Men nega farmatsevt kasbini tanladim? yoxud taqdir yo`llagan tasodiflar


Download 22.67 Kb.
Sana09.06.2023
Hajmi22.67 Kb.
#1466052
Bog'liq
insho Muxlisa Bobomurodova


Men nega farmatsevt kasbini tanladim?
yoxud taqdir yo`llagan tasodiflar.”
Reja:

  1. Kirish

  1. Notanish yo`ldan aniq manzillar tomon qo`yilgan qadamlar.

  1. Asosiy qism

  1. Farmatsevtika – dunyo quroli: yo qutqaradi, yo halok qiladi.

  1. Xulosa

  1. Men bo`lajak farmatsevt sifatida o`z yo`limni tanladim.

Dunyoni o`zgartirishni istagan har bir inson
o`zgarishni eng avval o`zidan boshlashi zarur.
Fikrlarim bayonotini va qarashlarimni Yaratganga shukronalik hissi bilan boshlashlikni joiz deb topdim. Sababi, biz oliy mavjudot – inson qilib yaratildik. Tafakkur , ong kabi buyuk ne`matlar bilan rizqlantirildik. Bu esa har birimizga bu hayotdagi o`z yo`limizni topishimiz uchun eng katta madad va yordam hisoblanadi. Zotan , har bir insonning bu hayot yo`lida ulkan maqsad va g`oyalari bo`ladi. Uni amalga oshirish uchun to`xtovsiz mehnat va sabr talab etiladi. Xususan , men ham o`z maqsadlarimga yetishish uchun farmatsevtika sohasini tanladim. Bejizga rejamning birinchi qismini “notanish yo`ldan aniq manzillar tomon qo`yilgan qadamlar” deb nomlamadim. Chunki, bu sohaga kirib kelishim mutlaqo kutilmagan holat bo`lgan. Bu soha, bu yo`l men uchun mutlaqo notanish , mutlaqo yangi va qorong`uliklar ichidagi bir yo`l kabi edi. Sababi, yoshligimdan ko`plab sohalarni egallashni , o`zimni turli yo`nalishlarda sinab ko`rishni yaxshi ko`rar edim. Maktab davrida aniq fanlarni chuqur o`rganar va turli olimpiada va tanlovlarda ishtirok etib , faxrli o`rinlarni qo`lga kiritgan edim. 9-sinfda fizika fanidan shahar bosqichida faxrli o`rinni olganim sababli kasb- hunar kollejlarida imtiyozli ravishda ta`lim olish sertifikatiga ega bo`ldim. Taqdir taqozosi bilan men P.F.Borovskiy nomli tibbiyot kollejining imtiyozli ravishda qabul qilingan o`quvchisiga aylandim. Shu tariqa men uchun mutlaqo begona bo`lgan olam - tibbiyot sohasiga tushib qoldim. Ishonasizmi , bu kollej meni tubdan o`zgartirdi. Bu sohaga bo`lgan qiziqishimni ortishiga sabab bo`ldi. U yerda ustozlarimning bergan bilimlari men uchun juda qadrli , ularning bahosi yo`q. Hatto-ki hozirgi kunda ham ularning bergan bilimlariga tayanaman. Kimyo va biologiya fanlarini maktab payti o`qigan bo`lsam-da , u qadar chuqur o`zlashtirmagan edim. Kollejda esa bu fanlar naqadar qiziq ekanligini, bu ilmlarni o`rganmaslik insonning o`ziga qilgan zulmi ekanligini tushunib yetdim. To`g`risini aytsam, farmatsevtika so`zini kollejda ko`p marotaba eshitdim va nima ekanligiga qiziqa boshladim. Ayni damda , o`quv kurslari yordamida kimyo va biologiya fanlarini noldan boshlab ancha yaxshi o`rganib olgandim. U yerdagi muhit shu qadar insonni o`ziga tortar edi-ki , ta`riflash mushkul. O`quv kurslardagi o`quvchilarning bari ilmga tashna edi, sog`lom raqobat eng yuqori cho`qqiga qadar ko`tarilgan edi. O`sha yerda qanday ilm olish kerakligini, qanday qilib o`z ustida ishlash kerakligini his qilganman. Xullas , taqdir yo`llagan har bir yo`l meni bir qadar o`sishga, ilmiy salohiyatimni yuqorilashiga olib borar edi. Kollej. 3-bosqich. Yana bitiruvchilik soniyalari yaqin. Endi qaysi sohada ketishim aniq edi. Ya`ni tibbiyot sohasi men uchun yangi kashf etilgan va sevimli sohalardan biriga aylanib ulgurgan edi. Lekin, shifokor va farmatsevt kasblarini tanlash o`rtasida ikkilanib qolgan edim. Yaratgandan har doim xayrlisini so`rar edim. Sababi, biz uchun xayrli bo`lgan ishlardagina biz manfaat bera olamiz, nimanidir yaxshi tarafga o`zgartirishga sababchi bo`la olamiz. Oila a`zolarim har doim meni qo`llab- quvvatlashgan , biror bir sohani tanlashimga majbur qilishmagan , har doim meni ilm olishim uchun imkoniyat yaratib berishgan, “qiz bolaga o`qishni kim qo`yibdi, o`qib shahar olib berarmidi?” – deya kamsitishmagan. Bu safar ham o`z yo`limni qiziqishlarimga ko`ra tanlashimni , doimo qo`llab – quvvatlab yonimda turishlarini aytishdi. Shu tariqa ichki hislarimga tayangan holda farmatsevtika sohasini tanlashga qaror qildim. Imtihon natijalari e`lon qilindi , men Toshkent Farmatsevtika Institutiga talabalikka qabul qilindim. Necha yillik niyatlar, necha yillik mashaqqatlar , necha yillik duolar o`z mevasini berdi. Men tasodif deb o`ylaganlarim taqdir yo`llagan yo`llar bo`lib chiqdi. Men ana endi aniq bir sohada o`zimni sinab ko`rishim , bilimlarimni yanada chuqurlashtirishim va o`z ustimda mislsiz ishlashim mumkin edi.
Farmatsevtika sohasi men uchun butunlay notanish soha bo`lganligi bois ,dastlab bu soha haqida ko`plab ma`lumotlar qidira boshladim. Xususan , bu to`g`risida institutimizda ham ko`plab uchrashuvlar, suhbatlar va ma`ruzalar tashkillashtirilgan va sohamizga doir keng qamrovli ishlar olib borilgan. Farmatsevtika sohasi dunyo bo`yicha eng rivojlangan sohalardan biri hisoblanadi. Bu dunyoda tirik jon bor-ki , albatta, farmatsevtika sohasiga ehtiyoj sezadi. Chunki bizga berilgan ne`matlar abadiy emas, doimiy o`zgarmas holatda ham turmaydi. Hozirgi kunda dunyo borgan sari siyosiy jang maydoniga aylanib bormoqda. Oldinlari bu kabi janglar maydonlarda , qurol-aslahalar yordamida bo`lib o`tgan bo`lsa, ayni davrlarda insoniyatning va fan-texnikaning mislsiz rivojlanishi hisobiga turli xil sohalardan noto`g`ri yo`lda foydalanishmoqda. Farmatsevtika sohasi ham aynan shunday sohalardan biriga aylanib ulgurdi. Bejizga yuqorida farmatsevtika sohasi – dunyo quroli deya atamadim. Bugungi kunda dorilar insoniyat uchun ko`rinmas bir qurolga aylanib bormoqda. Bu qurol bilan insonlarni davolash , ularga ko`mak berish , ularning baxtni his qilishlariga sababchi bo`lish va yoki aksincha, asta-sekinlik bilan kam dozalar yordamida inson organizmini zaharlab halok qilish mumkin. Men sun`iy-kimyoviy dori-darmonlar haqida ko`plab ma`lumotlarga ega bo`lganimdan so`ng fikrlarim oydinlashdidi. Men bu kasbni bekorga tanlamaganimni his qildim . To`g`ri bir inson o`laroq dunyoni o`zgartirishga kuchim yetmas, lekin “amallar niyatlarga bog`liqdir” - deb bejiz aytilmagan. Axir tarixga e`tibor bersak, ko`p sohalar ayni bir insonning to`xtovsiz harakatlari sabab yuzaga kelgan. Misol uchun , hozirgi kunda biz hayotimizni chiroqlarsiz tasavvur qila olmaymiz, aynan shu chiroqlarning yaratilishi ham vaqtida maktabdan haydalgan va uyda ta`lim olgan birgina inson Tomas Edison tomonidan ixtiro qilingan. Farmatsevtika sohasi qadimdan eng zarur va eng muhim sohalardan bo`lib kelgan. Hozirgi kunda ham tobora ahamiyati yuqorilab bormoqda. Bu fikrlarni aytishimdan sabab shu-ki, insoniyat borgan sari sun`iylikga qarab ketmoqda. Sun`iy dorilar, sun`iy oziq – ovqat mahsulotlari , sun` iy kiyim – kechaklar va boshqa ko`plab soha mahsulotlari ham sun`iylashmoqda. Bu esa keyinchalik insoniyatning global tarzda sun`iy ong egasi bo`lishi uchun zamin yaratadi va insoniyatning eng katta inqirozga yuz tutishiga sabab bo`ladi. Biologiya fanidan ta`lim bergan ustozimning bir gaplari hech yodimdan ko`tarilmaydi. “Inson zoti bu dunyoga kelar ekan , Yaratgan tomonidan unga buyuk ne`mat immunitet beriladi. Insonning qaysidir a`zo va yoki sistemasida qandaydir kasallik yuzaga kelsa, organizmning individual himoya mexanizmi ishga tushadi. Birgina ko`z haqida gaplashadigan bo`lsak, o`sha biz xafa bo`lganda yoki yig`laganda chiqadigan ko`z yoshlarimiz ham shu himoya mexanizmining bir bo`lagi. Ko`z yoshi suyuqligi tarkibida lizotsim fermenti bo`lganligi sababli u ko`zga tushgan barcha mikroblarni eritib, yo`q qiladi. Shuning uchun ham biz ko`zlarimizni minglab va undan ham ko`proq mikrob va mikroorganizmlar bo`lgan havoda bemalol ochib yura olamiz. Biz shunchaki suyuqlik deb bilgan ko`z yoshimiz bizni qay darajada himoya qilishini tafakkur qilsak ko`p narsani anglab yetamiz.” Bu birgina ko`z yoshi suyuqligi haqidagi ma`lumot edi. Endi butun bir inson organizmidagi immun tizimni tasavvur qilib ko`ring-chi? Insoniyat yaratilibdiki, butun yer yuzi va undagi ne`matlar ham insonga xizmat qilish uchun yaraldi. Ya`ni har bir dardning davosi tirik tabiatda bor. To`g`ri patologik kuchli kasalliklarni , misol uchun saraton kasalliklarini sun`iy-kimyoviy dorilarsiz davolash mushkul. Bu vaziyatda, albatta, ulardan foydalanish o`rinli. Mening xohishim dorilardan qochish yoki ular bilan davolanishni to`xtatish emas, aksincha tabiiylikka ko`proq urg`u berish , shu asosida immun tizimni kuchaytirish. Sun`iylikdan , kimyoviy va yoxud genetik jihatdan o`zgartirilgan mahsulotlardan chetlashishni targ`ib qilish, insonlarning farmatsevtik ongini rivojlantirish. Dori-darmonlar sifati va foydasi yuqori darajada bo`lishini, farmatsevtlar esa shunchaki “dori-darmon tadbirkorlari” emas, haqiqiy inson manfaatlari uchun jon kuydiruvchi kasb egalari bo`lishlarini istar edim. Shunda insonlar farmatsevtlarga ishonishni boshlaydi, shunda farmatsevtlarning oldingi nufuzi qaytariladi, shunda insonlar farmatsevt deganda shunchaki dorixonada do`konchi kabi dori sotayotgan insonni emas, oq xalatli qalbi pok insonni tasavvur qiladi.
Men chin dildan niyat qildim-ki , bir necha yillardan keyin yaratganning izni ila jahon standartlariga mos keluvchi, insoniylik eng oliy o`rinda turuvchi, ilm va malaka jihatdan yuqori IQ ga ega bo`lgan farmatsevtlar faoliyat yurituvchi, ham mijozlarning ham ishchilarning manfaati ko`zda tutilgan , tabiiy dori mahsulotlariga ko`proq urg`u berilgan , inson organizmining individual holatiga qarab xizmat ko`rsatiladigan va eng so`nggi IT texnologiyalari bilan jihozlangan online va an`anaviy dorixonalar sistemasi yaratiladi va ishga tushiriladi. Insonlarning farmatsevtik ongini yuksaltirish uchun ko`plab seminarlar va vebinarlar taqdim etiladi. Onalar va bolalar salomatligi , keksalar va yoshlar salomatligi uchun , bemorlar salomatligini qayta tiklash uchun turli yo`nalishlarda ma`lum kurslar ishlab chiqiladi. Bu mening eng asosiy niyatlarim va maqsadlarimdir. Bu yo`lda to`xtovsiz harakat qilishga va sabr bilan o`z sohamni mukammal va chuqurroq o`rganishga, farmatsevt deganda oliy kasb egalarining ko`z oldimizda gavdalanishiga erishishga harakat qilaman. Bularning barini bajarishga ehtimol umr yetmas, lekin ishonaman kun kelib bu ishlar bari amalga oshadi, farmatsevtika sohasi qurol sifatida insonlarni halok bo`lishiga emas aksincha, turli kasalliklardan himoya qilinishiga sababchi bo`ladi. Onalar noto`g`ri dori vositalari qabul qilgani uchun nogiron farzandlar dunyoga kelmaydi, go`dakni to`g`ri anglamay istaganicha davo choralarini ko`ruvchi ilmsiz onalar qolmaydi, keksalik alomatlarini 40-50 yoshlarida his qilishni boshlaydigan navqiron insonlar bo`lmaydi, immun tizimi kuchli ekanligidan ta`sir doirasi kuchli bo`lgan dorilarni qabul qiluvchi bemorlar qolmaydi, moddiy manfaatlari yo`lida vijdoniga xilof ish tutuvchi farmatsevtlar qolmaydi. Atrof- muhit, tabiat , yashil olam bor ekan , vujudini kimyoviy moddalarga to`ldirgan, dori mahsulotlariga qaram bo`lgan sun`iy ong vakillari qolmaydi. Yaratganga bo`lgan ishonch bor ekan , nasib etsa dardlar ham davosiz qolmaydi! Biz o`ylagan tasodiflar esa taqdir yo`llagan xayrli yo`llar bo`lib chiqaveradi…!

Farmatsiya yo`nalishi 304-“A” guruh talabasi Muxlisa Bobomurodova.
Download 22.67 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling