodiy jixatdan tashkil qilishdan iborat bo’lishi lozim. Juda ko’p mamlakatlarda poytaxt shaharlar muammosi keskin turadi. Bunday shaharlar mumkin qadar mamlakat hududining o’rtasida (markazida), tarixan asosiy tub millat tarqalgan xududda joylashgan bo’lmog’i lozim. Sababi-ular eng avvalo milliy poytaxtlardir. Shu bilan birga, bu shaharlarda boshqaruv funkstiyasi keng rivojlangan bo’lishi shart. Dunyo mamlakatlarining ayrimlarida poytaxt shaharlari o’zgarib turgan. Masalan, Braziliyada poytaxt Rio-de-Janeyrodan Braziliaga, Pokistonda Karachidan Islomobodga, Qozog’istonda Olma-Otadan Ostonaga ko’chirilgan va xokazo. Bir vaqtlar Ukrainaning poytaxti Xarkov, Rossiyaniki Peterburg, Turkiyaniki Istambul, Qoraqalpag’istonniki To’rtko’l bo’lgan, O’zbekiston Respublikasining dastlabki poytaxti Samarqand bo’lib, 1930-yilda bu vazifani bajarish Toshkentga ko’chirilgan. Poytaxt shaharlarning nufuzi ham, ma’suliyati ham yuqori. Binobarin, xar qanday mamlakat o’zining bosh shaxri, «yo’l boshchisiga» katta e’tibor bermog’i tabiiydir, chunki ular o’sha joyda yashovchilarning milliy iftixori hisoblanadi. «Urban» (urban) - shahar, «zatsiya» - jarayon demakdir. Shu ma’noda urbanizatsiya mamlakat yoki boshqa hududlarning shaharlashuvini anglatadi. U o’ta murakkab, ijtimoiy-iqtisodiy va butun dunyoga xos global jarayondir. Biroq uning geografik jihatlariham kam emas, chunki urbanizatsiya turli mamlakat va rayonlarda o’zgacha sodir bo’lmoqda. Urbanizatsiya murakkab hodisa ekanligi tufayli uni faqat bitta mezon, ko’rsatkich bilan ifodalash, o’lchash mumkin emas. Ammo, shunday bo’lsa-da, barcha uchun qulay bir o’lchov kerak. U ham bo’lsa mamlakat va boshqa hududlar aholisining qanchasi, qancha qismi shahar joylarda yashashi, ulushi, nisbiy hissasidir. Masalan, O’zbekiston Respublikasida bu ko’rsatkich 51%,Tojikistonda-32%, Afg’onistonda-19%, Turkmanistonda-48% va x.k. Rivojlangan mamlakatlarda urbanizatsiya koeffistienti 90 va undan ortiq foizni tashkil etadi. Urbanizatsiyaning umumiy ko’rsatkichi bilan mamlakat iqtisodiyotining rivojlanganlik darajasi va uning tarkibiy tuzilishi orasida ma’lum aloqadorlik bor. Chunonchi, agar urbanizatsiya koeffistienti taxminan 70-75 va undan ortiq bo’lsa, u holda mamlakat sanoat jihatidan yuksak darajada rivojlangan industrial mamlakat hisoblanadi; 50-70%-bu ham rivojlangan, milliy iqtisodiyoti industrial-agrar; 30-50%- rivojlanayotgan agrar-industrial va 30 foizdan past bo’lsa, sust rivojlangan agrar mamlakat holatida bo’ladi. Ammo, shuni alohida ta’kidlash joizki, urbanizatsiyaning yuqoridagi ko’rsatkichi hamma vaqt va hamma joylarda ham real hududiy-iqtisodiy vaziyatni aks ettirmaydi. Masalan, Rossiya Federastiyasining Chukotka o’lkasida yoki Kamchatka, Magadan viloyatlarida, o’zimizning +oraqalpog’istonda urbanizatsiya ko’rsatkichi nisbatan yuqori. Biroq, bu hududlar iqtisodiy jihatidan uncha rivojlanmagan. O’zbekiston bilan Turkmanistonni olaylik: urbanizatsiyaning demografik ko’rsatkichi Turkmanistonda biznikidan ko’ra ancha yuqori. Vaholanki, iqtisodiyotda bunday xulosa chiqarish notug’ri bo’lardi. Har qanday hudud aholi manzilgohlari tizimida shaharlar o’z o’rni va mavqeiga ega. Garchi mamlakatimizda urbanizatsiya jarayoni nisbatan sust rivojlangan bo’lsada, unda shaharlarni o’rganish ancha ilgarilab ketganligini ko’rish mumkin. Shaharlarning geografiya fanlari tizimida xususan iqtisodiy va ijtimoiy geografik o’rganilishi o’z tarixiga ega. Shaharlar geografiyasi iqtisodiy va sostial geografiyaning eng rivojlangan yo’nalishlaridan biridir. Ushbu sohadagi ancha mukammalroq tadqiqotlar O’zbekiston Respublikasida XX asrning 50-yillaridan boshlangan. Ma’lumki, bu davrda respublikamizning ayrim mintaqalarini majmuali o’rganishga katta e’tibor qaratilgan. Ana shu tadqiqotlar yo’nalishlaridan biri shaharlarni o’rganishga bag’ishlangan bo’lib, bu borada N.V. Smirnovning 1957 yilda nashr etilgan “Farg’ona vodiysi shaharlari” kitobi respublika shaharlarini o’rganishdagi dastlabki qadam bo’ldi. Keyinchalik bu sohada ToshDU (hozirgi O’zMU) iqtisodiy geografiya kafedrasi olimlari T.I.Raimov, O.B.Otamirzayev, A.S.Soliyev kabilarning faoliyati samarali bo’lgan. Aynan ana shu olimlar O’zbekistonda ilk bor shaharlar geografiyasiga oid mukammal tadqiqot olib borishgan. XX asrning 70-yillari O’zbekiston shaharlari va shaharlar geografiyasi tarixida o’ziga xos davr bo’lgan. 1972 yilda respublika Oliy Sovetining aholisi 7 ming kishi bo’lgan manzilgohlarga shahar maqomini berish to’g’risida qarorining qabul qilinishi, ikkinchidan 1973, 1975 yillarda geourbanizatsiyaga bag’ishlab ilmiy seminarlarning tashkil qilinganligi (shundan keyin shaharlar geografiyasiga oid ilmiy seminarlar umuman tashkil qilinmagan ) va uning natijasi o’laroq bir nechta nomzodlik dissertastiyalari muvafaqqiyatli himoya qilingan (A.S.Soliyev, O.B.Otamirzaev va boshqalar). Bu davr geourbanizatsiyaning respublikamiz mintaqalari doirasida tahlil qiladigan bo’lsak, uni monostentrik tarzda rivojlanganligini ko’rish mumkin. Chunki bunday tadqiqotlar faqatgina ToshDU (hozirgi O’zMU) olimlari tomonidan olib borilgan. Bunda T.I.Raimovning xizmatlarini alohida ta’kidlash joiz. T.I.Raimov milliy kadrlar ichida birinchilardan bo’lib shaharlar muammolari va urbanizatsiya jarayoni bo’yicha shug’ullangan mutaxassis hisoblanadi. U ayniqsa Toshkent shahri va aglomerastiya bo’yicha ancha mukammal tadqiqotlar olib borgan. Mazkur yo’nalishda bir qancha fan nomzodlari uning rahbarligida etishib chiqdilar. Ana shu davrda yetishib chiqqan yetuk shaharshunos olimlardan biri O.B.Otamirzayevdir. U kishi dastlab shaharlar va ularning hududiy majmualarini (olim XX asrning 70-yillarida Farg’ona – Marg’ilon aglomerastiyasi mavzusida nomzodlik dissertastiyasini yoqladi) tadqiq etgan bo’lsa, keyinchalik O’zbekistonda shaharlarning geodemografik tadqiqoti va urbanizatsiya jarayonlarini boshqarish muammolari bilan shug’ullangan. Respublikamizda shaharlarni ijtimoiy va iqtisodiy geografik o’rganishning rivojlanishida O’zMU professori geografiya fanlari doktori A.S.Soliyevning xizmatlari benihoyat katta. Olim dastlab fan olamiga ham shaharshunos sifatida kirib keldi. U 1973 yilda “Tojikiston shaharlarining shakllanishi va rivojlanishi” mavzusida nomzodlik dissertastiyasini himoya qildi. A.S.Soliyev nafaqat Tojikiston balki butun O’rta Osiyo shaharlari va ularning muammolarini tadqiq etgan. Shularning samarasi o’laroq olimning O’rta Osiyo shaharlariga bag’ishlangan bir nechta monografiyalari (1980, 1984, 1991) nashr qilingan. Shuningdek professor A.S.Soliyev rahbarligida 5 nafar tadqiqotchi shaharlar geografiyasi yo’nalishida nomzodlik dissertastiyasini himoya qilgan. Ma’lumki, 1976 yildan boshlab sobiq Ittifoqda iqtisodiy geografiya rasman iqtisodiy va sostial geografiya maqomiga ega bo’ldi. Shu munosabat bilan iqtisodiy geografiyada an’anaviy tarmoqlar bilan birga aholi va uning ijtimoiy hayoti bilan bog’liq bo’lgan sohalarning o’rganilishiga katta e’tibor berila boshlandi. Ana shunday tadqiqotlarning rivojlanishi natijalarini 1982 yilda nashr etilgan "O’zbekiston shaharlarining mehnat resurslari" to’plamida ko’rish mumkin. XX asrning 80-yillaridan keyingi davrdagi shaharlarni iqtisodiy geografik o’rganishga N.H.Mamatqulov (Samarqand aglomeratsiyasi), Vey Sin (O’rta Osiyo shaharlarining shakllanishi va rivojlanishi), Z.H.Rayimjonov (O’rta Osiyo resurs shaharlari) va T.N.Mallaboev (Farg’ona vodiysi shaharlari aholi punktlari tizimida) kabilarning dissertastiyalari bag’ishlangan. Masalan, N.H.Mamatqulov shaharlar va ularning hududiy majmualarini o’rgangan. U kishi 80-yillarda respublikaning ikkinchi shahri hisoblangan qadimiy Samarqand atrofida vujudga kelgan aglomerastiyani tadqiq etib, uni nomzodlik dissertastiyasi darajasigacha olib chiqqan. Afsuski, shaharlar aglomerastiyasini o’rganish keyingi yillarda biroz susaydi. Buni biz shaharlar aglomerastiyalariga doir N.H.Mamatqulovdan keyin respublikada birorta dissertastiya himoya qilinmaganligidan ham bilishimiz mumkin. Z.H.Rayimjonov esa 1992 yilda “O’rta Osiyo resurs shaharlarining rivojlanishi” mavzusida nomzodlik dissertastiyasini yoqladi. Ishda O’zbekistondagi resurs shaharlarning shakllanishi va rivojlanishi, funkstional va genetik tiplari, aholisi va mehnat resurslari, rivojlanish istiqbollari hamda muammolari O’rta Osiyo resurs shaharlari doirasida tadqiq etilgan. Shuningdek, shaharlar muammolari E.Toshbekov, N.Fayziev, I.Inomov, R.Tillaev, A.Qayumov, Sh.Imomovlar tomonidan, turli iqtisodiy rayon va viloyatlar shaharlari U.Sultonov, R.Axmedov, X.Tursunov, Z.Abdalova, S.Zokirovlarning ishlarida, shahar aholi manzilgohlari ayrim viloyatlar aholi geografiyasi doirasida I.Safarov, M.Yangiboev, A.Sa’dullaev, R.Mahamadaliev, M.Erdonov, M.Qodirov. Sh.Jumaxonov, Z.Tojieva, G.Xo’jaevalar, tomonidan shahar atrofi qishloq xo’jaligi R.Usmonov, S.Boqiev, X.Xalilova va J.Musaevlar tomonidan yoritilgan. Respublikamizda urbanizatsiya jarayoni tarixi geograf (O.B. Otamirzayev, A.S.Soliyev) va tarixchi (V. Gentshke, R. Murtazaeva) olimlar hamkorligida tadqiq etilgan bo’lib, ushbu tadqiqot natijasi mualliflar jamoasi tomonidan yaratilgan "O’zbekistonda urbanizatsiyaning tarixiy demografik ocherklari" kitobida o’z aksini topgan. O’zbekistonda shaharlarning iqtisodiy geografik o’rganilishida qator iqtisodchi olimlar ham munosib hissa qo’shganlar. Bu borada E.A.Axmedov va E.N.Fataxovlarning ishlarini alohida ta’kidlash joiz. E.A.Axmedovning nomzodlik (Toshkent – Angren – Chirchiq sanoat rayoni yangi shaharlari, 1962) va doktorlik (O’zbekiston shaharlarining kompleks sotsial-iqtisodiy rivojlanishi masalalari, 1990) mavzulari ham shaharlar geografiyasiga bag’ishlangan. Bundan tashqari oilm turli yillarda O’zbekiston shaharlari va ularning ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanishiga bag’ishlab bir nechta monografiyalar chop ettirgan (1984, 1991, 2002). Professor E.N.Fataxov esa shaharlar shakllanishi va rivojlanishida tog’-kon sanoatining o’rnini (1972, 1986) tadqiq etgan. Shaharlar mavzusini ayrim tabiiy geografik tadqiqot natijalarida ham ko’rish mumkin. Bu borada A.V.Hisomov (Toshkent shahri iqlimi), G’.R.Pardaev (Samarqand shahri iqlimi), A.Soatov (O’zbekiston hududi tabiiy sharoitini shaharsozlik maqsadlarida baholash) kabi olimlarning ishlari alohida diqqatga sazovordir. Garchi shaharlarni o’rganish borasida respublikamizda qator ishlar amalga oshirilgan bo’lsada, bugungi kunda ham bir necha yosh olimlar bu sohada tadqiqotlar olib bormoqda. Ular sirasiga professor A.S.Soliyev ilmiy rahbarligida tadqiqot olib borayotgan Z.A.Abdieva (Navoiy shahrining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishi va ekologik holati), U.A.Atajanova (Toshkent shahri), M.M.Mo’ydinov (Bozor munosabatlari sharoitida yirik shaharlarni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirishning ba’zi bir masalalari) va A.M.Mavlonov (Cho’l sharoitida shaharlarning shakllanishi va rivojlanish muammolari), professor E.A.Axmedov ilmiy rahbarligida M.Z.Nuranov (Qoraqalpog’iston shaharlari), professor H.Vahobov ilmiy rahbarligida M.M.Qodirova (Arid zonalarda joylashgan sanoat shaharlarining geoekologik holatini baholash va bashoratlash) kabilarni kiritish mumkin. Shaharlarning istiqboldagi iqtisodiy va sostial geografik o’rganilishi eng avvalo respublikamizning siyosiy mustaqilligi va uning iqtisodiyotini bozor munosabatlariga o’tish sharoitidagi muammolarni hal etishga qaratilmog’i lozim. Bunda asosiy e’tiborni turli yiriklikdagi shaharlar, shahar aglomerastiyalari va umuman urbanizatsiya jarayonini aholi va ishlab chiqarishni hududiy tashkil etishning eng yuqori samara beradigan yo’nalishlariga qaratish lozim. Xulosa O’zbekiston garchi shaharlar rivojlanishi va urbanizatsiyalashuv jarayoni nisbatan yuqori bo’lgan mamlakatlar qatoriga kirmasada, bu yerda shaharlarni geografik jihatdan o’rganish mavzusi ancha oldinlab ketgan. Bu xususda eng avvalo T.Raimov, O.B. Ata-Mirzayev va A.S. Soliyevlarning («O’rta Osiyo uchligi») faoliyatlari samarali bo’lgan. Ular hamkorlikda qator ilmiy