Mavzu: tarbiyachi nutqining aniqligi
Tarbiyachi nutqiga qo‘yilgan pedagogik talablar
Download 0.54 Mb.
|
TARBIYACHI NUTQINING ANIQLIGI.
Tarbiyachi nutqiga qo‘yilgan pedagogik talablar.
Tarbiyachi maktabgacha yoshdagi bolalarga tabiat, jamiyat hodisalari, kattalarning mehnati haqida boshlang’ich bilim va tushunchalar beradi, ularga madaniy ahloq, o‘z tengdoshlari va kattalar bilan madaniyatli munosabatda bo‘lish, yaxshilik, haqiqatgo‘ylik, adolat, jasurlik, kamtarinlik, kattalarga hurmat bilan qarash, tabiatga qiziqish, kuzatuvchanlik, o‘simlik va hayvonlarga g’amxo‘rlik bilan qarash, mehnatsevarlik, kattalarning mehnati natijalarini asrab-avaylash kabi ahloqiy sifatlarni tarbiyalaydi. Xalq san’ati, musiqa, ashula, adabiyot, tasviriy san’atni bilish, san’atga muhabbat tarbiyachini madaniyatli qiladi, bolalar bilan olib boradigan ishida yordam beradi. Pedagog kerakli bilim, malaka va ko‘nikmalarni ma’lum bir izchillik bilan egallab borsagina bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish ishida yaxshi natijalarga erishadi. Tarbiyachi o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lish uchun maxsus tayyorgarlik ko‘rishi, quyidagi shartlarga amal qilishi kerak: Pedagog yosh avlodni tarbiyalash uchun yuqori ma’lumotli, kerakli bilimlarni egallab, kerakli adabiyotlarni tanlay oladigan, ilmiy adabiyotlar bilan ishlay oladigan, ilg’or tajribali pedagoglarning tajribasini o‘rganib, o‘z ishiga tatbiq eta oladigan kishi bo‘lishi kerak. Pedagog bolalarni kuzata oladigan, ularning xulqi, xatti-harakati sabablarini to‘g’ri tahlil qilib, unga ijobiy ta’sir etuvchi vositalarni topa olishi kerak. Yosh avlodni kerakli bilim, malaka, ko‘nikmalardan xabardor qilish uchun pedagogning nutqi ravon, aniq, mantiqiy, ixcham bo‘lishi lozim. Ta’lim berishda texnikaviy vositalardan samarali foydalana olishi kerak. Bolalar bilim, malaka, ko‘nikmalarni yaxshi o‘zlashtirib olishlari uchun faollashtiruvchi savollardan foydalanishi kerak. Tarbiyachi o‘ziga yuklangan vazifani bajarish uchun bolalarda faoliyatiga nisbatan qiziqish uyg’ota olish, ularning diqqatini jalb qilib, faolligini o‘stirish, bolalarning xulqini, xatti-harakatini haqqoniy baholay olishi kerak. Har bir faoliyat uchun kerakli materiallarni oldindan tayyorlab qo‘yishi kerak. Kun tartibini to‘g’i tashkil eta bilishi, bolalar jamoasiga undagi har bir a’zoni e’tiborga olgan holda rahbarlik qila bilish. Bolalarning ruhiy va jismoniy holatini aniqlay bilishi va buni bolalar bilan amalga oshiriladigan ta’lim-tarbiyaviy ishlarida e’tiborga olishi lozim. Tarbiyachi ota-onalar bilan muntazam ravishda suhbatlar, uchrashuvlar o‘tkazib, axborot almashib turishi kerak. Pedagog bolalarga nisbatan xayrixohlik munosabatda bo‘lishi, har bir bola uchun qulay sharoit yaratishi, hafa bo‘lsa, ovunta olishi kerak. Kun tartibida olib borgan ta’lim-tarbiya ishini tahlil qila bilishi va uni yanada yaxshilash yo‘llarini topa olishi kerak. Eng muhimi, tarbiyachi bolalarga ishonch bilan qarashi, ularning mehnatsevarligi, mustaqilligi, tashabbuskorligini to‘g’ri taqdirlashi va mustaqil faoliyat yuritishlari uchun imkoniyat yaratishi kerak. Buni bolalar yuqori baholaydilar. Nutqni rivojlantirish metodikasining nazariy asoslari: til, nutq, nutqiy faoliyat. Til – bu ijtimoiy hodisadir. O‘zbekiston Respublikasi hududida yashayotgan har bir xalqning ona tili uning milliy o‘ziga xosligi va ma’naviy madaniyatining yorqin ko‘rsatkichidir. Til tafakkur bilan monand bog’langani holda ongni shakllantiradi. Nutq va tafakkur o‘rtasidagi bog’liqlik nafaqat psixologik jarayonlarning chuqur bosqichlarida, balki ijtimoiy hodisalar darajasida ham namoyon bo‘ladi. So‘zning insonga, uning xulq-atvoriga ko‘rsatadigan ta’siri barchaga yaxshi ma’lum. «Garchi til bilan tafakkur bir-birisiz yashay olmasa ham ular o‘zida aynan bir hodisani ifodalamaydi. Tafakkur – ob’ektiv borliqning intihosi, til esa – ifoda usuli, fikrni boshqa kishilarga berish va mustahkamlash vositasi. So‘z bilan tushuncha dialogik tarzda bir-birini taqozo etadi1. Hozirgi paytda mamlakatimizda tillar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda ikki tamoyil mavjud: bir tomondan, milliy tillarning yanada rivojlanishi va takomillashuvi, o‘zga tomondan esa – o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi ahamiyatining oshishi ro‘y bermoqda. O‘zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishishi va yuzaga kelgan iqtisodiy ehtiyojlar mamlakatdagi ko‘p sonli aholining ona tili bo‘lgan o‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘rganishni shart qilib qo‘ydi, bu esa ko‘p millatli jamiyat sharoitida katta ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. Tildan foydalanish – bu ijtimoiy faoliyatning muayyan turi sohasida kishilarning o‘zaro muloqotidir. Hozirgi davr nuqtai nazaridan olib qaralganda quyidagilar eng muhim sohalar hisoblanadi: - xo‘jalik faoliyat sohasi; - ijtimoiy-siyosiy faoliyat sohasi; - maishiy soha; - uyushtirilgan muloqot sohasi; - badiiy adabiyot sohasi; - ommaviy kommunikatsiya sohasi; - estetik ta’sir ko‘rsatish sohasi; - xalq og’zaki ijodiyoti sohasi; - ilm-fan sohasi; - ish yuritishning barcha turlari sohasi; - shaxsiy istiqbol sohasi; - diniy soha. Biz ko‘rib chiqayotgan jihatdan olinganda esa eng dolzarbi maishiy soha va uyushtirilgan ta’lim sohasidir. Ko‘p yillik amaliyot shuni ko‘rsatdiki, bolalikda bilingvizm (ikki tillilik) bola hayotida har bir tilning tutgan o‘rniga, uning ikki tillilikdan qaysi vaziyatlarda va qay darajada foydalanishiga bog’liq holda shakllanadi. Maktabgacha yoshda ikki tillilik shakllanishining quyidagi o‘ziga xos holatlarini ko‘rsatib o‘tish mumkin: - bola tug’ilgan paytidan boshlab ikki tilli oilada bir tildan o‘zga tilga o‘tib muomala qilish sharoitida tarbiyalanadi; - bola oilada ona tilida so‘zlashadi, undan tashqarida esa (qo‘shnilar, qarindoshlar va boshqa shaxslar bilan) o‘zga tilni o‘zlashtiradi; - bola o‘zga tilni aniq maqsadga yo‘naltirilgan mashg’ulotlarda va ulardan tashqari vaqtlarda maktabgacha ta’lim muassasasida egallaydi. Psixolingvistik adabiyotlarda yozilishicha, haqiqiy ikki tillilik faqat odam hech bo‘lmaganda bitta tilda har qanday fikrni mos tarzda ifodalashga qodir bo‘lgan taqdirdagina rivojlanadi. Agarda nutq bironta tilda ham to‘laqonli shakllanmagan bo‘lsa, bu holda fikr tuzilmasi buzilib ketadi va o‘z fikrini ifodalashga bo‘lgan intilish muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, bu esa nafaqat psixologik ezilishlarga, balki muloqot sifatidagi chuqur yo‘qotishlarga va inson shaxsiga ziyon yetishiga olib keladi. Yarim tillilik deb ataladigan bunday hodisa, umuman olganda, jamiyat uchun ham ancha xavflidir, chunki bunda uning a’zolarining muayyan qismi hissiyotlarini boshqara olmaydi hamda o‘z hissiyotlari, ehtiyojlari, istak-xohishlarini tegishli tarzda so‘z shakliga keltira olmaydi. Agarda inson xohlagan narsasini ayta olmasa, u boshqalar bilan teng ravishda raqobatlashishga, kommunikatsiyaning odatdagi shakllaridan foydalanishga qodir bo‘lmay qoladi hamda u o‘z-o‘zini boshqarishning qandaydir boshqa shakllariga murojaat qilishga, ba’zan esa zo‘ravonlik qilish, kuch ishlatishga majbur bo‘ladi. Shundan kelib chiqqan holda, ilk yoshdan boshlab individning nutqiy rivojlanishini tuzatishni to‘g’ri tashkil etish zarurdir. «Ilk start» ona tilini qabul qilishga va keyinchalik har qanday boshqa tilni o‘zlashtirib olishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi». Til qanchalik oldin egallab olinsa, bilimlar ham shunchalik oson va to‘liqroq o‘zlashtiriladi» (N.I.Jinkin). Bola tug’ilgan paytidan boshlab ijtimoiy mavjudot hisosblanadi. Uning har bir yosh bosqichidagi ijtimoiy rivojlanishi o‘z xususiyatlariga, vazifa va mazmuniga ega bo‘lib, bularni amalga oshirish uchun pedagogika sohasidagi ishlarga tegishli shart-sharoitlarni yaratish darkor. Maktabgacha ta’lim sog’lom, har tomonlama yetuk bolalarni tarbiyalash uchun zarur tashkiliy, uslubiy, psixologik, pedagogik shart-sharoit yaratadi, bolalarni maktabda muntazam ravishda ta’lim olishga tayyorlash ota-onalarga yordam beradi. So‘ngi yillarda maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish, ta’lim-tarbiya mazmuni, shakli vosita va metodlarini yangilashga alohida e’tibor berilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim to‘g’risida»gi qonunining 11- moddasida: «Maktabgacha ta’lim bola shaxsini sog’lom va yetuk, maktabda o‘qishga tayyorlangan tarzda shakllantirish maqsadini ko‘zlaydi. Bu ta’lim olti yetti yoshgacha oilada, maktabgacha ta’lim muassasalarida va mulk shaklidan qat’i nazar, boshqa ta’lim muassasalarida olib boriladi», - deyilgan. Download 0.54 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling