Microsoft Word al azkor ziyouz com doc
-bob. Kishi o’limidan oldin janozasini o’qishga bir odamni tayinlashi va
Download 0.91 Mb. Pdf ko'rish
|
Imom Navaviy. Al-Azkor
125-bob. Kishi o’limidan oldin janozasini o’qishga bir odamni tayinlashi va
maxsus sifat va maxsus o’ringa dafn etilishini vasiyat qilishi. Shuningdek, kafanlash va boshqa ishlarda vasiyat qilish xususida. 421/1. Oisha (r.a.) rivoyat qiladilar: «Abu Bakr (r.a.) kasallik paytlarida oldilariga kirganimda mendan: «Rasulullohni nechta kafan bilan kafanlagan edinglar», deb so’radilar. «Uchta bilan», deb javob qildim. So’ng: «Rasululloh qaysi kuni vafot etganlar», dedilar. «Dushanba kuni», deb javob berdim. Yana: «Qaysi kuni», deb so’radilar. «Dushanba kuni», dedim. Shunda u kishi: «Men kechasi o’lishni istayman», deb ko’ylaklariga qaradilar. Ko’ylakda kasalliklarida ishlatilgan za’faronning izi qolgan edi. «Mana shu ko’ylagimni yuvib, unga yana ikkita ko’ylak qo’shib, o’sha uchtasi bilan meni kafanlanglar», dedilar. Shunda men: «Bu eski-ku?» dedim. U zoti sharif: «Yangisiga o’liklardan ko’ra tiriklar haqli, bu eski ko’ylagim esa, yiringni artish uchun», dedilar. So’ng bu zot seshanba kechasida vafot etdilar va tong otishidan oldin dafn qilindilar». Imom Buxoriy rivoyatlari 422/2. Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot jarohatlanganlarida: «Vafot etsam, meni Oishaning oldiga ko’tarib boringlar. Salom berib, Umar izn so’rayapti, denglar. Agar izn bersa, meni u yerga kirgizinglar (dafn qilinglar). Agar rad etsa, meni musulmonlar qabristoniga olib borib ko’minglar», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari 423/3. Omir ibn Sa’d ibn Abu Vaqqosdan rivoyat qilinadi. Sa’d ibn Abu Vaqqos (r.a.): «Menga qabrni lahad qilib qazinglar va xuddi Rasulullohning sollallohu alayhi vasallam qabrlariga qo’yganingizdek, mening qabrimga ham g’isht qo’yinglar», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari 424/4. Amr ibn Os (r.a.) o’lim to’shagida yotganlarida: «Agar vafot etsam, voy-dod solib yig’laydiganlarni va o’t yoquvchilarni ortimdan ergashtirmanglar. Agar dafn qilsanglar, tuproqni oz-ozdan tashlanglar. So’ng qabrim tepasida bir hayvon so’yib, go’shtini taqsimlaguncha vaqt turinglar. Men sizlarga hamroh bo’lib, Rabbim elchisiga nima deb javob berishimga tayyorlanib olayin», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari Mayyit vasiyat qilgan hamma narsa ham bajarilavermaydi. Balki uning vasiyatlari ilm ahllariga yetkaziladi. Agar ruxsat berishsa, amal qilinadi. Ruxsat berishmasa, u vasiyatni bajarilmaydi. Masalan: «Meni tobut bilan dafn etinglar, desa, u vasiyatiga amal qilinmaydi. Faqat ehtiyoj tufayli amal qilinishi mumkin. Yana qabrining boshqa yerga ko’chirishlarini vasiyat qilsa, unga ham amal qilinmaydi. Faqat Makka, Madina yoki Baytul Maqdis kabi muborak yerlarga ko’chirilishi joiz. Shuningdek, dafn etilayotganida boshining tagiga yostiq va shunga o’xshash narsalar qo’yishni, ipak bilan kafanlashni, shariatda belgilanganidan oshiqcha kafan qilishni, badanini yopishga yetmaydigan kiyim bilan kafanlashni, janozasini ancha kechiktirishni, ziyorat qilishlari uchun qabriga maqbara qurishni va shunga o’xshash shariatda joiz ko’rilmagan ishlarni vasiyat qilsa, ularning birortasi bajarilmaydi. Ammo qabri yonida Qur’on tilovat qilinishini, sadaqa berilishini va shu kabi Allohga qurbat-yaqinlik hosil qiladigan ishlarni yoki shahridagi ulug’lar yotadigan qabristonga ko’mishni vasiyat qilsa, u vasiyatlari ado etiladi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling