Microsoft Word Норматова Шоира darslik 11. 02 2015. doc
Download 1.17 Mb. Pdf ko'rish
|
Ozbek-tili.-Darslik.-Sh.Normatova-M.Abduraxmonova.-2014
© JIDU, 2014. 3 KIRISH O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganidan buyon yigirma yildan ortiq muddat o‘tdi. Bu davr ichida barcha boshqa fan sohalarida bo‘lganidek, o‘zbek tili bo‘yicha o‘rta maktab hamda oliy o‘quv yurti uchun tubdan yangilangan dastur asosida darslik yaratish borasida katta ishlar qilindi. Jumladan, rusiyzabon talabalar hamda xorijliklar uchun o‘zbek tili bo‘yicha ham qator yangi so‘zlashgich, qo‘llanma va darsliklar yaratildi. Hozirgi kunda o‘zbek tilini ikkinchi til sifatida o‘qitishda yangi bosqich boshlandi, endi o‘zbek tilini shunchaki uy-ro‘zg‘or, kundalik muloqot tili sufatida bilish yetarli emas. Davr, taraqqiyot har bir soha egasidan davlat tilini mukammal bilishni, ilm-fan, kasbi doirasida erkin muloqotga kirisha bilish, ayni paytda yuqori darajadagi yozma savodxonlikni talab qilmoqda. Bu esa rusiyzabon talabalarga mo‘ljallangan darsliklarda ixtisoslik yo‘nalishlariga e‘tiborning kuchaytirilishini talab qilmoqda. Rus va xorijiy tillarni o‘qitish borasidagi tajribalarga tayangan holda biz mazkur darslikda quyidagilarga e‘tibor qaratdik. An’anaviy darsliklarda grammatik mavzu birinchi o‘ringa qo‘yilgan bo‘lsa, tilni ikkinchi til sifatida o‘qitishda esa matn bilan tanishuvdan boshlash usuli ma’qullanadi. Shu sababli darslikning tuzilishida ham eng avvalo grammatik mavzular emas, balki nutqiy, ma’rifiy mavzular asosida grammatik mavzu taqsimlanadi. Ushbu mavzular jamiyat hayotining ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy hamda ma’naviy jabhalarini qamrab olishi, ham ta’lim, ham tarbiyaviy-ma’rifiy maqsadlarga xizmat qilishiga e’tibor berildi. O‘zbek tili bo‘yicha yaratilgan ba’zi darsliklarda bu shakl mavjud, lekin matn ko‘pincha faqat o‘qish va tarjima uchun beriladi, topshiriqlar ham shu bilan cheklanadi. Grammatik mavzu esa keng izohlanadi. Holbuki, hozir o‘rta maktablarda o‘zbek tili boshlang‘ich sinflardan boshlab o‘rgatiladi, grammatik mavzuni yana batafsil takrorlashga hojat yo‘q. Shu sababli ikkinchi til o‘qitishning jahon tajribalariga tayangan holda, ushbu darslik bo‘limlarga ajratilib, har bir bo‘lim o‘z ichiga ma‘lim nutqiy mavzu bilan bog‘liq matnlar hamda grammatik materialni qamrab oldi. Har bir mashg‘ulot quyidagi shaklda tashkil qilindi: 4 Oldin talaba uchun nisbatan yangi bo‘lgan so‘zlar berilib, ular tarjima yoki izohlash yordamida tushuntiriladi, keyin matn bilan tanishtiriladi va matn yuzasidan kamida 5-6ta savol hamda topshiriqlar beriladi. Talaba bu matn mazmunining taxminan 80-90 foizini tushunadi. So‘ng grammatik mavzuga o‘tiladi. Grammatik mavzu ixcham chizmalar shaklida berilib, eng muhim jihatlarigina eslatib o‘tiladi. Grammatik mavzuni mustahkamlash bo‘yicha topshiriqlar ishlab chiqildi. Tinglash uchun audiomaterial matn tarzida diskda darslikka ilova qilingan. Darslikda ushbu matn bo‘yicha savol va topshiriqlar keltirildi. Keyingi bosqichda tarjima uchun matn beriladi. Tarjima matnga lug‘at ilova qilinmaydi (yangi so‘zlar, odatda, mavzuning boshlanishida tayanch so‘z va iboralar shaklida taqdim qilinadi). Talabalar mustaqil ravishda lug‘at bilan ishlashlari lozim. Mavzu oxirida o‘tilganlar yuzasidan topshiriqlar beriladi. Uy ishi odatda o‘tilgan mavzuni mustahkamlashga qaratiladi, ayni paytda talabaning mustaqil ijodiy fikrlash ko‘nikmasini shakllantirish maqsadida, albatta, boshda berilgan mavzu bo‘yicha qisqa esse yozish, yoki ijodiy ish topshiriladi. 5 Mavzular tanlashda ilk darslarda an‘anaviy “Mening oilam”, “Tarjimayi holim” singari matnlardan butunlay voz kechish shart emas deb topdik. Mumkin qadar ularga ijodiy yondashish, yangi qurilmalardan foydalanishga harakat qildik. Oila, oiladagi munosabatlar haqida uncha murakkab bo‘lmagan ilmiy, publitsistik matnlardan, badiiy matnlardan foydalanildi. Matnlar uslub juhatdan rang-barang bo‘lishiga e’tibor berildi, zero bu talabalarda turli xarakterdagi matnlarni tushunish ko‘nikmasi shakllanishiga, shu bilan birga ularning lug‘at boyligi turli uslubiy qatlamga oid so‘zlar bilan boyib borishiga xizmat qiladi hamda ularning keyingi bosqichda sohasiga oid matnlarni o‘zlashtirishi uchun zamin hozirlaydi. Ushbu tartibda tuzilgan darslik talabalarga quruq grammatik materialni yodlatishdan qochish imkonini beradi, talabaning tildan erkin foydalana bilishi, og‘zaki va yozma savodxonligining yuqori darajada bo‘lishi, o‘z mutaxassisligi tilini mukammal egallashiga xizmat qiladi degan umiddamiz. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling