11-modda. Bankning nomi
“Bank” atamasidan yoki mazkur atama qo‘shib yasalgan so‘z birikmalaridan faqat bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan firma nomida yoxud tovar belgisida (xizmat ko‘rsatish belgisida) foydalaniladi.
Bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar “bank” atamasini o‘zining firma nomiga qo‘shishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1098 — 1101 moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarni ro‘yxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 27-bandi, O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 18-sentabrdagi O‘RQ-51-sonli “Firma nomlari to‘g‘risida”gi Qonuni 7-moddasining uchinchi xatboshisi.
12-modda. Bankning muassislari
Yuridik va jismoniy shaxs bo‘lgan rezidentlar, shuningdek norezidentlar bank muassislari bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari asosida boshqa davlat tashkilotlari nomidan bank muassisi va aksiyadori bo‘lishi mumkin. Ustav fondining (ustav kapitalining) ellik foizdan ortig‘i davlatga tegishli bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, bank muassislari va aksiyadorlari bo‘lishi mumkin emas.
(12-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarni ro‘yxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning II bobi.
Do'stlaringiz bilan baham: |