Vasiylik va homiylik organi tutingan ota-onalarni tanlashni amalga oshiradi, ular bilan bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisida bitim tuzadi.
Vasiylik oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan yetim bolalarga va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish, ularning mulkiy, shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida belgilanadi.
Homiylik oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan yetim va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga, shuningdek sud tomonidan muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish, ularning mulkiy shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida belgilanadi.
Vasiylik yoki homiylik yetim bolalarga va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga quyidagi hollarda belgilanadi:
ota-onasi vafot etganda yoki sud tomonidan vafot etgan deb eʼlon qilinganda;
ota-onasi sud qarori bilan ota-onalik huquqidan mahrum etilganda yoki ularning ota-onalik huquqi cheklanganda;
ota-onasi ikki oydan ortiq kasal boʻlishi oqibatida oʻzlarining ota-onalik majburiyatlarini bajara olmaganda;
ota-onasi sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
ota-onasi yashash joyida vaqtincha boʻlmaganda, agar bola ular tomonidan olti oydan ortiq muddatga qarindoshlarining yoki boshqa yaqin kishilarining vasiyligida yoki homiyligida va nazoratida qoldirilgan boʻlsa;
ota-onasi yashash joyida olti oydan kam muddatga vaqtincha boʻlmaganda, agar bola ular tomonidan qarindoshlarining yoki boshqa yaqin kishilarining vasiyligida yoki homiyligida va nazoratida qoldirilgan boʻlsa, agar vasiylik yoki homiylik bolaning manfaatlari uchun zarur boʻlsa;
ota-onasi bedarak yoʻqolganda;
ota-onasi bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan boʻyin tovlaganda, shu jumladan, ota-ona tarbiya, davolash muassasalari, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalari va shunga oʻxshash muassasalardan bolasini olishdan bosh tortganda, shuningdek, boshqa zarur hollarda.
Ota-onalik huquqidan mahrum qilinmagan ota-onasi boʻlgan voyaga yetmagan bolaga, agar ota-onasi bilan turishi ushbu shaxsning qonuniy manfaatlariga javob bermasligi hamda uning hayoti yoki sogʻligʻi uchun bevosita tahdid mavjudligi vasiylik va homiylik organi tomonidan aniqlanganda vasiy yoki homiy tayinlanishi mumkin.
Sogʻligʻining holatiga koʻra oʻz huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshira olmaydigan va majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan muomalaga layoqatli shaxslarga nisbatan homiylik ushbu shaxslarning iltimosiga binoan belgilanishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |