Mavzu: Tuproqning suv rejimi va uni boshqarish usullari
Tuproqning suv xossalari va suv rejimini boshqarish
Download 101.44 Kb.
|
Kurs ishi Dexqonchilik chala
Tuproqning suv xossalari va suv rejimini boshqarish.
Tuproqning suvga bo`lgan talabini ifodalovchi xususiyatlarining barchasi tuproqning suv xossalarini tashkil etadi. Tuproqning asosiy suv xossalari-nam sig`imi, suv o`tkazuvchanligi, suv ko`tarish qobiliyati (kapillyarligi), tuproqning suv bug`latish xususiyati va boshqalardir. Tuproqning nam sig`imi. Tuproqning ma’lum miqdorda o`ziga suv singdirish va ushlab turish qobiliyati uning nam sig`imi deyiladi. Tuproqning nam sig`imi maksimal gigroskopik, kapillyar, dala va to`liq nam sig`imlariga bo`linadi. Maksimal gigroskopik nam sig`imi deyilganda – tuproq zarrachalari molekulalarining tortish kuchi natijasida uning sirtida ushlanib turgan suv miqdori tushuniladi. Kapillyar nam sig`imi. Tuproqning kapillyar kovaklarida ushlanib turgan suv miqdori tushiniladi. Kapillyar nam sig`imi kapillyar g`ovaklar hajmiga va kapillyarlarga namlikni kelib turishiga bog`liq bo`ladi. To`liq nam sig`imi. Tuproqning kapillyar va nokapillyar kovaklari va hamma bo`shliqlari tamomila suv bilan to`yingan holdagi namlikka aytiladi. To`liq nam sig`imi tuproqning maksimal suv sig`imini ifodalaydi va kuchli yog`inda yoki yer me’yoridan ortiq bostirib sug`orilganda, suvning biror tomonga sizib ketishi qiyinlashganda yoki umuman suv chetga chiqib ketmaganda vujudga keladi. Dala nam sig`imi. Gravitatsion suv yuqoridan quyi qatlamga oqib ketgandan va bug`lanish bartaraf etilgandan keyin tuproqda maksimal miqdorda ushlanib qolgan nam miqdori tushiniladi. Boshqacha qilib aytganda, tashqi omillar ta’sirisiz tuproqda maksimal miqdorda ushlanib qolgan suv miqdori dala nam sig`imi deyiladi. Sug`oriladigan dehqonchilik sharoitida dala nam sig`imini bilish katta ahamiyatga ega, chunki ekinlarni sug`orish me’yori ana shu nam sig`imiga nisbatan aniqlanadi. Tuproqning suv o`tkazuvchanligi deganda, yuqoridan quyi qatlamlarga suv o`tkazish qobiliyati tushiniladi. Tuproqning suv o`tkazish qobiliyati ekinlarni suv bilan ta’minlashda katta ahamiyatga ega. Tuproqning suv o`tkazuvchanligi muhim xossalardan hisoblanib, tuproqda suv zahirasini vujudga keltiradi va mikroorganizmlar faoliyatini boshqarishda asosiy o`rin tutadi. Suv
Chunki, vegetatsiya davomida tuproqqa quyiladigan suvning tuproqqa singishi, shimilishi, tuproqning suv o`tkazuvchanligiga bog`liq, ya’ni ekinlarni sug`orish muddati tuproqning shu xossasiga qarab aniqlandi. Tuproqning suv o`tkazuvchanligini baholashda N.A.Kachinskiy tavsiya etgan shkaladan foydalanish mumkin. Shunga ko`ra harorat 10 0 S va suv bosimi 5 sm bo`lgan sharoitda tuproqning suv o`tkazuvchanligi quyidagicha baholanadi. Agar kuzatishning birinchi soatida 1000 mm dan ko`p suv o`tsa, tuproqning suv o`tkazuvchanligi buzuvchi, 1000-500 mm gacha - g`oyat (ortiqcha) yuqori, 500-100 mm - eng yaxshi, 100-70 - yaxshi, 70 dan 30 gacha qoniqarli, 30 mm dan kam - qoniqarsiz hisoblanadi. Tuproqning suv ko`tarish qobiliyati. Kapillyar kuchlar ta’sirida tuproqning suvni yuqoriga qarab ko`tarish xossasidir. Suv o`tkazuvchanlik va suv ko`tarish tezligi sm/sek, sm/min va sm/soat, mm/soatlarda ifodalanadi. Tuproqdagi kovakliklarning o`lchami 8 mm atrofida bo`lganda kapillyar kuchlar yuzaga keladi. Suvning maksimal ko`tarilishi (sizot suv sathidan yuqorida) qumli tuproqlarda 0,5-0,7, qumlik tuproqlarda 2,5-3,0 m, og`ir soz tuproqlarda 4-6 m ni tashkil etadi. Tuproqning suv bug`latish xususiyati. Tuproqdagi namlikning ma’lum qismi bug`lanish tufayli yo`qoladi. Namni bug`lanish miqdoriga tuproqning xossalari va tashqi sharoit ta’sir etadi. Bug`lanish havoning namligiga, temperaturaga, shamolning tezligiga qarab o`zgarib turadi. Ma’lumki, shamol ta’sirida, ayniqsa, bahorda yerning yuza qatlamidagi nam tez bug`lanib ketib, tuproq quriydi. Natijada, ekinlarning urug`i tuproqning tabiiy namida unib chiqmaydi, ko`chat siyrak bo`lib qoladi. Yerning relьyefi, tuproqning mexanik tarkibi, strukturasi, chirindi miqdori, tuproqning tusi ham bug`lanishga ta’sir etadi. Bug`lanishni kamaytirish maqsadida sug`oriladigan dehqonchilik sharoitida ekinlarni bevosita sug`orishdan oldin egat olingani ma’qul. Yer betini mulьchalash, ya’ni chirigan go`ng, qipiq, g`o`zapo`choq kabi narsalar ham namning bug`lanishini ancha kamaytiradi. Tuproqdagi namning bug`lanishini kamaytirish chora-tadbirlarini ko`rish, dalalar atrofida ixota daraxtzorlari barpo etish, tuproqda kapillyar orqali namning yuqoriga ko`tarilishiga to`sqinlik qilish (boronalash, kulьtivatsiyalash) tuproqning suv rejimini boshqarishda, suvdan samarali foydalanishda katta ahamiyatga ega. Tuproqning suv xossalari uning mexanik tarkibiga, strukturasiga va tuzilishiga bog`liq bo`ladi. Tuproqning suv rejimi to`g`ri bo`lishi uchun tuproqning suv o`tkazuvchanligini yaxshilash, nam sig`imini oshirish, namni yuqoriga ko`tarish xususiyati va uning bug`lanish sathini kamaytirish zarur. Sug`oriladigan dehqonchilikda tuproqning suv rejimini yaxshilash muhim tadbirlardan hisoblanadi. Tuproqda maksimal darajada nam to`plash va uning foydasiz sarflanishini, quyi qatlamlarga sizib ketishini, yog`in suvlarning pastlikka, shuningdek, jarlarga oqib ketishini va boshqalarni iloji boricha kamaytirish zarur. Bevosita tuproq suv rejimini boshqarishda qo`llaniladigan tadbirlardan eng muhimi tuproqni sifatli ishlashdir. Yer sifatli ishlaganda tuproq tuzilishi yaxshilanadi, uning g`ovak, kesakli strukturasi saqlanadi va begona o`tlar yo`qoladi. Namlikning bexuda sarf bo`lishi kamayadi. Tuproqning suv rejimini boshqarishda sug`orishni to`g`ri tashkil etish va sug`organdan so`ng tuproq yetilishi bilan sifatli ishlov berish muhim ahamiyatga ega. Almashlab ekish, ya’ni dalalarga ekinlarni to`g`ri navbatlab ekish, yerga organik o`g`itlar solish, yerni ekishga sifatli tayyorlash va urug`ni o`z vaqtida yuqori agrotexnika qoidalari asosida ekish, o`simliklarni o`z vaqtida parvarish qilish, tuproqning suv rejimiga foydali ta’sir etuvchi eng muhim omillardan hisoblanadi. XULOSA: Qishloq xo`jalik ekinlari suv bilan yetarli ta’minlangandagina ularning o`sishi, rivojlanishi va undagi barcha fiziologik jarayonlar bir me’yorda o`tib, yuqori va sifatli hosil yetishtirishni ta’minlaydi. O`simliklarni suvga bo`lgan munosabatini, tuproq namligining asosiy manbalarini, tuproqdagi o`simliklar uchun layoqatli bo`lgan suv shakllarini bilgan holda ularni to`g`ri boshqarib borish mumkin. Shuningdek, o`simliklarning urug`larini ekkandan boshlab, to hosilni yig`ishitirib olishgacha bo`lgan davrda ularni yetarli miqdordagi suv bilan ta’minlashda tuproqning nam sig`imini, suv o`tkazuvchanligini, suv ko`tarish qobiliyatini va suv bug`latish xususiyatlarini to`g`ri boshqarib borish zarur. Download 101.44 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling