II- BOB. SERTIFIKATLASHTIRISH FAOLIYATIGA DOIR UMUMIY TALABLAR
7-modda. Muvofiqlik sertifikati va muvofiqlik belgisi
Mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligi tasdiqlangani taqdirda sertifikatlashtirish organi muvofiqlik sertifikati beradi, tayyorlovchi ana shu sertifikat asosida muvofiqlik belgisini ishlatish huquqiga ega bo‘ladi.
Sertifikatlashtirish tizimida foydalaniladigan muvofiqlik sertifikatlarining, namunalari, milliy muvofiqlik belgisining shakllari va hajmlari «O‘zstandart» agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
Muvofiqlik sertifikatlari, muvofiqlik belgilari, sertifikatlashtirish organlari va sinov tajribalarining (markazlarining) akkreditatsiya qilinganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari «O‘zstandart» agentligi tomonidan belgilangan tartibda Davlat reestridan o‘tkazilishi shart.
Davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan muvofiqlik sertifikatlari, muvofiqlik belgilari, sertifikatlashtirish organlari va sinov tajribalarining (markazlarining) akkreditatsiya qilinganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari haqiqiy emas.
Muvofiqlik sertifikatidan, muvofiqlik belgisidan foydalanish huquqini arizachi boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsga berishi man etiladi.
8-modda. Sertifikatlashtirish faoliyatini amalga oshirish
Mahsulotlarni sertifikatlashtirishga akkreditatsiya qilingan organlar va sinov tajribalari (markazlari) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berilgan akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma asosida sertifikatlashtirish faoliyatini hamda sertifikatlashtirish maqsadida sinovlar o‘tkazish faoliyatini amalga oshiradilar.
Mahsulotlar sertifikatlashtirilayotganda arizachiga sertifikatni yoki muvofiqlik belgisini qo‘llash huquqi muvofiqlik sertifikatini bergan akkreditatsiya qilingan tegishli sertifikatlashtirish organi bilan tuzilgan bitim asosida beriladi.
9-modda. Sertifikatlashtirish to‘g‘risida axborot
«O‘zstandart» agentligi tayyorlovchilarni (ijrochilarni), sotuvchilarni, iste’molchilarni va boshqa manfaatdor shaxslarni sertifikatlashtirishning amaldagi tizimlari, ularning organlari, sinov tajribalari (markazlari), ekspertlar to‘g‘risida, shuningdek muvofiqlik sertifikatlari, muvofiqlik belgilari va ularni qo‘llash qoidalari to‘g‘risida xabardor etib boradi.
Sertifikatlashtirish organlari arizachiga uning talabiga binoan mahsulotni sertifikatlashtirish uchun kerakli axborotni berishlari shart.
Arizachi sertifikatlashtirish organining talabiga binoan sertifikatlashtirish bilan bog‘liq axborotni taqdim etishi shart, tijorat siri hisoblangan ma’lumotlar bundan mustasno.
Do'stlaringiz bilan baham: |