konferensiya va seminarlar tashkil qilishgan va ilmiy maqolalar yozishgan. Shuningdek, shaharlar muammolari E.Toshbekov, E.Ahmedov, N.Fayziyev, I.Inomov, R.Tillayev, A.Qayumov, Z.Raimjonov, Sh.Imomovlar tomonidan ham tadqiq qilingan; turli iqtisodiy rayon va viloyatlar shaharlari, shahar aglomeratsiyalarining shakllanishi va rivojlanishi, ularning ekologik muamolariga T.Mallaboyev, N.Mamatqulov, Vey Sin, U.Sultonov, R.Ahmedov, X.Tursunov, Z.Abdalova, S.Zokirov, M.Egamberdiyeva, A.Mavlonov, P.Qurbonovlarning ilmiy ishlari bag’ishlangan. Ammo yuqorida nomlari keltirilgan aksariyat tadqiqotchilarning ishlari dissertatsiya holatida qolib ketgan, monografiya, o’quv va o’quv – uslubiy qo’llanma sifatida nashr qilinmagan. Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, O’zbekistonda shaharlar geografiyasiga oid qator ilmiy tadqiqot ishlari olib borilgan. Lekin, ushbu fanni oliy ta’lim muaassasalarida o’qitilishi bo’yicha o’zbek tilida darslik, o’quv qo’llanma, o’quv – uslubiy qo’llanmalar yaratilishini ijobiy deb baholab bo’lmaydi. Mazkur muammoni hal qilish bugungi kunning dolzarb masala hisoblanadi. Geografiya ta’lim yo’nalishi bo’yicha o’qitiladigan ba’zi mutaxassislik fanlari bo’yicha darslik, o’quv qo’llanma, o’quv – uslubiy qo’llanmalarning kamligi kuzatiladi. Bu esa talabalarni ayrim fanlarni o’zlashtirishida muammolarga sabab bo’lmoqda. Biz ushbu masalaga yordam berishlarini tayanch oliy o’quv yurti – O’zbekiston Milliy Universiteti olimlaridan va kafedramiz professor-o’qituvchilaridan so’raymiz; O’zbekiston garchi shaharlar rivojlanishi va urbanizatsiyalashuv jarayoni nisbatan yuqori bo’lgan mamlakatlar qatoriga kirmasada, bu yerda shaharlarni geografik jihatdan o’rganish mavzusi ancha oldinlab ketgan; Ammo shaharlar geografiyasiga oid darslik, o’quv qo’llanma, o’quv – uslubiy qo’llanmalar deyarli yaratilmagan. Shu bois, kelajakda mazkur yo’nalishda ilmiy adabiyotlarni yozish shaharshunos olimlarimizning vazifasidir; Shuningdek, turli bayram va tantanalar arafasida (“Xotira va qadrlash kuni”, “Ustoz va murabbiylar kuni” va h.k.) shaharshunos olimlarimizni (E.A.Axmedov. A.S.Soliyev va b.) ilmiy-ijodiy faoliyatini targ’ibot – tashviqot qiluvchi tadbirlar, davra suhbatlari tashkil qilish yosh avlodni yetuk olimlarimizning ilmiy merosini o’rganishda katta yordam beradi. Geografiya ta’lim yo’nalishi bo’yicha o’qitiladigan har bir mutaxassislik fanlari, jumladan shaharlar geografiyasi bo’yicha internet tizimida maxsus saytlar ochilib, ularda ushbu fanga oid yangiliklar berib borilsa yaxshi bo’lardi. Bundan, birinchidan geograflar fan yangiliklaridan doimiy xabardor bo’lib borishsa, ikkinchidan fanimizning yanada ommaviylashishiga yordam bo’lardi; Men kelajakda ushbu ishimini davom ettirib, shaharlarni geografik o’rganish bo’yicha uslubiy qo’llanma yoki shaharlar geografiyasi faniga oid izohli lug’at tayyorlashni va uni chop ettirishni o’z oldimga maqsad qilib qo’ydim. Download 39.89 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling