2. Milliy hisoblar tizimida aktivlar va passivlar
Milliy hisoblar tizimida aktivlar deb, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mulki hisoblanib, ularga egalik qilish va foydalanish huquqiga ega bo‘lgan boyliklarga aytiladi. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bu aktivlardan foydalanib, daromad olishlari lozim. Aktivlar turli ko‘rinishdagi boyliklardir. Ulardan daromad oluvchilar ham turlichadir. Masalan, yer egasi dehqonchilik qilib yoki yerni ijaraga berib daromad oladi. Kapital egasi esa undan tadbirkorlik bilan foydalanib, daromad oladi. Qimmatli qog‘ozlar egasi divident yoki foizlar oladi. Aktivlar moddiy, nomoddiy va moliyaviy resurslardan tashkil topadi. Korxona, firmalar aktivlari balansning aktiv tomonida ko‘rsatiladi.
Passivlar deb, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarining qarzlari yoki qarzlarni qaytarish bo‘yicha qarzdorlik majburiyatlariga aytiladi. Passivlar ham turli-tuman: banklardan qarzdorlik, kreditorlardan qarzdorlik, xodimlardan mehnat haqqi va boshqalardan qarzdorlik va hokazolar kiradi. Korxona, firmalar aktivlaridan majburiyatlarini ayirib tashlasak, korxona firmaning sof kapitali, ya’ni korxonaning o‘z ixtiyoridagi xususiy kapitali kelib chiqadi.
Aktiv – majburiyatlar = xususiy (o‘z) kapitali.
Do'stlaringiz bilan baham: |