Mehnat shartnomasi tomonlarining o‘zaro moddiy javobgarligi


Xodimga etkazilgan moddiy va ma’naviy zarar uchun


Download 153.5 Kb.
bet2/2
Sana04.05.2023
Hajmi153.5 Kb.
#1424636
1   2
Bog'liq
MEHNAT SHARTNOMASI TOMONLARINING O‘ZARO MODDIY JAVOBGARLIGI. AYRIM TOIFADAGI XODIMLARGA BERILADIGAN QO‘SHIMCHA KAFOLAT VA IMTIYOZLAR

Xodimga etkazilgan moddiy va ma’naviy zarar uchun
ish beruvchining moddiy javobgarligi

Mehnat shartnomasi munosabatlari uning har ikki tarafiga ham teng huquqlar berilishi, majburiyatlar yuklatilishi orqali ijtimoiy muvozanatlashtirilgan bo‘lib, shunga ko‘ra nafaqat xodim, balki ish beruvchi ham o‘z aybli harakati tufayli xodimga etkazilgan zarar uchun moddiy javobgar bo‘ladi. Xodimlar uchun xavfsiz va zararsiz sharoit yaratish, o‘z xodimlari sog‘ligi, mulki va mulkiy manfaatlarini har tomonlama himoya qilish ish beruvchining muhim burchlaridan sanaladi. Bunda xodimlar uchun qulay iqtisodiy sharoit va kengroq huquqiy kafolatlar yaratish maqsadida ish beruvchining xodim oldidagi moddiy javobgarligi qonunlarda belgilab qo‘yilgan eng past darajadan (eng kam miqdordan ham) kam bo‘lishi mumkin emas, degan qoida mustahkamlab qo‘yilgan.


Mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha korxona, muassasa, tashkilotlar va hatto maishiy maqsadlarda odamlarni ishga yollagan hamda ular bilan mehnat shartnomasi tuzgan xususiy fuqarolar ham ish beruvchi sifatida o‘z xodimlariga etkazilgan zarar uchun moddiy javobgardirlar. Xalqaro huquqiy qoidalarda belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasi hududida xo‘jalik yoki boshqa tadbirkorlik faoliyati yuritayotgan chet el korxonalari va chet el sarmoyalari ishtirokidagi qo‘shma korxonalar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan milliy qonunchilik rejimiga rioya etishlari lozim. SHunga ko‘ra chet el korxonalari va chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar o‘z xodimlari oldida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga ko‘ra moddiy javobgar bo‘ladilar.
Ish beruvchi xodimga etkazilgan zarar uchun moddiy javobgarligi ob’ektlari qatoriga Mehnat kodeksining 187-moddasiga muvofiq quyidagilar kiradi:

  • mehnat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq ravishda xodimning sog‘ligiga zarar etkazilishi tufayli yo‘qotilgan ish haqi va ko‘rilgan boshqa zararlar;

  • xodim mehnat burchlarini bajarishi tufayli vafot etganida uning qaramog‘ida bo‘lib kelgan mehnatga yaroqsiz oila a’zolari o‘z daromadlaridan mahrum bo‘lishlari tufayli ko‘rgan zarar;

  • xodimni ishlash imkoniyatidan g‘ayriqonuniy mahrum qilish (noqonuniy ishdan bo‘shatish, boshqa ishga o‘tkazish yoki ishdan chetlatish) natijasida majburiy progul vaqti tufayli ko‘rilgan zarar;

  • xodimning mol-mulkiga ish beruvchi tomonidan g‘ayriqonuniy ziyon etkazilishi tufayli (xodim mulkining nobud bo‘lishi, yo‘qolishi, kamayishi, shikastlanishi) etkazilgan zarar;

  • xodimga ish beruvchi tomonidan etkazilgan ma’naviy (jismoniy yoki ruhiy azob chekish) zarar.

Ish beruvchi xodimga etkazilgan zararni qonunda maxsus ko‘rsatilgan hollardan tashqari to‘la hajmda to‘laydi.
Mehnat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq ravishda xodim sog‘ligiga shikast etkazishi, mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga uchrashi tufayli unga etkazilgan zarar o‘rnini qoplash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 1 fevraldagi 48-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli etkazilgan zararni ish beruvchilar tomonidan to‘lash qoidalari»da1 belgilab qo‘yilgan shartlarda va tartiblarda amalga oshiriladi.
Ish beruvchi xodimlar sog‘ligiga etkazilgan zararni to‘lashi shart. Xodimning mehnatdan mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki u o‘z mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘ligining bashqacha tarzda shikastlanishi sababli etkazilgan zararni ish beruvchi to‘liq hajmda to‘lashi shart.
Xodimning ish beruvchi hududida ham, uning tashqarisida ham mehnatdan mayib bo‘lishi, shuningdek ish beruvchi tomonidan ajratilgan transportda ish joyiga kelayotgan yoki ishdan qaytayotgan paytda shikastlanishi natijasida etkazilgan zarar uchun ish beruvchi moddiy javobgar bo‘ladi.
Mehnatda mayib bo‘lish oqibatida yoki o‘z mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda sog‘ligining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli xodimga etkazilgan zararni ish beruvchi, basharti zarar uning aybi bilan kelib chiqqanligini isbotlab bera olmasa, to‘lashi shart.
O‘z mehnat vazifalarini bajarayotgan vaqtida yuqori xavf manbai natijasida xodimning sog‘ligiga etkazilgan zararni ish beruvchi, basharti zarar uni bartaraf qilish mumkin bo‘lmagan kuchlar tufayli, jabrlanuvchi tomonidan qasddan qilinganligi xatti-harakatlar oqibatida kelib chiqqanligini isbotlab bera olmasa, to‘lashi shart.
Xodimning sog‘ligiga shikast etishi munosabati bilan to‘lanishi lozim bo‘lgan zarar miqdori Mehnat kodeksida belgilangan tartibda aniqlanadi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 190-moddasida aytilishicha: «To‘lanishi lozim bo‘lgan zarar jabrlanuvchining mehnatda mayib bo‘lishiga qadar olgan o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan foiz hisobida, uning kasbga oid mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi darajasiga muvofiq belgilangan har oylik to‘lovdan, sog‘ligiga shikast etishi bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarini kompen-satsiyasidan, shuningdek belgilangan hollarda esa, bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lashdan iboratdir.
Kasbga oid mehnat qobiliyatini yo‘qotish darajasi va jabrlanuvchining qo‘shimcha yordam turlariga muhtojligi tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasi (TMEK) tomonidan aniqlanadi. Zarar o‘rnini qoplash uchun to‘lovlarni tayinlashda jabrlanuvchi olayotgan ish haqi, stipendiya, pensiya va boshqa daromadlar hisobga olinmaydi. Bunda mehnatda mayib bo‘lgan jabrlanuvchilar nogironlarga zararni qoplash uchun to‘lanadigan summa qonun hujjatlarida eng kam ish haqi miqdorining 50 foizidan oz bo‘lishi mumkin emas».
Xodim sog‘ligiga zarar etishida uning o‘zi tomonidan ham qo‘pol ehtiyotsizligi zararning kelib chiqishiga yoki ko‘payishiga sabab bo‘lsa (ya’ni taraflarni aralash javobgarligi yuz bergan bo‘lsa), u holda ish beruvchidan xodim foydasiga undiriladigan zarar xodim aybi darajasiga mutanosib ravishda kamaytirilishi mumkin.
Xodim foydasiga undiriladigan qo‘shimcha zarar (dori-darmon, parvarishlar, protezlash va hokazo) bir yo‘la beriladigan nafaqa miqdori, boquvchisi vafot etganligi tufayli marhum qaramog‘ida bo‘lib kelgan oila a’zolariga zarar undirish paytida xodimning o‘zi ham aybdor ekanligini asos qilib, undiriladigan zararning kamaytirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xodim vafot etishi munosabati bilan (ish faoliyati bilan bog‘liq ravishda) uning qaramog‘idagi oila a’zolariga zararni qoplash tartiblari Mehnat kodeksida ko‘rsatib qo‘yilgan.
Xodim mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligi yoki mehnat vazifasini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘ligiga boshqacha shikast etishi sababli vafot etgan hollarda, ish beruvchi marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek 16 yoshga to‘lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta’minot olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga, shuningdek ota-onasidan biriga, umr yo‘ldoshiga yoki oilaning boshqa a’zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga etmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi balan band bo‘lsa, zararni to‘lashi shart.
Quyidagilar mehnatga qobiliyatsiz deb tan olinadi va zarar qoplanishini talab qilishga haqli bo‘ladi:

  • o‘n olti yoshga etgunlaricha nogiron bo‘lgan shaxslar;

  • oltmish yoshga to‘lgan erkaklar va ellik besh yoshga to‘lgan ayollar;

  • belgilangan tartibda nogiron deb topilgan shaxslar.

Oila a’zosining mehnatga qobiliyatsizligi boshlangan vaqti (boquvchining vafotiga qadar yoki undan keyin) uning zararini undirishga bo‘lgan huquqiga ta’sir etmaydi. O‘quvchilar (kunduzgi) 18 yoshga to‘lganlariga qadar zararni undirish huquqiga ega bo‘ladilar. Zarar miqdorini aniqlash Mehnat kodeksining 193-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Unga ko‘ra:
«Vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan zararni undirishga haqli bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz bo‘lgan shaxslarga to‘lanadigan zarar miqdori marhumning o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida, uning o‘ziga va qaramog‘ida bo‘lgan, lekin zararni undirishga haqli bo‘lmagan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarning ulushini chegirib tashlagan holda belgilanadi.
Zarar to‘lovini olishga haqli bo‘lgan shaxslarning har biriga tegishli bo‘lgan zarar miqdorini aniqlash uchun boquvchi ish haqining mazkur shaxslarning hammasiga to‘g‘ri keladigan qismi ular soniga taqsimlanadi.
Vafot etgan shaxsning qaramog‘ida bo‘lgan, ammo zarar to‘lovini olish huquqiga ega bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar uchun zarar to‘lov miqdori quyidagi tartibda belgilanadi:
agar ta’minot mablag‘i sud tomonidan undirilgan bo‘lsa, u holda zarar to‘lovlari sud tomonidan tayinlangan summa miqdorida belgilanadi;
agar ta’minot mablag‘i sud tartibida undirilmagan bo‘lsa, u holda zarar to‘lovlari ularning moddiy ahvoli hamda vafot etgan shaxsning hayotlik vaqtida ularga yordam ko‘rsatish imkoniyatini hisobga olib belgilanadi.
Agar vafot etgan shaxsning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar ham, uning qaramog‘ida bo‘lmagan shaxslar ham ayni bir vaqtda zarar to‘lovini olishga haqli bo‘lsalar, bunday holda zarar to‘lovlari miqdori, avvalo, marhumning qaramog‘ida bo‘lmagan shaxslar uchun belgilanadi. Ular uchun belgilangan zarar to‘lov summasi boquvchining ish haqidan chegirib tashlanadi, so‘ngra ish haqining qolgan miqdoridan kelib chiqib, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda marhumning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar uchun qoplanadigan zarar miqdori belgilanadi.
Boquvchisini yo‘qotganligi munosabati bilan zarar to‘lovini olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga tayinlangan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi, xuddi shuningdek boshqa pensiya, ish haqi va boshqa daromadlar qoplanadigan zarar to‘lovi hisobga kiritilmaydi. Bunga qaramog‘idagi har bir shaxsga tegishli bo‘lgan zararni qoplash summasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqi miqdorining 50% dan oz bo‘lishi mumkin emas».
Xodimning sog‘ligiga shikast etganida yoki u vafot etganida (mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda) bir yo‘la beriladigan nafaqa miqdori ish beruvchi bilan xodimlar vakillik organi (kasaba uyushmasi) o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvga ko‘ra belgilanadi, ammo bu nafaqaning miqdori xodim sog‘ligiga shikast etganida uning yillik ish haqidan, xodim mehnatda mayiblanish oqibatida vafot etganida uning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarga to‘lanadigan bir yo‘la beriladigan nafaqa miqdori esa marhumning olti yillik o‘rtacha ish haqi hajmidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Ish beruvchi xodimga mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etganligi munosabati bilan etkazilgan zararni to‘lashga majbur. Bunda xodim mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etilgan barcha hollarda ololmay qolgan ish haqini ish beruvchi unga to‘lashi shart. Bunday majburiyat, agar ish haqi ishga qabul qilish g‘ayriqonuniy ravishda rad etilganligi, mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilinganligi yoki xodim g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilganligi va mehnat nizolarini ko‘ruvchi organning bunday ishlar yuzasidan chiqargan qarori o‘z vaqtida bajarilmaganligi, mehnat daftarchasini berish kechiktirilganligi, har qanday yo‘llar bilan xodimning sha’niga dog‘ tushiruvchi ma’lumotlar tarqatilganligi natijasida, basharti bu ma’lumotlar xaqiqatga to‘g‘ri kelmasa, shuningdek boshqa hollarda olinmay qolgan bo‘lsa, kelib chiqadi.
Ish beruvchi xodimning mol-mulkiga etkazilgan zarar uchun ham javobgardir. Mehnat kodeksining 197-moddasida aytilishicha: «Zarar undirish haqidagi arizani ish beruvchiga jabrlanuvchi xodim vafot etgan taqdirda esa, zarar to‘lovini olishga haqli bo‘lgan manfaatdor shaxslar beradi.
Ish beruvchi arizani ko‘rib chiqishi va ariza tushgan kundan e’tiboran 10 kunlik muddat ichida tegishli qaror qabul qilishi shart. Ish beruvchining xodimga zararni to‘lash haqidagi buyrug‘ining nusxasi yoki rad etish haqidagi dalil asosli yozma javobi u qabul qilingan kundan boshlab uch kunlik muddat ichida xodim yoki manfaatdor shaxslarga topshiriladi.
Xodim yoki manfaatdor shaxslar ish beruvchining qaroriga rozi bo‘lmagan yoki belgilangan muddatda javob olmagan taqdirda, ular mazkur nizoni hal qilib berish uchun sudga murojaat qilishlari mumkin».
Xodimga etkazilgan ma’naviy zarar ham ish beruvchi tomonidan to‘la qoplab berilishi lozim. Ma’naviy zarar miqdorini belgilash manfaatdor shaxslar da’vo talabiga ko‘ra sud tomonidan amalga oshiriladi. Xodimga etkazilgan zararni qoplash haqidagi ariza 10 kun ichida ish beruvchi tomonidan ko‘rib chiqilishi, rad etilganida esa yozma javob berilishi shart.
Zarar ish beruvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda qoplab berilmagan taqdirda, sog‘ligiga zarar etgan xodim, xodim vafot etgan taqdirda esa, zarar to‘lovini olishga haqli bo‘lgan manfaatdor shaxslar zararni undirib berilishini so‘rab da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilishlari mumkin. Bunday da’volar bo‘yicha da’vo muddati qo‘llanilmaydi va xodimlar davlat boji hamda boshqa sud xarajatlarini to‘lashdan ozod etiladi.



1 Қаранг: Ўзбекистон Республикаси Олий суди ахборотномаси, 1991 йил, 3-сон; 1993 йил, 1-сон; 1994 йил, 3-сон.

1 Қаранг: жумладан, Ўзбекистон Республикаси Солиқ Кодексининг 135-моддаси, 3-бандига кўра даромад (фойда) яширилган тақдирда солиқ тўловчидан яширилган даромаднинг бутун суммаси ва яна шунча миқдорда жарима ундирилади.

1 Қаранг: Ўзбекистон Республикаси Олий суди бюллетени. 1991 йил, 3-бет, 1993 йил, 1-сон; 1994 йил, 3-сон, 3-бет.

1 Қаранг: Ўзбекистон Республикасининг 2000 йил 31 августдаги «Почта алоқалари тўғрисида»ги Қонуни, 15-модда.

1 Қаранг: Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси томонидан 1998 йил 1 майдаги «Ўзбекистон Республикаси айрим қонунларига ўзгартиришлар ва қўшимчалар киритиш тўғрисида»ги Қонун билан Ўзбекистон Республикасининг Меҳнат кодексининг 269-моддасига киритилган қўшимча. Ўзбекистон Републикасининг Ахборотномаси. 1998 йил, 5-6-сон, 102-модда.

1 Қаранг: Ўзбекистон Республикаси ҳукумати қарорлари тўплами, 1994 йил, 2-сон, 7-модда.

Download 153.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling