Mavzu: shaharlarning vujudga kelishida geografik oʻrinning roli kirish


Download 42.86 Kb.
bet3/4
Sana15.06.2023
Hajmi42.86 Kb.
#1485848
1   2   3   4
Bog'liq
hkj4

Ikkinchi yo’nalish aholi manzilgohlarining geografiyasi va demografiya muammolari, shaharlar va urbanizatsiya jarayonining mintaqaviy masalalarini o’rganish birmuncha kechroq vujudga kelgan bo’lsada, u juda tez rivojlanib ketdi. Ushbu yo’nalishning shakllanishi eng avvalo N.V.Smirnov faoliyatidan boshlangan. N.V.Smirnov va N.G.Sapenko ilmiy rahbarligida respublikamizda, xususan Farg’ona vodiysi shaharlari bo’yicha ko’plab diplom ishlari bajarilgan. Buning natijasida N.V.Smirnov 1957 yilda o’zining Farg’ona vodiysi shaharlari to’g’risida kitobini nashr ettirgan. Keyinchalik O’zbekiston va uning ayrim rayonlari: Quyi Amudaryo. Toshkent va Toshkent viloyati shaharlari haqida ham ilmiy asarlar yaratilgan.
Aholining tabiiy va mexanik harakati, oila demografiyasi, aholini bashorat etish kabi muammolarni o’rganish ayniqsa M.Q.Qoraxonov rahbarligida tashkil etilgan O’rta Osiyoda yagona ilmiy tadqiqot labaratoriyasi faoliyati bilan bog’liq bo’lgan. Ushbu yo’nalishning rivojlanishida I.Mullajonov, H.Salimov, G.Asanov, O.Ota-Mirzoev, M.Bo’rieva, O.Ergashev, O.Saidaxmedovlar ham katta xizmat qilishgan. Aholi va mehnat resurslari R.Ubaydullaeva, A.Qayumov, O.Ergashev, O.Saidaxmedovlar, M.Yangiboev, I.Safarov, T.Jumaev, A.Hotamov, I.Atajonov, R.Qadirov, M.Mamajonov, aholi migrastiyasi S.N.Kononenko, L.P.Maksakova, B.Maxmudov, aholining tabiiy harakati - R.Valieva, N.Aliakbarova, M.O’rinova, Sh.Abdullaev, A.G’anievlar tomonidan o’rganilgan.
O’zbekiston garchi urbanizatsiya jarayoni nisbatan sust rivojlangan mamlakat bo’lsada, bu yerda shaharlar mavzusi ancha oldinlab ketgan. Bu xususda eng avvalo T.Raimovning faoliyati samarali bo’lgan. U kishi Ota-Mirzoev va A.Soliyevlar bilan hamkorlikda («O’rta Osiyo uchligi») qator maqolalar yozishgan. Shuningdek, shaharlar muammolari E.Toshbekov, E.Ahmedov, N.Fayziev, I.Inomov, R.Tillaev, A.Qayumov, Z.Raimjonov, Sh.Imomovlar tomonidan ham tadqiq qilingan; turli iqtisodiy rayon va viloyatlar shaharlari, shahar aglomerastiyalarining shakllanishi va rivojlanishi, ularning ekologik muamolariga T.Mallaboev, N.Mamatqulov, Vey Sin, U.Sultonov, R.Ahmedov, X.Tursunov, Z.Abdalova, S.Zokirovlarning ilmiy ishlari bag’ishlangan. Shu bilan birga shaharlar va qishloq manzilgohlari ayrim viloyatlar aholi geografiyasi doirasida I.Safarov, M.Yangiboev, A.Sa’dullaev, R.Mahamadaliev, M.Erdonov, M.Qodirov, Sh.Jumaxonov. Z.Tojieva, G.Xojaevalar tomonidan o’rganilgan, aholi joylashuvini boshqarish va ijtimoiy - infrastruktura to’g’risida V.M.Cheskidov va B.N.Smirnovlarning nomzodlik dissertastiyalari yozilgan.
Yuqoridagi yo’nalishlardan tashqari iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning boshqa muammolari ham ozmi-ko’pmi tadqiq qilingan. Jumladan, fanning umumnazariy masalalari, iqtisodiy geografiyaning asoslari va dolzarb muammolari Z.Akramov, O.Ota-Mirzoev, A.Soliyev, A.Qayumov, Sh.Azimovlarning ishlarida ko’rilgan. Sanoat geografiyasi bo’yicha Sh.N.Zokirov, A.Jalilov, H.Xolmatov, N.Sultonov, U.Sodiqov, X.Mamatqulov, Yu.Salomov, M.Toirov, M.G’opirov, F.Obidov, S.Xaydarov, B.Kalonov, Yu.Ahmadaliev, L.Erdonov, H.Mirzaahmedov, L.Qarshiboevalar tadqiqot olib borishgan. Alohida viloyat va kichik hududlar xo’jaligi F.Muqminov, Z.Tog’aev, J.Musaev, K.Gadoev va boshqa mutaxassislar faoliyatida o’z ifodasini topgan. Aholiga xizmat ko’rsatish, tibbiyot va ilmiy tadqiqotlar, turizm geografiyasi respublikamizda ilk bor M.Nazarov, N.Komilova, H.Nazarova, G.Bekbulatova, M.Usmanovlar tomonlaridan o’rganilgan.
Hozirgi vaqtda O’zbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning milliy va mintaqaviy markazlari, ilmiy yo’nalish va maktablari shakllanmoqda. Bunday markaz va yo’nalishlar katta ilmiy salohiyatiga ega bo’lgan Toshkentdan tashqari Namangan, Samarqand, Termiz, Farg’ona va Qarshi shaharlarida ham vujudga kelmoqda.
Ilmiy darajaga ega bo’lgan iqtisodiy geograflar hozirgi vaqtda O’zbekiston Milliy universitetida (A.Soliyev, A.Qayumov, M.Nazarov, N.Komilova, H.Nazarova, S.L.Yanchuk, Z.Tojieva, O’.Yakubov), Toshkent Davlat Pedagogika universitetida (Z.Rayimjonov, B.Mirtursunov), Toshkent Iqtisodiyot universitetida (T.Jumaev), Toshkent moliya institutida (X.Salimov, Sh.Azimov, Z.Abdalova), Samarqand Davlat universitetida (N.Mamatqulov, M.Qodirov, X.Xalieva, M.Usmonov), Nukus Davlat universitetida (G.Xodjaeva, G.Bekbulatova), Nukus pedagogika institutida (E.Umarov), Qarshi Davlat universitetida (L.Erdonov), Urgench Davlat universitetida (I.Atajonov), Namangan davlat universitetida (T.Mallaboev, S.Haydarov, Sh.Jumaxonov, H.Mirzaaxmedov, M.Maxmudova), Farg’ona Davlat universitetida (Yu.Axmadaliev), Andijon Davlat universitetida (M.Mamajonov, R.Qodirov), Guliston Davlat universitetida (M.Nurnazarov, L.Qarshiboeva, K.Xidiraliev), Jizzax pedagogika institutida (K.Qurbonov), Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutida (A.Hotamov) xizmat qilishmoqda.
Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning istiqboldagi rivojlanishi va vazifalari eng avvalo O’zbekiston Respublikasinig bozor munosabatlariga o’tish davridagi dolzarb muammolaridan kelib chiqadi. Masalan, yangi iqtisodiy munosabatlarga o’tish sharoitida ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish, mamlakatni iqtisodiy rayonlashtirish va uning mintaqaviy siyosatini ilmiy jihatdan yaratish, sanoat va qishloq xo’jalik geografiyasini mulkchilikning turli shakllarini hisobga olgan holda tadqiq etish, qo’shma va kichik korxonalar, erkin iqtisodiy zonalar, investistiya makoni, qurilish, transport, tashqi iqtisodiy aloqalar geografiyasini o’rganish, respublika yer-suv, mineral xom ashyo va boshqa tabiiy resurslarga iqtisodiy jihatdan baho berish muhim yo’nalishlar hisoblanadi. Shuningdek geograflar mamlakatimizning g’alla (don), neft va yo’l mustaqilligiga erishuvidagi muammolarning echimiga, iqtisodiyotning turli tarmoqlarini o’rganishga ham o’zlarining munosib hissalarini qo’shishlari lozim.
Ijtimoiy-iqtisodiy muammolar doirasida aholi va mehnat resurslarning hududiy tarkibi, turli yiriklikdagi shahar aglomerastiyalari, urbanizatsiya jarayonini o’rganish, savdo, marketing va hududiy boshqaruv (menejment), aholiga xizmat ko’rsatish sohalari geografiyasi bo’yicha tadqiqotlar ko’lamini kengaytirish, tabiatdan foydalanish va ishlab chiqarishni hududiy tashkil etishdagi ekologik masalalar, aholi migrastiyasi va boshqa mavzular tadqiq etilishi kerak. Ayni paytda qishloq joylarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bu joylarda ijtimoiy infrastruktura tizimini shakllantirishga oid tadqiqotlarning ahamiyati ham beqiyos.
Fanimizning jahon andozlariga mos ravishda rivojlanishi va uning to’laqonli ijtimoiy geografiya maqomida shakllanishida sostial muammolarning hududiy jihatlarini o’rganish muhim vazifalardan hisoblanadi. Aholining yashash sharoiti va tarzi, urf - odatlari, hulq-atvor geografiyasi, fan, rekreastiya, turizm, din, tibbiyot va jinoyatchilik geografiyasi shular jumlasidandir. Bunday tadqiqotlar sostiologiya, psixologiya, tarix, etnologiya, huquqshunoslik va demografiya fanlari qirrasida bajariladi.
O’zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishuvi, uning jahon hamjamiyatida suveren davlat sifatida o’ziga munosib o’rin olishi siyosiy geografiyaga oid mavzularni ham kun tartibiga qo’ydi. Xususan, mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan munosabati, uning turli xil davlatlararo mintaqaviy tashkilotlardagi ishtiroki, ma’muriy-hududiy tuzilmasi, milliy poytaxti-Toshkentning siyosiy funkstiyalari va diplomatik aloqalari, harbiy va elektoral geografiya kabi muammolar keng o’rganilmog’i zarur. Shu bilan birga fan tarixi va tarixiy geografiya, xalqaro turizmga doir tadqiqotlarni ham olib borish maqsadga muvofiqdir.
Yuqorida qisqacha ko’rib chiqilgan fan tarixidan ma’lum bo’lishicha, iqtisodiy va ijtimoiy geografiya respublikamizda katta yo’lni bosib o’tgan, biroq uning nazariy va amaliy salohiyati, keng qamrovda rivojlanishini aynan mustaqillik davriga to’g’ri keladi. Chunonchi bu davrda:
1. Iqtisodiy geografiya fanining amaliy (konstruktiv) ahamiyati kuchaymoqda. Jumladan, bu fan vakillari mustaqil mamlakatimizning mintaqaviy siyosatini amalga oshirishda, demografik jarayonlarni boshqarish va bashorat qilishda, milliy iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni hududiy tashkil qilish masalalarida salmoqli ishlarni bajarishmoqda.
2. Iqtisodiy geografiyaning frontal rivojlanishi uning integrastion salohiyatidan to’laroq foydalanishga keng imkoniyatlar yaratdi, fanning yanada sostiallashuvi, siyosiy, ekologik, tarixiy yo’nalishlarga katta ahamiyat berildi. Bularning natijasida iqtisodiy va sostial geografiya ijtimoiy geografiyaga aylandi.
3. ijtimoiy geografik tadqiqotlarni zamon talabi bozor munosabatlariga mos holda olib borishda O’zbekiston Milliy universiteti, Toshkent iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Namangan, Samarqand, Termiz Davlat universitetlari olimlari O’zbekiston Geografiya jamiyati, Ijtimoiy fikr markazi xodimlarining xizmatlari katta va salmoqlidir.
4. shu bilan birga, mustaqillik va bozor munosabatlariga o’tish ijtimoiy geografiyaning nazariy (fundamental) muammolarini yanada chuqurroq va aniqroq o’rganishni taqozo etmoqda. Xususan bu davrda ishlab chiqarishni joylashtirishni tartibga solish va boshqarish, ijtimoiy va demografik jarayonlar, turli mintaqalarda mehnat bozorini shakllantirish va faollashtirish, geoekologik muammolar echimini ilmiy jihatdan asoslab berish muhim ahamiyatga ega.
5. Tabiiy resurslardan mamlakat milliy iqtisodiyotini mustahkamlash maqsadida oqilona foydalanish, ekologik muammolarga bag’ishlangan qator ilmiy va ilmiy-amaliy anjumanlar o’tkazildi, ijtimoiy geografiyaning turli muammolariga doir davlat, ya’ni o’zbek tilida monografiya, o’quv qo’llanma va darsliklar, ma’ruza matnlari nashr ettirildi.
6. Ijtimoiy geografiyaning boshqa fanlar bilan aloqasi kuchaydi, ushbu fan turkumiga kiruvchi sohalar o’quv yurtlarining qator fakultetlarida joriy etildi, umumta’lim maktablarda iqtisodiy bilim asoslarini o’rganish yo’lga qo’yildi.
7. O’bekiston olimlari va ilmiy maktablarining O’rta Osiyo hamda Qozog’iston respublikalari MDH davlatlari doirasidagi mavqe-obro’i, ular bilan amaliy aloqalar kuchaymoqda. Ushbu yo’nalishda etishib chiqqan milliy kadrlar respublikamizning turli nufuzli tashkilotlarida faoliyat ko’rsatib kelmoqdalar. Bu esa ijtimoiy (iqtisodiy va ijtimoiy) geografiyaning yuksak salohiyati, integrastion imkoniyatlaridan darak beradi.
Davlatlar va iqtisodiy rayonlarni o’rganishda, o’lkashunoslikda bu hududlarning umumiy ta’rifidan shaharlarga o’tiladi, ya’ni shaharlar mamlakatlar ichki tuzilishi, xo’jalik tarkibi va hududiy tafovutlarni bilib olishda tahlil qilinadi. Demak, bunday an’anaviy yo’nalishda shaharlar o’lka, xudud iqtisodiy ta’rifining poyonida, yakuniy bo’g’inidan o’rin olgan. Biroq bu masalani aksincha, muqobil ravishda ham hal etish imkoniyati bor: shaharlarning jamiyat hayoti va uning sostial- iqtisodiy tuzilmasini aniq va asosiy hududiy shakli ekanligidan kelib chiqqan holda mamlakat tavsifini, uning shaharlaridan boshlash mumkin.
Shaharlar mamlakat va iqtisodiy rayonlar geografiyasida o’rganilishi bilan bir qatorda ular alohida tadqiqot ob’ekti bo’lib ham xizmat qiladi. Bu borada, ya’ni shaharlarni iqtisodiy geografik o’rganish tartibi haqida ilmiy-uslubiy adabiyotlarda ko’pgina taniqli olimlarning ko’rsatmalari mavjud. Albatta, shaharlarni o’rganish avvalambor ularning tarixi, kelib chiqishi, genetik xususiyatlarini tahlil qilishdan boshlanadi. Natijada, asosan tarixiy manbalarga tayangan holda, o’rganilayotgan shahar yoki shaharlarning nima uchun aynan shu joyda va o’tmishning aynan shu bosqichida vujudga kelganligi yoritilib beriladi.
Shaharlarni retrospektiv o’rganish tarixiy tamoyilga binoan bajariladi: qo’yilgan maqsad nuqtai nazaridan o’tmish ma’lum tarixiy davrlarga bo’linadi va har bir davrning shahar (shaharlar) shakllanishi va rivojlanishiga bo’lgan ta’siri tadqiq etiladi. Ammo, bu erda tarixning «ikir-chikiriga» o’tib ketilmaydi, geografiya tarix uchun emas, aksincha tarix geografiyaga xizmat qilishi kerak.
Mamlakatimiz shaharlarini o’rganishda, ularni bunyod etilganligidan boshlab, hozirgi kungacha bosib o’tgan yo’lidagi asosiy tarixiy, davriy voqealar qisqacha ko’rilib chiqiladi va ular mavjud borliqdan kelib chiqqan holda baholanadi. Boshqacha qilib aytganda, shaharlarning tarixi vujudga kelgan va rivojlanib ketgan davr nuqtai nazaridangina emas (bu asosan tarixning vazifasi), balki ularning hozirgi vaqtdagi xolatidan kelib chiqib ham tahlil qilinadi. Tarixiy geografiya uchun esa har bir hodisa o’sha davrdan kelib chiqib tahlil etilishi va baholanishi lozim. Zero, Geraklit aytganidek, «Ayni bir oqimga bir vaqtning o’zida ikki marta tushib bo’lmaydi». Chunki, ikkinchi marta kirganda oqim (suv) ham, unga tushuvchi ham ilgarisidek emas, o’zgargan bo’ladi.
O’zbekiston shaharlarni o’rganishda, ularning qadimiy va boy tarixidan tashqari, rus va sovetlar imperiyasi davrlari ham ko’rib chiqiladi. Shundan so’ng shaharlar shakllanishi va rivojlanishidagi mamlakatimizning mustaqillik davriga alohida e’tibor berish lozim.
O’rganilayotgan shahar yoki shaharlar tarixiga ko’ra, ularning genetik turlari ajratiladi, «yangi» va «eski» shaxarlar guruhi aniqlanadi. Endigi sharoitda «yangi shaharlarni» sobiq sovetlar davrida vujudga kelganligi bilan asoslash nodurustdir. Qolaversa, «yangi» shahar tushunchasining o’zi ham nisbiydir. Keng ma’noda, yurtimizning yangi tarixiga muvofiq «yangi shaharlar» deb ularni Turkiston Rossiya tomonidan zabt etib olingan (XIX asr yarmi) davrdan so’ng paydo bo’lganlarini aytish mumkin. Bunday shaharlar turkumiga Farg’ona (Yangi Marg’ilon, Skobelov), Kogon (Yangi Buxoro), To’rtkul (Petroaleksandrovsk)lardan boshlab keyingi yillarda vujudga kelgan barcha shaharlar kiritiladi. Shu ma’noda sobiq SSSR davrida barpo bo’lgan shaharlar (Navoiy, Zarafshon, Shirin, Do’stlik, Marjonbuloq, Tolimarjon, Yangier va boshqalar) ham yangilar qatoriga kiradi. Ammo iqtisodiy va sostial geografiya nuqtai nazaridan qaraganda butunlay «bo’sh» yoki o’zlashtirilmagan joylarda hamda keyingi qisqa davrda ahohisi va xo’jaligi keskin rnvojlangan va tashqi qiyofasi tubdan o’zgargan manzilgoxlarni tom ma’nodagi yangi shaxarlar deb atash to’g’riroqdir.
Shaxarlar geografiyasini o’rganishdagi navbatdagi bosqich ularni katta-kichikligi bo’yicha tabaqalashtirish (klassifikatsiyalashtirish) dan iboratdir. Bu yerda qo’yilgan maqsad va tadqiq qilinayotgan ob’yekt xususiyatidan kelib chiqib, shaharlar to’ri aholi soni bo’yicha turli daraja yoki klasslarga ajratiladi. Eng avvalo ular, 3 guruhga: katta, o’rta va kichik shaharlarga bo’linadi, maxsus tadqiqotlarda esa yanada kengroq klassifikatsiya qo’llaniladi. Tabiiyki, katga yoki kichik shahar tushunchasi ham nisbiydir. Masalan, Toshkent darajasidan hatto azim Samarqand yoki Namangan ham kichik shahardir (Yaponlar «shahar nima?» savoliga «bu Tokiodir» deb javob berishgan ekan). Ayni paytda mamlakatimiz qishloq joylari, ichkarisidan qaraganda tuman markazi - kichik shahar ham ular uchun katta, ulkan ko’rinadi. Misol uchun Qashqadaryoning Qamashi yoki Chiroqchi aholisining nigohida shahar - bu, eng avvalo, Qamashi va Chiroqchidir; Qarshi, Samarqand, Toshkent esa ular uchun nihoyatda ulkan, azim shahar hisoblandi.
Demak, shaharlarni miqdoriy jihatdan turlicha baholash sun’iylikka ega ekan. Biroq bunday qarash, odatda oddiy halq, xayotiy va an’anaviy, kundalik andozalarga mos keladi, xolos. Ilmiy izlanishlarda esa har bir tadqiqot ob’ekti uchungina emas, balki mamlakat miqyosida rasmiy ravishda qabul qilingan ma’lum andozalarga amal qilish kerak. Bu ayni paytda, turli viloyat va mamlakatlar shaharlarni qiyosiy geografik o’rganishda ham qo’l keladi.
Shaharlar kelib chiqishi va ularni klassifikatsiyalash natijalari maxsus statistik jadval, diagramma, grafik va xaritalar yordamida tasvirlanishi shart. Jumladan, shaharlar tabaqalanishini piramida shaklida ko’rsatish ham nixoyatda maqbul usul hisoblanadi. Chunki, bunday tasvirda mamlakat yoki viloyatning qaysi bo’g’inidagi shaharlari ko’p yoki kam, kuchli yoki zaifligi va ushbu muammoni hal etish yo’llari, manbalari yaqqol ko’rinadi. Ayni chog’da, bu holat mamlakat yoki rayon xo’jaligining hududiy mujassamlashuv xususiyatini aks ettiradi.
Shaharlar miqdoriy darajalari bilan birga, ular sifat ko’rsatkichlari, bajaradigan vazifalari (funksiyalari) bo’yicha ham bir - biriga o’xshash emas. Ma’lumki, juda ko’p shaharlar turli maqomdagi ma’muriy markaz vazifasini o’taydilar. Ular orasida ko’pchilikni tuman markazlari, undan kamrog’ini - viloyat va faqat bittasi esa mamlakat ma’muriy-siyosiy, ya’ni poytaxt funksiyasini bajaradi.
Xo’jalik jihatidan yondoshganda, juda ko’p shaharlar sanoat va transport markazi, ayrimlari dam olish (rekreatsiya), fan markazlari hisoblanadi. Shaharlarning bajaradigan vazifasini, ixtisoslashuvini aniqlashda, asosan band bo’lgan aholi tarkibi tahlil etiladi. Shunga ko’ra, sanoat, transport yoki fan-texnika markazlari ajratiladi. Sanoat shaharlari ichida ko’p tarmoqli sanoat markazi, og’ir va yengil sanoat, resurs shaharlar kabi funksional tiplar belgilanadi. Agarda ana shunday shaharlar toifalari ularning katta-kichikligi, bosqichlari bilan birgalikda ko’rilsa, tadqiqot yanada chuqur va samarali bo’ladi.
O’rganishlar natijasida, shaharlar iqtisodiy geografiyasining eng muhim qonuniyati o’z isbotini topadi. Bu ham bo’lsa, shaharlarning bajaradigan vazifasi – ixtisoslashuvi, funksiyasi ularning katta yoki kichikligini belgilashidir.
Shaharlarni o’rganishda, ularning iqtisodiy geografik o’rni, ishlab chiqarishning ijtimoiy va hududiy tashkil etish shakllariga alohida e’tibor berish kerak. Bu borada ayniqsa, ishlab chiqarishning mujassamlashuvi, ixtisoslashuvi, kooperastiya va kombinatlashuvini, sanoat tuguni va majmualarini tadqiq qilish muhimdir. Bunday iqtisodiy ko’rsatkichlar statistik usullar, hisob-kitoblar yordamida aniqlanadi, shaharlar ko’rsatkichlari boshqa shaharlar va mamlakatlar o’rtacha holati bilan taqqoslanadi. Jumladan, mujassamlashuv va ixtisoslashuv koeffistienti va indekslari, tarmoqlarning turlanishi (diversifikatsiyasi), aholi jon boshiga to’g’ri keladigan sanoat mahsuloti, rivojlanganlik darajasi va boshqalar hisoblab chiqiladi.
Ma’lumki, hozirgi bozor munosabatlariga o’tish davrida, ishlab chiqarishning yuqori darajada mujassamlashuvi, yirik korxonalarni qurish ko’p jihatdan maqbul emas. Shu sababdan bugungi sharoitda sanoatni joylashtirish asosida shaharlarning vujudga kelishi va ularning keskin rivojlanishi nisbatan kam uchraydigan holatdir. Bundan ulkan qo’shma korxonalar, qurilayotgan Asaka, Qorovulbozor shaharlari mustasnodir.
Shu bilan birga, azaldan mavjud bo’lgan kichik shaharlar muammosi hozirgi kunda boshqacha ma’no kasb etadi. Bunday shaharlarning birdan-bir ijobiy imkoniyati, ularda mehnat resurslarining ko’pligi, qishloq rayonlariga yaqinligidir. Biroq, kichik shaharlar moliyaviy jihatdan zaif, o’z-o’zlarini boshqarishlari qiyin va davlat yordamiga muhtoj. Uning ustiga, mazkur shaharlarda malakali ishchi xodimlar oz, zamonaviy infrastruktura tizimi to’la shakllanmagan. Binobarin, kichik shaharlarimizga katta muammolar xos, deb aytishimiz mumkin.
Ana shunday sharoitda, xorijiy sarmoyadorlar ko’proq katta shahar muhitini istaydilar, qo’shma va kichik korxonalar qurish imkoniyatlari ham bunday shaharlarda kengroq. Demak, endigi sharoitda, katta shaharlarda kichik korxonalar ko’proq yaratilmoqda, kichik shaharlarda esa, agar ular moddiy va moliyaviy qo’llab-quvvatlansa, yirik sanoat korxonalari ham quriladi. Ammo barcha kichik shaharlarni bunday rivojlantirish mumkin emas: vaqt ham, kapital mablag’, sarmoya ham yetishmaydi. Binobarin, kichik shaharlarning ayrimlarigina tanlab olinadi va ular o’sish qutbi hamda markazi sifatida rivojlantiriladi. Bunday shaharlarni ajratib olish esa, ularning ko’p omilli tahlil etilishi va baholanishi (iqtisodiy geografik o’rni, mehnat va xom ashyo resurslari, ekologik holati, transport va boshqa infrastrukturasi, funksiyasi, katta-kichikligi va x.k.) asosida amalga oshiriladi.
Shaharlarni iqtisodiy geografik o’rganishda, ularning transport funksiyasiga ham alohida e’tibor beriladi. Shahar va transport yo’llari o’zaro chambarchas bog’liq: biri ikkinchisisiz bo’lmaydi, yo’llar shaharlarga keladi, shaharlardan yo’llar ketadi. Xullas, shaharlar va yo’llar bu mamlakatning iqtisodiy asosi, «qovurg’asi» hisoblanadi.
Shuningdek, shaharlarning sostial funkstiyalari, fan va ta’lim tizimi, madaniyati, aholiga xizmat ko’rsatish sohalari, ekologik vaziyati, aholisining o’sishi kabi masalalar ham o’rganiladi. Shu o’rinda poytaxt shaharlarini alohida ta’kidlash joiz. Chunki har qanday mamlakatning jahon hamjamiyatidagi mavqei, xalqaro va diplomatik aloqalar, siyosiy hayoti, eng avvalo, uning poytaxti bilan bog’liq. Boshqacha qilib aytganda, olamshumul va umumbashariy muammolar xususida rasmiy so’z yuritilganda, odatda davlatlarning poytaxti nomidan gapiriladi. Shu bois, poytaxt shaharlarning «yuki», mas’uliyatlari nixoyatda vazmin: ular bir tomondan mamlakatni, hududiy - siyosiy jihatdan tashkil qilish, boshqarish vazifasini ado etsa, ikkinchi tomondan bunday markazlar davlatni jaxon miqyosiga munosib ravishda olib chiqishlari kerak. Aynan ana shu ma’noda har qanday davlat o’z taqdirini poytaxtiga topshiradi.
O’zbekiston Respublikasi siyosiy mustaqillikka erishuvi munosabati bilan uning poytaxti - Toshkent jahon geosiyosiy tuzilmasining sub’ektiga aylandi. Avvallari Toshkent sobiq Ittifoq poytaxti - Moskva «soyasida» qolgan bo’lsa, endi u dunyodagi barcha mamlakatlar bilan to’g’ridan-to’g’ri muomila qiladi. Demak, poytaxt shaharlar rivojlanishiga alohida e’tibor berilishi qonuniy holdir. Sababi-yurtimizga kelganlar, avvalambor, uning poytaxtiga qarab baho berib ketadilar. Shu nuqtai nazardan mamlakatimiz shaharlarining sardori, karvonboshisi, dorulsaltanati Azim Toshkent shahrining mustaqillik sharofati bilan qisqa vaqt ichida qiyofasini tubdan o’zgarishi quvonchli holdir.
Poytaxt bilan bir qatorda viloyat markazlari, yirik sanoat shaharlari, qadimiy shaharlarni o’rganish ham katta ahamiyatga ega (chunki har qanday poytaxt o’z atrofi, o’lkalari bilan kuchli). Shu o’rinda shaharlar geografiyasi bilan shahar geografiyasini farq qila olish kerak. Birinchisida, mamlakat yoki viloyatlarning shaharlar to’ri, tarkibi va tizimi tadqiq etilsa, ikkinchisida alohida olingan bir shahar o’rganish ob’yekti shaklida namoyon bo’ladi. Bunday mikrogeografik, yirik masshtabli tadqiqotlar bizda, afsuski, hozircha kam bajariladi (xorijiy davlatlarda bu yo’nalish ancha ilgarilab ketgan). Vaholanki, shaharlar ichki geografiyasini, hududiy tuzilishini o’rganishning muhim amaliy (konstruktiv) jihatlari mavjud. Ushbu yo’nalishdagi tadqiqotlar, an’anaviy iqtisodiy geografik o’rganishlarni, sostial geografik izlanishlarga yaqinlashtiradi, loyixalashtirish va shaharsozlikda, ularni rejalashtirishda juda qo’l keladi. Bunday ishlarni bajarishda diagramma, statistik jadval va grafiklardan tashqari maxsus sotsiologik usullarni, anketa-so’rovlar o’tkazishni unutmaslik kerak.
Shaharlar funksiyasining tahlili, ularning demografik jarayonlarini o’rganish bilan to’ldirilishi maqsadga muvofiq. Zero, shaharlarning rivojlanishi, amalda, ulardagi aholi miqdori, uning o’sish sur’atlarida o’z aksini topadi. Shuning uchun, shaharlar aholisi sonining dinamikasi, tabiiy va mexanik harakati, yosh va jinsiy, milliy tarkiblari qisqacha ko’rib chiqiladi, tadqiqot natijalari jadval, grafik va kartalarda tasvirlanadi.
Geourbanistikada shaharlarning katta-kichikligi, zichligi, ular orasidagi masofa, urbanistik va hududiy - urbanistik tarkibi ham o’rganiladi. Shuningdek, shahar manzilgohlarining hududiy tashkil etilishidagi, murakkab shakllar-shaharlar aglomeratsiyalari mamlakat yoki viloyat shaharlari geografiyasi doirasida va shu bilan birga alohida tadqiqot ob’yekti darajasida ko’rilishi kerak.
Urbanistik tarkib deganda, shaharlar to’ri va tarkibi. katta shaharlarning mavjudligi va mavqei tushuniladi. Hududiy urbanistik tarkibda, esa, mamlakat turli rayon va viloyatlarning har xil bosqichdagi shaharlar va xususan, yirik markazlar bilan ta’minlanganlik darajasi nazarda tutiladi.
Shaharlar rivojlanishi, urbanizatsiya jarayoni bilan birgalikda o’rganib boriladi. Ammo, bu olamshumul xodisa mamlakat tarixi, an’analari, ishlab chiqarishning tarmoqlar tarkibi, ixtisoslashuvi va hududiy tashkil etish shakllaridan kelib chiqqan holda baholanishi zarur. Shu jahatdan yondoshganda O’zbekistonning urbanizatsiya jarayonida ham o’ziga xos va mos, betakror yo’li bo’lmog’i tabiiydir.
Shaharlarni geografik o’rganishda, faqatgina ilmiy adabiyotlar yoki xaritalar kifoya qilmaydi. Buning uchun o’sha shaharlarning mumkin qadar bevosita ko’rish zarur. Ko’rganda ham, shahar markazidagi mexmonxonada yashab ketishning o’zi kifoya emas. Buning uchun, shaharning turli tomonini jonli ravishda kuzatish, chor atrofi bilan bevosita tanishish va shu asosda, uning hududiy qo’lami va ichki tafovutlari to’g’risida tassavur xosil qilmoq lozim.
Ayni paytda, faqat shaharning o’zini aloxida olib qarash, uni yopiq tizim shaklida faraz qilish maqsadga muvofiq bo’lmaydi. Bu esa mantiqiy jixatdan ham to’g’ri emas. Chunki, har qanday shahar o’z atrofisiz, qishloq joylarisiz, mutlaqo ajralgan holda vujudga kelmaydi va rivojlanmaydi. Shaharlar, misli tog’ relefidek, iqtisodiy xaritada o’ziga xos cho’qqilarni aks ettiradi va bu nuqtalar faqat atrof muxit, ma’lum xudud davrasidagina yaqqol kuzga tashlanadi. Ushbu ob’ektiv borliqdan kelib chiqib, shaharlar yoki shahar geografiyasini, ularning barpo bo’lishi, hozirgi kuni va kelajagini atrof joylar bilan birgalikda o’rganiladi. Zero, aynan shu xudud imkoniyati, qudrati va saloxiyati tufayli bu shahar bo’rtib chiqqan, yuksalgan.
Shunday qilib, shahar yoki shaharlarni geografik o’rganishda qo’ydagi tartibga rioya qilish maqsadga muvofiqdir:
1. Kirish.
2. Shaharlarning vujudga kelishi va rivojlanishiga ta’sir etuvchi tabiiy hamda sostial- iqtisodiy shart va sharoitlar.
3. Shaharlarning shakllanishi va rivojlanish bosqichlari (tarixiy-geografik tahlil).
4. Shaharlarning hozirgi axvoli: funkstional tiplari, ularning klassifikatsiyasi; shaharlar sanoati, demografiyasi, sotsial sharoiti, transporti va hokazo.
5. Shaharlarning hududiy tizimlari, shaharlar aglomerastiyasi va ularning o’ziga xos xususiyatlari.
6. Shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi asosiy muammolar.
7. Shaharlar rivojlanishining bashorati, ustivor yo’nalishlari

Xulosa
O’zbekiston garchi shaharlar rivojlanishi va urbanizatsiyalashuv jarayoni nisbatan yuqori bo’lgan mamlakatlar qatoriga kirmasada, bu yerda shaharlarni geografik jihatdan o’rganish mavzusi ancha oldinlab ketgan. Bu xususda eng avvalo T.Raimov, O.B. Ata-Mirzayev va A.S. Soliyevlarning («O’rta Osiyo uchligi») faoliyatlari samarali bo’lgan. Ular hamkorlikda qator ilmiy konferensiya va seminarlar tashkil qilishgan va ilmiy maqolalar yozishgan. Shuningdek, shaharlar muammolari E.Toshbekov, E.Ahmedov, N.Fayziyev, I.Inomov, R.Tillayev, A.Qayumov, Z.Raimjonov, Sh.Imomovlar tomonidan ham tadqiq qilingan; turli iqtisodiy rayon va viloyatlar shaharlari, shahar aglomeratsiyalarining shakllanishi va rivojlanishi, ularning ekologik muamolariga T.Mallaboyev, N.Mamatqulov, Vey Sin, U.Sultonov, R.Ahmedov, X.Tursunov, Z.Abdalova, S.Zokirov, M.Egamberdiyeva, A.Mavlonov, P.Qurbonovlarning ilmiy ishlari bag’ishlangan.
Ammo yuqorida nomlari keltirilgan aksariyat tadqiqotchilarning ishlari dissertatsiya holatida qolib ketgan, monografiya, o’quv va o’quv – uslubiy qo’llanma sifatida nashr qilinmagan.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, O’zbekistonda shaharlar geografiyasiga oid qator ilmiy tadqiqot ishlari olib borilgan. Lekin, ushbu fanni oliy ta’lim muaassasalarida o’qitilishi bo’yicha o’zbek tilida darslik, o’quv qo’llanma, o’quv – uslubiy qo’llanmalar yaratilishini ijobiy deb baholab bo’lmaydi. Mazkur muammoni hal qilish bugungi kunning dolzarb masala hisoblanadi.

  • 5140600 – Geografiya ta’lim yo’nalishi bo’yicha o’qitiladigan ba’zi mutaxassislik fanlari bo’yicha darslik, o’quv qo’llanma, o’quv – uslubiy qo’llanmalarning kamligi kuzatiladi. Bu esa talabalarni ayrim fanlarni o’zlashtirishida muammolarga sabab bo’lmoqda. Biz ushbu masalaga yordam berishlarini tayanch oliy o’quv yurti – O’zbekiston Milliy Universiteti olimlaridan va kafedramiz professor-o’qituvchilaridan so’raymiz;

  • O’zbekiston garchi shaharlar rivojlanishi va urbanizatsiyalashuv jarayoni nisbatan yuqori bo’lgan mamlakatlar qatoriga kirmasada, bu yerda shaharlarni geografik jihatdan o’rganish mavzusi ancha oldinlab ketgan;

  • Ammo shaharlar geografiyasiga oid darslik, o’quv qo’llanma, o’quv – uslubiy qo’llanmalar deyarli yaratilmagan. Shu bois, kelajakda mazkur yo’nalishda ilmiy adabiyotlarni yozish shaharshunos olimlarimizning vazifasidir;

  • Shuningdek, turli bayram va tantanalar arafasida (“Xotira va qadrlash kuni”, “Ustoz va murabbiylar kuni” va h.k.) shaharshunos olimlarimizni (E.A.Axmedov. A.S.Soliyev va b.) ilmiy-ijodiy faoliyatini targ’ibot – tashviqot qiluvchi tadbirlar, davra suhbatlari tashkil qilish yosh avlodni yetuk olimlarimizning ilmiy merosini o’rganishda katta yordam beradi.

  • Geografiya ta’lim yo’nalishi bo’yicha o’qitiladigan har bir mutaxassislik fanlari, jumladan shaharlar geografiyasi bo’yicha internet tizimida maxsus saytlar ochilib, ularda ushbu fanga oid yangiliklar berib borilsa yaxshi bo’lardi. Bundan, birinchidan geograflar fan yangiliklaridan doimiy xabardor bo’lib borishsa, ikkinchidan fanimizning yanada ommaviylashishiga yordam bo’lardi;



Download 42.86 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling