Mavzusida bajargan referati


Yangi konstitutsiyaning qabul qilinishi


Download 163.19 Kb.
bet2/3
Sana21.01.2023
Hajmi163.19 Kb.
#1106884
TuriReferat
1   2   3
Bog'liq
Yangi konstitutsiyaning qabul qilinishi va uning tarixiy ahamiya

Yangi konstitutsiyaning qabul qilinishi
Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va 2017-yil 7-fevralda tasdiqlangan “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”ni amalga oshirishning toʻrtinchi yili ham yakuniga yetmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi negizida ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi oʻtgan qisqa davrda davlat va jamiyatni rivojlantirishning mutlaqo yangi bosqichiga asos soldi. Bu muhim hujjat tom maʼnoda yangi Oʻzbekistonni bunyod etishning mustaqil huquqiy poydevori ekanini amalda namoyon etib ulgurdi.
Harakatlar strategiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish uchun asos boʻldi. Bunda Konstitutsiyamiz Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan demokratik islohotlarni amalga oshirishning asosi sifatida xizmat qilishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, “1992-yil 8-dekabrda mustaqil Oʻzbekistonimiz Konstitutsiyasining qabul qilinishi mamlakatimiz hayotida muhim tarixiy voqea boʻldi”. Konstitutsiya va milliy tiklanish, maʼnaviyat va maʼrifat, huquqiy ong va huquqiy madaniyat, milliy oʻzlik va azaliy qadriyatlar, bu koʻhna zamin odamlari koʻnglida ustuvor boʻlgan adolat va odillik, iymon va olijanoblik, bagʻrikenglik va mardlik, insonparvarlik va tantilik kabi ulugʻ xislatlar Konstitutsiyadan munosib oʻrin olgan.
Keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 7 marotaba muhim oʻzgartirishlar kiritildi.
Sud hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslarini takomillashtirish
Birinchi oʻzgartirish: 2017-yil 6-aprelda Konstitutsiyaning 7 ta moddasiga kiritilgan tuzatishlarda quyidagi 3 ta ustuvor vazifa:
- fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish;
- odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining samaradorligi va sifatini oshirish;
- nomzodlarni tanlash va sudyalar lavozimlariga tayinlash tizimini yana-da takomillashtirish – sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yoʻnalishlari sifatida mustahkamlab qoʻyildi.
Mazkur konstitutsiyaviy oʻzgartirishlar sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funksiyalarni bartaraf etishga hamda yagona sud amaliyotini shakllantirishga xizmat qilishi bilan katta ahamiyatga ega boʻldi.
Shu maqsadda Konstitutsiyaning 80, 81, 83, 93, 107, 110, 111-moddalariga tegishli oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritildi. Ushbu tuzatishlarga muvofiq, Oliy xoʻjalik sudi va Oliy sud fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy sud ishi yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organiga – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi.
Konstitutsiyaga sud hokimiyatining faoliyatini tubdan yaxshilashga, nufuzini oshirishga, sudlar tuzilishini takomillashtirishga hamda sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlash tizimini demokratlashtirishga qaratilgan oʻzgartish hamda qoʻshimchalarning kiritilishi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari sudda ishonchli himoya qilinishini taʼminlash, mamlakatda qonun ustuvorligini, qonuniylikni mustahkamlashning muhim omiliga aylandi.
Ijro etuvchi hokimiyat tizimini takomillashtirish
Ikkinchi oʻzgartirish: 2017-yil 31-mayda Konstitutsiyaning 4 ta moddasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Asosiy qonunimizning 80 va 93-moddalariga kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi etib qayta tashkil etilganligi va u oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot berishi hamda Qoʻmitaning raisi va rais oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanishi hamda lavozimidan ozod qilinishi belgilandi.
Konstitutsiyaviy sud faoliyatining konstitutsiyaviy asoslari. Konstitutsiyaning 108-moddasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakilini qoʻshgan holda saylanadigan boʻldi.
Konstitutsiyaning 108 va 109-moddalariga kiritilgan tuzatishlarda Konstitutsiyaviy qonunlarning, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunlarning imzolanguniga qadar Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish, Oliy sudning muayyan ishda qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatlarini koʻrib chiqish, shuningdek, har yili Oliy Majlis palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida axborot taqdim etish borasidagi Konstitutsiyaviy sudning vakolatlarini kengaytirish nazarda tutildi.
Ushbu konstitutsiyaviy yangiliklarning hayotga tatbiq etilishi davlatimizda sudlov tizimini yanada takomillashtirish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatining samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq hamda erkinliklari ishonchli himoyasini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, bu konstitutsiyaviy yangilanishlar sudyalar va sud tizimi xodimlarini ijtimoiy ragʻbatlantirishni yuqori darajaga koʻtardi.
Shuni ham taʼkidlash joizki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil 10-noyabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida deputatlar “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar. Ushbu qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish vazifasi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida koʻzda tutilgan.
Qonun loyihasida fuqarolar va yuridik shaxslarga, shuningdek, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakilga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilib, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qiluvchi subyektlar doirasi kengaytirilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasida Konstitutsiyaviy sud vakolatlari, Konstitutsiyaviy sud sudyasining maqomi, Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish va murojaatni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va oʻrganish masalalari aniq qilib belgilanmoqda.
Bu haqda soʻz borganda, hozirgi vaqtda Konstitutsiyaviy sudning faoliyati 2017-yil 31-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun bilan tartibga solinishini taʼkidlash lozim. Ammo, Konstitutsiyaviy sudda ish yuritishning protsessual qoidalari Konstitutsiyaviy sudning oʻzi tomonidan tasdiqlangan Reglament bilan belgilab berilgan.
Aksariyat mamlakatlar Konstitutsiyaviy sudlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida bunday qoidalar Konstitutsiyaviy sud tomonidan emas, balki qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan. Chunki, ish yuritishning protsessual qoidalari bevosita inson huquqlarini amalga oshirish bilan bogʻliq va shuning uchun ham ular qonun bilan belgilanishi lozim.
Bundan tashqari, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish amaliyotining tahlili mamlakatimizda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishda hal etilishi lozim boʻlgan yana bir qator dolzarb muammolar hamda huquqiy jihatdan tartibga solinishni taqozo etadigan masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Toshkent shahri tumanlari faoliyatining konstitutsiyaviy asoslari
Uchinchi oʻzgartirish: 2017-yil 29-avgustda Konstitutsiyaning 99-moddasidagi “shuningdek shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan” degan soʻzlar chiqarib tashlandi. Konstitutsiyaning 99-moddasiga oʻzgartirish kiritish orqali Toshkent shahri tumanlarida xalq deputatlari Kengashlarini tashkil etishning konstitutsiyaviy asosi mustahkamlab qoʻyildi.
Konstitutsiyaning 102-moddasiga ham uchta oʻzgartirish kiritildi. Yaʼni, Toshkent shahri tarkibidagi 11 ta tumanning barchasida xalq deputatlari Kengashlari tashkil etilishi munosabati bilan Konstitutsiyaning 102-moddasida tuman va shahar hokimlarini tayinlash va lavozimidan ozod qilishning yagona tartibi oʻrnatildi.
Ushbu konstitutsiyaviy oʻzgartirishlar, avvalambor, poytaxt jamoatchiligiga Toshkent shahridagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlarni amalga oshirishdagi ishtiroki va rolini kuchaytirish, tumanlarni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshish imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, hududlarni rivojlantirishning ustuvor dasturlarini amalga oshirish, tumanlarning bosh rejalari va qurilish qoidalari, mahalliy soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning miqdorini belgilash, qonun hujjatlariga muvofiq ular boʻyicha imtiyozlar berish ustidan nazorat qilish mexanizmi oʻrnatilishini taʼminlamoqda.
Mahalla va Konstitutsiya
Toʻrtinchi oʻzgartirish: 2018-yil 15-oktyabrda Konstitutsiyaning 105-moddasi birinchi qismidagi “ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini” degan soʻzlar “raisni (oqsoqolni)” degan soʻzlar bilan almashtirildi.
Beshinchi oʻzgartirish: 2019-yil 18-fevralda Konstitutsiyaning 80-moddasi 7-bandidagi va 93-moddasi birinchi qismining 24-bandidagi “Milliy” degan soʻz “Davlat” degan soʻz bilan almashtirildi.
Vazirlar Mahkamasining konstitutsiyaviy maqomi
Oltinchi oʻzgartirish: 2019-yil 5-martda Konstitutsiyaning 3 ta moddasiga oʻzgartirishlar kiritildi. Bu yangilanishlarga muvofiq, endilikda Prezident Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini tasdiqlaydi va lavozimlaridan ozod qiladi.
Konstitutsiya va saylovlar
Yettinchi oʻzgartirish: 2019-yil 4-sentyabrda Konstitutsiyaning 2 ta moddasiga oʻzgartirishlar kiritildi. Shunga muvofiq, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Maʼlumki, oʻtgan uch-toʻrt yil davomida hayotimizning barcha sohalari qatori sud-huquq tizimida ham shiddatli islohotlar amalga oshirildi. Keyingi davrda Oʻzbekiston sud-huquq tizimiga xalqaro standartlarni joriy qilish orqali sudya va advokatlarning mustaqilligini taʼminlash Harakatlar strategiyasining asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.
Bu borada muayyan natijalarga erishilgani xalqaro ekspertlar tomonidan eʼtirof etilmoqda. BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayanning taʼkidlashicha, ana shu tub yangilanishlarning mohiyati, jumladan, sudyalarning mustaqil qaror qabul qilishiga xalal beradigan siyosiy taʼsirlarni kamaytirishga qaratilganida yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy hayotning barcha sohalarida izchil va bosqichma-bosqich, uzviy va tizimli ravishda amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlarning mustahkam yuridik manbai hamda asosiy huquqiy kafolatidir.
Huquqiy davlatchilik sari intilgan har qanday demokratik jamiyatda Konstitutsiya ustuvor ahamiyat kasb etadi. Binobarin, Konstitutsiya insoniyatning ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish va tashkil etish borasida kashf etgan eng muhim yutuqlaridan biridir.
Konstitutsiya oʻz-oʻzicha, yaʼni alohida, jamiyatdan ajralgan holda mavjud boʻlishi mumkin emas. Demakki, Konstitutsiyani qotib qolgan qoidalar yigʻindisi, deb boʻlmaydi.
Konstitutsiya dinamik, yaʼni doimiy harakatdagi, oʻsish va rivojlanish jarayonidagi hujjatdir. U hayot joʻshqinligi va oʻzgarishlarini oʻzida aks ettiradi. Shu maʼnoda, Harakatlar strategiyasi yangi Oʻzbekistonning yangi konstitutsiyaviy qiyofasiga asos boʻlib xizmat qildi va xizmat qilmoqda.



Download 163.19 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling