(fizika ixtisosligidan boshqa ixtisosliklar uchun ma’ruza matnlari to’plami)
KIRISH
Fizika - asosiy tabiiy fanlarning biri bo’lib, u jonsiz tabiatning qonunlarini o’rganadi. Tabiatda sodir bo’ladigan hodisa va jarayonlar ma’lum qonunlar asosida ro’y beradi. Bu hodisalar va ularning qonuniyatlari orasidagi bog’lanishni o’rganish har bir fanning asosiy vazifasidir.
Fizika sohasiga asosan, jismlarning o’zaro ta’siri va ularning harakat qonunlari hamda elektromagnit va yorug’lik bilan bog’langan
hodisalar, atom va uning yadrosini o’rganish kiradi. Ammo fizika fanining aniq chegarasini hozirgi vaqtda ko’rsatish qiyin. Chunki har bir yangi ochilgan va ochilayotgan kashfiyotlar – fizikaning qo’llanish chegaralarini yanada kengaytirmoqda deb aytish mumkin. Fizikaning asosiy qonunlarini bayon etishdan avval ba’zi fizik tushunchalar bilan tanishamiz.
Fizik hodisa: Fizik hodisa yoki fizik jarayon deb berilgan jismlarda vaqt o’tishi bilan ma’lum qonuniyatlar asosida sodir bo’ladigan o’zgarishlarga aytiladi. Bu o’zgarishlar o’lchov vositasida miqdoriy baholanadilar.
Fizik tajriba: Jismlar bilan bog’liq bo’lgan o’zgarishlar kuzatish yoki laboratoriyalarda amalga oshiriladigan maxsus tajribalar orqali o’rganiladi. Tajribalarda olingan xulosalar
u yoki bu fizik hodisaning, jarayonning qonuniyatlarini ochishga yordam beradi.