Mavzu: Yahyo G’ulomovning ilmiy merosi
Kurs ishining tarkibiy tuzilishi
Download 288.61 Kb.
|
Yahyo G’ulomovning ilmiy merosi.
- Bu sahifa navigatsiya:
- 1.2.Yahyo G’ulomovning arxeologiya faniga tutgan o’rni.
- II.BOB.Moxondaryo ekspeditsiyasi.
- 2.1.Umriboqiy asarlar
- 2.2.Yahyo G’ulomnovning ilmiy meroslari.
Kurs ishining tarkibiy tuzilishi: Kurs ishining Kirish 2 ta Bob 4 ta reja Xulosa va Foydalanilgan adabiyotlar.
I.BOB.Fan Fidoyisi. 1.1.Yahyo G’ulomovning hayoti va ijodi. 1936 yil.Jo’shqin Amudaryo qirg’oqlaridagi qadimiy qa’lalarni tekshirish uchun qayiqda suzib borishayotganda, daryoda oqim ko’tarilib, toshqin boshlandi. Qayiq Tuyamo’yin darasiga kirar-kirmas shamol ko’tarilganicha, daryoda kuchli to’lqin paydo bo’lgandi.Besh daqiqagina oldin ohistagina suzib borayotgan qayiq goh ko’tarilib, to’lqin tepasiga minib olar, so’ngra tog’dan dumalatilgan xarsang toshdek pastga munkib ketar, ba’zan to’lqin zarbidan goh u, goh bu tomonga yonboshlab qolar va yana to’lqinga urilib tiklanardi. Shu dam suv balosidek ofat ikki yosh qayiqchi yigitlarni qayiqdan qoqib, o’zi bilan olib ketdiki, bu haqiqiy falokat edi.Fojialisi shundaki, qayiqdagi keksa darg’a va uning yonidagi yosh yigit talvasaga tushganicha bor, chunki ular qo’lida tayoq ham, eshkak ham yo’q edi.Shu payt nuroniy darg’a qayiq o’rtasida tiz cho’kkancha jon holatda «Xubbi, xubbi, o’zing madad ber» deya yolvora boshladi. Bunday nido yosh yigitni qo’rquvdan xalos qilib tobora hayratga soldi. Negaki, Xubbi so’zi O’rta Osiyo va Eronda keng tarqalgan otashparastlik dinida suv xudosi hisoblanar, bu so’z haligi yosh yigit nazarida fan uchun qimmatli etnografik ma’lumot edi. Xullas, yaratgan egam qayiqdagilarni halokatdan, daryoga cho’kishdan omon saqladi. Halokatli damdayam fanni o’ylagan haligi yosh yigit Yahyo G’ulomov edi. Yahyo G’ulomov 1908 yilning 1 may kuni Toshkentning Shayhontohur dahasidagi Oqmachit mahallasida tug’ilgandi.Bo’lajak arxeologning otasi G’ulomxon qadim Shoshdagi dovruq taratgan Xo’ja Ahror madrasasida mudarrislik qilgan, onasi Soraxon mahalladagi maktabda qizlarga saboq berardi. Ana shunday ilmga ixlos qo’ygan oilada voyaga yetgan Yahyo bolaligidan zehnli bo’lib o’sdi. Biroq oila katta bo’lib, G’ulomxonning Eshonxon, Odilqori, Yahyo, Said Ahmad, Akrom va Roqiya ismli oltita farzandlari bilan birga opasidan yetim qolgan to’rtta yoshgina jiyanlariyam ular qaramog’ida edi. Shu bois, qolaversa, G’ulomxon mudom madrasadagi ishlar bilan band bo’lganligi sababli, xonadonga qarashli bog’ning xo’jalik yumushlari farzandlari zimmasida bo’lgan. Yahyo ana shunday yumushlar bilangina band bo’lib qolmay, ilmga ixlos qo’ydi. Dastlab ota-onasidan saboq olgan bo’lsa, keyin «Namuna» nomli maktab-internatda Lutfillaqori, Xatibzoda, Ismoil muallim, Haydar Nosiriy, Akbar domla, Yusuf va Eson afandi kabi shu davrdagi eng mo»tabar o’qituvchilardan ta’lim oldi. Bu maskanda u Oybek, Buyuk Karimov, Fotih Orifov, Abdulla Boboxonov, Iso Razzoqov, Yoqub Aliev, Abdulla Rahimov, Saidazim Usmonov kabi kelajakdagi o’zbek xalqining yetuk ziyolilari bo’lib yetishgan ilmu fan namoyondalari bilan bir guruhda ta’lim tarbiya oldi.Ayni paytda Yahyo ijodga bo’lgan ishtiyoqi sabab «Bulutlar», «Turfa folbin», «Gilam jallobi» singari hajviyalarini maktabning devoriy gazetasida chop etdirdi. O’smirlikning zavqli onlarini shunday xushnudlik bilan o’tkazgan Yahyo G’ulomov, 1927-30 yillarda Samarqanddagi o’zbek davlat pedagogika akademiyasi ijtimoiy va iqtisodiy bo’limida tahsil oladi.Bu dargohda u Po’lat Soliev , Abdurauf Fitrat, Vasiliy Vyatkindek o’z davrining ilg’or ziyolilaridan saboq oldi, Muso Saidjonov bilan hamkorlik qilib, ularga ixlos qo’ydi. Yuqoridagi olimlar , xususan Po’lat Soliev (1882-1937) Astraxanda tug’ilgan, ammo taqdir yo’llari tufayli Turkistonga bir umr mehr qo’ygan, shu o’lkada yashab o’tgan ilk o’zbek tarixchi professori edi. Qozon, Ufadagi madrasalarini bitirgan Po’lat Majidovich 1909 yildan Toshkent, Qo’qon , Mirzacho’l, Jalolobod , Bekobod maktablarida o’quvchilariga saboq bergan, 1917 yildagi Turkiston muxtoriyati tashkil topishida jonbozlik ko’rsatgan arbob ham edi. U muxtoriyatning “El bayrog’i” gazetasining bosh muharriri sifatida faoliyat ko’rsatadi. Muxtoriyat tugatilgach, Farg’onada o’qituvchilikni davom qildiradi. 1919 yildan Toshkentga kelib maorif kurslarini tashkil etish, “Inqilob”, “Tong” jurnallarini nashr etishga bosh bo’ladi. Bir muddat Moskvada yashab ilmiy faoliyat bilan shug’ullanadi, 1927 yilda esa Samarqandga qaytib oliy pedagogika institutida talabalarga saboq bera boshlaydi. “Mang’itlar saltanati davrida Buxoro o’lkasi” , “Buxoro tarixi”, “O’zbekiston ham Tojikiston”, “O’zbekiston tarixi” asarlarini yaratdi.1 Yahyo G’ulomov keyinchalik xotirlab yozganidek, “Po’lat Soliev Turkiston tarixi bo’yicha o’qigan ma’ruzalari xotimasida kishini avvalo o’z mamlakati, shahri va tug’ilib o’sgan qishlog’ining tarixini yaxshi bilishga da’vat etadigan, arab, fors, rus va turkiy tillarni, sharq tarixi, falsafasi, axloqi, tarixini mukammal biladigan shaxs edi”. Muso Saidjonov (1898-1937) Buxoroda-savdogar oilasida tug’ilgan bo’lib, dastlab Mir Arab madrasasida, keyin Kogondagi rus-tuzem maktabida tahsil olgan, o’z davrining ilg’or ziyolisi sifatida 1915 yildan Buxoroda “Maorif” nomli kitob jamiyatini tashkil qilgandi.”Yosh buxoroliklar” safida ham faoliyat ko’rsatgan M.Saidjonov 1920 yilda amirlik tugatilib BXR tashkil qilingach, savdo-sanoat, xalq maorifi noziri, iqtisodiy kengash raisi kabi vazifalarda ishlaydi. 1924-27 yillarda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish tashkiloti boshlig’i sifatida ishlab, Buxorodagi ko’plab me’moriy obidalarni ta’mirlash, tadqiq qilishga bosh bo’ldi. 1928-37 yillarda respublika tarixiy va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish qo’mitasiga raislik qilib, O’zbekistonning madaniy merosini avaylab asrash, ilmiy tadqiq qilish ishlariga rahbarlik qildi. Buxoro, Shahrisabzdagi me’moriy obidalar haqida kitoblar yaratdi. 1935 yilda Leningradda o’tkazilgan sharqshunoslarning 3 xalqaro kongressida qatnashib ma’ruza o’qidi. Yahyo G’ulomov M.Saidjonov bilan hamkorlik qilarkan, undan qadim shaharlardagi obidalarning barpo etilishi, ularga ishlatilgan bo’yoq, minoralarning qay tariqa osmonga bo’y cho’zib barpo etilganiga oid ma’lumotlarni bilib oldi. Abdurauf Fitratdek o’z davrining qomusiy olimi, shoir, dramaturgning bo’lajak akademikka o’tkazgan ta’siri, maslahatu-nasihatlari, o’z boshidan kechirganlari to’g’risidagi dardli hikoyalari esa, Yahyo akada sharq ziyolisidek ibratli SHAXSni ko’z o’ngida mujassamlashtirgandi. Yahyo G’ulomov bilan keyingi davrda, xususan Xorazmda o’tkazgan ekspeditsiyasida hamkorligi boshlanib, to umrlarining oxirigacha uchrashib, xat yozishib maslakdoshlik qilgan inson Abdulla Boltaev (1890-1966) edi. Xiva xonligi davrlaridan otasi Muhammad Murod Said Pano bilan Ichan-Qa’ladagi obidalarda barpo bo’lishida, keyinchalik ularning ta’mirlanishida, Toshkentdagi A.Navoiy nomli opera va balet teatrining milliy uslubda jihozlanishi, sayqal topishida katta xizmat qilgan naqqosh, usta, o’z davrining mashhur Davlat mukofoti bilan taqdirlangan bu inson, tarix bilimdoni ham edi. Yahyo G’ulomov Xorazmga kelgan 1936 yilidayoq Xivaga kelib Abdulla Boltaev bilan tanishgan. Uning maslahatlari, Xorazm tarixi, obidalari, ularning barpo etilishi, ularga ishlatilgan bo’yoq, ularning sirlari, to’plagan qo’lyozma asarlari asosida Yahyo G’ulomov ko’plab ma’lumotlarga ega bo’ladi. Ana shular asosida, ularni boshqa manbalarga taqqoslab, arxeologik tajribalarini umumlashtirgan holda o’zining “Xiva va undagi me’moriy obidalar”, “Xorazmning sug’orilish tarixi” monografiyalarini yaratadi.Abdulla Boltaev naqqosh usta bo’lish bilan birga, o’zidan 88 ta daftarga arab alifbosida bitilgan Xorazm tarixiga oid o’zining yozgan, qariyib 10 jildga jo bo’lgulik asarlarni meros qoldirgan muarrix hamdir. Yahyo G’ulomov Xivada bo’lganida ana shularni mutoala qilgan holda “Xorazmda o’z biografiyasini to’liq saqlagan, materiallarini to’plab yosh olim va kelajak avlodlarga qoldira bilgan Abdulla akadir”, deya yozgandi. O’z navbatida Abdulla Boltaev ham “Yahyo G’ulomov odamlardagi jamiki yaxshi fazilatlarni o’zida mujassamlashtirgan mehnatsevar, shu bilan birga chinakam katta olim”, deb baho bergan. Bugungi kunda Abdulla Boltaevning avlodlari xonadonida bobolaridan qolgan 88 ta noyob daftarlar bilan birga har ikkala maslakdosh fidoyi insonlarning yozgan xatlariyam avaylab saqlanmoqda. Vasiliy Vyatkin… Turkiston tarixi, fanida alohida muhim o’rin tutgan ushbu shaxsning faoliyati bo’lsa Yahyo G’ulomovdek yosh talabaga istiqbol eshiklarini ochib yubordi. V.V.Vyatkin (1869-1932) Samarqand obidalarining haqiqiy jonkuyari, hamkasbi Abu Said Maxzum bilan ko’plab obidalar tarixini tadqiq qilgan, ko’plab qo’lyozma asarlar to’plab ularni o’rgangan, hattoki 1908 yilda Samarqand shahrida Ulug’bekka haykal qo’yish tashabbusi bilan chiqishgandi.A.A.Semyonov, I.Sikora, N.G.Malitskiy singari olim va arboblar ham Vyatkinni qo’llab quvvatlab, bu borada 1914 yilda tuzilgan Ulug’bek merosini o’rganish, rasadxonasini ta’mirlash, haykalini barpo etish komitetini tuzishgandi. Ana shunday tarix, milliy qadriyatlar jonkuyari bo’lgan olimlardan saboq olishi Yahyo G’ulomov uchun bir umrlik hayot dorulfununi bo’lib xizmat qildi. Bu paytga kelib o’rta asrlarda vayronaga aylanib qaerdaligi noma’lum bo’lgan Ulug’bek rasadxonasini topganidan, Afrosiyobda arxeologik tadqiqotlar olib borganidan Vyatkinning nomi fan olamidagina emas, Samarqandning oddiy aholisi orasidayam ancha mashhur edi. O’zbek, tojik, fors tillarini yaxshi bilgan Vyatkin Yahyodagi ilmga intilishni sezib unga ustozlik qildi. Yahyo G’ulomovning xotirlashicha, “Ma’ruzani u auditoriyaning u boshidan bu bu boshiga yurib o’qirdi..U na ma’ruza matniga, na talabalarga qarardi. Faqat baland bir nuqtaga tikilganicha voqealar, nomlar, sanalar va hatto voqealarga aloqador forscha she’rlarni yoddan aytardi. Birinchi ma’ruzasidayoq u mening ilgarigi qarashlarimni ostin-ustin qilib yubordi, chunki uning bilganlari oldida mening o’zimga bo’lgan e’tiqodim puchdek ko’rina boshladi. U o’zining asosiy tarixiy manbalarini, 10 asr mualliflari Tabariy, Narshaxiy va keyingi asrlarda yashagan Ibn Asir, Juvayniy va boshqalarni shunday tavsiflab berdiki, ular qarshisida mening o’qib yurgan tarix kitoblarim hech bo’lib qoldi. Ma’ruza paytida uning so’zini bo’lib savol berardik va u berilgan savollarga albatta javob berardi. Chunki u kishi ma’ruzaning oxirida savolga vaqt qoldirmas, qo’ng’iroq chalinishi bilan chiqib ketardi. V.Vyatkin savol va javoblardan men uning ma’ruzasini juda e’tibor bilan eshitayotganimni payqagan shekilli, bir daf’a u auditoriyadan chiqishimni kutib turgan ekan, men yaqinlashishim bilan o’zbekchalab boyagi savolga javobini tavsiflab gapira ketdi. Menga asl manbalarni sinchiklab o’qishni birinchi bo’lib maslahat bergan ham shu V.Vyatkin bo’ldi. U bir ma’ruzadan keyin meni Samarqand eski shahriga olib ketib, Registon ko’chasidagi kutubxonaga olib kirdi. Unda ishlab turgan barcha yoshu qari o’rinlaridan turib Vyatkinni qarshi oldilar va “domla” deb u bilan o’zbek va tojik tillarida quyuq so’rasha ketdilar. Bu kishining mahalliy ziyolilar ichida bunchalik mo»tabar va ular bilan apoq-chapoq ekanini shunda payqadim”. Xullas, ana shu tariqa boshlangan ustoz-shogirdlik bois Vyatkin hamda I.R.Cheylitko Yahyo G’ulomovni arxeologiyadek sehrli kasbga oshno tutinishiga sabab bo’lishdi. Dastlabki arxeologik tadqiqotlari ham Yahyoning aynan Afrosiyobda, 1928, 29 yillarda bo’lib o’tdi. 1931 yilda u Toshkentga qaytib xalq komissarlari kengashi huzuridagi tarixiy yodgorliklarni saqlash va ilmiy o’rganish qo’mitasida ish boshlaydi.Bu dargohda u M.Masson, A.Yakubovskiylar rahbarligida 1933 yildan Termiz va Zarafshondagi qadim obidalarda izlanishlar olib bordi. 1.2.Yahyo G’ulomovning arxeologiya faniga tutgan o’rni. Ma’lumki, o’lkamizda arxeologiya fani chorizm istilosidan so’ng, mustamlakachilarning o’lkani tadqiq qilib, topilgan osori atiqalarni Peterburg va Moskvaga tashib keta boshlaganlaridan so’ng shakllana boshlagandi. Yahyo G’ulomovgacha bo’lgan davrda toshkentlik savdogar Akram Asqarov, samarqandlik Abu Said Maxzum, 1929 yilda Qashqadaryoda, keyin esa Yettisuvda arxeologik tadqiqotlar o’tkazgan Turdi Mirg’iyosovlar faoliyat olib borishgandi. Ular orasida Turdi Mirg’iyosov chin ma’nodagi vatanparvar arxeolog edi. Ayniqsa u Yettisuvda faoliyat olib borarkan, To’qmoq tumani chekkalarida qadimgi shaharga tegishli obidalar borligini, ammo ular rahbarlarning e’tiborsizligi, mahalliy aholining loqaydligi natijasida vayrona holga kelayotganidan kuyunib tegishli idoralarga uch marotaba telegramma yuborishga majbur bo’lgandi. Turdi Mirg’iyosov kuyunchaklik bilan “Biz Verniyga uchta xabar yubordik.Ammo hech qanday javob olomadik. Oradan yana uch yil o’tsa, bu minoradan hech narsa qolmaydi. Qisqacha qilib aytganda, turkistonlik arxeologlar bu yerdagi yodgorliklarni o’z panohiga olishmasa fan va tarix uchun qimmatli manbalarning hammmasi yo’q bo’ladi va avlodlarning qarg’ishiga uchraymiz”. Bundan ko’rinadiki, mustamlakachilar tarixiy obidalarga emas, qimmatbaho topilmalarga e’tibor qaratishgandi. Yahyo G’ulomov arxeologiyada ma’lum bir tajriba, ko’nikma orttirgach, ana shunday jonkuyar Turdi Mirg’iyosov hamda kasbdoshi Rashid Nabievlar bilan 1936 yilda Xorazmda o’zining mustaqil tadqiqotlarini boshlab yubordi.1937 yildan boshlab, ular safiga arxeolog A.I.Terenojkin hamda arxitektor B.Zasipkinlar qo’shildi. O’sha vaqtda Toshkentdan chiqgan poezd to’g’ri Xorazmga bormas, negaki 1947 yilgacha vohaga temir yo’l yotqizilmagandi. Shunday vaziyatda bir guruh arxeologik ekspeditsiyaning Turkmanistonning Chorjo’y shahridagi bekatga borishi, u yerdan yo Amudaryodagi kemalar orqali, yoki Buxoro qumliklaridan ot, tuya, eshaklarda olis Xorazmga borishining o’zi ming mashaqqat edi. Ana shunday holatda Yahyo G’ulomov va safdoshlari 1936 yildan 1947 yilgacha yilda ikki marotaba olis vohaga tashrif buyurishardi. Shuningdek, qum barxanlari Xorazmdagi obidalarni o’z bag’riga olganicha qadim sir asrorlarni mahkam bekitib olgan, ish g’oyat qiyin edi.Bu haqda Yahyo G’ulomov o’z kundaligiga o’sha mashaqqatli onlarni shunday bitgandi: «barxanli qumliklar bilan qoplangan taqirlardan iborat bu zimziyo ko’hna o’lkada na mashina va na ot arava yura olar edi. Guruhimizning asosiy transport vositalari ustiga xurjinlarida oziq-ovqat, ko’rpa-to’shak, palatka, plajet, teadolit hamda qozon tovoq va qumg’on ortilgan 5-6 eshaklardan iborat edi».Ana shunday mashaqqatlarga qaramay, arxeologik guruh, Guldursun, Norinjonqa’lada tadqiqotlarini boshlab yubordi.Qum issig’i arxeologlarni charchatsada topilayotgan qadim osori atiqalar yanada ularni ixlos bilan tarixni o’rganishga undardi. Ba’zida esa qum barxanlari orasida halokatli voqealar ham ro’y berib turardi. Xususan, 1937 yil yozida Yahyo G’ulomov qadimgi kanal izlarini xaritaga tushirish maqsadida, yolg’iz o’zi Norinjonqa’ladan chiqib, uchrayotgan arxeologik materiallarga qiziqqanicha, guruh joylashgan yerdan 10-12 km uzoqqa borib qoladi. Qolaversa, yo’lda uchragan noyob topilmalar bilan arxeolog yelkasidagi sumka tobora og’irlashib borar, yo’l uchun na non, na suv olingandi. Buning ustiga jazirama issiqdan, arxeolog charchagani, chanqaganidan ortga qaytarkan, adashib Teshikqa’la tomon borib qoladi.2 Kuni bilan u qumlikdagi jaziramada yurganidan, suvsiraganicha og’zi qurib, tili tanglayiga yopishib qolgan, oyog’ida umuman madoriyam qolmagandi.U zo’rg’a o’tovga yetib bordiyu, ostonaga yetgach yiqilib hushidan ketdi.Boshqa bir gal esa qayiqda daryo bo’ylab suzisharkan, daryoda to’lqin ko’tarilib, suvga cho’kishiga oz qolgandi.O’shanda yaratgan egam omon-eson ularni qirg’oqqa sog’ chiqargach, Yahyo G’ulomov kech bo’lib qolganiga qaramay, yolg’iz o’zi yana to’qayzorni kesib o’tgan yakka oyoq yo’ldan arxeologlar joylashgan guruh tomon yo’l oladi.Shunda u bir halokatdan zo’rg’a qutulib, yana bir falokatga yo’liqdi: to’satdan uning oldidan bo’rilar galasi chiqib qoldi.Bo’rilar arxeologdan qirq qadam naridagi qamishzorda qandaydir hayvonni g’ajishardi. Yahyo G’ulomovni sezib, bo’rilarning avval quloqlari dikkaydi-yu, so’ngra tumshuqlarini yuqori ko’tarib, birdaniga 5-6 ta bo’ri arxeologning yo’lini kesib o’tib, ikki tomonda xuddi karvondek tizilib turishdi.Shunda Yahyo G’ulomov qo’rqish alomatini sezdirmay, qadamini bir xil bosib, yo’l-yo’lakay bir qo’li bilan qamish popiltiriqlaridan yulib, ikkinchi qo’li bilan cho’ntagidagi gugurtni olib, ularni yoqqanicha ma’shala qilib oldi.Bo’rilar galasi o’ljasini yeb to’yganidanmi yo qamish ma’shalasidan qo’rqqanidanmi, xudo bu safar ham arxeologni qutqarib, eson-omon Teshikqa’ladagi kasbdoshlari oldiga yetkazdi. Ha, Yahyo G’ulomov hayotida shunday sermashaqqat, qiyin kunlar ko’p bo’lgan.Ammo undagi ilmga fidoyilik, tarixga ixlosning qa’tiyligi bois, Yahyo G’ulomov arxeologiyada ko’plab qadim qa’lalarning sirini ochib, katta o’zgarish qildi.Ayniqsa Vyatkindek teran tarixchidan so’ng, Sergey Tolstov bilan Xorazmda ko’p yillar hamkorlik qilishi uning ilmu fanda yuksak natijalarga erishishiga sababchi bo’ldi.Aynan Yahyo G’ulomovning 1936 yilda Quyi Amudaryoning har ikkala sohilidagi qa’lalarda boshlab yuborgan tadqiqotlari, undagi topilayotgan fanga noma’lum sirlarning kashf etila boshlashi, Sergey Tolstov ekspeditsiyasining tashkil topishiga sabab bo’ldi deyish mumkin. Natijada 1937 yildan S.Tolstov o’z hamkasblari bilan Xorazm zaminida arxeologik tadqiqotlarini boshlab yubordi. Har ikkala arxeolog va ularning hamkasblarining ilmiy ishlari bois fanda Xorazm sivilizatsiyasi degan atama paydo bo’ldi.Yahyo G’ulomov esa Xiva shahridagi me’moriy obidalarni ilmiy tadqiq qilib, “Xiva va undagi me’moriy yodgorliklar” mavzusida 1941 yilda nomzodlik ishini himoya qildi. O’sha yili fan sohasida, xususan arxeologiyada istiqbolli izlanishlar olib borayotgan Yahyo G’ulomovni Qori-Niyoziy boshchiligidagi yana bir ilmiy ekspeditsiyaga a’zo qilib kiritishdi.Ya’ni, T.N.Qori-Niyoziy, M.M.Gerasimov, L.V.Oshanin, A.A.Semyonov, V.N.Kononov, B.N.Zasipkin H.T.Zaripov, S.Ayniy, M.Sheverdin, Mixnovskiy, Turkevich, Zizenkov, Krintsitskaya, Sprishevskiy, Al`baum, Tatevosyan, Zavalin, N.A.Kim, Usta Akrom va Usta Shirin Murodov, Malik Qayumov kabi turli soha vakillaridan tashkil topgan ekspeditsiya safida Yahyo G’ulomov ham 15-24 iyunda Samarqandda bo’ladi. Biroq Yahyo G’ulomovning asosiy tadqiqotlari, fundamental ilmiy ishlari Xorazm bilan bog’liq edi. Shu bois u urushdan ilgarigi arxeologik tadqiqot ishlarini qo’lyozma asarlardagi voqeliklar jarayoni bilan taqqoslab chiqishga intildi. Ma’lumki, 1941 yilda boshlangan urush sabab O’zbekistonga ko’plab keksalar, bolalar, zavod-fabrikalar, 31 ta oliy o’quv yurti, 7 ta harbiy akademiya bilan birga ijod va ilm ahli ham evakuatsiya qilib ko’chirilgandi. Ijodkorlar orasida A.Axmatova, N.Virta, S.Gorodetskiy, A.Deych, K.Zelenskiy, YA.Kolas, B.Lavrenov, V.Lugovskoy, N.Pogodin, I.Sel`vinskiy, A.Tolstoy, V.Yan kabi ko’plab o’sha davrning mashhur yozuvchi, shoir, dramaturglari bor edi. O’zbek ijodkorlari bilan boshlangan hamkorlik va do’stlik natijasida Oybek va A.Deych “Alisher Navoiy” ocherkini, Hodi Zarif, V.Jirmunskiy bilan hamkorlikda “O’zbek qahramonlik eposi”ni, Uyg’un A.Tolstoy ko’magida “Ona” p`esasini yaratishdi. Bunday hamkorlik olimlar orasidayam davom qildi. Xususan, Yahyo G’ulomov Rossiyalik B.Grekov, V.Struve, K.Trever, A.Yakubovskiy, S.P., M.E.Voronets, V.A.Shishkin, shuningdek o’zimizning yurtdoshlardan T.N.Qori-Niyoziy, E.SH.Rajabov, V.I.Zohidov kabi olimlar bilan birgalikda «O’zbekiston xalqlari tarixi» asarining ikki tomligini yaratishga kirishdi. Mualliflar jamoasi tomonidan yaratilgan ushbu asar fundamental tadqiqot bo’lib,1-tomning bosh muharriri S.Tolstov, maxsus muharrir esa Yag’yo G’ulomov qilib belgilangandi.Bu orada urush tugab yuqoridagi olimlar o’z yurtlariga jo’nab ketishadi. 3 Natijada endigina mashinkaladan chiqgan, ammo tahrir qilish lozim bo’lgan asarni Moskva, Leningrad shaharlariga olib borib mualliflarga o’qitish, tahrir qildirish, ilmiy muhokama qildirish ishlari ishlari Yahyo G’ulomov zimmasiga tushadi. Garchi yuqoridagi asar o’sha davr mafkurasi va talabi asosida yozilgan bo’lsada, keyingi davrda yaratilgan O’zbekiston xalqlari tarixiga poydevor vazifasini o’tadi.Bu orada Yahyo aka Moskvadagi sobiq ittifoq Fanlar akademiyasining Moddiy madaniyat (arxeologiya) instituti doktoranturasiga kiradi. Shu tariqa ham o’zining ilmiy ishini davom etdirishga, hamda ikki tomlik asarni shaharlar oralab qatnab nashr etdirshga ulguradi. Xullas, ikki tomlik tarix urush davri qiyinchiliklariga qaramay, ilmu fan bilan shug’ullanishga harakat qilgan olimlarning fidoyiligi edi. Urushdan so’ng Yahyo G’ulomov, ko’p yillar davomida Quyi Amudaryo bo’ylarida olib borgan ilmiy tadqiqot ishlarini umumlashtirgan holda, 1950 yili Moskvada doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. Ana shu ilmiy ishi asosida 1957 yilda ruscha, 1959 yilda bo’lsa o’zbekcha «Xorazmning sug’orilish tarixi» monografiyasi yuzaga keldi.Ushbu fundamental, ilmiy akademik asar Yahyo G’ulomovning tarixshunoslikda g’oyat teran tadqiqotchi ekanligini ko’rsatdi.Chunonchi, sun’iy sug’orishga asoslangan quyi Amudaryo xalqlari hayotida obi hayotning tutgan o’rni, asrlar mobaynida u bilan bog’liq bo’lib o’tgan voqea hodisalar monografiyada haqqoniy yoritilgani sabab, asar keng shuhrat qozondi. Dunyoga mashhur Ermitaj muzeyi direktori , akademik B.B.Piotrovskiy ta’kidlaganidek, “Yahyo G’ulomovning O’rta Osiyo xo’jalik hayotining asosi hisoblangan sug’orish sohasidagi tadqiqotlari haqiqatan ham buyukdir”. Yahyo G’ulomov ushbu asarni yozish jarayonida Xorazmda o’zi va S.Tolstov o’tkazgan arxeologik ekspeditsiya natijalariga tayanibgina qolmasdan, ilgarigi davrda sug’orilish tarixiga, suv xo’jaligi tizimiga doir yaratilgan asarlarniyam qunt bilan o’rgandi. Aynan xonlikning bosh mirobi bo’lib ishlagan Munis, Ogahiylar, xonlar sulolasiga mansub Bayoniy, “Turkistonning sug’orilish tarixi” va o’lka tarixiga oid yana yuzlab asarlar yozgan V.V.Bartol`d, Xorazmda bo’lib bebaho manbalar to’plagan Kaul`bars, Kun singari olimlar asarlariga e’tibor berdi. Bundan tashqari, “Xorazmning sug’orilish tarixi” mavzusidagi doktorlik ishi va monografiyasini yozish jarayonida arab, fors tilidagi qo’lyozma asarlar, rus tilidagi kitoblardan 267 tasini o’qib o’rgandi, o’z asarida ana shu manbalardan iqtibos keltirib o’tdi. Ulardagi voqeliklar jarayonini bir-biriga taqqoslab chiqdi, shulardan kelib chiqib mavzuga yondoshgan holda sohaga doir betakror asar yaratdi. Bunday asarlar orasida Yahyo akaning e’tiborini tortgani, bevosita vohada bo’lib, ko’rgan-kechirganlari , ilmiy tadqiqot ishlarini monografiyalarga muhrlagan Morgunenkov va Sinzerlinglarning faoliyatlari bo’ldi. Ma’lumki, F.P. Morgunenkov (1880-1939) uzoq yillar davomida o’lkadagi irrigatsiya, melioratsiya, gidrotexnika sohasidagi murakkab muammolarning ilmiy–amaliy yechimini topish uchun tinimsiz harakat qilgan. Olim O’rta Osiyo Davlat universiteti talabalariga saboq berish bilan bir qatorda O’zbekiston Suv xo’jaligi Bosh boshqarmasi va “Davlatsuvloyiha” institutida ham samarali faoliyat ko’rsatgan. Tarixdan ma’lumki, Chor Rossiyasi O’rta Osiyoni istilo qilgandan keyin o’lkadagi suv muammolarini hal qilish va yangi yerlarni o’zlashtirish, daryo transportini yo’lga qo’yish kabi muammolarni buyuk knyaz` N.K.Romanov, baron A.V.Kaul`bars, polkovnik A.I.Gluxovskoy, akademik V.V.Bartol`d, tadqiqotchilar V.A.Obruchev, N.G.Petrusevich kabi mutaxassisslar ham o’rganganlar. Xususan, 1893 yilda A.I.Gluxovskoy o’zining «Amudaryo suvlarini eski o’zani orqali Kaspiy dengiziga oqizish hamda Amu–Kaspiy–Volga daryosi va Mariin kanallari tizimi orqali Afg’oniston chegarasidan Peterburg va Boltiq dengiziga suv yo’li ochish» nomli kitobida Petr 1ning 1716 yildagi «Hindistongacha suv yo’lini izlab topish” haqidagi topshirig’ini bajarsa bo’ladi, deb yozgandi. Biroq ulardan farqli o’laroq F.P.Morgunenkov suv tizimida bir qator ixtirolar ham yaratgandi. Uning Turkistondagi ilk faoliyati 1910 yildan ko’zga tashlanadi. Shu yili u V.Aleksandrov va A.Yesaev kabi tadqiqotchilar qatori suvni balandlikka ko’tarib berish imkoniyatiga ega so’rg’ich (nasos) loyihasi uchun guvohnoma olgandi. 1915 yilda injener qish va toshqinlar vaqtidagi Amudaryoning ortiqcha suvlari bilan Janubiy-sharqiy Kaspiydagi bo’z yerlarni o’zlashtirish g’oyasini ilgari surdi o’z asarida ( “Predpolojeniya ob oroshenii yugo-vostochnogo poberej`ya Kaspiyskogo morya zimnimi i izbitochnimi pavodkovimi vodami Amu-dar`i” / “ Zapiski Russkogo Texnicheskogo obshestva”, 1915. № 6-7. Unda Taxiatosh qisnog’idan olingan kanal Sariqamish ko’li yaqinidan o’tib, Eski O’zboyning 500 km. irmog’iga ulanishi va daryo suvlarini Balxondagi Nebit dog’ etaklarigacha oqizish taklif etilgandi. Yosh injener o’ta og’ir va serxarajat loyihani asoslash niyatida yangi yerlar “Kaliforniya va Misriga aylanadi”, ? deb yozgandi. 1915 yilda F.P.Morgunenkov Mirzacho’ldagi Romanov kanalini kengaytirshsh bilan 175 ming desyatina yangi yerlarni o’zlashtirish mumkinligini isbotladi. Shu bilan bir qatorda u kanaldan suvni qo’tarib berish imkoniyatiga ega bo’lgan o’zining propellerli nasoslarini o’rnata boshladi. Muhandisning Turkistondagi samarali faoliyatini Rossiya Yer ishlari mahkamasi xodimi A.A.Tatishev yuqori baholagandi. 1918 yilda Turkistonda paxtachilikni rivojlantirish maqsadida 50 mln so’m mablag’ ajratish to’g’risida hukumat qarori qabul qilinadi. Uning aksariyat qismi rus dehqonlari joylashtirilgan Mirzacho’lni o’zlashtirishga yo’naltirilishini hisobga olgan F.P.Morgunenkov “Nikol`skiy” posyolkasi yaqinida dastlabki zemlesosni o’rnatdi. Uning rus fotografi Prokudin–Gorskiy tomonidan olingan surati amerikalik arxeolog Xantingtonning “Turkiston al`bomi”dan o’rin olgandi. Markazdan Mirzacho’lni o’zlashtirish imkoniyatlarini o’rganishga safarbar etilgan injenerlar G.K.Rizenkampf, I.G.Aleksandrov, V.F.Bulaevskiy, V.D.Ifrin, N.D.Proxorov, B.K.Ladigin, tuproqshunos I.A.Dimo, agronomlar R.R.Shreder, G.S.Zaytsevlar bilan birga kelgan P.F.Morgunenkov sug’orish muammolarini chuqur o’rganishga harakat qildi. Hususan u R.R.Shreder bilan birga yerlarni sug’orish asosida paxtaning yangi navlarini ekish va yaxshi hosil yetishtirish imkoniyatlarini asosladi. Keyinchalik “Davlat suvloyiha” institutida ishlayotgan vaqtida P.F.Morgunenkov Chirchiq, Angren, Keles daryolarida gidrotexnik inshootlar qurish loyihasini tuzdi. Iqtidorli injenerning takliflari Bo’zsuv gidroelektrostantsiyasi qurilishi jarayonida e’tiborga olindi. 1926 yilda F.P.Morgunenkov rahbarligida G.P.Sazonov, M.N.Yermolaev, B.X.Shlegel` tomonidan Amudaryoning Qoraqum orqali o’tgan eski o’zanida quriladigan yirik kanal loyihasi tayyorlandi (Morgunenkov F.P., Sevast`yanov I.A. Irrigatsionnie perspektivi Turkmenii. — M., 1925). Unda Bo’sag’a qishlog’i yaqinidan olingan va soqasida suvni boshqarish inshooti qurilmagan 2 ta 4 km. uzunlikdagi kanallar orqali daryo suvlari qurib qolgan Kalif O’zboyiga yo’naltirilishi ko’zlangandi. Oradan bir oz vaqt o’tib, 100 km. uzunlikdagi kanal yaqinida o’t-o’lanlar paydo bo’ldi va cho’lda ekilgan paxtadan yaxshi hosil olindi. Kelgusida o’zani 400 kmga yetkazilgan kanal orqali Murg’ob, Tajan va Atrek vohalari yerlari sug’orila boshlandi. Ammo mazkur yirik loyiha amalga oshirilgan vaqtda uning asosiy ijodkori dunyodan o’tgandi. 1927 yilda F.P.Morgunenkov injener V.V.Poslavskiy bilan hamkorlikda Janubiy Xorazm sug’orish tizimini qayta qurish imkoniyatini o’rgandi va bir qator foydali takliflar berdi. Ular orasida Amudaryoning Ustyurt va Qoraqum chegarasida bo’lgan, ammo qurib qolgan O’zboy nomli o’zani orqali ortiqcha suvlarini Kaspiy dengizi tomonga oqizish haqidagi yangi g’oyalar ham bor edi. 1927 yilda Morgunenkov, Sinzerling kabi mutaxassislarning taklifi bilan sobiq ittifoq suv xo’jaligi komissariyati tassarufida Quyi Amudaryo del`tasidagi sug’orish kanallari boshqarmasi ? Upradik tashkil etildi va uning xodimlari Xorazm vohasining sug’orish tizimlarini qayta o’rganishni ham boshladilar. 1929 yil 31 iyulda F.P.Morgunenkovga yirik sug’orish kanallarini cho’kmalardan tozalashga moslashtirilgan yangi zemlesos (tuproq so’rg’ich) moslamasini ixtiro qilganligi to’g’risida patent (guvohnoma) berildi. Moslama maxsus yasalgan kemaning old va orqa qismiga o’rnatilgan aylanma tirgakdagi troslar yordamida ko’tarib-tushiriladigan trubalar orqali so’riladigan tuproq aralash suvni qirg’oqqa chiqarib tashlardi. Dunyodagi, shu jumladan Xorazm vohasidagi suv xo’jaligi va ob-havoning o’zgarishi muammolarini ilmiy va amaliy jihatdan o’rganishda V.V.Sinzerlingning xizmatlari beqiyos darajada katta bo’lgan. Mashhur sayohatchi va taniqli gidrolog olim Vladimir Vladimirovich Sinzerling 1884 yil 31 avgustda Sankt–Peterburg shahrida tavallud topdi. U yoshligida yelkanli kemada dunyodagi barcha okeanlarda suzdi. Keyinchalik ishchi, texnik, injener sifatida bir qator suv inshootlari, shu jumladan juda murakkab deb hisoblangan Amerikadagi Kolorado daryosidagi qurilishlarda qatnashdi. 1913 yildan V.V.Sinzerling Amudaryo del`tasida gidrologik tadqiqotlar olib bordi va Bosh Turkman kanalining dastlabki loyihasini tayyorlash guruhiga rahbarlik qildi. Kanal qurilishi oradan 40 yil o’tib boshlangan bo’lsa-da, uning ilk chizmalari e’tiborga molik deb tan olingandi. 1918 yilda yangi hukumat V.V.Sinzerlingni Davlat inshootlarining tashkiliy byurosiga kiritdi va u irrigatsiya, melioratsiya va o’rmonlarni tiklash loyihalarini tuzishda faol qatnashish imkoniyatiga ega bo’ldi. 1924 yil bahorida Quyi Amudaryo havzasida vujudga kelgan suv muammolarini yechishga yordam berish maqsadida O’rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi (SredazEKOSO) tomonidan Xorazm vohasiga taklif qilingan V.V.Sinzerling mavjud sharoit bilan yaqindan tanishdi va daryo suvlarini so’l qirg’oq tomon yo’naltirish yuzasidan zarur amaliy maslahatlar berdi. Keyinchalik u tahlil qilgan ma’lumotlarini “Amudaryo del`tasida sug’orish va paxtachilik istiqbollari” nomli maqolasida aks ettirdi. (Sinzerling V.V. “Perspektivi orosheniya i xlopkovodstva v del`te Amu-Dar`i ”, J.: “Xlopkovoe delo”. — M, 1924). Shuningdek u Moskvaga qaytggach, Amudaryo havzasida o’rgangan ma’lumotlarini to’ldirib, “Amudaryoda sug’orish” nomli monografiyasini nashr qildirdi ( M, 1927, 808 s). Unda Xorazm vohasidagi yerlar sathi yiliga o’rtacha 1 mm, shu bilan bir qatorda daryodan chiqqan qum-sovg’a loy aralashtirilib to’kiladigan mineral va mahalliy o’g’itlar sababli 7 mm. ko’tarilishi qayd qilingan. V.V.Sinzerlingning kitobi -suv xo’jaligi muammolari bilan shug’ullayotgan olimlar qatoridan mustahkam o’rin egallashiga zamin yaratdi. Yahyo G’ulomov aynan suv xo’jaligi tizimi va sug’orilish tarixi mavzusini tadqiq qilarkan, talabalik davrida “Pravda Vostoka” gazetasida yoritilgan, o’sha davrda katta shov-shuvga sabab bo’lgan sud jarayoni tafsilotlari bilan ham tanishadi. Ma’lumki, o’sha yillari aynan suv xo’jaligi tizimida katta kamchilik va nuqsonlar ro’y bergan, davlatning millionlab mablag’lari o’zlashtirib yuborilgandi. 1928 yilning bahorida, Toshkentda bo’lib o’tgan O’rta Osiyo suv xodimlarining sud jarayoni katta shov-shuvlarga sabab bo’lganicha bor edi. Negaki ushbu sudda shu davrdagi O’rta Osiyo suv inshooatlarining qurilishidagi katta kamchilik , nuqsonlar, salbiy jihatlar fosh qilingan edi. Sudda davlat ayblovchisi , prokuror Kondurushkin O’rta Osiyo “mirob”larining ishida “bosqinchilik, zararkundachilik va sabotaj”ning barcha qonuniy belgilari bor ekanligini isbotlagan edi.Buning ustiga, Moskvadagi Davlat reja qo’mitasi suv sektsiyasi rahbarlari Novatstsi, Kenig, Seydler va Rizenkampflarning O’rta Osiyo Suv boshqarmasi boshliqlari Rikunov, Proxorov va Mor bilan birga to’la rejalashtirilgan va texnikaviy hamkorlikda rivojlangan faoliyatlari haqida gapirar ekan, Kondurushkin shunday dahshatli so’zlarni tilga oladi: “ Sudda, biz tashkiliy qarshilikka, ustamonlar to’dasining fitnasiga duch kelib turibmiz”. Ushbu suddagi tergov materiallari salkam 50 tomni tashkil etgan, ayblov fikri esa mayda bosmada yozilgan 162 sahifada bayon qilingan edi.Ish Toshkentda bo’lib o’tgan Moskvadagi Oliy Sudning sayyor yig’ilishida besh hafta mobaynida ko’rib chiqilgandi.Suddagi qora kursida yuqorida nomi tilga olingan -Rikunov, Proxorov va Mordan tashqari, ularning o’rinbosarlari-Riskin, Shugaevskiy va Sharov, shunindek,O’rta Osiyo suv xo’jaligi Boshqarmasining ma’sul lavozimlarini egallagan 17 nafar sudlanuvchi ( jami-23 kishi) o’tirib, javob berishgandi. Sudda ayblangan kishilarning ism-shariflaridan ko’rinib turibdiki, o’lkadagi yer, suv sharoitini bilmay, bu tizimga rahbarlik qilgan mustamlakachilar endigina qad ko’tarayotgan sho’ro davlatining, xalqning millionlab mablag’larini o’zlashtirib yuborishgandi. Talabalik davrida Yahyo G’ulomov sud materiallari bosilgan “Pravda vostoka” gazetasini o’qib, faqat afsus va nadomat chekardi xolos. Chunki, mahalliy miroblar, yetuk olimlar fikriga e’tibor berilmay qilingan loyihalar natijasida Janubiy Xorazm suv tizimida ham ko’plab xato, nuqsonlarga yo’l qo’yilgandi. Sud materiallariga ko’ra, “ko’zda tutilgan smetadagi pul faqat 6 million rubl edi.1924 yilda ishga kirishildi.2.519.900 rubl sarf qilingandan keyingina, asosiy inshooatlar noqulay o’rinda qurilganligini, ularni 25 kilometr nariga surish kerakligini “payqab qolishdi”.Bu ishlarni to’xtatib, yangi loyiha bo’yicha ishga kirishdilar.Yangi loyiha esa 1927 yilning sentyabrida ham, ya’ni quruvchilar tergovda javob bera boshlagan paytda ham tayyor bo’lmagan edi.Yangi loyiha 61 million so’mlik smetaga asoslangan edi.Janubiy Xorazm fojiasi shu bilan ham yakunlanib qolmadi.Quruvchilar ustidan sud bo’layotgan kunlarda Sormovodan “zemlesos”lar kelishi kutilayotgan edi.Sormovoga 1.200 ming so’mlik, 2 “zemlesos” buyurtma berilgan bo’lib, “O’rtaOsiysuvxo’jaligi” o’z ishlarini rivojlantirish uchun daryo flotiliyasini ochishni mo’ljallagan edi. -Janubiy Xorazmda esa birorta zovur ham qazilgani yo’q,-deb ta’kidlanadi sud hisobotida. Sud hukmiga ko’ra, Rikunov va Mor huquqlardan mahrum qilinmagan holda 6 yil qamoq jazosiga hukm qilinadi. Proxorov-3 yilga.Eng qattiq jazo esa ikkinchi darajali shaxs bo’lgan muhandis Siromyatnikovga tegishli: u huquqlardan mahrum qilingan holda 6 yil qamoq jazosiga hukm qilindi.Sud Moskvadagi Davlat Reja Qo’mitasi Suv sektsiyasidan Rizenkampf va boshqalarni sud javobgarligiga jalb qilish haqida qaror chiqardi ( ammo ularning birortasi ham javobgarlikka tortilmadi ), 23 nafar ayblanuvchining 3 nafari esa oqlandi. Ha, suv xo’jaligi tizimida ana shunday achinarli, fojiali holatlar ham bo’lgan edi. Bu voqealarni talabalik davrida gazetadan o’qigan Yahyo aka kuyunib qo’ygan bo’lsa, keyinchalik o’zi suv tizimi bilan shug’ullanarkan, bevosita sudda ko’rilgan vohada bo’larkan, fojialar ko’lami naqadar katta bo’lganini his etdi. Yahyo G’ulomov shu tariqa suv xo’jaligi tizimidagi yutug’u kamchiliklarni o’rganib, soha xodimlarining tajribalarini , o’zining ekspeditsiyada to’plagan ma’lumotlarini boshqa manbalarga taqqoslagan holda “Xorazmning sug’orilish tarixi” monografiyasini yaratdiki, ushbu asar mavzuga har tomonlama keng yondoshilganligi bilan e’tiborli, umri boqiy asardir. Monografiya arxeolog-tarixchining Quyi Amudaryo bo’ylaridagi odam oyog’i yetib bormagan, ammo bir paytlari gullab yashnagan qa’lalarda olib borgan tadqiqotlari natijasida yozilgandi.Goh piyoda, gohida otu eshakda yurganicha, daryo va anhorlar yoqalab yurib, shu sohaning tajribali mutaxassislari bilan maslahatlashib ko’plab ma’lumotlar to’plagan, qa’lalarda tekshirishlar olib borgandi. Ana shu izlanishlari uning ushbu asarida o’z aksini opgan.Garchi mavzu sug’orilish tarixi bo’lsada, suv bu hayot ekan, daryo bo’yida barpo etilgan qa’lalar, ulardagi turmush tarzi, umuman olganda Amudaryo, uning quyi qismidagi hayotning, odamzotning ilk izlaridan tortib to 1950 yilgacha bo’lgan tarix sadolari monografiyada yoritilgan. Asar 1957 yilda rus tilida, 1959 yilda esa o’zbek tilida nashr qilingan. Ma’lumki, Yahyo G’ulomov yashab ilmiy faoliyat olib borgan davr, sho’ro davrining mafkuraviy bosimlari ko’p bo’lganidan, muallif asarida chorizm mustamlakachiligi, sho’rolarning kollektivlashtirish, quloqlashtirish davridagi sug’orish tizimidagi holatni, qatag’on qurboni bo’lgan O’rta Osiyolik Yevropada o’qigan birinchi irrigator Muhammad Aminadinov faoliyatini yoritaolmagan. Albatta, teran tafakkurli akademik o’sha mash’um yillarda hayot qanday kechganligini yaxshi anglar, biroq bosma nashrda, xususan yoqlangan dissertatsiyasi va kitobida bu to’g’rida ochiq yozaolmas, yozgan taqdirdayam nashr etdirolmasdi. II.BOB.Moxondaryo ekspeditsiyasi. Yahyo G’ulomov 1950 yil kuzida qadim Buxorodagi ko’hna madaniyat osori-atiqalarini izlab topish maqsadida shogirdlari Zarafshon vodiysining quyi qismiga yo’l oladi. Fanda Moxondaryo ekspeditsiyasi deya atalgan va moziy bag’ridagi ko’plab sirlarni kashf qilgan arxeologlar guruhining tadqiqot ishlariyam natijali bo’ldi. Arxeologlar Varaxsha, Moxondaryo, Gurdush va Bujayli kabi Zarafshondan ajralib chiqqan o’zanlarda tadqiqotlar olib borib, katta natijalarga erishdilar. Arxeologiyada katta tajriba orttirgan Yahyo aka Bujaylining quruq o’zani yoqalab Qorako’l tumanidan shimoliy g’arbda joylashgan Zamonbobo ko’liga katta umid bog’lardi. Negaki, Bujayli o’zanidagi toshqinlardan hosil bo’lgan ushbu ko’l qurib, sho’r bosib yotgan bo’lsada, o’tmishdagi ovchi-baliqchi, ibtidoiy dehqonchilik bilan shug’ullangan ajdodlarimiz uchun rizq maskani hisoblanganligi taxmin qilinardi. Biroq dastlab arxeologlar hafta davomida ko’lning atrofida qazishma ishlarini olib borib biron natijaga erishaolmay tashvishga tusha boshlashdi. Biroq hammadan ham ko’p Yahyo G’ulomov topilmalardan umidvor edi. Domlaning sadoqatli shogirdlaridan Abdulahad Muhammadjonov bu haqda shunday yozadilar: -Bunday bo’lishi mumkin emas, bu yerdan qadimgi madaniyat izlari topilishi kerak, ularni topmasdan biror qadam ham oldinga ekspeditsiya siljimaydi, degan fikrda qa’tiy turib olgan edi. Nihoyat, YA.G’ulomovning fikri to’g’ri bo’lib chiqdi. Haftaning oxiriga borib palatkani ( arxeologlarning palatkasi nazarda tutilmoqda-U.B) yonidan maydalanib ketgan suyaklar va sopol idish parchalari sochilib yotgan joy topildi. 300 kvadrat metrlik maydon zudlik bilan qumdan tozalandi. Yaxshilab supurilgan taqir ustida diametri 1,2-1,5 metr keladigan betartib joylashgan chuqurlarning og’zi ko’zga yaqqol tashlanardi. Bu asrlar davomida bizgacha saqlanib kelgan, gumbazini shamol uchirib ketgan qadimgi qaristonning qoldiqlari- btidoiy madaniyat obidalaridan biri edi. Nihoyatda ehtiyotlik bilan go’rlar birin-ketin kavlab ochila boshlandi. Ularda qo’l-oyoqlari bukilib, g’ujanak holda ko’milgan odam skeletlari bilan birga, sopol idishlar va chaqmoqtoshdan yasalgan kamon o’qi paykonlari, turli xil toshmunchoq va marjonlar, jez zebi-ziynatlar qo’shib ko’milgan edi. Bu miloddan avvalgi 2 minginchi yillikning o’rtalarida dehqonchilik va chorvachilik bilan kun kechirgan ibtidoiy qishloq ahlining qabristoni bo’lib, fanga “Zamonbobo madaniyati” nomi bilan kiritildi” ( A.Muhammadjonov, “Yahyo G’ulomovni xotirlab”, T, 2008 yil, “Sharq” nashriyoti, 35 bet). Bunday noyob topilmalar ekspeditsiyaning keyingi yillardagi faoliyatida yana topildi. Zamonbobodan g’arbdagi Kichik va Katta Tuzkon nomlari bilan atalgan qadimiy ko’llar atrofidan miloddan avvalgi 5-3 minginchi yillarda yashagan ovchi- baliqchi aholining chaylalari o’rni topilganiyam fan uchun katta yangilik edi. Keyinchalik bu hududlarda domlaning shogirdlaridan Ahmadali Asqarov, O’tkir Islomovlar ham tadqiqot ishlarini olib borib, tarixning yangi sahifalarini boyitdilar. Xullas, Moxondaryo ekspeditsiyasi tufayli katta va kichik Tuzkonda neolit davriga ( miloddan avvalgi 5-3 ming yillik ) mansub ovchilar va baliqchilar manzilgohi, bronza davrida ( miloddan avvalgi 2 ming yillik) yashagan ko’chmanchi chorvadorlar qarorgohi, antik zamonlarga oid ashyolar, Axsikentdagi nodir topilmalar o’rganildi. Shu kabi Obirahmat, Ko’lbuloq, Takalisoyda ko’plab ibtidoiy manzilgohlar topildi. Ushbu obidalarni tadqiq qilish tufayli ibtidoiy davrda yashagan ajdodlarimiz hayoti, ibtidoiy dehqonlar yaratgan qadimgi madaniyat, urf-odatlari, e’tiqodi, xo’jalik yuritish tizimiga oid ma’lumotlar, o’zbek fanining , tarixshunosligining obro’si oshishiga xizmat qildi. 2.1.Umriboqiy asarlar Yahyo G’ulomov ilmiy faoliyati davomida, o’zining o’rganganlari, ilmiy kuzatishlari, tarixiy manbalarni tadqiq qilish natijalari , bilganlarini keng omma e’tiboriga havola qilish niyatida “ O’zbekistonda moddiy madaniyat asarlarini saqlash va o’rganish yo’lida” ( Toshkent, O’zkomstaris nashri, 1934, № 29 bet, rasmli), “Keksa san’atning qari ustasi” ( “Guliston” jurnali 1935, № 2 ), “O’tmish izlari” (arxeologik tekshirishlar).- “Guliston”, 1937, № 4, ), “Minoraning tiklanishi”, ( “Sots, Fan va turmush” 1939, № 11 ), “Tarixiy yodnomalar” ( “Sots, Fan va turmush”, 1939, № 12) “Qadimgi Poykand” (“ Guliston” 1939, № 11 ), “Qadimgi zamon ishlarini o’rganish” , (“ Sots. fan va turmush” 1939, № 1 ), “Qizilqum ichida qadimgi madaniyat izlari” (“Sots. Fan va turmush “, 1939, № 7-8 ), “Qizilqum ichida” ( “Guliston”, 1939, № 6, ( “Noviy istochnik po istorii zavoevaniya Turkestana russkim sarizmom” , Izv. Uzb. filiala AN , 1941), “Pamyatniki goroda Xivi”( Tashkent. Uz FAN, 1941g) , «Alisher Navoiyning davrini o’rganish haqida» ( «Ulug’ o’zbek shoiri» kitobida, Tashkent, 1948, 3-24 betlar), “XV asrda O’rta Osiyo shaharlarida binolar ansamblining traditsiyasi haqida”. –( T, 1948 ) , “Chupan – Ata» ( Trudtsi In-ta istorii i arxeologii AN Uzbekistana, T.1.Tashkent. 1948, s. 22-34), “ Beruniy Amudaryo oqimining tarixiy gidrografiyasi haqida” ( «Beruniy – o’ta asrning buyuk olimi “ to’plamida), Toshkent, 1950 yil , 70-76 betlar) , ” O’zbekistonda arxeologiya” Toshkent, «O’zbekiston » nashriyoti, 1956 y, 43 b, “Nukus shahri” ( “Fan va turmush” jurnali”, 1957 yil № 5, “Qadimgi sak qavmlari”, (“Fan va turmush”, 1957 yil , № 4 ), “Xonbandi “ ( “Fan va turmush” jurnali, 1958 yil, № 4,), “Tarixshunoslikda etnografiya vazifalari” (“O’zbekiston Madaniyati” gazetasi, 1959 yil 10 iyun`), “Qadimgi madaniyatimiz izlaridan”. “O’zfan akadnashr, 1960 yil), ( “Fan va turmush” kutubxonasi), “Jizzax tarixiga oid” ( “Qizil O’zbekiston” gazetasi, 1963yil 3 yanvar), “ Axsiket obidalari izidan “ ( “ Fan va turmush” jurnali , 1964 yil №8 ), “ Mashhur kishilar qabri izidan” ( “ Fan va turmush” jurnali 1966 yil № 11), “Paxtachilik qachon boshlangan?” ( “Fan va turmush” jurnali, 1966 yil № 1), “Ko’hna tarix izlari” ( “ Sovet O’zbekistoni” gazetasi, 1967 yil 29 oktyabr), “Tarix tilga kirganda” ( “O’zbekiston madaniyati” gazetasi, 1967 yil 25 fevral), “V. L. Vyatkin haqida xotiralar” ( “O’zbekistonda ijtimoiy fanlar “ jurnali , 1969 yil № 11,) “Arxeologiya nima?” , “ Saodat” jurnali, 1972 yil № 4, ) “Qiz qal’asi” ( “ Fan va turmush”, 1972 yil № 10) kabi ko’plab maqola va risolalar chop etdirdi. “O’zbekiston xalqlari tarixi”, “Samarqand tarixi” asarlariga hammualliflik qildi. Ushbu asarlarning nomiyoq tarixga qiziquvchi o’quvchilarda qiziqish uyg’otadi. 2.2.Yahyo G’ulomnovning ilmiy meroslari. Akademik Yahyo G’ulomov nafaqat tarixchi olim, arxeologik ekspeditsiyalar natijasida to’plangan osori atiqalarni avaylab saqlashga intildi, balki moziyni yanada chuqur tahlil eta oladigan tadqiqotchilarni yetishtirish uchun jon kuydirib,Rossiya shaharlaridagi ilm maskanlariga iqtidorli talabalar, aspirantlarni yo’llab turdi.1956-59 yillarda O’ZFA tarix va arxeologiya institutiga direktorlik qilgan paytida esa, tarixga oid qo’llanma, monografiyalar yozish uchun tadqiqotchilarga yetarlicha shart sharoitlar yaratib berish bilan birga, tarixchi aspirantlar uchun qo’shimcha joy olishgayam muvaffaq bo’ldi. Ayni paytda esa u o’z davrining fidoyi kishisi ham edi.Kunlarning birida Yahyo G’ulomov «Vecherniy Toshkent» gazetasida poytaxtimiz ko’chalaridan birining ozoda, shinamligi haqidagi maqolani o’qib qoladi.Yolg’on va maqtovdan iborat bu maqolani o’qigach, akademikning fig’oni falakka chiqadi.Chunki, tarixchi ushbu ko’chadan har kun o’tar, bu yer ozoda va shinam emas, axlat uyumlariga to’la vayrona edi.Nohaqlikka chiday olmaydigan Yahyo aka haqiqiy vaziyat to’g’risidagi maqolasini yozib tahririyatga topshiradi. Muharririyat esa uni bosishga botinaolmay, maqolani » tanishib chiqish» uchun shahar firqa qo’mitasiga yetkazishadi.U yerdagilar bo’lsa olimni hashamdor xonalariga chaqirib, akademikga do’k po’pisa qilib deyishadiki, «Ha, Toshkent sizga yoqmay qoldimi? Yoqmasa, to’rt tomoningiz qibla ketavering» Bunday haqoratlarga esa akademik g’urur bilan, «Men Toshkentda tug’ilganman, kindik qonim shu yerda to’kilgan va men shu yerda yashayman! Senga o’xshaganlar kelib ketaveradi» deb amaldorning xonasidan chiqib ketadi. Shundan so’ng, shahar firqa qo’mitasidagilar O’ZFAga arxeologning tanobini tortib qo’yish kerakligi haqida topshiriq berishadi. Tabiiyki, davr dovullariga qarshi chiqish yomon bo’lishini akademik yaxshi bilar, ammo nohaqliklarga chiday olmasdi.Xususan, tarixiy obidalarga e’tiborsizlik, paxta maydonlarini kengaytirish bahonasida, noyob obidalarga shikast yetib, yo’q qilib yuborilayotganidan kuyunib, respublika rahbarlariga murojaat qiladi.Laganbardor, o’zini firqa faoli sanovchilar esa, rahbar nomiga yo’llangan xat bilan tanishgach, katta idorada yig’in chaqirishib, Yahyo G’ulomovga obdon nasihat qilishib, bu ishingiz o’zingizga yomon bo’ladi deya gap uqtirishadi.Shunda faollardan biri, akademikni kechirim so’ratdirish niyatida,»Yahyo G’ulomovich, balki bu xatni siz yozmagandirsiz, tobingiz yo’qligida shogirdlaringiz yozgandir, rahbarlardan shuni aytib uzr so’rasangiz bo’lardi» deya tilyog’malik qilgan. Bunga javoban Yahyo aka, » Yo’q! Bu xatni soppa sog’ vaqtimda, o’zim, o’z qo’lim bilan yozganman.Bu noyob obidalar bizning tariximiz.Ularni saqlab qololmasak, kelajak avlod bizni aslo kechirmaydi» deb dadil gapirgan ekan. Yahyo G’ulomovning Xorazmlik shogirdi Abdulla Sotliqov ustozining hayotidagi yana bir ibratli voqeani shunday esga olgandilar: “Domla yurtimizdagi tarixiy yodgorliklarning jonkuyari edi. Qadimgi qal’alar, qo’rg’onlar, masjidu madrasalar va boshqa me’moriy yodgorliklarni kelgusi avlodga asrab-avaylab saqlab qolish haqida ko’p qayg’urardi. “Ular uzoq tariximiz va boy madaniyatimizning jonli guvohi”, deb uqtirardi. Har gal uchrashganimda Xorazmning Xiva, Hazorasp, Vayangan, Qalojiq qal’alari, ularning ahvoli haqida uzoq surishtirardi. Chunki sobiq sho’rolar davrida paxta yakkahokimligining hukmronligi hamda ayrim rahbarlarning beparvoligi tufayli ko’pgina bebaho yodgorliklar o’sha davrda vayrona ahvolga kelib qolgan edi. Qal’a devorlari ekin maydonlariga o’g’it qilindi, masjidu madrasalar buzildi yoki omborxonalarga aylantirildi. Xiva, Buxoro, Samarqand, Jizzax va Nurota tumanlarida shunday bo’lganligini o’z ko’zim bilan ko’rganman. Xivaning Deshon qal’asidan deyarlik asar ham qolmadi. Domla bularni ko’rib ich-ichidan kuyinardi. Xat orqali, ba’zan rahbarlar bilan shaxsan uchrashib tarixiy obidalarni saqlab qolish zarurligini tushintirar va ulardan buni iltimos qilar edi. Ba’zida bunday uchrashuvlar ochiq tortishuvgacha borib yetardi. Kechagidek esimda, bir kuni shogirdlaridan biri domlaning huzuriga kelib Samarqanddagi Afrosiyob qal’asini qudratli mexanizmlar yordamida vayron qilinayotganligi haqida noxush xabar keltirdi. Bizlar tushdan keyin gurunglashib o’tirgan edik. Bu xabar domlani juda asabiylashtirdi. Domla shogirdi Abdulahadga darhol Samarqandga samolyot uchun chipta keltirishni buyurdi. Shu zahotiyoq Samarqandga jo’nab ketdilar. Borsalar, haqiqatdan ham bul`dozer va ekskovatorlar Afrosiyobning ko’p joyini vayron qilgan ekan. Afrosiyobning qoq o’rtasidan Toshkent-Samarqand avtomobil yo’li o’tkazilayotgan ekan. Mexanizatorlarga ishni to’xtatishni iltimos qilganlar, ammo ular domlaga quloq solishmagan, yuqoridan berilgan topshiriqni bajarayotganligini aytganlar. Shundan so’ng domla viloyat va shahar rahbarini axtarib ketgan. Baxtli tasoddifga qarangki, o’sha paytda shaharning teatr binosida Samarqand viloyatiga qandaydir orden topshirish marosimi bo’layotgan ekan. Rahbarlar shu tantanaga yig’ilishganlar. Tantanada respublika rahbarlaridan biri ham ishtirok qilayotgan , majlis endi boshlanayotgan ekan.Domla teatr binosiga kelib, xodimlardan biriga rahbarni chaqirib berishni so’ragan, o’shanda rahbar domlaning ismini eshitishi bilan zaldan foyega chiqqan.Salom alikdan so’ng domla unga voqeani tushuntirgan, tezda chora ko’rishni iltimos qilganlar. Rahbar shunda domlaga qarab, «Yahyo aka, bir past sabr qiling, ordenni topshirib olaylik, so’ngra bu masala bilan birgalikda shug’ullanamiz va ijobiy hal qilishga harakat qilamiz», degan. Domla bu javobdan juda asabiylashgan, so’ngra rahbarga qarab, zardali ohangda «Hurmatli yoshulli, ordenni bir necha soat kechikib topshirilsa ham, hech narsa o’zgarmaydi, ammo shu bir necha soat ichida Afrosiyobdan asar ham qolmaydi. Afrosiyob – o’tmish tariximizning jonli guvohi, davlatchiligimiz beshigi, jahon madaniyatining nodir durdonasi. Agar u tarix sahnasidan yo’q bo’lib ketadigan bo’lsa, tarix sizni hech qachon unutmaydi», – degan. Bu so’z rahbarga kuchli ta’sir qilgan shekilli, darhol mas’ul xodimlarni chaqirtirib, Afrosiyobdagi olib borilayotgan ishlarni to’xtatishni buyurgan. Natijada, Toshkent-Samarqand yo’li qal’ani chetlab o’tadigan bo’lgan. Shunday qilib, O’zbekistondagi Afrosiyobga o’xshagan o’nlab-yuzlab tarixiy obidalar domlamiz Yahyo G’ulomovning jonkuyarligi, qa’tiyatligi va jasorati tufayli hozirgi va kelgusi avlodlar uchun asrab qolindi. Domla Samarqanddan kelgach, ushbu voqeani sevinch bilan menga xikoya qilib bergan edi. Domlaning qanchalik vatanparvar inson ekanligini tubandagi misol ham yorqin tasdiqlaydi. Esimda, Toshkent zilzilasidan ikki yil keyin, yoz faslida domlaning hovlisiga to’rt nafar arxitektor (shulardan biri ayol kishi edi) kirib keldilar. Domla ularni iliq kutib oldi. Ularning ismlari esimdan ko’tarilgan. Ehtimol, ular Notkin va Bulotovlar bo’lsa kerak. Toshkentdagi qurilishlarning bir xilda, xuddi gugurt qutisiga o’xshatib qurilayotgani, ko’rinishi yo’qligi va sifati pastligi haqida gapirdilar. Toshkent Sharqning mash’al shaharlaridan biri, imoratlarning qurilishida sharqona ko’rinish bo’lsa, toshkentlik me’morlarning ham fikrlari hisobiga olinsa yaxshi bo’lar edi, dedilar. Ular o’zlarining fikrlarini shaharning mas’ul rahbarlariga yetkazishni domladan iltimos qildilar. Domla ham Toshkentdagi olib borilayotgan qurilishlar haqida xuddi shunday fikrda edi. Domlaga me’morlarning yuqoridagi so’zlari ma’qul tushdi. Ertasi kuni ishga ketayotib, domla shahar partiya qo’mitasining birinchi kotibi qabulida bo’lgan, kotib muomala madaniyatidan ancha bexabar yosh yigit ekan. Domla kotibga yuqoridagi taklifni asoslab, tushuntirib bergan. Biroq kotib domlaning fikriga yetarli e’tibor bermagan. Shundan sal oldinroq domlaning markaziy gazetada bosilgan “Toshkent choyxonalari” haqidagi tanqidiy maqolasi uni ranjitgan bo’lsa kerak, johillik bilan ko’nglidagi g’azabni to’kib socha qolgan. Kotib domlaga qarab, «Domla siz bizning ishimizga ko’p aralashavermang. Nima qilishimizni o’zimiz yaxshi bilamiz. Ortiqcha aqlning hojati yo’q. Siz o’zingizning cho’ldagi ishingiz bilan shug’ullaning, agar bizlarning qilayotgan ishimiz Sizga ma’qul kelmasa Toshkentdan chiqib keta qoling. Ammo bizning ishimizga xalaqit bermang», deb qo’pol muomala qilgan. Bu so’zdan domlaning jahli chiqqan. Kotibga qarab, «Men-ku asli Toshkentlikman, butun umrim ilm axtarib cho’lu biyobonlarni kezganman. Sen ham issiq xonangni, yumshoq kursingni tark etib, cho’lu qumlarda izg’irin sovuq va jazirama issiqlarda yurib, azobini tatib ko’rsang, xo’p yaxshi ish bo’lar edi», deb yana otasidan eshitmagan «shirin» so’zlarni aytib, kotibning xonasidan chiqib ketgan. Domla uyiga kelib ancha vaqtgacha o’ziga kelolmadi, madaniyatsiz, nasl-nasabi ma’lum bo’lmagan kimsalarning amal kursisida o’tirganligidan qattiq ranjidi. Domla juda mehmondo’st ham bo’lib, uning xonadonida mehmonsiz kuni kam bo’lardi. Mehmonlar orasida Rossiya, Ukraina, Qozog’iston, Tojikiston va boshqa joylardan kelgan olimlarni uchratish mumkin edi. Ular fan yangiliklaridan, olamda yuz berayotgan voqealar haqida miriqib suhbatlashishardi. Domlaning huzuriga do’stlari va shogirdlari ham tez-tez tashrif buyurib, hamsuhbat bo’lardilar. Ba’zan gurung respublikamizning ichki imkoniyatlari, xalqimizning turmush darajasiga borib taqalardi. Domla suhbatdoshining mulohazalarini juda e’tibor bilan tinglar, o’z fikrini ham ochiq aytishdan qaytmasdi. Esimda, domla bir suhbatida «O’zbekiston boy imkoniyatga ega mamlakat. Tabiiy boyliklari serob, yerlari hosildor. Daryolar, chashma va soylaridan, tog’ daralaridan oqayotgan suvlaridan tejab-tergab foydalanilsa, yana qanchalab qadim sug’orilgan yerlardan foydalanish mumkin. Paxtamiz, ipagimiz va boshqa mahsulotlarni shu yerning o’zida qayta ishlansa va sotilsa, qo’lidan ish keladigan odamlarga tadbirkorlik imkoni berilsa, xalqimiz yanada farovon yashardi. Ilg’or davlatlarning tashqaridan bergan yordami bilan hamma muammolarni hal qilib bo’lmaydi. Avvalo, halqning o’z erki, xoxish-irodasi, tashabbusi ham bo’lishi kerak. Tashqaridan hech kim biror maqsadsiz bekorga yordam bermaydi», dedi. Domla birpas to’xtab, suhbatdoshlariga nazar solarkan, so’zini davom qildirdi. «Yurtning farovonligi uchun odamlarimizning, ayniqsa mansabdor shaxslarning fikrlashi va ma’naviyati ham yuqori bo’lmog’i kerak. Xalqimiz qadim-qadimdan yuksak ma’naviyatli, oriyatli, imon-e’tiqodli va mehnatsevar xalq bo’lgan. Ammo negadir shu yaxshi xislatlarga qaraganda yomon illatlar ko’payib borayapti. Ayniqsa, ayrim rahbarlar faoliyatida bu aniq ko’zga tashlanayapti. Mansabni suiste’mol qilish, molparastlik, ko’zbo’yamachilik, maishatparstlik illatlari kurtak otayaptiki, bunga chidab bo’lmaydi. Tarixdan ma’lumki, qaerda bunday yaramas illatlar avj olsa, shu joyning kelajagi bo’lmaydi», deb so’zni yakunladi. Bularning barchasi o’sha davrda ko’pchilikni tashvishga solayotgan muammolar edi. Domla ishxonasidan qo’lyozma solingan xatjildni olib chiqdi. Unda adreslar aniq yozilgan edi. Xatjildni shogirdi Abdulahad Muhammadjonovga berar ekan, uni pochtaga tashlab o’tishni iltimos qildi. Abdulahadga qarab, xatni o’qib ko’ring, uni Abdulla ham eshitsin, deb menga ishora qildi. Abdulahad xatni ovoz chiqarib o’qidi, biroq yuzida tashvish alomati sezilib turardi. Chunki xatda tubandagi o’tkir jumlalar yozilgan ekan: «Hurmatli….(ismi, familiyasini qoldirdik). Ma’lumingizki, keyingi paytlarda Toshkentda qonunbuzarlar, bezorilar, o’g’ri-o’triklar ko’payib qoldi. Bundan odamlarning tinchligi va osoyishtaligi buzilmoqda. Shunday bir vaziyatda she’r va ashulalar mashq qilishni birpas to’xtatib, bu ishni o’z egalariga qo’yib bersangiz, o’zingiz esa bevosita mas’uliyatli vazifangiz bilan shug’ullansangiz, ko’p ma’qul ish bo’lardi». Ushbu xat respublikamizning qonunchilikni muhofaza qiluvchi eng yuqori lavozimdagi boshlig’iga yozilgan ekan. Abdulahad domlaga qarab, yuzida tashvish bilan bu xatni jo’natsak oqibati nima bo’lar ekan, deb xavotirlandi. Shunda Yahyo aka “qachongacha qo’rqib yashaymiz. Kimdir bularni aytishi kerak-ku, «Qarg’adan qo’rqqan tariq ekmaydi», xat oxirida imzoyimiz bor”, deb qo’ydi. Abdulahadning tashvishlanganicha bor edi. O’sha davrda yuqoridagi rahbarlarga ochiq so’zlarni yozib yuborish, o’z hayotini tahlikaga solish bilan barobar edi. Domla buni yaxshi bilar edi. Zero, u odamlar tashvishi, elu-yurtning g’ami bilan yashardi. O’sha qaltis zamonda bunday xatni yozib yuborishning o’zi jasorat edi. Yana bir voqea esimda. Domlaning Fathulla aka ismli qadrdon sinfdosh do’sti bor edi. U tez-tez domlani yo’qlab kelar va ishdan keyin yoshlik davrini eslab, domla bilan chaqchaqlashib o’tirardilar. Fathulla aka nafaqada bo’lib, oilasi o’rta hol darajada edi. Domla do’stini moddiy jihatdan qo’llab-quvvatlab turardi. Agar Fathulla aka uzoq vaqt ko’rinmay qolsa, domlaning o’zi borib hol-ahvolini bilib, uyiga o’zi bilan olib kelardi. Fathulla akani haftalab uyidan yubormasdi. Chunki u domlaning haqiqatdan ham sadoqatli, shirinsuxan do’sti edi. Bir kuni qizg’in suhbat orasida Fathulla aka hayotdagi kamchiliklardan, yaramas illatlardan va nafaqaning kamligidan so’z yurita boshladi. Domla do’stining so’zini bo’lmadi, oxirigacha tingladi. So’ngra do’stiga qarab hazil aralash: «Fothi, so’zlab bo’lding-mi, aytgan gaplaring haq gaplar. Ammo kimga shikoyat qilyapsan, o’zi! Axir, shu hukumatni qo’lingga qurol olib, o’zing o’rnatgan emasmisan! Endi bu yog’iga chidashga to’g’ri keladi», deb qo’ydi. Ushbu kinoya bilan aytilgan so’zning tagida chuqur falsafiy ma’no bor edi”. Bundan tashqari Yahyo G’ulomov o’sha davrdagi mafkuraviy bosimlarga qaramay, Amir Temur hayoti va faoliyatini haqqoniy o’rgangan Ibrohim Mo’minovni himoya qilishga ham bosh bo’ladi. Negaki, I.Mo’minovning “ Amir Temurning O’rta Osiyo tarixida tutgan o’rni va roli” kitobi 1968 yilda chop etilgach, asarga nisbatan salbiy qarash, norozilik harakatlari kuchayib ketadi. Moskvada nashr etiladigan “Voprosi istorii» jurnali ( 1973 yil № 2)da A.P.Novosel`tsevning, “Istoriya SSSR” jurnali ( 1973 yil № 5)da esa M.Abduraimovning muallif va asar qahramonini qoralab chiqqan maqolalari yoritiladi. Shuningdek, O’ZFA tarix institutida bir necha bor kitob muhokama qilinganida, Yahyo G’ulomov, Hamid Sulaymonov, Hamid Ziyoev, O.Eshonov, SH.O’razaev, B.Lunin, L.I.Rempel`, G.A.Pugachenkova. M.Xayrullaev, M.Nurmuhammedov, R.Aminova, X.Inoyatovlar Ibrohim Mo’minovni yoqlab chiqishga jur’at qilgandilar. Moskva nashrida , u yerdagi tarix institutida qoralangan asarni va muallifni yoqlab chiqishga bosh bo’lish o’sha davrda chinakam olimona jasorat edi. Ha, Yahyo G’ulomov ana shunday fidoyi vatanparvar olim bo’lgan. Shu bois ham tabiatan haqgo’y, haqiqatparvar inson yozgan asarlar xolisligi bilan shuhrat qozongan. Download 288.61 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling