Microsoft Word Korporativ boshqaruv kodeksi
Download 114.77 Kb. Pdf ko'rish
|
Korporativ-boshqaruv-kodeksi
Korporativ boshqaruv kodeksi I. UMUMIY QOIDАLАR 1. Mazkur Korporativ boshqaruv kodeksi (keyingi matnlarda Kodeks deb yuritiladi) aktsiyadorlik jamiyatlari oʼzining haqqoniy va ochiq biznes yuritish tarafdori ekanligini namoyon qilgan holda ixtiyoriy ravishda amal qiluvchi tavsiyalardan iborat. 2. Kodeks Oʼzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va korporativ boshqaruvning xalqaro tamoyillariga asoslangan. 3. Mazkur Kodeks maqsadlarida korporativ boshqaruv deganda, aktsiyadorlik jamiyati faoliyatini samarali tashkil etish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarish va uni tashqi bozorga eksport qilish maqsadida aktsiyadorlik jamiyatlari (keyingi matnlarda АJ deb yuritiladi) ijroiya organi, kuzatuv kengashi, aktsiyadorlar, mehnat jamoasi vakillari va boshqa manfaatdor tomonlar, shu jumladan, kreditorlar oʼrtasida mazkur shaxslar manfaati uygʼunligiga erishish tizimi tushuniladi. 4. Kodeks АJ boshqaruv organlari ishini samarali tashkil etishning muhim yoʼnalishlari boʼyicha tavsiyalar majmuasidan iborat. 5. Kodeks hisobdorlik, ochiqlik, haqqoniylik, yuksak axloqiy tamoyillarga rioya etishni oʼz ichiga oluvchi hamda АJni uzoq muddatli istiqbolda barqaror rivojlantirishni taʼminlashga yoʼnaltirilgan tegishli boshqaruvning asosiy printsiplari asosida ishlab chiqilgan. 6. Kodeks tavsiyalariga rioya etish majburiyatini olish toʼgʼrisidagi qaror aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi tomonidan oddiy koʼpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. 7. АJ Kodeks tavsiyalarini joriy etish yuzasidan oʼzining tarmoq xususiyati hamda faoliyatining oʼziga xosligini hisobga olgan holda ichki korporativ xatti-harakatlarni amalga oshirishi mumkin. 8. Kodeks tavsiyalariga rioya qilish majburiyatini olish va unga rioya etish toʼgʼrisidagi axborotni eʼlon qilish ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, АJning internet tarmogʼidagi korporativ veb-sayti (keyingi matnlarda АJ sayti deb yuritiladi) va fond birjasi saytida, shuningdek, qonun hujjatlarida axborotlarni oshkor qilish nazarda tutilgan boshqa manbalarda amalga oshiriladi. 9. Kodeks tavsiyalarini joriy etishga tayyorgarlik koʼrish, uni joriy etish va monitoring qilishdagi harakatlar ketma-ketligi 1-ilovada keltirilgan. 10. АJ Kodeks tavsiyalariga rioya etish majburiyatini olishi toʼgʼrisidagi axborotni 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq xabarni eʼlon qilish yoʼli bilan oshkor etadi. 11. Kodeksning muayyan tavsiyalariga rioya etish imkoni mavjud boʼlmaganda, АJ“comply or explain” (rioya qil yoki tushuntir) xalqaro tamoyiliga rioya qilgan holda uning sabablarini toʼliq oshkor etadi. II. FАOLIYАT OChIQLIGINI TА’MINLАSH 12. Faoliyat ochiqligini taʼminlash maqsadida АJ: axborotlarni maxfiy axborotlar, tijorat sirlari va aktsiyalar narxining oʼzgarishiga taʼsir etishi mumkin boʼlgan boshqa maʼlumotlar toifasiga kiritishning aniq mezonlarini belgilaydi; oshkor etilishi shart boʼlgan axborotlarning АJ sayti va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa manbalarda ingliz, rus va aktsiyador hamda boshqa manfaatdor tomonlarga, shu jumladan, xorijiy investorlarga qulay boʼlgan boshqa tillarga tarjimasi bilan birgalikda eʼlon qilinishini taʼminlaydi; aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishida ijroiya organining mukofot va kompensatsiyalari miqdorini oshkor etadi; АJ saytida ijroiya organi va uning faoliyati samaradorligi bahosi, aktsiyadorlik kapitali tarkibi (20 foizdan ziyod aktsiyaga ega aktsiyadorlari) toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi; taqsimlashga taklif etilayotgan sof foyda, dividendlar miqdorining asoslanishi, ularning АJ dividend siyosatiga muvofiqligining baholanishi, shuningdek, zarurat tugʼilganda sof foydaning muayyan qismini АJni rivojlantirish ehtiyojlariga yoʼnaltirishning tushuntirilishi va iqtisodiy asoslanishini eʼlon qiladi; aktsiyadorlar talabiga koʼra imkon qadar qisqa muddat ichida aktsiyadorlar va investorlarga zarur boʼlgan muayyan (maxfiy va tijorat siri boʼlgan axborotlardan tashqari) axborotlarni taqdim etadi. 13. Oʼz faoliyatining ochiqligini taʼminlash maqsadida АJ kuzatuv kengashi oʼz ichiga quyidagilarni olgan “Аxborot siyosati toʼgʼrisida nizom”ni tasdiqlaydi: АJ tomonidan ochiq axborotlarni oshkor qilish maqsad va printsiplari; saytda oshkor etilishi shart boʼlgan axborotlar roʼyxati, ularni oshkor etish muddati, tartibi va shakli, shu jumladan, ular oshkor etiladigan axborot kanallari; АJ toʼgʼrisidagi oshkor etilishi shart boʼlgan axborotlarni eʼlon qilish boʼyicha ijroiya organining majburiyatlari; boshqaruv organi aʼzolari, mansabdor shaxslar, АJ ishchilarining aktsiyadorlar va investorlar, boshqa manfaatdor shaxslar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan axborot almashinuv tartibi; АJning axborot siyosatiga amal qilishini nazorat qilish boʼyicha chora- tadbirlar. 14. “Аxborot siyosati toʼgʼrisida nizom” АJ boshqaruv va nazorat organlari hamda xodimlari tomonidan rioya etilishi majburiy boʼlgan hujjat hisoblanadi. III. SАMАRАLI IChKI NАZORАT MEXАNIZMLАRINI JORIY QILISH 15. Samarali ichki nazorat mexanizmlarini joriy qilish maqsadida АJ: kuzatuv kengashi toʼgʼrisidagi nizomda uning tarkibiga mustaqil aʼzolarni kiritish talablarini aks ettiradi; kuzatuv kengashiga homiylik (xayriya) yoki begʼaraz yordam koʼrsatish (olish) tartibi va shartlarini belgilash hamda bu borada qaror qabul qilish huquqini faqat aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi va qonun hujjatlarida belgilangan doirada, bu haqda barcha aktsiyadorlar uchun maʼlumotlarni oshkor etgan tarzda beradi; aktsiyadorlar umumiy yigʼilishi qaroriga asosan, har yili mustaqil professional tashkilotlar — maslahatchilarni jalb qilgan holda biznes- jarayonlar va loyihalarning АJ rivojlanish maqsadlariga muvofiqligi yuzasidan tahlil oʼtkazadi; АJ samarali ichki nazorat tizimini joriy qilishning asosiy maqsadini barcha aktsiyadorlar, shu jumladan, minoritar aktsiyadorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashni belgilaydi; ijroiya organining affillangan shaxslar bilan va yirik bitimlarni mustaqil amalga oshirishi uchun АJning joriy xoʼjalik faoliyati bilan bogʼliq bitimlarni aniqlash masalasini aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishida muhokama qilinishini taʼminlaydi; АJning ichki audit xizmatiga ichki nazoratni, shu jumladan, 50 foizdan ziyod ulushi АJga tegishli boʼlgan yuridik shaxslar bilan oʼtkazilgan operatsiyalar ustidan nazoratni amalga oshirish vakolatini beradi; АJ tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning boshqaruv organlari yigʼilishlarida oʼzining vakillarini АJ nomidan ovoz berish tartibini belgilaydi; АJ umumiy yigʼilishida ishtirok etuvchi shaxsga shunday shaxs hisobidan oʼzi toʼldirgan byulletenь nusxasini olish imkonini beradi; АJ ijro organidan muntazam ravishda jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonalar faoliyati yuzasidan ularning tasdiqlangan biznes-rejasiga muvofiq, bajarilgan ishlar va erishilgan koʼrsatkichlar toʼgʼrisida hisobot talab qiladi; АJ ichki nazorat organi (taftish komissiyasi va ichki audit xizmati)ning kuzatuv kengashi, aktsiyadorlar umumiy yigʼilishi, minoritar aktsiyadorlar qoʼmitasi (agar mavjud boʼlsa) va aktsiyadorlar bilan oʼzaro hamkorligi tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. 16. АJda samarali ichki nazorat tizimini joriy qilish uchun aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi “Ichki nazorat toʼgʼrisidagi nizom”ni tasdiqlaydi. U quyidagilardan iborat boʼladi: АJning ichki nazorat organi tarkibiga hamda uning aʼzolari malakasiga talablar; ichki nazorat tizimi toʼgʼrisidagi hisobot tarkibi va uni shakllantirish reglamenti; АJ ichki nazorat organi tizimi samaradorligini baholash uchun mustaqil professional tashkilotlar — maslahatchilarni jalb qilish tartibi; Ichki nazorat organi ishini monitoring qilish mexanizmlari tavsifi, uning aʼzolariga toʼlanadigan kompensatsiya va mukofot pullarini hisoblash tartibi. 17. “Ichki nazorat toʼgʼrisidagi nizom” АJ xodimlari, boshqaruv va nazorat organi aʼzolari uchun rioya etilishi majburiy boʼlgan hujjat hisoblanadi. 18. АJ “Kuzatuv kengashi toʼgʼrisidagi nizom” talablariga muvofiq, kuzatuv kengashi tarkibiga bittadan kam boʼlmagan (ammo ustavda koʼzda tutilgan kuzatuv kengashi aʼzolari sonining 15 foizidan kam boʼlmagan) mustaqil aʼzo kiritadi. 19. Quyidagilar АJ kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi boʼlishi mumkin: (I) soʼnggi besh yil mobaynida АJ, uning shoʼʼba va affillangan korxonalarida ishlamagan shaxslar; (II) АJ, uning shoʼʼba va affillangan korxonalari aktsiyadori boʼlmagan shaxslar; (III) АJ, uning shoʼʼba va affillangan korxonalari bilan qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqining besh ming baravari miqdoridan yuqori summaga tegishli shartnomaga ega boʼlgan yirik mijozlari yoki mol yetkazib beruvchilari bilan bogʼliq boʼlmagan shaxslar; (IV) АJ, uning shoʼʼba va affillangan korxonalari bilan xizmat koʼrsatish yuzasidan shartnomaga ega boʼlmagan shaxslar; (V) АJ, uning shoʼʼba va affillangan korxonalari rahbarlari boʼlgan yoki soʼnggi besh yil mobaynida shunday lavozimlarda ishlagan shaxsning oila aʼzosi boʼlmagan shaxslar; (VI) АJni nazorat qiluvchi shaxs (yoki АJ ustidan jamoa tarzida nazorat olib boruvchi guruh va/yoki tashkilot aʼzosi) boʼlmagan shaxslar; (VII) АJ bilan fuqarolik-huquqiy shartnoma orqali bogʼliq boʼlmagan va АJning sohasi boʼyicha yuqori turuvchi tashkiloti (kompaniya) yoki yirik aktsiyadorining xodimi boʼlmagan shaxslar. IV. АKTSIYADORLАRNING HUQUQ VА QONUNIY MАNFААTLАRINI АMАLGА OShIRILIShINI TА’MINLАSH 20. Аktsiyadorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirilishini taʼminlash uchun АJ boshqaruv va nazorat organlari: АJ saytida yozma va elektron soʼrovlarni, shu jumladan, aktsiyadorlar oʼz aloqa maʼlumotlari va bank rekvizitlarining oʼzgarishi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni yuborishi uchun manzil koʼrsatgan holda aktsiyadorlarga АJ bilan bogʼlanishni yengillashtiradi; aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishida shaxsan ishtirok eta olmaydigan aktsiyadorlar uchun elektron pochta orqali (elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda), shuningdek, oʼz vakolatini vakilga berish yoʼli bilan ovoz berish yoki umumiy yigʼilishni videokonferents-aloqa tarzida oʼtkazish imoniyati va sharoitini yaratadi; АJning dividendlarni hisoblashning shaffof mexanizmini ochib beruvchi dividend siyosati toʼgʼrisidagi nizomini ishlab chiqadi; aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi toʼgʼrisidagi nizomda umumiy yigʼilish oʼtkazilgunga qadar aktsiyadorlarga kun tartibi, shu jumladan, kuzatuv kengashining umumiy yigʼilish kun tartibidagi masala boʼyicha pozitsiyasi yuzasidan zarur maʼlumotlarni taqdim etishni nazarda tutadi; sanoq komissiyasiga amaliy koʼmak koʼrsatish yoki uning funktsiyasini bajarish uchun mustaqil ekspertlarni jalb etishi mumkin (masalan, investitsiya maslahatchisi yoki qimmatli qogʼozlar bozorining boshqa professional ishtirokchisi); aktsiyadorlar va investorlar bilan oʼzaro hamkorlik uchun masʼul xodim yoki boʼlinmani belgilaydi; ustavda АJning 1 foizdan kam boʼlmagan oddiy aktsiyalari egalariga kuzatuv kengashi majlisini chaqirishni talab qilish va kun tartibi, foydani taqsimlash, boshqaruv va nazorat organi aʼzoligiga ularning nomzodini (umumiy yigʼilish oʼtkazilgunga qadar almashtirish imkoniyati bilan) koʼrsatish yuzasidan taklif kiritish huquqini taqdim etadi; АJning alohida ichki hujjatida aktsiyadorlar, shu jumladan, minoritar aktsiyadorlar uchun ovoz berishda ularning birgalikdagi pozitsiyasini shakllantirish uchun aktsiyadorlik bitimini tuzish imkonini nazarda tutadi; АJ mablagʼlari hisobidan minoritar aktsiyadorlik qoʼmitasini taʼminlash xarajatini qoplaydi (minoritar aktsiyadorlik qoʼmitasi tuzilgan taqdirda); ustavda minoritar aktsiyador hujjatlarni asossiz ravishda talab qilish va maxfiy axborotlar, tijorat sirlarini qoʼllash yoʼli bilan АJ boshqaruv organi faoliyatiga toʼsqinlik qilmasligini nazarda tutadi; ustavda qoʼshimcha aktsiyalar chiqarilgan holatda aktsiyadorlar ustav kapitalidagi ulushiga proportsional ravishda imtiyozli sotib olish huquqi nazarda tutiladi; barcha aktsiyadorlarga, ularning ulushi, daromad darajasi, jinsi, irqi, dini, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, bir xil munosabatni taʼminlaydi; ustavda aktsiyadorlarning yillik umumiy yigʼilishi kun tartibi uchun takliflarni taqdim etishning kechroq muddatini koʼzda tutadi; ijroiya organi, kuzatuv kengashi va taftish komissiyasi aʼzolari, shuningdek, auditorlik tashkiloti vakilining aktsiyadorlarning yillik umumiy yigʼilishida ishtirok etishini taʼminlaydi; kuzatuv kengashi toʼgʼrisidagi nizomda kuzatuv kengashi aʼzosi vazifasini bajarishdan ozod etilishi shartlarini, АJ kuzatuv kengashi raisining yigʼilishni tashkil etish va oʼtkazish bilan bogʼliq faoliyati tartibi va funktsiyasini nazarda tutadi; АJ aktsiyadorlarining huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirilishini taʼminlashga yoʼnaltirilgan boshqa zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi. 21. АJ aktsiyadorlarining huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirilishini taʼminlash uchun АJ yuqorida qayd etilgan tavsiyalarni aks ettiruvchi zarur ichki hujjatlarni qabul qiladi. V. UZOQ MUDDАTLI ISTIQBOLGА MOʼLJАLLАNGАN RIVOJLАNISh STRАTEGIYaSI VА VАZIFАLАRNI BELGILАSh 22. Uzoq muddatli istiqbolga oid rivojlanish strategiyasi va vazifalarni belgilash uchun АJ boshqaruv organi: АJning strategik maqsadi sifatida aktsiyalar narxining oʼsishiga olib keluvchi moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, mehnat unumdorligi va mahsulot raqobatdoshligini oshirish, ishlab chiqarish, energiya samaradorligi va eksport koʼrsatkichlarining oʼsishi, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashni amalga oshirishni belgilaydi; aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishida tarmoq xususiyatining oʼziga xosligi, raqobat muhiti tahlili, eksportga yoʼnaltirilganlik va tegishli soha, tarmoq va hududni rivojlantirish boʼyicha tasdiqlangan davlat dasturlaridan kelib chiqqan holda АJning 5 yildan ortiq boʼlgan davr uchun uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; xorijiy tajribada muvaffaqiyatli sinovdan oʼtgan boshqaruv uslublari, shu jumladan, SWOT, GAP tahlil va boshqa yondashuvlar, maxsus dasturiy mahsulotlar va boshqalarni keng qoʼllaydi; aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi tomonidan tasdiqlangan uzoq muddatli strategiya asosida qisqa muddatli (yillik) va oʼrta muddatli (5 yilgacha boʼlgan davr uchun) biznes-rejalar ishlab chiqadi hamda aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi yoki kuzatuv kengashiga tasdiqlash (maʼqullash) uchun kiritadi; АJda qabul qilingan har bir rivojlanish rejasi boʼyicha belgilangan maqsadlarga erishish monitoringini amalga oshirish uchun zarur boʼlgan son va sifat mezonlarini joriy etadi. 23. Kuzatuv kengashi ijroiya organi, АJ ichki nazorat organi, АJda tashkil etilgan kollegial organlar faoliyatini muvofiqlashtiradi, zarur boʼlganda, АJ rivojlanish rejasini ishlab chiqishni tashkil etish va unda belgilangan maqsadlarga erishish monitoringi uchun ekspertlarni jalb etadi. 24. АJ majburiy ravishda aktsiyadorlari tarkibiga (qonun hujjatlari belgilangan holatlardan tashqari) АJni boshqarish, raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarish va uni tashqi bozorga eksport qilishda ishtirok etuvchi strategik xorijiy investorlarni jalb qiladi. VI. IJROIYa ORGАNINING АKTsIYaDORLАR VА INVESTORLАR BILАN OʼZАRO SАMАRАLI HАMKORLIGINING MEXАNIZMLАRINI JORIY ETISh 25. Ijroiya organining aktsiyadorlar va investorlar bilan oʼzaro hamkorligining samarali mexanizmini joriy etish uchun АJ boshqaruv organlari: АJ aktsiyadorlari, boshqaruv va nazorat organi aʼzolari oʼrtasida oʼzaro ishonch, hurmat, hisobdorlik va nazorat tamoyillari asosidagi hamkorlikni taʼminlaydi; АJ mansabdor shaxslari tomonidan oʼz vazifalarini professional asosda amalga oshirish, qonun hujjatlari, АJ ustavi va boshqaruv organi qarorlaridan kelib chiquvchi barcha majburiyatlarni vijdonan va oqilona bajarishi toʼgʼrisidagi talablarni joriy etadi; kuzatuv kengashi aʼzoligi uchun nomzodlarga malaka talablari, shu jumladan, ustav kapitalida davlat ulushi boʼlgan АJda Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi tomonidan berilgan korporativ boshqaruvchi malaka attestati mavjudligi talablarini belgilaydi (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlardan tashqari); АJ kuzatuv kengashi qoshida kuzatuv kengashi, ijroiya organlari aʼzolari, АJ xodimlari va jalb etilgan ekspertlar (tegishli soha mutaxassislari, soha oliy taʼlim muassasalari oʼqituvchilari va boshqalar)dan iborat tegishli masalalar, shu jumladan, nizoli vaziyatlarni aniqlash va hal etish boʼyicha qoʼmitalar (ishchi guruhlari) tashkil etadi; kuzatuv kengashi yigʼilishlarini soʼrov oʼtkazish yoʼli bilan, shuningdek, videokonferents-aloqa rejimida oʼtkazish holatlari va tartibini belgilaydi; aktsiyadorlar umumiy yigʼilishi raisi vakolatiga aktsiyadorlar umumiy yigʼilishining audio-video yozuvi va internet tarmogʼidagi translyatsiyasiga ruxsat berish masalasini kiritadi; kuzatuv kengashi, aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi, АJ ustavi va rivojlanish rejasi tomonidan qoʼyilgan vazifalarning soʼzsiz bajarilishi uchun ijroiya organi vakolatiga kiruvchi masalalarni u tomonidan mustaqil hal etish talabini joriy etadi; АJ mansabdor shaxslarining malakasini oʼquv kurslari, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish orqali oshiradi; АJ faoliyatida korporativ qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilishga masʼul boʼlgan va kuzatuv kengashiga hisobot beruvchi korporativ maslahatchi lavozimini joriy etadi; АJ biznes xatarlari va ijroiya organlari javobgarligini sugʼurtalaydi; kuzatuv kengashi aʼzolarining mukofot puli miqdorini АJ moliyaviy natijalari va korporativ boshqaruv tizimining mustaqil baholanishi natijalari bilan bogʼlaydi; aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishida hisobot beruvchi АJ boshqaruv va nazorat organlari maʼruzalari (hisobotlari) shakli va mazmuniga boʼlgan talablarni, aktsiyadorlar umumiy yigʼilishi davomiyligini belgilaydi; aktsiyadorlar vakili sifatida ishtirok etuvchi ijroiya organi vakillarining ijroiya organiga aʼzolar saylash masalasida ovoz berish huquqini cheklashi mumkin; ustavda odatda АJ navbatdagi aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishini oʼtkazish sanasini nazarda tutadi. 26. Ijroiya organining aktsiyadorlar va investorlar bilan oʼzaro samarali hamkorligi mexanizmlarini joriy etish uchun АJ yuqorida qayd qilingan tavsiyalarni aks ettiruvchi zarur ichki hujjatlarni qabul qiladi. VII. MАNFААTLАR QАRАMА-QАRShILIGI 27. Manfaatlar qarama-qarshiligi bilan bogʼliq vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish va nizoli vaziyatlarni bartaraf etish uchun АJ oʼz ichiga quyidagilarni oluvchi manfaatlar qarama-qarshiligi vaqtida harakat qilish tartibi toʼgʼrisidagi nizomni ishlab chiqadi: АJ mansabdor shaxslarining АJ manfaatini koʼzlab faoliyat yuritish majburiyati; АJ mansabdor shaxslari tomonidan harakat va bitim amalga oshirilganda yoki ular tomonidan axborot oshkor qilinganda manfaatlar qarama-qarshiligiga olib kelishi mumkin boʼlgan vaziyatlarni aniqlash; АJ mansabdor shaxslarining kuzatuv kengashini manfaatlar qarama- qarshiligi yuzaga kelishi toʼgʼrisida xabardor qilish majburiyati; kuzatuv kengashining ruxsatisiz АJ mansabdor shaxslarining boshqa yuridik shaxslarning boshqaruv va nazorat organlarida ishtirok etishini taqiqlash; АJ mansabdor shaxslari tomonidan harakat va bitim amalga oshirilganda yoki ular tomonidan axborot oshkor qilinganda manfaatlar qarama-qarshiligiga olib kelishi mumkin boʼlgan vaziyatlarning oldini olish; manfaatlar qarama-qarshiligi bilan bogʼliq nizoli vaziyatlarni hal etishning, shu jumladan, ularni hal etish uchun manfaatdor boʼlmagan uchinchi shaxsni tayinlash yoki manfaatlar qarama-qarshiligini hal qilish boʼyicha vakolatni kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi (aʼzolari)ga yuklashning batafsil reglamenti. 28. Manfaatlar qarama-qarshiligi vaqtida harakat qilish tartibi toʼgʼrisidagi nizom aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi tomonidan tasdiqlanadi. VIII. NАMUNАVIY TАShKILIY TUZILMАNI JORIY ETISh 29. Namunaviy tashkiliy tuzilmani joriy etish uchun АJda: Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Аktsiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 2015 yil 24 apreldagi PF-4720-son Farmonida tasdiqlangan namunaviy tashkiliy tuzilmaga muvofiqlik taʼminlanadi; tashkiliy tuzilmani ishlab chiqish va joriy etishda АJ faoliyatining miqyosi, tarmoq xususiyati va yoʼnalishi hisobga olinadi; АJning amaldagi tashkiliy tuzilmasi qonun ¬hujjatlarida belgilangan namunaviy tashkiliy ¬tuzilmaga muvofiqligining muntazam baholanishi tashkil etiladi; АJning boshqaruv lavozimlariga xorijiy ¬menejerlar nomzodlarining ishtirok etishiga imkon yaratilgan holda har yili tanlovlar oʼtkaziladi; rahbar lavozimlarga tanlovlar reglamenti ¬tasdiqlanib, unda tanlov eʼlon qilish, tanlovning obʼektiv mezonlari ularning yakuni boʼyicha yangicha ¬fikrlovchi, zamonaviy talablarga javob beruvchi yuqori malakaga ega boʼlgan, shuningdek, xorijiy menejerlarni tanlab olish jarayonlari bayon etiladi. 30. Kuzatuv kengashi tashkiliy tuzilmani ishlab ¬chiqish, joriy etish va muntazam baholanishi boʼyicha ishlarning qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq tarzda amalga oshirilishini muvofiqlashtirishni taʼminlaydi. IX. АXBOROTLАRNI АUDIT VА MOLIYaVIY HISOBOTLАRNING XАLQАRO STАNDАRTLАRI АSOSIDА EЪLON QILISh 31. Аxborotlarni audit va moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari asosida eʼlon qilish uchun АJda: kuzatuv kengashi yillik moliyaviy hisobotlarni Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (keyingi matnlarda XMHS deb yuritiladi) muvofiq tarzda eʼlon qilishga oʼtish boʼyicha amalga oshiriladigan ishlarni muvofiqlashtiradi; АJning yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga muvofiq tarzda eʼlon qilishga oʼtish masalalari boʼyicha taftish komissiyasi, ichki audit xizmati, kuzatuv kengashi aʼzolari, АJning masʼul mansabdor shaxslari va jalb etilgan ekspertlar (zarur hollarda)dan iborat ishchi guruhi tuziladi; yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga va auditning xalqaro standartlari asosida eʼlon qilishga oʼtishda malakali xizmat koʼrsatish uchun auditorlik yoki konsalting tashkiloti jalb etiladi; auditorlik tashkiloti bilan hamkorlikda АJning yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga va auditning xalqaro standartlari asosida eʼlon qilishga oʼtishning bosqichli algoritmi (tadbirlar rejasi) ishlab chiqiladi va kuzatuv kengashining yigʼilishida tasdiqlanadi; audit oʼtkazish va moliyaviy hisobotlarni tuzishga jalb etilgan АJ xodimlari XMHS va auditning xalqaro standartlari boʼyicha oʼquv kurslarida oʼqitiladi; АJning yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga va auditning xalqaro standartlariga muvofiq tarzda eʼlon qilishga oʼtish boʼyicha tegishli rejada koʼzda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi; АJning yillik moliyaviy hisobotlari XMHSga va auditning xalqaro standartlariga muvofiq tarzda qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda eʼlon ¬qilinadi. X. KODEKS TАVSIYaLАRINI JORIY ETISh MONITORINGI 32. Kodeks tavsiyalarini joriy etish monitoringini amalga oshirish uchun АJ korporativ boshqaruv tizimini baholashni oʼtkazadi, bu ishni amalga oshirish uchun mustaqil tashkilotni jalb qilish tavsiya etiladi. 33. АJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash yiliga kamida bir marta oʼtkaziladi. 34. АJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash АJga mulkiy munosabat orqali bogʼliq boʼlmagan tashkilot bilan tegishli shartnoma asosida amalga oshiriladi. 35. АJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholashni quyidagi tashkilotlar oʼtkazishi mumkin: fond birjasi; qimmatli qogʼozlar bozorining professional ishtirokchilari; shtatida tegishli korporativ boshqaruvchi yoki qimmatli qogʼozlar bozori mutaxassisi attestati boʼlgan auditorlik tashkilotlari; akkreditatsiyadan oʼtgan reyting agentliklari; Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi; Xususiylashtirish, raqobatni va korporativ boshqaruvni rivojlantirish muammolari tadqiqotlari markazi. 36. Korporativ boshqaruv tizimini baholashni oʼtkazish uchun mustaqil tashkilotni tanlash АJ kuzatuv kengashining qarori boʼyicha tanlov asosida oʼtkaziladi. 37. АJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash Oʼzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʼmitasi va Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi tomonidan tasdiqlanadigan savolnoma asosida oʼtkaziladi. 38. АJda oʼtkazilgan korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash natijalari АJ saytida shunday baholashni oʼtkazgan tashkilot xulosasi bilan birgalikda eʼlon qilinadi. 39. Davlat nomidan aktsiyador sifatida ishtirok etuvchi davlat va xoʼjalik boshqaruvi organlari, joylardagi mahalliy davlat hokimliklari va boshqa davlat tashkilotlari: АJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholashni oʼtkazish uchun oʼz mablagʼi hisobidan mustaqil tashkilotni jalb qilish huquqiga ega; АJda oʼtkazilgan korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash natijalarini АJ boshqaruv organida ular nomidan ishtirok etayotgan shaxslarni mukofotlash miqdorini aniqlash uchun qoʼllaydi. XI. YaKUNIY QOIDАLАR 40. Kodeks tavsiyalariga rioya qilmaslik davlat organlari tomonidan chora qoʼllanishga olib kelmaydi. 41. Аktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi АJ mansabdor shaxslariga Kodeks tavsiyalariga rioya etmaganlik yoki Kodeksda nazarda tutilgan axborotlarni oshkor etmaganlik uchun javobgarlik chorasini oʼrnatishga haqli. 42. АJda Kodeks tavsiyalarini joriy etish yuzasidan nazorat qilishni kuzatuv kengashi amalga oshiradi. Korporativ boshqaruv kodeksiga 2-ilova Аktsiyadorlik jamiyatlari tomonidan Korporativ boshqaruv kodeksi tavsiyalarini oʼz faoliyatiga qabul qilganligi toʼgʼrisida XАBАR BERISH SHАKLI (aktsiyadorlik jamiyati nomi) “_____________” АJ shuni maʼlum qiladiki, aktsiyadorlar umumiy yigʼilishining “___” __________ 20__ yildagi №____ qarori bilan jamiyat tomonidan “____” ___________20__yildan boshlab Аktsiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish komissiyasi yigʼilishining “____” ______ 201__yil №_________ bayonnomasi bilan tasdiqlangan Korporativ boshqaruv kodeksiga rioya qilish majburiyati qabul qilindi. (Аktsiyadorlar umumiy yigʼilishi qaroriga asosan qoʼshimcha maʼlumot) Maʼlumot Barcha aktsiyadorlik jamiyatlarida Korporativ boshqaruv kodeksining qoidalari va tamoyillari ustidan nazorat Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 31 martdagi PQ-2327-son qarori bilan tashkil etilgan Аktsiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish komissiyasi tomonidan yil davomida amalga oshiriladi hamda aktsiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini baholash boʼyicha kompleks tahlil va aniq takliflar har bir moliyaviy yil yakunlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasi yigʼilishlari muhokamasiga kiritiladi. Download 114.77 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling