Mavzu: Xo‘jalik mablag‘larning tarkibi va ishlab chiqarish jarayonidagi funksional roli bo‘yicha turkumlanishi
Reja:
2.3. Xo‘jalik mablag‘larning tarkibi va ishlab chiqarish jarayonidagi funksional roli bo‘yicha turkumlanishi
Xo‘jalik jarayonlari ma’lum mablag‘lar zaxirasini talab etadi. Shuning uchun ham, ishlab chiqarish korxonalari imoratlar, mashinalar, uskunalar, materiallar, pul mablag‘lari, nomoddiy aktivlar va shu kabi boshqa mablag‘larga ega bo‘ladi. Korxona mablag‘larining manbaalari - davlat fondidan aksiyalarini chiqarish va sotish, muassislarning badallaridan, banklarning kreditlari hisobidan, boshqa korxonalar va tashkilotlardan olingan qarzlar hisobidan, foydadan va boshqalardan tashkil etiladi. Xo‘jalik faoliyatini to‘g‘ri boshqarishda korxonaning qanday mablag‘larga egaligini, ularning joylashuvi hamda bu mablag‘lar manbaalarini, maqsadlarini bilish kerak.
Shunga qarab korxonaning barcha mablag‘lari ikki qismga guruhlanadi: birinchidan, ularning turlari va joylashganligiga qarab, ikkinchidan, tashkil topish manbai va qanday maqsadlarga yo‘naltirilganligiga qarab.
X o‘jalik mablag‘larining tarkibi va joylashishi bo‘yicha hisobga olish korxonaning muayyan mablag‘lari (mashinalar, bino va inshootlar, material va mahsulotlar va h.k.) to‘g‘risida ma’lumot bersa, ularni vujudga kelish manbalari va tayinlanishi bo‘yicha hisobda aks ettirish esa, bu mablag‘larning xususiy mulk hamda ularning korxonaga biriktirilganligi yoki vaqtincha ishlatilayotganligi va xo‘jalik mablag‘larining qanday maqsadlarga mo‘ljallanganligini aniqlash imkonini beradi.
3-rasm. Xo‘jalik mablag‘lari tarkibi tasnifi
Mablag‘larni turlari va joylanishi bo‘yicha guruhlash korxona xo‘jalik faoliyatining xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi. Sanoat korxonalariga birinchi navbatda ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun korxonaning mablag‘i bo‘lishi kerak. Undan tashqari u muomala jarayonining ikki - ta’minot va realizatsiya bosqichida ishlatiladigan mablag‘larga ega bo‘lishi kerak. Odatda korxonalar o‘z xodimlarining ehtiyojlariga xizmat qiladigan noishlab chiqarish sohasidagi mablag‘larga ham ega bo‘ladi. Shunday qilib, korxona mablag‘lari o‘zlarining turlari va joylashishi bo‘yicha quyidagi guruhlarga bo‘linadi: ishlab chiqarish vositalari; muomala sohasidagi mablag‘lar; noishlab chiqarish sohasidagi mablag‘lar.
Ishlab chiqarish vositalari mehnat vositalari va mehnat buyumlaridan iborat.
Mehnat vositalari - insonning yaratayotgan buyumlariga o‘z ta’sirini o‘tkazuvchi vositalar hisoblanadi. Mehnat vositalari tarkibida ishlab chiqarish qurollari (mashinalar, asbob - uskunalar, asboblar) yetakchi rolni o‘ynaydi. Ishlab chiqarish qurollari yordamida ishchilar mehnat buyumlarini tashqi ko‘rinishini o‘zgartiradilar, ularga yangi tus beradilar va mehnat mahsuliga aylantiradilar. Mehnat vositalariga shuningdek, imoratlar, inshootlar, transport vositalari va xo‘jalik inventarlari ham kiradi. Ular ishlab chiqarish jarayonini normal amalga oshirish uchun kerakli sharoitlar yaratib, uni to‘g‘ri tashkil etishga yordam beradi.
Barcha mehnat vositalarining xususiyatlari shundan iboratki, ular mahsulotni tayyorlash jarayonida uzoq muddat davomida qatnashadilar, ko‘plab ishlab chiqarish jarayonlariga xizmat qiladilar va shu bilan birga o‘z tashqi ko‘rinishlari va xususiyatlarini o‘zgartirmasdan saqlab qoladilar. Shu bilan bir vaqtda mehnat vositalari o‘z qiymatini asta-sekin ishlab chiqarilgan mahsulot, bajarilgan ish va xizmatlar tannarxiga va davr harajatlariga (amortizatsiya ajratmalari ko‘rinishida) o‘tkazadilar. Bu ularning eskirishiga va qiymatini kamayishiga olib keladi.
Quyidagi mezonlarga javob beradigan moddiy aktivlar asosiy vositalar tarkibiga kiritiladi:
a) xizmat muddati 1 yildan oshiq;
b) bitta birligi (komplekti)ning qiymati O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining 50 barobaridan oshiq bo‘lgan (sotib olish vaqtida) aktivlar.
Asosiy vositalarga yer, yerni obodonlashtirsh, binolar, inshootlar, uzatish moslamalari, mebel va ofis jihozlari, kompyuter jihozlari va hisoblash texnikasi transport vositalari, ishchi va mahsuldor hayvonlar va hokazo shunga o‘xshashlar kiradi.
Asosiy vositalarni hisobga olish uslublari №5-«Asosiy vositalar» nomli BHMSda keltirilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligida 20 yanvar 2004 yil 1299-raqam bilan ro‘yxatga olingan).
Uzoq muddatli aktivlarga asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar, uzoq muddatli investitsiyalar, o‘rnatiladigan asbob-uskunalar, kapital qo‘yilmalar va uzoq muddatli debitor qarzlari hamda kechiktirilgan xarajatlar kiradi. Bularning mazmunini tushunish uchun ayrimlariga batafsilroq to‘xtalib o‘tamiz.
Asosiy vositalar – korxona xo‘jalik faoliyatini yuritishda uzoq davom etadigan vaqt mobaynida, mahsulot ishlab chiqarish, ish bajarish va xizmat ko‘rsatish yoki ma’muriy va ijtimoiy-madaniy funksiyalarni amalga oshirish jarayonida foydalaniladigan moddiy aktivlardir.
№7-«Nomoddiy aktivlar» nomli BHMSning 7-bandiga muvofiq nomoddiy aktivlar – moddiy-ashyoviy shaklga ega bo‘lmagan, xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan, xo‘jalik faoliyatida foydalanish maqsadida nazorat qilinadigan, shuningdek uzoq vaqt (bir yildan ko‘p) ishlatish uchun mo‘ljallangan mol-mulk obyektlari. Shuningdek, nomoddiy aktivlar quyidagi talablarga javob berganida aktiv deb olinadi: aktiv ta’rifini qondiradigan; o‘lchanadigan; ahamiyatga molik bo‘lgan; ishonchli bo‘lgan; kelgusida iqtisodiy naf keltiradigan; ajratiladigan, ya’ni uni ishlatiladigan ishlab chiqarishdan alohida foydalanish mumkin bo‘lgan hollarda.
Nomoddiy aktivlarga patentlar, litsenziyalar, «nou-xou», savdo markalari, tovar belgilari, sanoat namunalari, dasturiy ta’minot, gudvill, tashkiliy xarajatlar, franshizalar, mualliflik huquqlari, xizmat ko‘rsatish belgilari va boshqalar kiradi.
Mehnat buyumlari mahsulot tayyorlanadigan boshlang‘ich materialdan iborat. Ularga xomashyo va materiallar, yarim tayyor mahsulotlar va tugallanmagan ishlab chiqarishlar kiradi. Shu guruhga yordamchi materiallar va yoqilg‘ilar ham kiradi. Barcha mehnat vositalarining umumiyligi shundan iboratki, ular faqat birgina ishlab chiqarish jarayonida iste’mol qilinib, o‘zlarining qiymatini tayyorlanayotgan mahsulot tannarxiga butunlay o‘tkazadi.
Xomashyo va asosiy materiallar deb, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning asosini tashkil qiluvchi mehnat buyumlariga aytiladi. Masalan, mashinasozlik zavodida asosiy materiallar sifatida mashinalarning ehtiyot qismlari tayyorlanadigan metalning har xil turlari (po‘lat, cho‘yan va boshqalar) xizmat qiladi. Xomashyo deganda hisob amaliyotida asosiy materiallar (ruda, paxta, qand lavlagisi va boshqalar) tushuniladi.
Yordamchi materiallar, asosiylardan farqli o‘laroq, tayyorlanayotgan mahsulotning asosini tashkil qilmay, faqat uning yuzaga kelishida qatnashadi. Bunda ular mehnat vositalarining normal ishlashi uchun asosiy materiallarga qo‘shish (biriktirish) yo‘li bilan ularga sifat o‘zgarishlarini kiritish uchun (bo‘yoqlar, laklar, yelimlar), yoki mehnat jarayoniga xizmat qilish uchun - binolarni yoritish, mehnat sharoitlarining kerakli sanitariya va gigienasini ta’minlab turish uchun (elektrotexnikaviy materiallar, sovun, qipiq va shu kabilar) ishlatiladi.
Yoqilg‘i, o‘z mohiyatiga ko‘ra yordamchi materiallarning bir turidir. U yordamchi materiallar singari, mehnat vositalari tomonidan iste’mol qilinadi (energetik yoqilg‘i) yoki asosiy materiallarga qo‘shiladi (texnologik yoqilg‘i), mehnat jarayoniga xizmat qilish uchun ishlatiladi (isitish uchun ishlatiladigan yoqilg‘i). Hisobda yoqilgi yordamchi materiallar tarkibidan alohida guruhlarga ajratilgan. Yordamchi materiallarning ko‘pchilik qismi singari, yoqilg‘ining xususiyati shundan iboratki, u o‘zining natura shaklida yangi mahsulotning tarkibiga kirmaydi. Lekin sarflangan yoqilg‘ining qiymati, yordamchi materiallarning qiymatiga o‘xshab, ishlab chiqarish chiqimlari sifatida butunlay shu mahsulotning tannarxiga kiritiladi.
Yarim tayyor mahsulotlar bu ba’zi bir ishlov bosqichlaridan o‘tgan, lekin hali tayyor mahsulotga aylanmagan mehnat buyumlaridan iborat. Ularning xususiyati shundan iboratki, garchi ular mazkur bosqichdagi (ma’lum bo‘lim yoki ma’lum uchastkadagi) barcha ishlov operatsiyalaridan o‘tgan bo‘lsalar ham, lekin ishlov yoki yig‘ish uchun navbatdagi bosqich (navbatdagti bo‘limga, uchastkaga) yo‘naltirishishi kerak bo‘ladi. Masalan, yarim tayyor mahsulotlarga mashinasozlik zavodining tayyorlovchi bo‘limi tomonidan ishlab chiqarilgan, lekin shu zavodning qayta ishlash bo‘limida ishlanishi davom etadigan detallar kiradi. Bir bo‘limda ishlovdan o‘tgandan keyin, yarim tayyor mahsulotlar odatda omborga topshiriladi, keyinchalik omborlardan, ularga bo‘lgan ehtiyojga qarab, navbatdagi bo‘limga ishlov yoki yig‘ish uchun kelib tushadi.
Tugallanmagan ishlab chiqarish bevosita ishlovda (ish joylarida) joylashgan mehnat buyumlaridan iborat. Shunday qilib, ular ham, yarim tayyor mahsulotlarga o‘xshab, ba’zi bir ishlov bosqichlarini o‘tashi bilan hali tayyor mahsulotga aylanmagan mehnat buyumlaridan iborat bo‘ladi. Lekin, yarim tayyor mahsulotlar mazkur sexda barcha ishlovlardan to‘la o‘tgan bo‘lsa, tugallanmagan ishlab chiqarishda joylashgan mehnat buyumlari bu erda hali ishlanishi lozim bo‘ladi.
Muomaladagi mablag‘lar bu muomala buyumlari, pul mablag‘lari, hisob - kitobdagi mablag‘lar (debitorlik qarzlari) va xizmat qiluvchi mablag‘lardan iborat.
Muomala buyumlari korxonada ishlab chiqarilgan va sotish uchun mo‘ljallangan tayyor mahsulotdan iborat. Joylashgan joyga qarab muomala buyumlari ombordagi tayyor mahsulot va ortib jo‘natilgan tovar (tayyor mahsulot)ga bo‘linadi. Ortib jo‘natilgan tovarlarni muomala buyumlariga qo‘shilishining boisi shundaki, xaridor uning uchun pul to‘lagunga qadar (kassa usulida) ular mazkur korxonaning mulki hisoblanadi. Hisoblash (nachislenie) usulidan foydalanganda xaridorlarga ortib jo‘natilgan mahsulot uni ishlab chiqaruvchi korxonaning mulki bo‘lmay, balki sotib oluvchi korxonaning mulki hisoblanadi va to‘lovning yo‘qligi debitorlik qarzning yuzaga kelganligini anglatadi. Ushbu holda mazkur obyekt muomala doirasidan hisob-kitobdagi mablag‘larga o‘tadi.
Muomala sohasiga xizmat qiluvchi mablag‘lar shu sohada xizmat qiladigan har xil binolar, asbob-uskunalar va inventarlardan iborat. Bunday mablag‘larga tayyor mahsulot omborlarining binolari, ushbu ishlab chiqarish korxonasiga qarashli savdo imoratlari, shu bino va imoratlardagi asbob-uskunalar (tarozilar, sovituvchi qurilmalar, tokchalar, hamda shu erda joylashgan xo‘jalik inventarlarining buyumlari - stollar, stullar, shkaflar va hokazolar) kiradi.
Noishlab chiqarish sohasidagi mablag‘larga mazkur korxona ixtiyoridagi uy-joy xo‘jaligi, madaniy - maishiy maqsadlarga mo‘ljallangan va sog‘liqni saqlash vositalari kiradi. Bular turar-joy binolari, kino-teatrlar, bolalar bog‘chalari va yaslisi, bolalar oromgohi, bolalarning dam olish joylari, hammomlar, kir yuvish va sartaroshxonalar, ambulatoriyalar, tibbiyot punktlari, binolarin, shu binolarda (korxonaga qarashli) joylashgan asbob-uskunalar va inventar hamda ulardan foydalaniladigan (korxonaning mulkini hosil qiladigan) materiallar, dori-darmonlardan iborat. Bu mablag‘larning barchasi korxona xodimlariga xizmat qilish hamda ularga zarur bo‘lgan maishiy sharoitlarni yaratish uchun mo‘ljallangan.
Buxgalteriya hisobida kapital ikkiga ajratib hisobga olinadi: aktiv (harakatdagi) kapital va harakatdagi aktiv kapitalning manbaini ko‘rsatuvchi passiv kapital.
Do'stlaringiz bilan baham: |