Men Nuhman


Download 0.53 Mb.
Pdf ko'rish
bet1/3
Sana26.03.2023
Hajmi0.53 Mb.
#1296715
  1   2   3
Bog'liq
Men Nuhman



Men Nuhman. 
Bugun havo ajoyib edi. Uch kun davom etgan yomg‘irdan so‘ng, bugun quyosh chiqib, o‘z 
zarin nurlarini sochar, yerdan esa ajoyib hid ufurib turardi. Go‘yoki yomg‘ir o‘zi bilan barcha 
chang-g‘uborni olib ketgandek. Shahar markazida ko‘plab turli xil binolar joylashgan. 
Shunday binolarning birida bir odam telefonda qizg‘in suhbat olib borardi.
- Siz meni eshityapsizmi? Nega shu ish haligacha hal bo‘lmadi? Nima hamma ishni o‘zim 
hal qilishim kerakmi endi? U yerda allaqachon quruvchilar ish boshlashi kerak edi. 
Tufurdim muammoingizga. Sizga yetarlicha imkoniyatlar qilib berdimmi? Demak, talab 
qilishga haqqim bor. Menga bahonalarni termang. Omadsizlarni yoqtirmayman. 
Muammo nimada? Kimnidir og‘zini moylay olmayapsizmi? Agar unga pul kerak 
bo‘lmasa, boshqa usulni qo‘llang. Qo‘rqitasizmi, boshqa narsa qilasizmi menga baribir. 
O‘sha yerga meni binoyim tushishi kerak. Tushundingizmi? Juda soz. Shu haftadan 
qolmasin.
Shu tarzda suhbatga yakun yasab, go‘shakni qo‘ydi. Bu odam Erkin Turg‘unov bo‘lib, eng 
omadli ishbilarmonlardan biri edi. U mashhurlik bobida istalgan odamni ortda qoldira olardi. 
Uning nomi tez-tez gazeta va jurnallarda yozilar, sur’ati jurnallarning muqovasini bezab 
turardi. Sayyohlik byurosi, “Liberty” mehmonxonasi, shaharning ikkita katta restorani, 
qurilish firmasi, brokerlik idorasi, kompyuter texnologiyalari xavfsizligi kabi korxonalar unga 
tegishli edi. U bu imperiyani o‘zi qurdi. Bundan 34 yil avval nonvoy xonadonida tug‘ilgan bu 
yigitni bir kun kelib shunday istiqbol kutib turganini biror inson o‘sha payt aytganida, uni 
so‘zsiz tentakka chiqarishgan bo‘lishardi. Shum taqdir bolakayni tug‘ilgan ilk daqiqalaridanoq 
ayamadi. Bolani yorug‘ dunyoga keltirib ona jon taslim etdi. Olti yoshida esa og‘ir xastalik 
tufayli otasi vafot etdi. Bundan keyingi hayoti amakisi bilan bog‘liq bo‘ldi. Amakasini uni 
tarbiya qildi. U o‘zining ishbilarmonlik qobiliyatini ilk bor harbiy xizmatdan qaytib kelgan 
paytlari qo‘lladi. O‘shanda mahallalaridan biroz narida bir katta zavod buzilishga tushgan edi. 
Zavod yer bilan bir tekis qilinib, undan qolgan-qutganlari chiqindi sifatida bir yerga 
to‘plangan. Yigitcha o‘shanda hech kimni xayoliga kelmagan ishni qildi. U o‘sha chiqindilarni 
arzimagan pulga sotib oldi. Keyin o‘sha atrofdagi aholiga nimaiki topsa olib ketaverishlari 
mumkinligini aytdi. Shundan so‘ng o‘sha chiqindi to‘la yerni odamlar bosib ketdi. Kimdir yuk 
mashinasi to‘ldirib g‘isht, yana kimdir har xil temir-tersak tashirdi. Bunday ishbilarmonlik 
ketidan Erkin mo‘maygina daromad ishlab oldi. Oradan biroz vaqt o‘tgach bir choldan 
bankrotga uchragan firmasini sotib oldi va uni o‘zgartirib yog‘och ishlab chiqarishni yo‘lga 
qo‘ydi. Kunlarning birida baxtli tasodif tufayli u katta bir restoranning xo‘jayini bilan tanishib 
qoldi. U odan juda badavlat bo‘lib, vorisi yo‘q edi. Yigitcha unda iliq taassurot qoldirdi. U 
yigitchaga biznes olamida barcha bilgan sir-asrorlarini o‘rgatdi. Uni har jabhada qo‘llab-
quvvatladi. Vafotidan oldin unga merosxo‘r sifatida barcha mulkini meros qilib qoldirdi. 
Shunday qilib yigitning ishlari yurishgandan yurishib ketdi. U o‘ta qobiliyatli bo‘lib, qaysi 
ishdan qanday foyda olishni bilar edi.
Telefonning kutilmagan qo‘ng‘iroq ovozi Erkinning xayollarini bo‘lib yubordi. U telefon 
go‘shagini qulog‘iga olib keldi.


- Allo. – Bu kotiba qiz edi. 
- Erkin Sultonovich, sizni so‘rab rejissyor Bobur Nosirov kelibdi.
- Ha, kiraversin. 
- Ho‘p. 
Erkin go‘shakni qo‘yishi bilan eshik ochilib, xonaga o‘rta bo‘yli, to‘lachadan kelgan, o‘tgan 
asr odamlarini eslatib yuboruvchi o‘ziga yarashmagan mo‘ylov qo‘ygan, ko‘zlari biroz 
qisiqroq odam tabassum bilan kirib keldi.
- Erkin Sultonovich, yaxshimisiz? – Bu odam mulozamatning eng qo‘yiq shaklini 
ko‘rsatib eshik oldidan boshlab Erkinning oldiga qo‘lini cho‘zib borib so‘rashdi.
- Marhamat, Bobur aka, o‘tiring. – Erkin o‘tirgach, Bobur Nosirov uning qarshisiga 
o‘tirdi. – Xo‘sh, xizmat? – Uni nimaga kelganini Erkin sezib turgan edi.
- Yaxshimisiz, Erkin Sultonovich? Ahvollaringiz qalay? 
- Yaxshi, rahmat. Maqsadga o‘ta qoling. Vaqtim tig‘izroq.
- Ha, albatta. Tushunaman, ishingiz ko‘p. Axir, shuncha korxonani boshqarishni o‘zi 
bo‘ladimi?
- Ha, shunday.
- Sizning oldingizga bir iltimos bilan kelgandim.
- Xo‘sh? Qanday xizmat ekan? 
- Yangi film olishni rejalashtirib turibman. Ajoyib ssenariy bor. Kassabop film bo‘ladi. 
Shu… biroz moliyaviy tomondan qo‘llab yuborsangiz degandim. 
- Demak homiy kerak? 
- Shunday. 
- Avvalgi filmlaringiz qanday zarar ko‘rganidan xabarim bor. 
- Omadsizlik kimda bo‘lmaydi deysiz. Bu film unday chiqmaydi. Bunisi katta 
muvaffaqiyat qozonadi.
- Men pullarimni bekorga sovurmayman. 
- Menga ishoning. Pullaringiz sizga foyda keltiradi. Ssenariyni bir o‘qib ko‘ring.
Erkin og‘ir xo‘rsindida, dedi: - Yaxshi. Ssenariyni olib keldingizmi? 
Rejissyor yo‘qotib qo‘ygan o‘yinchog‘ini topib olgan bolakayday sevinib ketdi.
- Ha, mana u. – U ssenariyni Erkinga uzatdi. Erkin uni qo‘liga ham olmay stolini 
ko‘rsatib, - tashlab ketavering, - dedi. Nosirov ssenariyni Erkinning ish stoliga qo‘ydi.
- O‘qib bo‘lgach javobimni aytaman.
Nosirov o‘z minnatdorchiligini bildirib chiqib ketdi.
*** 
U qo‘l soatiga qaradi. Soat kechki olti-yu o‘n besh. Televizorni o‘chirib, turib borib kiyimini 
almashtira boshladi. U bugun shu ishni qiladi. Qilishi kerak. Bu damlarni u uzoq kutdi. Va 
nihoyat o‘sha kun keldi. Bu kunga uzoq tayyorlandi. Hammasi u o‘ylagandek o‘tishi lozim. 
Sport kiyimlarini kiydi. Qora kepkasini boshiga bostirdi. O‘rindiqning ustida turgan rezina 


arqonlarni oldi. U yana bir nechta narsalarni olgan bo‘ldi-da, chiroqni o‘chirib uydan chiqib 
ketdi. 
*** 
Erkin soatga qaradi. Soat millari kechki yettini ko‘rsatardi. U o‘rnidan turib hujjatlarini 
tartibga soldi. Ulardan muhimlarini papkasiga joyladi. Papkani olib xonadan chiqib ketdi. U 
xonadan chiqib, bo‘sh turgan kotibaning joyiga qaradi. Erkin qattiq charchagandi. Aksiga olib 
bugun betob bo‘lib qolganligi uchun haydovchi ham kela olmagan edi. Endi mashinani o‘zi 
haydab ketishiga to‘g‘ri keladi. U mashinalar to‘xtash joyi bo‘lgan pastki qavatga tushdi. U 
mashinasi tomon borarkan ortidan izma-iz kelayotgan sharpaga e’tibor bermasdi. U mashina 
qarshisiga kelib to‘xtadi. Eshikni ochib unga o‘tirdi. Mashinani endi o‘t oldirmoqchi edi 
hamki, u o‘tirgan joyning oynasi taqilladi. U ovoz kelgan tarafga qaradi. Mashinani yonida bir 
odam unga qarab turardi. Qorong‘uda uni yuzini ko‘rib bo‘lmasdi. Erkin oynani tushirdi. 
Boshiga kepka kiyib olgan bu sharpa Erkinga qarab jilmaydi. 
- Sen kimsan? Nima kerak? – Erkin shu so‘zlarni aytishi bilan sharpaning qo‘li uning 
yuzini changalladi. Erkin nafas olishiga yo‘l bermayotgan bir parcha matoni burnidan olib 
tashlashga har qancha urinmasin foydasi bo‘lmadi. U tobora kuchini yo‘qotayotganini sezdi. 
Holsizlanib hushidan ketdi.
*** 
Erkin hushiga kelganida hali ham mashinasida edi. Qo‘lini rulga olib kelmoqchi edi, lekin 
qo‘lini qimirlata olmadi. Tanasi allanimalar bilandir o‘rindiqqa boylab qo‘yilganini ko‘rdi. 
- O‘zingga keldingmi? – degan ovoz keldi orqa o‘rindiqdan . Erkin ortga qayrila olmay 
peshoynadan ovoz kelgan tomonga qaradi.
- Kimsan? 
- Men zulmatdagi nur, sening ajaling. Men Nuhman. 
- Senga nima kerak? Pulmi? 
- Sen hamma narsani pul bilan o‘lchaysan. 
- Demak, seni pul qiziqtirmaydimi? Unda nima kerak? 
Sharpa Erkinning qulog‘iga shivirladi. – O‘liming. 
Erkinning butun tanasi bo‘ylab sovuq ter bosdi. 
- Bu nima deganing? Nima qilmoqchisan? Maqsading nima? O‘yinni bas qil. Meni yechib 
yubor. Kimligimni bilasanmi? 
- Men uchun hech kimsan. 
- Senga nima yomonligim tekkan o‘zi? 
- Gunohing bor. Katta gunoh. 
- Gunoh? Qanday? 
- Sen hech bo‘g‘ilganmisan? Bo‘yningda sirtmoq chirmashib nafas yo‘llaringni qisib 
qo‘yganmi?
- Nima? 


- Bu kunni uzoq kutdim. 
- Menga qara… 
Shu damda Erkinning bo‘yniga nimadir ilashib bo‘g‘a boshladi. U bundan halos bo‘lish uchun 
tipirchilar, tinmay harakat qilardi. Qo‘llarini ozod qilmoqchi bo‘lardi. Ammo u o‘rindiqqa 
qattiq bog‘lab qo‘yilgandi. Shuningdek, orqada o‘tirgan sharpa ham chilvirni bor kuchi bilan 
tortib turardi. Erkin uzoq qarshilik ko‘rsata olmadi. Tez orada jon taslim qildi.
*2* 
Ulug‘bek boshqarmaga kelganida soat tonggi sakkiz edi. O‘z xonasiga yaqinlashganida 
qayerdandir tezkor xodim Oybek Umarov yugurib kelib qoldi.
- Hozir sizga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lib turgandim, o‘rtoq boshliq. 
- Tinchlikmi? Nima bo‘ldi?
- Qotillik… Erkin Turg‘unovni o‘ldirib ketishibdi. 
- Tanish ism. Anavi mashhur ishbilarmonmi? 
- Xuddi o‘zi. Tezroq borishimiz kerak.
- Qachon xabar qilishdi? 
- Biroz avval. Ekspertlar guruhi allaqachon jinoyat joyiga ketishdi. 
- Unda yuring, biz ham tezroq boraylik. 
Ular jinoyat joyiga yetib borishdi. Navbatchi posbonlarga guvohnomalarini ko‘rsatib ichkariga 
kirishdi. Ularning oldida tezkor guruh a’zolaridan biri Sodiq keldi. 
- Jinoyat joyini ko‘zdan kechiryapmiz, o‘rtoq boshliq. 
- Yaxshi.
Jinoyat qidiruv bo‘limining boshlig‘i bo‘lgan Ulug‘bek Mirkomilov oriq, novchadan kelgan 
odam edi. U jinoyat joyi o‘rab qo‘yilgan tasmadan o‘tdi. Murdaning yaqiniga keldi.
- Xabarni kim berdi? – U boya uni kutib olgan Sodiqqa murojaat qildi. 
- Shu yerda ishlovchi bir xodim. Ertalab ishga kelib mashinasini to‘xtash joyiga 
qo‘ymqchi bo‘lganida ko‘rib qolgan. Mashinasini marhumning mashinasi yoniga kelib 
to‘xtatgan va marhumga ko‘zi tushgan. Xabar olish uchun mashinadan tushib oldiga 
kelgan. O‘lganligini bilgach xabar qilgan. 
- Bu marhumga tegishli korxonami? 
- Ha, o‘rtoq boshliq. 
- Sen nima deysan, Nodir? – U ekspertlar guruhi rahbari Siddiqovga qaradi. 
- Marhum 12-13 soatlar avval o‘ldirilgan.
- Ya’ni kecha kechki 7 va 8 oralig‘ida? 
- Ha. Uni ortidan turib ingichka predmet bilan bo‘g‘ishgan.
- Uni aynan shu yerda o‘ldirishganmi yoki bu yerga tashlab ketgan bo‘lishlari 
mumkinmi? 
- Menimcha, shu yerda. Qarshilik belgilarini ko‘rdim.
- Mashinadan biron nima topildimi? 
- Hozircha yo‘q. 


Ulug‘bek endi Sodiqqa yuzlandi. 
- Hech kimni shubhali biror shaxsga ko‘zi tushmaganmi? 
- Yo‘q, o‘rtoq boshliq. Lekin kechagi videoyozuvlarni ko‘rib chiqdik. Soat 18:38da 
mashinalar turar joyining kirishida kameraga bir sharpa tushib qolgan. Marhumni 
kameralar so‘nggi bor mashinalar to‘xtash joyiga tushib ketayotganini qayd qilgan. 
- Nechida? 
- 19:06da. 
- Bu yerda kameralar yo‘qmi? 
- Yo‘q. aytishlaricha, marhumning o‘zi bunga zarurat yo‘qligini aytib o‘rnatmagan. 
- Kameraga tushganni ko‘ra oldinglarmi? 
- Yo‘q, yuzi kameraga tushmagan. Sport kiyimida, boshida kepka va kapyushon bo‘lgan. 
Atay yuzini kameradan to‘sgan. O‘zi bilan ryukzak ilib olgan edi. 
- Men guvoh bilan gaplashmoqchiman. 
Sodiq darrov guvohni olib keldi.
- Marhumni siz topdingizmi? 
- Ha. 
- Uni qanday topganingizni o‘zingizdan eshitmoqchi edim. 
- Ertalab 7:30da ishga keldim. Mashinamni to‘xtash joyiga qo‘yganimni bilaman, endi 
mashinadan tushmoqchi edimki, hushsiz yotgan boshlig‘imga ko‘zim tushib qoldi. 
Sog‘ligi yomonlashdimikan deb o‘yladim. Mashinadan tushib oldiga bordim. Uni o‘ziga 
keltirmoqchi edim. Ammo u muzdek edi. Shunda bo‘ynida ko‘karib turgan izlarni 
ko‘rdim va nima bo‘lganini tushunib qoldim.
- Mashinangizni har doim o‘sha yerga qo‘yasizmi? - U jinoyat joyining yonidagi 
mashinani ko‘rsatdi.
- Ha.
- Kecha nechida ishdan ketgansiz? 
- Har doimgidek beshda. 
- G‘alati biror narsaga yoki kimsaga ko‘zingiz tushmadimi? 
- Yo‘q. 
- Boshlig‘ingizning mashinasi shu yerdamidi? 
- Ha. 
- U doim mashinani o‘zi haydarmidi? 
- Yo‘q, haydovchisi bor edi. 
- Haydovchisi? 
- Ha. 
- Kecha u kelganmidi? 
- Bilmayman. 
- O‘zingiz kim bo‘lib ishlaysiz? 
- Dasturchiman. 
- Tushunarli. Yordamingiz uchun rahmat. 


So‘ng u tezkor xodim Sodiqqa yuzlandi.
- Kameradagi gumonlanuvchini kerakli joylarga tarqat. Kimda kim shunga o‘xshash 
odamni ko‘rsa ushlab turib xabarini bersin. Yaqin atrofda kameralar bo‘lsa, 
tekshiringlar. Tushundingmi? 
- Xuddi shunday.
- Marhumning kotibasi bormidi? 
- Ha, u hozir yuqorida, o‘z joyida. Xabar unga og‘ir ta’sir qildi. Yig‘lab o‘tiribdi. O‘ziga 
kelishini kutyapmiz. 
- O‘ziga kelib qolgandir.
Ular kotibaning oldiga chiqishdi. U hamon ko‘z yosh to‘kib o‘tirardi. Ular qizga o‘zlarini 
tanishtirishdi.
- Siz Erkin Turg‘unovning kotibasi edingiz, shundaymi? 
- Ha, - qiz o‘zini qo‘lga olib javob berdi. – Kechagina ketayotganimda xonasida o‘tirgan 
edi. Qanday qilib? 
- Kecha u odatdagidan boshqacharoq emasmidi? 
- Yo‘q, har doimgidek edi. 
- Qabuliga kelgan biror odam bilan janjallashib qolmaganmidi? 
- Yo‘q. 
- Yaqin oradachi? 
- Biror marta ham bunday bo‘lganini eslolmayman. 
- Kecha uning haydovchisi ishga kelmagan ekan? 
- Ha. 
- Sabab? 
- Kecha u betob bo‘lib qolgan ekan. Qo‘ng‘iroq qilib aytgandi.
- Bugun keldimi? 
- Bilishimcha yo‘q. 
- Manzili bera olasizmi? 
- Ha, hozir.
Kotiba qiz kompyuteridan manzilni qidirib topdi-da, bir parcha qog‘ozga yozib berdi. 
Ulug‘bek avval manzilga bir bor ko‘z yugurtirdi-da, so‘ng qizga minnatdorchilik bildirib 
Sodiqqa yuzlandi.
- Sodiq, sen shu yerda qol. Xodimlar bilan gaplash. Kecha marhumning oldiga kimlar 
kelganini bil. Barcha qo‘ng‘iroqlarni aniqla. Unga aloqador barcha ma’lumotlarni 
bilishim kerak. 
- Tushunarli, o‘rtoq boshliq. 
Ulug‘bek endi tezkor xodim Umarovga qaradi.
- Sizga bir topshiriq bor. Marhumning advokatiga qo‘ng‘iroq qiling. Boshqarmaga bir 
kelib ketsin. 
- Bajariladi, o‘rtoq boshliq. 


*** 
Ulug‘bek to‘q qizil eshik qarshisida turardi. Qo‘ng‘iroqni qayta bosdi. Birozdan so‘ng eshik 
ochildi. Ulug‘bekning qarshisida juda ham holsiz bir yigit turardi. Ulug‘bek unga 
guvohnomasini ko‘rsatdi.
- Jinoyat qidiruv bo‘limidan mayor Mirkomilov. 
Yigit tushunarsiz nigoh bilan qaradi. 
- Xizmat? 
- Sizga 1-2 savolim bor edi? Ichkariga kirsam bo‘ladimi?
- Ha, marhamat. 
Ular xonaga kirib, oromkursidan joy olishdi. Yigitning rangi oqarib ketgan, ko‘z osti qizarib 
qolgandi.
- Bugun ishxonangizdagilar bilan gaplashmagan ko‘rinasiz-a? 
- Ha, nimadir bo‘ldimi? 
- Gap shundaki, boshlig‘ingiz Erkin Turg‘unovni kecha tunda o‘ldirib ketishgan. 
- Nima? O‘ldirishibdi? 
- Shunday. Bilishimcha kecha ishga chiqmagansiz? 
Yigitni go‘yoki hozir unga kishan solib olib ketishadigandek vahima bosdi. 
- Meni bund aloqam yo‘q. 
- Tinchlaning. Sizni hech kim ayblayotgani yo‘q. Faqat savollarimga javob bering. 
Qachon kasal bo‘ldingiz? 
- Ikki kun avval ishdan qaytayotib pivo-barga kirganimda ham yaxshi edim. U yerdan 
qaytgach ahvolim yomonlasha boshladi. Ertasi tongda esa, hatto turib yurolmasadim. 
Qo‘ng‘iroq qilib kotibaga vaziyatni tushuntirdim. Aytdimki, agar boshliq qarshi 
bo‘lmasa buguncha javob berib tursa.
- O‘sha barga tez-tez borasizmi? 
- Ha, deyarli kun ora ishdan qaytishda. Charchoqni yozish uchun degandek. 
- Faqat o‘zingiz kirasizmi? 
- Ha. 
- O‘tirganingizda birorta odam oldingizga kelmaganmidi? 
- Yo‘q. 
- Mayli, maslahatim shifokorga uchrang.
- Uni qanday o‘ldirishibdi? 
- O‘z mashinasida bo‘g‘ib ketilgan. 
- Daxshatning o‘zginasi. 
- Ha, haqsiz. Vaqtingiz bormi? 
- Bor. Nimaga? 
- Men bilan o‘sha yerga borib o‘sha kuni sizga kim ximat qilganini ko‘rsatsangiz. 
- Mayli, yuring. 


*** 
U vazifani a’lo darajada uddalagandi. O‘zidan mamnun edi. Faxr tuyg‘usi uni chulg‘ab oldi. 
Televizorni yoqdi. Kanallarni birin-ketin o‘tkazdi. Qiziq! Bugungi voqea haqida hech qanday 
xabar yo‘q. Hali bexabar bo‘lishsa kerak deb o‘yladi u. Ichki ishlar xodimlari iloji boricha 
yashirishga harakat qiladi. Lekin baribir uzoq sir tutisha olmaydi. Endi esa rejaning navbatdagi 
qismiga o‘tsa ham bo‘ladi.
*** 
Ular pivo-barga kirishdi. Haydovchi yigit mijozlarga xizmat qilib yurgan yigitchalardan birini 
ko‘rsatdi.
- Ana u. 
- Ishonchingiz komilmi? 
- Ha. 
Ulug‘bek o‘sha yigitchani chaqirib tashqariga olib chiqdi. O‘zini tanishtirgach yigitcha 
cho‘chib ketdi. Ulug‘bek shubhalari to‘g‘ri chiqqanini sezdi. 
- To‘g‘risini ayt, 2 kun avval bu odamni pivosiga nima qilganding? 
- Men shunchaki ozgina pul ishlab olmoqchi edim. Yomon niyatim yo‘q edi.
- Boshidan gapir. 
- O‘sha kuni ishlayotgan paytimda bir odam meni chaqirdi. Men u o‘tirgan stul oldiga 
bordim. U menga pul uzatdi va xizmat borligini aytdi. Shishachada qandaydir suyuqlik 
berdi. U shu yerga bir odam kelishi kerakligini va men uni pivosiga shu narsani quyib 
berishim kerakligini aytdi. Biroz o‘tgach shu aka keldi. Men uni buyurtmasini olib 
qolganini o‘sha odam aytgandek qildim. U hech narsa bo‘lmasligini, bu biroz ichini 
ketkazishini aytib ishontirdi. 
- Uni eslab qoldingmi? 
- Yo‘q. 
- Tushunmadim? 
- Uni yuzini yaxshi ko‘rolmadim. O‘sha kecha yomg‘ir yog‘ayotgandi. U kepka kiyib, 
kapyushon ham tashlab olgandi. Unchalik menga qarab gapirmadi. Keyin qiyofalarni 
bir martada eslab qolishim qiyin. Bu yerga kuniga yuzlab odamlar keladi. Hammasini 
eslab qololmayman.
- Sen jinoyatga aralashganingni bilasanmi? 
- Kechiringlar, men pulga muhtoj edim. 
- Bu yerda kamera bormi? 
Yigitcha yo‘q ma’nosida bosh chayqadi.
- Nahot ketguncha ham yuzini ko‘rib ololmading? 
- Yo‘q, aniqrog‘i unga keyin e’tibor qaratmadim. Mijoz ko‘p, ish qaynayotgan edi. Keyin 
bir qarasam u ketib bo‘libdi.
- Balki sheriklaringdan kimdir birortasi ko‘rgandir? 


- So‘rab ko‘raman, ammo ijobiy javob eshitishingizga shubham bor. Mijoz ko‘p bo‘ladi. 
Ayniqsa, kechki payt. Biz har bir mijozni eslab qolomaymiz.
*** 
Ulug‘bek boshqarmaga qaytdi. Afsuski quruq qo‘l bilan. Hech qanday qimmatli ma’lumot 
ololmadi. Endi bor umidi Sodiq olib keladigan ma’lumotlardan edi. Kostyum-shim kiyib, 
bo‘yinbog‘ taqib olgan va oldiga diplomatini qo‘yib olgan odamni u tanimadi. U xonadagi 
ikkinchi odamga yuzlandi. 
- Qayerlarda yuribsan? 
Sariqdan kelgan, atletlarning qomatiga ega bo‘lgan bu odam uning o‘rinbosari Hamidulla 
Rustamov edi.
- Ishlar bor edi. 
- Bo‘lgan ishlardan xabar topdingmi? 
- Ha, yetkazishdi. U yerga borib ham keldim. Ha aytmoqchi Turg‘unovning advokati seni 
kutayotgandi. 
U boyagi odamni ko‘rsatdi. Ulug‘bek u bilan qo‘l siqishib to‘g‘risiga o‘tirdi. 
- Turg‘unovni qachondan beri tanirdingiz? 
- Unga 8 yildan beri advokatlik qilardim. 
- Demak uni yaxshi bilardingiz? 
- Shunday. 
- Unda aytingchi, u kim bilandir o‘chakishib qolmaganmidi? 
- Yo‘q, biror marta ham bunday bo‘lmagan.
- Nahotki? Biror mata ham-a? 
- Shaxsan men buni guvohi bo‘lmaganman.
- Qiziq. Uning ishida kelishmovchiliklar bo‘lgan bo‘lishi kerak-ku. 
- Ishga doir ehtimol bo‘lgandir. Ammo ular arzimagan narsa edi. Ishdagi 
kelishmovchiliklar har bir sohada bo‘ladi. Buning uchun odamlar bir-birini 
o‘ldiravermasa kerak?
- Biz bundan ham arzimas sabablar tufayli sodir bo‘lgan qotillarning ko‘piga guvoh 
bo‘lganmiz. Savolni o‘zgartiraman. Turg‘unovdan keyin uni o‘rnini egallashi kerak 
bo‘lgan odam bormidi? Birorta merosxo‘rmi? 
- Yo‘q. U hali yosh edi. Hammasini o‘zi boshqarardi. Faqat o‘ziga ishonardi. Merosxo‘r 
tayinlashni o‘ylamagandi ham. 
- Axir shuncha mulk kimgadir qolishi kerak-ku. Endi uni o‘rnini kim egallaydi? Kim 
bularni boshqaradi? 
- Bu o‘rinni egallashga hammadan ko‘ra uning amakivachchasi yaqinroq. 
- Amakivachchasi deysizmi? 
- Uni ikkita amakivachchasi bor. Ikkisi ham uning qo‘l ostida ishlardi. Bittasi Adham, 
Erkindan 2 yoshga katta. U mehmonxonalarni boshqaradi. Ikkinchisi, Akram. Erkindan 


3 yoshga kichik. U hisobda Erkinning o‘ng qo‘li edi. Mavqe jihatdan u Erkinning vorisi 
bo‘la olardi.
- Vasiyatnoma haqida gap ochmaganmidi? 
- Yo‘q. Boya aytganimdek, u yosh edi. Bunday narsalar haqida o‘ylab ko‘rmagandi.
- Tushunarli.
- Agar boshqa savolingiz bo‘lmasa, boshqa ishlarim ham bor edi. 
- Ha, albatta. Hammasi uchun rahmat. 
Advokat chiqib ketgach Ulug‘bek tezkor xodim Umarovga qo‘ng‘iroq qilib xonasiga tez 
kirishni buyurdi. Hech qancha o‘tmay Umarov kirib keldi.
- Sizga topshiriq bor. Marhum Turg‘unovning amakivachchalari bilan ko‘rishasiz. 
Ulardan o‘tgan kecha 7 va 8 oralig‘ida nima qilganliklarini so‘rang. Faqat shubha 
uyg‘otmaslikka harakat qiling. Rasmiyatchilik ekanligini ayting. Ha yana 2 kun avval 
kechki 7da qayerda, nima qilishganini ham aniqlang. Meni tushundingizmi? 
- Xuddi shunday, o‘rtoq boshliq. 
- Boring. 
U chiqib ketgach Hamidulla Ulug‘bekni savolga tutdi.
- Haydovchidan nimani aniqlading? 
Ulug‘bek tafsilotlarni aytib berdi.
- Oldindan yaxshigina tayyorgarlik ko‘rgan ekanda? – dedi Hamidulla. 
- Ha. Bunga uzoq tayyorlangani aniq. Hamma narsani hisobini olgan. Haydovchini 
kuzatib har kuni bitta barga kirishini bilgan. Uni yo‘ldan olib tashlagan. Mashinalar 
to‘xtash joyida kameralar yo‘qligini ham bilgan. Uni hech kim ko‘rmagan.
- Ha, u yaxshi ishlabdi. 
- Menga uni maqtama, Hamid. 
- Jaxl qilma. Katta bosim ostida qolding. Marhum obro‘li shaxs edi. Bu ish shov-shuv 
bo‘lib ketadi. Buni shunchaki bosdi-bosdi qilib bo‘lmaydi. Ishni iloji boricha tezroq 
yopish kerak. O‘rtaga seni mavqeing tikilgan. 
- Bularni bilmaydi deb o‘ylaysanmi? 
- Shunchaki ehtiyot bo‘lgin deyman. 
*** 
- Demak, kecha uning qabulida shular bo‘lgan. Boshqa hech kimni yoddan 
chiqarmadingizmi? – deb Sodiq ko‘zini qaydlar daftarchasidan olib kotiba qizga qaratdi. 
- Yo‘q, borini sizga aytdim. 
- Ularning birortasini suhbat mavzusi nima haqida bo‘lganini bilmaysizmi? 
- Gap poylash odatim yo‘q, - deya qiz e’tiroz bildirdi. 
- Meni noto‘g‘ri tushunmang. Buni muhokama qilish uchun so‘ramadim. 
- Afsuski, bu borada sizga yordam berolmayman. 
- Hechqisi yo‘q. Shusiz ham katta yordam berdingiz. Meni sizni fikringiz qiziqtiradi.
- Fikrim? 


- Ha. Qotillik borasida. Qandaydir tahminlaringiz bormi? 
- Yo‘q. 
- Bu yerda qachondan beri ishlaysiz? 
- 2 yil bo‘lib qoldi.
- Boshlig‘ingizni yaxshi bilarmidingiz? U qanday inson edi?
- Faqar idoraviy masalalar bo‘yicha gaplashganmiz. U jiddiy odam edi. Hech qachon 
qattiq gapirmasdi. Biror kimga qo‘pol munosabatda bo‘lganini ko‘rmaganman. Shu 
hislati menga yoqardi. Juda yaxshi inson edi. Bunday odamni kimgadir yomonlik 
qilishini xayolimga ham sig‘dirolmayman. Lekin baribir kechagina ko‘rgan insoning 
bugun hayotda yo‘q bo‘lsa g‘alati bo‘lar ekan.
- Uni ishongan odami, ya’ni yordamchisi bormidi? 
- Ha. 
- Kim? 
- Amakivachchasi Akram Turg‘unov. 
- Demak, u bu yerda tez-tez bo‘lib turardi, shundaymi? 
- Ha, - shu payt qiz bir nuqtaga tikilgancha qotib qoldi. Sodiq buni sezdi. 
- Nimadir bo‘ldimi? 
- Hozir yodimga tushdi. 
Sodiq sergak tortdi. 
- Nima? Nimani esladingiz? 
- Bir oycha avval Erkin Sultonovich xonada yo‘qligida Akram Turg‘unov kelgandi. Unga 
Erkin Sultonovich yo‘qligini aytdim. U kutib turishini aytib Erkin Sultonovichning 
xonasiga kirib ketdi. Birozdan keyin men Erkin Sultonovichga kelgan hujjatlarni tashlab 
chiqish uchun xonaga kirdim. U yerda Akram Turg‘unov Erkin Sultonovichning ish 
stolidagi hujjatlarni titkilayotgandi. U meni ko‘rib o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Keyin mendan 
nima kerakligini so‘radi. Men nega kirganimni tushuntirdim. Keyin hujjatlarni ish 
stoliga qo‘yib chiqib ketdim. Xonadan chiqishimga Erkin Sultonovich kelib qoldi.
- Unga bo‘lgan voqeani aytganmidingiz? 
- Yo‘q. Buni unchalik muhim deb hisoblamagandim. Bu esimdan ham chiqib ketgandi. 
Hozir esimga tushib qoldi. 
- Bu aniq qachon sodir bo‘lgandi? 
- Aniq kunini eslolmayman. 
Sodiq unga o‘zining telefon raqamini yozib berdi. 
- Biror nima yodingizga tushib qolsa, qo‘ng‘iroq qiling. 
- Ho‘p. 
Sodiq nimadandir afsuslanganday peshonasiga urdi.
- Xayol qursin. Ismingizni so‘rashni unutibman.
- Oydin. 
- Tanishganimdan xursandman, Oydin. 
- Men ham. 


- Yaxshi qoling. 
*** 
Umarov Akram Turg‘unovni o‘zlariga tegishli mehmonxonada ekanligini aniqlab o‘sha yerga 
bordi. Qabulxonada turgan yigitdan Akram Turg‘unovni so‘radi. Xodim yigit uni 
mehmonxona egasi bo‘lgan Adham Turg‘unovning xonasigacha kuzatib bordi. Xonada aka-
uka Turg‘unovlarning ikkalasi ham bor edi.
- Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor xodimi Umarov, - o‘zini tanishtirgan bo‘ldi u. 
xonadagilardan biri uning oldiga kelib ko‘rishdi va o‘tirishni taklif qildi. 
- Marhamat, o‘tiring. 
Bu Adham Turg‘unov bo‘lsa kerak deb o‘yladi Umarov. Chunki bunisining ko‘rinishi kattaroq 
ko‘rinardi. Ikkinchisi o‘tirgan joyidan qimir ham etmadi. Umarov ularning yuzidan biror 
nimani o‘qib olishga harakat qildi, ammo ularning uzidan hech narsani o‘qib bo‘lmadi.
- Biron nima sodir bo‘ldimi? Qotillikk bo‘yicha qandaydir yangilik bormi? – deya savol 
berdi Umarovni qarshi olgan shaxs.
- Siz marhumning akasimidingiz? 
- Ha, shunday. 
Umarov so‘rashi kerak bo‘lgan savolni qanday qilib yotig‘i bilan aytishni bilmay o‘ylanardi. 
- Sizlarga beradigan bir-ikki savolim bor. 
- Savol? Qanaqa savol? 
- Kecha kechki 7 va 8 oralig‘ida qayerda va nima qilayotgan edingiz? 
- Tushunmadim? 
Adham Turg‘unov savolning asl mohiyatini tushunsiramay turardi. Umarov o‘zi kutgan 
holatni kichik Turg‘unovda ko‘rdi.
- Buni nima uchun so‘rayapsiz? – dedi Adham. 
- Jinoyatni fosh qilish uchun muhim… 
- Akamni gumondor sifatida ko‘ryapsizmi? – deb suhbatga Akram aralashdi. 
- Nima? Meni? 
- Bu sizlarni gumondan holi qilish uchun kerak, - dedi Umarov. 
- Sizlarni? – qaytardi Akram. 
- Ha, bu savol sizga ham tegishli. 
- Haddingizdan oshmang. Bizni ayblashga nima asosingiz bor? 
- Men sizlarni ayblamayapman. Shunchaki savolimga javob bering.
- U bizni qarindoshimiz edi. Nega uni o‘ldirishimiz kerak?
- Savolimni yaxshi tushunmagan ko‘rinasiz.
- Juda yaxshi tushundim. Sizlarni ish uslubingizni o‘zgartirish kerak. Bizni so‘roq 
qilgandan ko‘ra qotilni qidirishingiz to‘g‘riroq bo‘lardi. 
- Iltimos, fuqaro Turg‘unov, menga nima qilishni o‘rgatmang. Men aytilgan topshiriqni 
bajaryapman. Yo hozir savollarimga javob berasiz yoki ertaga boshqarmaga chaqiramiz. 
Ortiqcha ovoragarchilik hech kimga kerak bo‘lmasa kerak. 


Adham ukasini hovuridan tushurishga urindi.
- Qizishma. 
So‘ng u Umarovga yuzlandi.
- Kecha siz so‘ragan vaqtda men ish yuzasidan uchrashuvda edim. Aynan shu yerda. Buni 
xodimlar tasdiqlay oladi.
- Shundan bir kun avval kechki 7da-chi? 
Adham biroz o‘ylab javob berdi.
- Uyda edim. Oilam davrasida. 
Umarov nigohini Akram tomon yo‘naltirdi. 
- Endi sizni navbatingiz. 
Akram qo‘llarini ko‘kragiga olib kelib, chalishtirib oldi. 
- Men bir do‘stim bilan edim. 
- Buni u tasdiqlay oladimi? 
- Albatta. 
U cho‘ntagidan ruchka olib stol ustidagi qog‘ozlardan biriga raqam yozib Umarovga uzatdi.
- Bu uning telefon raqami. 
Umarov qog‘ozni oldi.
- 2 kun avvalgisida-chi? 
- Ish bilan yurgandim. Buni ko‘pchilik tasdiqlay oladi.
- Unday bo‘lsa yaxshi. Men endi boray. Hamkorligingiz uchun rahmat. 

Download 0.53 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling