Microsoft Word ernest xeminguey chol va dengiz lot ziyouz com doc


Download 260.98 Kb.
Pdf ko'rish
bet18/43
Sana17.06.2023
Hajmi260.98 Kb.
#1536062
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   43
Bog'liq
Chol va dengiz

www.ziyouz.com kutubxonasi 
18
Chol yana cho‘kka tushdi va quyruq tagini changak bilan timirskilab, tunetsni topdi. Chilvir 
o‘ramini avaylab tutgancha, tunetsni o‘ziga tomon surdi. Baliqning butun og‘irligini yana chap 
yelkasiga olib, so‘l qo‘li bilan qayiq chetiga tayandi-da, tunetsni qarmoqdan ajratib oldi va changakni 
o‘z o‘rniga qo‘ydi. Baliqni tizzasiga siqib oldi va uning qoramtir qizil tusli go‘shtini bo‘ynidan tortib 
to dumigacha uzunasiga tilimlab chiqdi. Tilim-tilim qilib olti bo‘lak kesib olgach, ularni qayiq 
burnining taxtalariga terib qo‘ydi, pichoqni pochasiga surtdi, tunets skletini dumidan ushlab olib 
dengizga itqitdi. 
— Hoynahoy, butun bir bo‘lakni yeya olmasman — dedi u va bo‘laklardan birini ikkiga bo‘ldi. 
Chol ulkan baliqning tin olmasdan, kuchdan qolmay tortib borayotganini, chap qo‘li esa tamomila 
ayilib ketayotganiyi sezib turardi. Bu qo‘li og‘ir arqonni titrab-qaqshab tutamlar edi. Chol unga 
ijirg‘anish bilan sarasof soldi. 
— Xudo haqi, shu ham qo‘l bo‘ldiyu!— dedi u.— Ko‘ngling sust ketayotgan bo‘lsa mayli, ayilib 
tushaver! Menga desa, qushpanjasiday bo‘lib qolmaysanmi, baribir buning senga nafi tegmaydi. 
«Biroz totinib ol,— deb o‘yladi u qop-qora suv va unga qiyalab ketgan o‘ramga nazar solar 
ekan,— bilaging baquvvatroq bo‘ladi. Bu qo‘lda nima gunoh bor? Axir, sen qatorasiga necha soatdan 
beri baliqni ushlab turibsan o‘zing. Ammo baribir oxirigacha undan
ayrilmaysan. Hozircha totinib ol». 
U baliqning bir bo‘lagini olib, og‘ziga soldi, va ohista chaynay boshladi. Mazasi u qadar ko‘ngil 
aynitar darajada emas edi. 
«Hatto uvog‘ining ham tamini yo‘qotmaslik uchun yaxshilab chayna,— deb o‘ylardi u.— Qani 
endi buni limon yoki juda bo‘lmasa, tuz bilan qo‘shib tushirsang, dodiga kim yetsin». 
— Xo‘sh, qalay, o‘zingni yaxshi sezyapsanmi?—deb so‘radi u xuddi murdaniki singari tarashaga 
aylanib ketgan qo‘lidan.— Seni deb, yana bir bo‘lakni yeyman. 
Chol boya o‘rtasidan bo‘lingan tilimning ikkinchi bo‘lagini og‘ziga soldi. Erinmay chaynab, keyin 
po‘stini tupurib tashladi. 
— Xo‘sh, nechuk, yengil tortdingmi? yoki hali ham hech nima sezmayapsanmi? 
U yana bir bo‘lakni olib, uni ham yeb oldi. 
«Ajoyib, etli baliq ekan, - deb o‘yladi u.— Yaxshiyamki, qo‘limga makrel emas, tunets tushdi. 
Makrel o‘lgiday chuchmal bo‘ladi. Bu baliqda bo‘lsa, shira deyarli yo‘q va buning ustiga taom sifatida 
baquvvat. Aytganday, bekorchi xayollar bilan miya chalg‘itishning nima hojati bor,— deb o‘yladi u.— 
Qittakkina bo‘lsa ham tuzning bo‘lmagani chatoq bo‘ldida. Bu qolgan bo‘laklar oftobda nima balo 
bo‘ladi — qoqlanadimi, yoqi hidlanib qoladimi, bilmayman. Shuning uchun, och bo‘lmasam ham, 
yaxshisi uni yeb qo‘ya qolay. Ulkanvoy ham o‘zini muloyim va mo‘min tutyapti. Men tunetsni 
oxirigacha yeb tugatamanu, so‘ng boshga tushganini ko‘rishga hozir bo‘laman». 
— Sabr qil, qo‘l,— dedi u.— Ko‘ryapsanmi seni deb, o‘lar-tirilarimga qaramay harakat qilyapman. 
«Katta balikni ham mehmon qilishim kerak edi aslida,— deb o‘yladi u.— Axir, u menga yo‘ldosh 
bo‘lib qoldi. Ammo men uni o‘ldirishim kerak. Buning uchun esa kuch-quvvat lozim bo‘ladi». 
Chol tunetsning hamma tilimlarini ohista va pok-pokiza yeb bitirdi. Qo‘lini ishtoniga surta-surta, 
qaddini rostladi. 
— Xo‘sh, endi, qo‘l,— dedi u,— sen chilvirni qo‘yib yuborsang ham bo‘lar. Maynavozchiliging 
tugamaguncha, o‘ng qo‘lim bilan evini qilib turaman. 
Oldin so‘l qo‘li bilan ushlab turgan yo‘g‘on o‘ramni, endi chol chap oyog‘i bilan qisib oldi va 
baliqning og‘irligini yelkasiga olarkan, o‘zini orqaga tashladi. 
— Xudoyo, ishqilib, bu tomir tortish o‘tib ketsa bo‘lgani!—dedi u.— Kim biladi, hali bu baliqning 
boshiga nima xayollar kelmaydi. 
«Ko‘rinishdan hozircha ipakday,— deb o‘yladi u,— bamaylixotir harakat qilyapti. Ammo xayolida 
nima bor? Va men nima qilishim kerak? U shunchalik ulkan-ki, men o‘z rejamni uning rejasiga 
muvofiqlashtirmasam bo‘lmaydi, axir. Agar u suzib chiqsa, men uni o‘ldira olaman. Mabodo u 
butunlay chiqmay qolsa-chi? Unda men ham u bilan birga qolaman». 


Ernest Xeminguey. Chol va dengiz (qissa) 

Download 260.98 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   43




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling