Mevazor o‘simliklarning ko‘pchiligi payvandlash yo‘li bilan ko‘paytiriladi. Bunda qalamcha yoki kurtak holida bir o‘simlikni boshqa bir urug‘dan o‘sib chiqqan o‘simlikga payvand qilinadi
Download 34.5 Kb.
|
Mevazor o‘simliklarning ko‘pchiligi payvandlash yo‘li bilan ko‘paytiriladi. Bunda qalamcha yoki kurtak holida bir o‘simlikni boshqa bir urug‘dan o‘sib chiqqan o‘simlikga payvand qilinadi. Payvandlash uchun olingan kurtak yoki qalamcha payvandust, payvand qilinadigan o‘simlik esa payvandtag deyiladi. Bunday holda madaniy o‘simlik boshqa bir o‘simlik ildizida (payvandtagda) o‘sadi. Meva daraxtlarini payvandlashdan asosiy maqsad, mevalardan sifatli va mo‘l hosil olish, hamda iqlim sharoitiga mos har-xil kasalliklarga chidamli navlarni yaratishdir. Payvand qilishning bir necha usuli bor bo‘lib, kurtak yoki ko‘zchadan payvand qilish meva o‘simliklarini ko‘paytirishning asosiy usuli hisoblanadi. Bundan tashqari qo‘ndirma payvaand, po‘stloq ichiga egarcha shaklida o‘rnatish, qalamcha payvand, yorma payvand, yon tomoni kesikli payvand, yarim yorma payvand, qo‘sh payvand kabi 150 dan ortiq payvandlash usullari mavjud. Payvandtag bilan payvandustning yaxshi birikib, tutib ketishi ularning botanik jihatdan yaqinligiga bog‘liq. Odatda bir turga xos yoki shu turga yaqin o‘simliklar payvand qilinganda ular yaxshi tutadi va yaxshi rivojlanadi. Payvand qilingan o‘simlikda naylar sistemasi tutashmaganda moddalar o‘zgaradi; ildizlardan payvandustga suv, mineral va boshqa moddalarning, hamda o‘simlikning yer ustki qismidan payvandtagga plastik moddalarning kelshi yomonlashadi. Buning oqibatida payvand qilingan o‘simliklar erta qariydi va qurib qoladi. Bog‘dorchilikda asosan quyidagi daraxtlar payvandlanganda bir-birini yaxshi tutib ketadi: bodom shaftoli bilan, o‘rik tog‘olcha bilan, nok behi bilan, o‘rik shaftoli bilan. Payvandust bilan payvandtag bir-biriga mos kelmaganda o‘simlikning o‘sishi sekinlashadi, barglari erta to‘kiladi va daraxt erta qurib qoladi. Noqulay ob-havo sharoitiga chidamliligi past bo‘lib, yaxshi birikib o‘smaydi. Ba’zan bunday daraxtlar, bir necha yil davomida yaxshi o‘sadi va hosil beradi, lekin shox-shabbasi ma’lum yo‘g‘onlikka yetgach, shamoldan sina boshlaydi. Ayniqsa olxo‘rini o‘rikka, shaftolini o‘rikka payvand qilinganda sinish hollari ko‘proq kuzatiladi. Demak, payvandtagning ma’lum darajada payvandust bilan yaqin qarindosh bo‘lishi, payvandlangan daraxtning normal o‘sishi va bir-birini yaxshi tutib ketishini ta’minlaydi. Yaxshi ulanishning zaruriy sharti payvandtag bilan payvandust kambiysining bir-biriga yaxshi mos kelishidadir. Payvand qilish jarayonida quyidagilarga katta e’tibor berish lozim: ulanadigan joy tekis bo‘lishi, po‘stloqlar qurib qolmasligi uchun kattaroq bo‘lishi, payvand qilish jarayonidagi ishlarni tez bajarish – kurtak yoki ko‘zchani tez o‘rnatish va bog‘lash. Shu bilan birga ko‘chatzorda o‘simliklarni yuqori agrotexnika asosida parvarish qilish muhimdir. Payvandtag bilan payvandustning bir-biriga mos kelmasligi ko‘chatlarning past sifatli bo‘lishiga, payvandustni tutib qolgan ko‘chatlar sonining kam bo‘lishiga va daraxt hosildorligining past bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Sanoat asosida barcha bog‘lar, odatda, stadiya jihatdan yosh urug‘ ko‘chatdan chiqqan payvandtaglardan (asosan, mahalliy yovvoyi turlardan) barpo qilinadi. Payvandust sifatida esa, stadiya jihatdan yetilgan, ancha ilgari shakillanib bo‘lgan navlardan foydalaniladi. Sababi shuki, yosh payvandtaglar yetuk payvandustning irsiy xususiyatlarini o‘zgartira olmaydi. Eng muhim jihatlardan yana biri; payvandtag payvandlangan o‘simliklarning hosildorligini, vegetatsiya davrining boshlanishi va oxirini, sovuqqa, qurg‘oqchilikka, sho‘rxokka chidamliligini va boshqa xususiyatlarini o‘zgartira oladi. Shuningdek payvandtag meva daraxtlarining mahalliy tabiy sharoitga chidamliligini oshirishi yoki kamaytirishi mumkin. Masalan: shaftoli olxo‘riga payvand qilinganda nam tuproqda, bodomga payvand qilinganda esa quruq tuproqda mo‘l hosil beradi. Payvandust ham o‘z navbatida payvandtagning xususiyatlariga ta’sir etadi. Download 34.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling