Ogʻzaki nutq - Ogʻzaki nutq
- Inson hayotining dastlabki vaqtidanoq muloqot ehtiyoji sabab tilni oʻzlashtiradi, gapirishga harakat qiladi. Yillar davomida tajriba asosida ogʻzaki nutq oʻzlashtiriladi.
- Jonli suhbatdan tashqari biror nutq soʻzlash talab qilingan vaziyatda jamiyatimizda odatda, bir xil gaplar aytilganiga guvoh boʻlamiz. Toʻyda tabrik aytilganda “Baxt tilayman, doim baxtli boʻling” kabi jumlalar, biror kino yoki hodisaga munosabat soʻralganda aksariyat soʻzlovchilar “menga yoqdi, shunday kinolar koʻpaysin” deb javob beradi. Bunday nutqlarda tahlil, xulosa emas, faqat munosabat aks etadi. Mazkur munosabat ham yo salbiy, yo ijobiy boʻladi. Vaholangki, hodisani har kim oʻz ongi, hayotiy tajribasidan kelib chiqib qabul qiladi va har kimning oʻz talqini boʻladi. Oʻrta taʼlimda bolaning ogʻzaki nutqi biror fandan oʻtilgan maʼlum mavzuni gapirib berishda koʻriladi. Bunda bolaning mavzuni bilish-bilmasligi baholanadi, ogʻzaki nutq mahorati alohida eʼtiborga olinmaydi. Ona tili darslarida ogʻzaki nutq uchun alohida mashgʻulotlar ishlab chiqilishi zarur. Bunda birinchi navbatda bolaning oʻz fikrini lisoniy vositalar yordamida toʻgʻri ifodalash, mavjud lugʻat boyligidan oqilona foydalanish, bir mavzudan chetga chiqmay gapirish, nutqni toʻgʻri strukturalashtirish, yaʼni mavzuga kirish, asosiy fikrni aytish va xulosalash; aytadigan gapi eshituvchiga qanday taʼsir qilishini oldindan baholay olish, tinglovchining diqqatini ushlab turish kabi koʻnikmalar shakllantirilib, takomillashtirilib borilishi zarur.
Bu kabi mashgʻulotlarda faqat monologik nutq bilan cheklanmasdan, suhbat, bahslar tashkil etish, bahsda oʻz fikrini bayon qilish va boshqalarning fikrini tinglash, ularga munosabat bildirish kabi koʻnikmalar shakllantirilishi kerak. Inson ongining ishlashi tajribaga asoslanadi. Shuning uchun bolada qaysi koʻnikma hosil boʻlishi maqsad qilinsa, darslarda oʻsha boʻyicha mashqlar muntazam tashkil qilinish kerak.
Xulosa - Yuqoridagilarni xulosalab shuni aytish mumkinki, har qanday dars psixolingvistik jarayondir, chunki bola unda til vositasida berilgan maʼlumotni dekodlaydi yoki oʻz bilimini ifodalash uchun kodlaydi. Insonning har qanday kognitiv koʻnikmasi tajriba asosida shakllanadi. Mazkur xulosa sunʼiy ong yaratishga urinishning dastlabki paytida vujudga kelgan. Olimlar hatto shaxmat oʻynashday oʻta mantiqiy jarayonda ham tajriba hal qiluvchi ahamiyatga egaligini qayd etganlar. Boshqacha aytganda, qoidani yodlash har doim ham uni amalda samarali qoʻllashni taʼminlaydi degani emas. Insonning til malakalarini qanday namoyon qilishi vaziyat, tinglovchi, ruhiy holat, kayfiyat, taassub kabi omillar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq ekan, nutq jarayonida bu omillarni va ularning taʼsirini farqlay olish nutqning nazorat qilinishini qoidalarga nisbatan yaxshiroq taʼminlaydi. Shuning uchun ham oʻrta taʼlimda ona tili darslari eshitib va oʻqib tushunish, ogʻzaki va yozma nutq koʻnikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga qaratilishi kerak.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
Do'stlaringiz bilan baham: |