Mil av. 6-asr
Download 128 Kb.
|
1 2
Bog'liqEzop
Ezop (mil. av. 6-asr) Masalchi Ezop, odamlar uchun katta xizmat qilgan zakiy inson bo’lgan.Uning kelib chiqishi Frigiyadan bo’lib, u frigiyalik qul edi. Ezop nihoyatda xunuk ishga qovushiqsiz, qorni qappaygan, xumkalla, burni pachoq, yag’ir bosgan, qora tanli, majruh, qo’llari ham kalta, yelkasidan bukri bo’rtib chiqqan, labi do’rdaygan — shunday maxluqsifat bir kishi ediki, unga duch kelishning o’zi qo’rqinchli edi. Bu ham kamlik qilgandek u gapirolmaydigan soqov edi. Zabonsiz qulning shahardagi yumushlar uchun yaroqsiz ekanligini ko’rgan xo’jayini uni qishloqdagi xo’jaligiga, dala yumushlarini bajarish uchun jo’natib yubordi. Kunlardan bir kun xo’jayin qishloqqa keldi, dehqonlardan biri yangi uzilgan mazali anjirlarni olib kelib: - Mana xo’jayin, sizga yetilgan hosilning oldini olib keldim, — dedi. Anjirlar xo’jayinga juda yoqdi. - Hayotimni o’rtaga qo’yib qasam ichamanki, anjirlar juda zo’r bo’lib yetilibdi! Agafopod, bu anjirlarni men uchun olib qo’y, yuvinib olib tushlik qilib bo’lganimdan keyin ularni dasturxonga keltirasan, — deb buyurdi. Buni qarangki, ayni shu paytda Ezop ham ishlaridan tinchib, tushlik uchun kelgan edi. Qorni tatalab turgan Agafopod hech kimga bildirmasdan bir juft anjirni paqqos tushirdi, qolganlarini ham jon deb yerdi-ku, ammo qo’rqdi. Uning nima sababdan qiynalayotganini sezgan boshqa bir qul unga: - Og’ayni, xayolingdan nimalar kechayotganini sezyapman: anjir yeging kelyapti, shundaymi, — dedi. - Zevs haqqi qasam ichaman, to’g’ri topding, lekin sen buni qanday bilding? — deb so’radi u. Bunga javoban sherigi: - Senga bir qarashning o’zidan nima xohlayotganingni bilib olish qiyin emas. Endi menga quloq sol, men senga ularni qanday qilib birgalikda yeyishimiz mumkinligini o’rgataman. Agafopod esa: - Bundan hech qanday yaxshilik chiqmaydi, xo’jayin anjirlarni keltirishni buyurganida quruq qo’l bilan borsam nima bo’ladi? — deb so’radi qo’rqib. Og’aynisi: - Sen, tasodifan omborxona eshigi ochiq turgan ekan, buni ko’rgan Ezop u yerga kirib hamma anjirlarni paqqos tushiribdi, deysan. Ezop gapira olmaydi, shuning uchun kaltak uning boshida sinadi, sen esa anjirga to’yasan. Shu tariqa ular anjirlarni yeyishga tushdilar va: - Ha, endi Ezopning kuni bitdi! O’ziyam kaltak yeyishdan boshqa narsaga yaramaydi u badbaxt. Kel, bundan buyon kelishib olaylik: endi nimaiki sinsa, to’kilsa yoki yo’qolsa, biz: “Buni Ezop qildi” deb turaveramiz, shu yo’l bilan suvdan quruq chiqib, jazodan ham qutulib qolamiz. Suhbat asnosida ular anjirlarning hammasini yeb tugatishdi. Bu orada xo’jayin yuvinib kelib tushlik qilib oldi va anjir yegisi kelib: - Agafopod, qani anjirlaringni olib kel-chi, — deb buyurdi. Hamma anjirlarni Ezop yeb qo’yganidan xabar topgan xo’jayin aldanganini tushunib jahl bilan buyurdi: - Zudlik bilan Ezopni chaqiringlar! Ezopni chaqirib kelishdi, xo’jayin esa unga: - Ko’rnamak ablah, omborxonamga yashirincha kirib, anjirlarimni yeb qo’yganingdan ko’rinib turibdiki, sen meni bir chaqalik ham hurmat qilmas ekansan, — dedi. Ezop gapira olmasa-da, bu gaplardan keyin qoralovchisining vajohatidan tushundiki, jazoga tortilib kaltaklanishi muqarrar.U birdan o’zini xo’jayinning oyoqlari ostiga tashlab, jazo berishga biroz shoshmasligini imo-ishoralar bilan yalinib so’radi. Xo’jayin bunga ko’ndi. Shunda Ezop shu yaqin atrofda ko’zi tushgan cho’michni olib imo-ishora bilan issiq suv keltirishlarini iltimos qildi; keltirilgan jomni oldiga qo’yib suvni ichdi, so’ngra barmogini halqumiga yubordi, natijada ichgan suvning hammasi qayt bo’lib chiqdi, lekin suvdan boshqa hech nima chiqmadi, chunki u hech nima yemagan edi. O’zining fahm-farosati tufayli u jazodan qutulib qoldi. Endi u boshqa qullar ham xuddi shu ishni takrorlashlarini so’radi, ana o’shanda anjirlarni kim yegani aniq bo’lardi. xo’jayinga bu usul yoqib qoldi, qolgan ikkala qulga xuddi shu ishni takrorlashlarini buyurdi. Qullar o’zaro pichirlay boshlashdi: Germa, endi nima qilamiz? Kel suvni ichamiz-u, barmoqlarimizni esa tomog’imizgacha olib bormasdan, lunjimizga tiqib qo’ya qolamiz. Lekin yegan anjirlari allaqachon safro hosil qilib bo’lgan edi, ular issiq suv ichganlari zahoti anjirlar qalqib chiqib, barmoqlarini og’izlaridan olishga ulgurmasdan, ular tashqariga otilib chiqa boshladi. Buni ko’rgan xo’jayin dedi: O’zini himoya qila olmaydigan odamga sizlar mana qanday qilib tuhmat uyushtirgan ekansizlar? Qani ularni darrov yechintiringlar! Yaxshilab kaltaklangan qullar bundan keyin o’zlari uchun bir umrlik saboq olishdi! Birovga choh qazisang, unga, albatta, o’zing tushasan. Shu tariqa ular o’zini himoya qilib, gapira olmaydigan odamga yomonlik qilmoqchi bo’lganlari uchun jazoga giriftor bo’lishdi. II Keyingi kun xo’jayin shaharga qaytib ketdi.Ezop esa dalada tinmay mehnat qilardi. Xullas, mana bunday voqea yuz berdi. Ma’buda Isidaning kohinlaridan biri adashib, katta yo’lni yo’qotib qo’ydi va Ezop ishlayotgan dalaga kelib qoldi. Qarasaki, ro’parasidagi odam uning boshiga tushgan tashvishdan umuman bexabar holda berilgancha ishlab yotibdi. Shunda u yer chopayotgan odamga: Ey, oqko’ngil inson, agar sen oddiy insonlarga nisbatan hamdardlik tuyg’usidan begona bo’lmasang, menga shaharga olib boradigan yo’lni ko’rsat, men yo’ldan adashib qoldim, — deb murojaat qildi. O’girilib qaragan Ezop ma’budalarga xos kiyimdagi ayolni ko’rib o’zini yo’qotib qo’ydi, xudojo’y odam bo’lgani bois o’zini uning oyogi ostiga tashlar ekan, imo- ishoralar bilan so’ray ketdi: “Nima sabab katta yo’ldan burilib, bizning qo’rg’onimizga kelib qolding?” Shundan keyingina ayol bu odamning eshitishga eshitadi-yu, lekin gapira olmasligini tushundi. Avvaliga imo-ishoralar bilan, so’ngra so’zlar bilan tushuntira boshladi: - Ko’ryapsanmi, men kohinman, bu joylarni esa umuman bilmayman, shu sababli adashib qoldim, sendan yo’l ko’rsatishingni iltimos qilaman. Shundan keyin Ezop bir qo’lida belkuragini mahkam ushlab olib, ikkinchisi bilan ayolning qo’lidan ushlab daraxtlar soya tashlab turgan joygacha yetaklab keldi. Xurjunidan non va zaytun chiqarib, mehmonning oldiga qo’ydi, yovvoyi sabzavotlar terib kelib, ularni yeyishga undadi, ayol ularni yedi. So’ngra u ayolni buloq boshiga boshlab bordi, chanqog’ini qondirib olishi uchun buloq suvini ko’rsatdi. Qornini to’ydirib, suv ichib olgach ayol Ezop haqiga ibodat qoldi, so’ngra yana imo-ishora orqali endi undan oxirgi xizmatini ham ayamasligini so’radi.Shunda Ezop uni serqatnov katta yo’lga chiqarib qo’yib, qaysi tomonga yurishi kerakligini ko’rsatdi va daladagi yumushlariga qaytdi. Shu tariqa Isidaning xizmatkorlaridan bo’lgan kohin ayol yo’qotgan yo’lini topib oldi. Ezopning qilgan yaxshiligi evaziga ayol minnatdorchilik yuzasidan qo’llarini duoga ko’targancha iltijo qildi: - Ey butun olamlar sarvari, ko’plab ismlar egasi bo’lgan Isida, qanchalar azob-uqubat tortgan, qanchalar diyonatli bo’lgan bu mehnatkash insondan o’z marhamatingni darig’ tutma: u aslida ehtiromni menga emas, mening qiyofamdagi sening siymongga ko’rsatdi. Agar boshqa xudolar mahrum etgan ko’plab ne’matlar ila uni mukofotlamoqchi emas ekansan, uning ko’nglini ko’tarib baxtli qilishni istamas ekansan, hech bo’lmasa unga zabon ato etgin: axir zulmatda qolganlarni yorug’likka chiqarish ixtiyori o’zingda emasmi? Shu tariqa kohin ibodat qilarkan, uning iltijolari ijobat uchun qabul bo’ldi, chunki taqvo egalarining duolari yaratganning dargohida tez qabul bo’lar ekan. Kun tobora qiizib borayotganini his qilgan Ezop o’zicha dedi: - Nazoratchi menga ikki soatcha dam olish uchun ruxsat bergan, mizg’ib olgunimcha, kunning tafti ham anchagina bosilib qolardi. Dam olish uchun u dalaga yaqinroq bo’lgan yaxshiroq joyni tanladi: yam-yashil, ko’zdan pana, daraxtlar soya- salqin tashlab turgan xilvat joy, yangi unib chiqqan maysalar orasida turli-tuman gullar ochilib yotardi, o’rmon chekkasidan esa shildirab soy oqardi. Mana shunday xushmanzara joyda Ezop cho’k tushib belkuragini yerga tashladi, boshi ostiga xurjuni bilan po’stinini qo’yib uxlab qoldi. Soyning suvi shildirab oqar, mayin shabada esib turar, yangi chiqqan barglar shivirlagancha bahri dilni ochuvchi o’rmon gullarining yoqimli iforidan nafas olardi. Chirildoqlar ham daraxtning shoxlaridan shoxlariga sakrashar, atrofdan turli-tuman qushlarning sayrashlari eshitilardi, sayroqi bulbul kuylar ekan, zaytun daraxtining shoxlari unga hamohang chayqalardi, baland qaragaylar esa shamolning nafasida qorayaloq qushining qichqirig’idek ovoz chiqarib g’ichirlashardi. Bu ovozlarning bari jo’r bo’lib, qayta takrorlanuvchi aks sadodek yoqimli ovoz hosil qilishar, qalblarga rohat bag’ishlagancha Ezopni tinch, xotirjam uyquga g’arq qilgan edi. Mana shu payt ma’buda Isida to’qqizta ilhom - parisining hamrohigida Ezopning boshi ustida hozir bo’ldi: - Qizlarim, mana bu odamga bir qaranglar-a: ko’rinishidan juda xunuk, lekin diyonati yomonlik qilishdan qoyadek mustahkam himoyalangan. Shu odam yo’ldan adashgan xizmatkorimga yo’l ko’rsatgan, men bu yerga uning xizmatini munosib taqdirlash uchun keldim. Unga gapirish qobiliyatini ato etaman, sizlar esa uni shu in’omga loyiq jumlalar bilan taqdirlaysizlar. Shunday degancha u Ezopning tilini gapirishga xalaqit berayotgan nuqsonlardan forig’ etib, unga gapirish qobiliyatini ato etdi, ilhom parilarini esa har birini o’ziga loyiq in’omlar bilan taqdirlash uchun rag’batlantirdi. Shundan so’ng ilhom parilari Ezopga hozirjavoblik grek tilida masal to’qiy olish qobiliyatlarini baxshida qilishdi. So’ngra ma’buda Isida Ezop haqiga duo qilib, uni shon-shuhratga erishishini tilab g’oyib bo’ldi. Ilhom parilarining har biri unga atagan o’z in’omini qoldirib, makonlari sari ko’tarildilar. Ezop miriqib uxlab olib, uyquga to’yib uygondi, so’ng o’zicha: - Juda qattiq uxlab qolibman! — dedi. Birdan gapira boshlaganidan u qah- qah otib kulib yubordi, so’ngra oldidagi hamma narsalarni nomma-nom atay boshladi: — belkurak xurjun, po’stin, qop, buqa, eshak, qo’y. U birdaniga hayqirib yubordi: - Men gapiryapman! Ilhom parilari haqqi qasam ichaman, men gapiryapman! Lekin nima uchun men gapira boshladim? Nimadan? Ha, tushundim! Hoynahoy, ma’buda Isidaning kohiniga ko’rsatgan diyonatli xizmatim evaziga bo’lsa kerak! Qarang-a, diyonatli bo’lish qanday ajoyib ekan! Demak, ilohlarning o’zi menga ezgu umid bagishlashga qaror qilibdi. III Bu vaqtda shaharda saylovlar bo’layotgan bo’lib, hamma teatrda yig’lgan edi. Qonun himoyachisi davlat qonunlaridan iborat bo’lgan kitobni va tamg’ani keltirdi, ularni yig’ilganlarning oldiga qo’ydi va dedi: - Hamshaharlar, siz o’z xohishingiz bo’yicha yangi qonun himoyachisini saylashingiz kerak u qonunni himoya qiluvchi va kelajak ishlar uchun davlat tamg’asini saqlovchi bo’lsin. Mana shu tarzda xalq bunday ishonchni kimga bildirishni muhokama qilayotganida, birdan yuqoridan burgut uchib kelib, tamg’aga chang soldi va samoga ko’tarildi. Samosliklar juda qattiq sarosimaga tushib qolishdi, ular bu ko’plab falokatlarning belgisi deb hisoblashdi. Shu zahoti bu nimaning belgisi ekanini izohgash uchun kohin va bashoratchilarni chaqirishdi, lekin ular bu belgilarni izohlashning uddasidan chiqa olmadi. Shunda to’da orasidan bir chol chiqib dedi: - Samoslik hamshaharlar, qurbonliklardan qornini qappaytirgan va boyliklarimizni shamolga sovurgan, o’zini axloqli qilib ko’rsatgan, bu odamlarni tinglab nima qilamiz. Bu belgini bilish, albatta, oson emas, buni eplash uchun hamma ilmlarda ilg’or bo’lish kerak. Axir bizda faylasuf Ksanf bor, uni butun Yunoniston biladi, kelinglar, belgini izohgashni undan so’raymiz. Ksanf yetib keldi, xalq shovqin qilib Ksanfga murojaat qildi va bu masalani izohlashni qat’iy talab qila boshladi. Ksanf yigilganlarning oldiga chiqishga chiqdi-yu, lekin gapirish uchun hech gap topa olmadi va belgi nimani anglatishini aniq aytib berish uchun biroz muhlat so’radi. Yig’ilganlar tarqalmoqchi bo’lib turishganda, birdan yuqoridan yana o’sha burgut uchib keldi va panjalari orasidagi tamg’ani tashlab yubordi, tamg’a esa to’ppa-to’g’ri davlat qullaridan birining qo’yniga tushdi. Xalq Ksanfdan bir yo’la bu ikkinchi belgini ham izohgashni so’radi. Ksanf ularga va’da berishga berdi-yu, ammo ushbu jumboqni yechishga aqli ojizlik qilishini bilgani uchun uyga o’ychan holatda qaytdi. Mana u uyiga kaytib kelar ekan, o’zicha dedi: - Bu belgilar nimani anglatishini bilishim uchun Ezopga yalinishimga to’g’ri keladi. U darhol Ezopni olib kelishlarini buyurdi. Bog’langan Ezopni keltirishdi. - Arqonni bo’shatinglar, — buyurdi Ksanf. Meni yechishlarini so’raganim yo’q — dedi Ezop. - Seni yechayotganimning sababi, menga bitta masalani hal qilishda yordaming kerak — dedi Ksanf. - Demak sen meni faqat o’z foydangni ko’zlab qo’l- oyog’imni bo’shatayotgan ekansan, — norozi ohangda ga pirdi Ezop. - Bas qil, Ezop, g’azabingni rahm-shafqatga almashtir, — dedi Ksanf. Ezopni qo’l-oyog’ini bo’shatishdi va u Ksanfdan so’radi: - Xo’sh, xo’jayin, senga nima kerak? Ksanf unga belgilar haqida gapirib berdi, Ezop yodam berishga va’da berdi. Lekin oldin xo’jayinni biroz qiynashga qaror qildi. Ertasi kuni ertalab unga dedi: - Xo’jayin, agar so’zni topish kerak bo’lsa, men senga darrov topib bergan bo’lar edim; sen aytayotgan ish uchun bashoratchilikka yaramayman, bu yerda men hech narsa tushunmayman. Buni eshitib Ksanf, umidsizlikka tushdi: samosliklar oldida shundoq ham uyatli edi, u o’z joniga qasd qilishga qaror qildi. “O’ylash uchun vaqt tugab boryapti, shunday faylasufligim bilan va’dani bajara olmaslikni ko’tara olmayman. Shunday xayollar bilan, kech tushishini kutib, qo’liga bir quloch arqon olib uydan chiqib ketdi. Ezop o’ziga ajratilgan hujrasidan turib qarasa, xo’jayin vaqt allamahal bo’lgan bir paytda uydan chiqib ketyapti. Ezop gap nimada ekanligini fahmlab, xazina tufayli bo’lgan xafagarchiliklarni unutdi, chiqib xo’jayinining izidan yugurdi. Ksanf daraxt shoxiga arqonni bog’lagan va sirtmoqqa endi boshini tiqayotgan paytda Ezop yetib keldi. - To’xta, xo’jayin! — qichqirdi Ezop uzoqdan. Ksanf o’girilib orqasiga qaraganida oy yorugida yoniga yugurib kelayotgan Ezopni ko’rdi. - Ha, Ezop, sen nimaga meni oxirgi choramdan chalg’ityapsan? — dedi Ksanf. - Xo’jayin, qani o’zing targ’ib qiladigan falsafiy qarashlaring? Qani seni maqtovga loyiq zukkoliging? Qani seni bilimdonliging? Nahotki, xo’jayin, sen shunaqa irodasiz va yengiltak bo’lsang, yaxshi hayotdan o’zingni sirtmoqqa tortyapsan? Es-hushingni yig, xo’jayin! - Qo’yib yubor meni, Ezop, sharmanda bo’lib obro’siz kun kechirgandan ko’ra, men munosib o’lim topganim yaxshi, — dedi Ksanf. - Sirtmoqni yech, xo’jayin. Men sen uchun belgini bilishga harakat qilaman. - Qanday qilib? — so’radi Ksanf. - Sen meni o’zing bilan maydonga olib borasan. Xalqda e’tiroz qoldirmaydigan bahona o’ylab topasan: bashoratchilik qilish — go’yoki faylasuflarga munosib emas; keyin ularga meni tinglashni taklif qilasan, go’yoki men sening shogirdingman. Ular meni chaqirishadi, men ularga hammasini izohlab beraman. Shunaqa qilib u Ksanfni ko’ndirdi. Ertasi kuni Ksanf xalq oldiga chiqib, shunday gap boshladi: - Bizning qoidalarimiz falsafaning ma’lum bir mantiqiy chegaralarini o’rnatadi, shuning uchun men ham izohlovchi, ham bashoratchi bo’la olmayman. Biroq mening qo’l ostimda bunday yumushlarni munosib tarzda bajarib yurgan va sizga yordam berishi mumkin bo’lgan odam bor. Mana men o’z faylasuflik mavqeyimni pasaytirmaslik uchun, sizga o’zimning qulimni taklif qilaman, u mening falsafiy nasihatlarim bilan, sizga belgilarning izohini sharhlab beradi. Shu so’zlarni aytib, u xalqning oldiga Ezopni olib chiqdi. Lekin samosliklar Ezopni ko’rgan zahoti xaxolab kulgancha har tomondan gap tashlay boshlashdi: “Bizga belgilarning izohini bera oladigan boshqa kimsa qurib qolganmi? Buning o’zi yomon belgi! Voy-bu, u shu qadar badbashara, qorni ham naq xumning o’zi, maymunlar qabilasining sardori, to’nkarilgan qopni eslatuvchi bu ko’rimsiz maxluq, savatchadagi kuchuk, oshxonadagi qoldiqqa o’xshaydi-ku!” — Lekin Ezop bularning hammasini hatto kiprik ham qoqmay eshitgancha jimlik bo’lishini kutib turdi, shundan keyingina gap boshladi: - Samoslik fuqarolar, meni tomosha qilib nimaga kulyapsiz? Odamning tashqi ko’rinishiga emas, aqliga qarash kerak. Har doim ham xunuk bo’lgan odam ahmoq bo’lavermaydi. Ko’rinishi juda yomon, lekin aqli raso odamlar ko’p. Odamning bo’yi baland emasligi darrov bilinadi, odamning aqli kaltaligi esa hech kimga ko’rinmaydi, shunday ekan uni haqoratlashning keragi yo’q. Axir shifokor kasalni ko’rinishidan xulosa kilmaydi-ku, oldin tomir urishini tekshiradi, keyin kasalini aniqlaydi. Xumdagi musallasga idishga qarab baho berish to’g’ri bo’larmikan? Samosliklar Ezopning gaplarini tinglab turib, uning gaplari yuziga qaraganda yaxshiroq ekan, deyishdi: - Ilohlar haqi qasam ichamiz, u ahmoq emas, gapga ham usta. so’ng Ezopga qarab xitob qilishdi: - Qo’rqma, belgilarni izohayver! Ezop endi uni so’kmayotganlarini ko’rib, paytdan foydalanib ishonch bilan gapira boshladi: - Samoslik fuqarolar, qulning ozod olomon oldida belgilarni izohlashi taomilga to’g’ri kelmaydi. Shuning uchun sizdan so’rayman: menga xuddi ozod odamday gapirishga ruxsat eting, agar mening javobim ma’qul kelsa, meni ozod odamday taqdirlang, agar mening javobim yoqmasa meni qulday emas, ozod odamday jazolang. Menga erkin gapirishga ijozat bering, o’zim uchun qo’rqmay, bemalol gapira olay! Samosliklar Ksanfdan iltimos qilishdi: - Ksanf, biz sendan so’raymiz, Ezopni ozodlikka chiqar! Rais ham Ksanfga murojaat qilib dedi: - Ezopni ozodlikka chiqar. - Istamayman, axir u ko’p vaqtdan beri xizmatimni qiladi, — dedi Ksanf. Rais Ksanfni rozi bo’lmayotganini ko’rib dedi: - Uning narxini ayt-da, menga sot, men esa uni davlat nomidan ozod qilaman. Ksanf, qachonlardir Ezopni yetmish besh dinorga sotib olganini esladi va uni pul uchun ozod qilyapti, deb o’ylamasliklari uchun, Ezopni xalq oldiga chiqarib: - Men Ksanf, samos xalqining iltimosiga muvofiq Ezopni ozodlikka chiqraman, — dedi. Shundan keyin Ezop xalqqa murojaat qilib dedi: - Samoslik fuqarolar, o’zingiz haqingizda tashvishlanish va o’z ozodligingiz haqida o’ylash vaqti keldi, chunki belgi urush va qullik haqida xabar beryapti. Urush boshlanish xavfi bor. Shuni bilingki, burgut - bu qushlar podshosi. U davlat tamg’asini olib ketdi va uni davlat qulining q o’yniga tashladi. Bu degani, ishonchli ozod taqdir, umidsiz qullik zulmi bilan almashadi. Mana sizga belgining izohi: shubhasiz, bitta podsho sizni ozodlikdan mahrum qilmoqchi, sizning qonunlaringizni bekor qilmoqchi va sizga o’z hokimligining tamg’asini bosmoqchi. Ezop hali gapini tugatib ulgurmasidan, podsho Krezdan oq hoshiyali kiyim kiygan chopar keldi va Samosning hukmdorlarini qayerdan topishni so’radi. Xalq kengashi bo’layotganini eshitib, o’sha maydonga kirib keldi va hukmdorga yorliqni topshirdi. Ular yorliqni ochib o’qib ko’rishdi. Unda quyidagi so’zlar yozilgan edi: “Krez, Lidiya podshosi, Samos hukumatiga, kengashiga va xalqiga salom yo’llaydi. Shu kundan boshlab menga o’lpon va soliqlar to’lashga buyruq beraman, agar bunga bo’ysunishdan bosh tortsangiz, u holda mening butun kuchim sizga qarshi bo’ladi”. Hukmdorlar xalqqa shunday kuchli podshoni qarshi qilmaslik uchun talab qilingan o’lponlarni to’lashni maslahat qilishdi. Bu belgining izohidan keyin Ezopga xuddi avliyoday izzat-ikrom ko’rsatib, nima maslahat berishini so’rashdi, nima yaxshi, rozi bo’lishmi yoki rad etishmi? Bunga javoban Ezop dedi: Samoslik fuqarolar, eng ilgor hamshaharlaringiz sizga o’lpon to’lashga rozi bo’lishga maslahat berishdi, nima uchun rozi bo’lish kerakmi yoki yo’qmi, deb mendan so’rayapsiz? Agar men: “Rozi bo’lmang”, - desam, men Krez podshosining dushmaniga aylanaman! Lekin xalq: - Baribir o’zing maslahat ber! — deb talab qila boshladi. Shunda Ezop dedi: - Men sizga maslahat bermayman, yaxshisi sizga masal aytib beraman. Qachonlardir Prometey Zevsning buyrug’i bilan odamlarga ikki yo’lni ko’rsatibdi, ozodlik va qullik yo’li. Ozodlik yo’li avval boshida notekis, tor, tikka, suvsizlikdan qaqragan, tikanlar bilan qoplangan va xavf-xatarga to’la, oxirida esa — tekis va silliq, oson o’tiladigan, hosildor o’rmonlar va yetarli namlikka ega bo’lgan, nihoyasida hamma qiyinchiliklar o’sha yerda dam olib rohatbaxshlikka erishish bilan tugashini ko’rsatadi. Qullik yo’li avval boshida tekis va silliq, gullarga burkangan, ko’rinishi yoqimli va lazzatli, oxirida esa — tor, tikka va toshloq. Samosliklar Ezopning aytganlaridan o’zlari uchun qaysi yo’l yaxshiroq ekanligini tushunib, bir ovozdan elchiga ular mashaqqatli yo’lni tanlashlarini aytishdi. Ortga qaytgach, elchi Ezopning hamma aytganlarini podshoga yetkazdi. Buni eshitib podsho Krez qo’shinini yig’ib, ularga urush harakatini to’xtatishni buyurdi. Podshoning atrofidagilar esa uni urushni to’xtatmaslikka chaqirib: - Hukmdor, faqat olg’a, orol tomon olg’a! Bu xalqni bosib olib o’zlarini Atlantika ummoni tomon surib tashlaymiz, bu ishing keyin boshqa xalqlar uchun saboq bo’ladi, shunday buyuk podshoga qarshi bosh ko’tarishni keyin xayoliga ham keltirishmasin, — deyishdi. Shunda podshoning maslahatchilaridan biri unga murojaat qilib, bunday dedi: - Boshingdagi tojing haqi qasam ichib aytamanki, toki Ezop degan kimsa tirik ekan va u samosliklardan o’z maslahatini ayamas ekan, sen hech qachon bu xalqni bo’ysundirishga erisha olmaysan. Samos xalqiga Ezopni bizga berishni talab qilib yorliq jo’nat va bunday taklif kirit: “Ezop uchun istagan narsangizni so’rang, men so’ragan narsangizni beraman”. Krez uni tinglab turib samosliklar huzuriga maslahatchining o’zini yuborishga qaror qildi, chunki podshoning qo’l ostida undan ham sodiqroq va aqlliroq odam yo’q ekan. Elchi vaqtni o’tkazmasdan zudlik bilan Samosga qarab suzib ketdi. U manzilga yetib kelib Samos xalqini kengashga chaqirdi, ularga podshoning do’stligini yo’qotgandan ko’ra Ezopni berishni taklif qoldi. Xalq har tarafdan turib: - Olaver uni, biz Ezopni podshoga beramiz! — deb qichqira boshladi. Shunda Ezop xalqning oldiga chiqib dedi: - Samos fuqarolari, podshoning oyog’i tagida o’lib ketishga tayyorman, faqat oldin sizlarga bir masalni aytib bermoqchiman, sizlar esa bu masalni mening qabr toshimga yozib qo’yinglar. Hayvonlar odamlar tilida gapira oladigan bir davrlarda, qo’ylar bilan bo’rilar o’rtasida jang borardi. Bo’rilar ustunlik qilib, qo’ylarning ahvoli chatoq bo’lib qolgan bir paytda birdan itlar qo’ylarga yordamga keldi va ular birgalikda bo’rilarni haydab yuborishdi. Itlardan xavotirga tushib bo’rilar qo’ylarga elchi yuborishdi. Elchi bo’ri kelib, xalqning oldida usta notiqlardek gapira boshladi: “Agar oramizda urush bo’lmasin desangiz, unda itlarni bizga bering, keyin siz hech bir dushmanlikdan qo’rqmay xotirjam uxlashingiz mumkin”. Esi past qo’ylar aytilgan gaplarga laqqa tushib, itlarni bo’rilarga berib yuborishdi, bo’rilar ularning tilka- porasini chiqarib tashlashdi, birozdan keyin esa qo’ylar ham bo’rilarning o’ljasiga aylanishdi. Xuddi shu masaldagi kabi sizlar ham foydasi tegadigan odamni dushmanga bermasligingiz kerak. Samosliklar masalning ular foydasini ko’zlab aytilganini fahmlab, Ezopni bermaslikka qaror qilishdi. Biroq Ezopning o’zi samosliklar bilan qo lishni istamadi va elchi bilan birga podsho Krezning huzuriga yo’l oldi. Podsho Krez Ezopning tuqini ko’rib gazabga keldi va quyidagicha xitob qoldi: - Menga Samosni buysundirishga, ulardan soliqlarni undirishga xalaqit berayotgan kimsa senmiding! Risoladagidek odam bo’lsang ham mayli edi, taqdirning xatosimi bu, namuncha xunuk bo’lmasang. Maxluqmisan yoki odam? Bunga javoban Ezop bunday dedi: - Hukmdor, meni bu yerga majburan olib kelishgani yo’q, poyingga tiz cho’kish uchun o’z ixtiyorim bilan keldim. Sen nogoh yarador bo’lgan kabi og’riqni sezib to’satdan baqiryapsan. Lekin jarohatni shifokorlar tuzatishadi, gazabdan esa seni mening so’zlarim forig’ etadi. Agar men hozir sening qo’lingda halok bo’lsam, bu seni podsholigingga yomon nom keltiradi, chunki shu bugundan boshlab do’stlaringdan yaxshi maslahat eshitmaysan: ular senga yaxshilik istagan odamlarning qanday halok bo’lishayotganini ko’rib, senga faqat zarar keltirishi mumkin bo’lgan maslahatlarni bera boshlaydilar. Podsho Ezopga tan berdi va kayfiyati chog’ bo’lib dedi: - Davom et, seni masal aytishga usta deb aytishgan- di, menga inson taqdiri bilan bog’liq biror-bir narsa aytib ber. Ezop o’z rivoyatini boshladi: - Hayvonlar inson tilida gapira oladigan o’sha davrlarda yeyishga biror narsasi bo’lmagan bir kambagal odam, ninachilarni tutib, ularni quritib qo’yib, arzimagan narxda sotarkan. Har doimgidek u yana bir marta ninachini ushlab olib, o’ldirmoqchi bo’lib turganida, kuni bitganini tushungan ninachi o’sha odamga murojaat qilib debdi: “Meni behuda o’ldirma, men axir donlarga ham, shoxlarga ham, novdalarga ham, barglarga ham zarar yetkazmayman, faqat qanotimni pirillatib, oyoqlarimni tebratib, o’tkinchilarga xush yoqadigan yoqimli ovozlar hosil qilaman, xolos.” Odamga uning gaplari ta’sir qilib, uni qadrdon o’tzoriga qo’yib yuboribdi. Xuddi shu iltimos bilan men ham poyingga tiz cho’kaman. Shafqat qil! Men bir baquvvat odam emasman, shuning uchun jangchilaringni yo’liga g’ov bo’lmayman. Faqat oddiy odamlar uchun foydali bo’lgan gaplarnigina gapirib yuraman, xolos. Podshoga bu so’zlar ta’sir etib, bunday dedi: - Senga hayot in’om etaman: istagan narsangni so’ra, men uni muhayyo qilaman. Samosliklar bilan yarash, — dedi Ezop. Yarashaman, — dedi podsho. Ezop uning poyiga tiz cho’kib minnatdorchilik bildirdi.Shundan so’ng Ezop shu kungacha o’zining nomi bilan ma’lum bo’lgan rivoyatlarni va masallarni podsho uchun yozib berdi, ularni podshoning kutubxonasida qoldirdi. So’ngra u podshoning samosliklar nomiga bitilgan yorlig’ini qabul qilib oldi. Unda podsho Ezop tufayli ular bilan yarashishga qaror qilganini ma’lum qilgan edi, in’om etilgan qimmatbaho sovg’alar bilan birga u Samosga qarab suzib ketdi. U yerga kelib xalq kengashini chaqirdi va podshoning yorlig’ini ovoza qildi. Ezop tufayli podsho Krez ular bilan tinchlik sulhini tuzganini bilgan samosliklar Ezopning martabasini yuksaklarga ko’tarib sharaflay boshlashdi, bu voqea sodir bo’lgan joyni esa “Ezopiston” deb atashdi. Ezop esa ilohlar haqiga qurbonlik keltirib, ularning haykali turgan joyda ibodatxona barpo etdi, haykallarning o’rtasida Apollonning emas Mnemosning haykalini joylashtirdi. Shundan keyin Apollon Ezopga nisbatan g’azabga mindi. Ezop ancha yillar hurmat va izzatga ko’milib Samosda yashaganidan keyin, dunyo kezishga qaror qildi. Barcha joylardagi o’quv dargoharida suhbatlar olib bordi, unga katta pul to’lashdi. Shu tarzda u butun yer yuzini kezib chiqdi va nihoyat o’sha paytlari Likurg podsholik qilayotgan Bobilga yetib keldi. Usha yerda u falsafiy qarashlarini bayon qilganida bobilliklar uni buyuk inson deb e’lon qilishdi. Axloqi va yuksak odobi bilan podshoning ham ko’nglidan joy oldi va podsho uni o’ziga xazinabon qilib tayinladi. O’sha paytlarda podsholarning qo’shni davlat podsholari bilan aql bobida bellashuv o’tkazish odatlari bor edi. Ular jang qilish uchun safarga chiqib yurmasdan, bir- biriga falsafiy misollarni yo’llashar, kim uni yecha olmasa xat kelgan tomonga o’lpon to’lanar edi. Likurgga kelgan barcha masalalarni Ezop yechib berar edi. Likurg orqali boshqa mamlakat podsholariga Ezop tuzgan masala yuborilganida esa ular bu masalaning javobini topa olishmas va o’lpon to’lashar edi. Shu tariqa Bobil podsholigi juda boyib kengayib borar, o’ziga nafaqat yovvoyi xalqlarni, shu bilan birga Yunonistongacha bo’lgan ko’plab boshqa viloyatlarni ham qo’shib olgan edi. Bobilda Ezop aslzoda yetim yigitchani o’ziga o’g’il qilib asrab oladi, chunki uning o’z farzandi yo’q edi. Podshoga esa asrandi o’g’lini shaxsiy donishmandligining merosxo’ri sifatida tanishtirib, uni ta’lim- tarbiyasiga ko’p gamxo’rlik ko’rsatadi. Lekin yigitcha o’ziga juda bino qo’yib yuborgan edi. U podshoning kanizagiga yoqib qoldi, yigitcha ham uni sevib qolib baxtdan sarmast yurar, Ezopning ko’p bora podshoga tegishli ayolga ko’z olaytirish aniq o’limga olib kelishi borasidagi ogohlantirishiga parvo ham qilmas, aksincha, Ezopning pand-nasihatlari yigitchaning nafsoniyatiga tegar edi.U do’stlarining gapiga kirib, Ezopni podshoning oldida yolg’onchiga chiqarishga qaror qildi. U Ezopning nomidan podshoning dushmanlariga yordam berishga va’da qilingan soxta xat yozib, unga Ezopning muhrini bosib, xatni Likurgga berdi va: - Sodiq do’stingning qanaqaligini ko’rib qo’y, u sening davlatingni halokatga keltirmoqchi, — dedi. Podsho xatdagi Ezopning muhrini ko’rib uning gaplariga ishondi va darg’azab bo’lib zindon qorovulining boshlig’i Germippaga Ezopni xiyonatchi sifatida qatl etishga buyruq berdi. Biroq Germippa Ezopni qatl etmadi, chunki u Ezopning sodiq do’sti edi. Podshoga Ezop qatl etildi, degan xabarni yetkazib, o’zini esa hammadan maxfiy ravishda zindonda bekitib qo’ydi. Xazinabonlikka esa Ezopning o’rniga uning asrandi o’g’li Geliy tayinlandi. Oradan biroz vaqt o’tdi. Ezopning qatl etilganini eshitgan Misr podshosi Nektanebon Likurgga misollar bitilgan xatni eltib berishlari uchun o’z elchilarini jo’natdi. U bu masalalarni Ezopdan keyin hech kim yecha olmasligini bilardi. Masala sharti esa quyidagicha edi: “Misr podshosi Nektanebon Bobil podshosi Likurgga salom yo’llaydi. Men shunday baland minora qurishni rejalashtiryapmanki, u na yerga na osmonga tegib turmasligi kerak. Minora qurish uchun usta va mening savollarimga javob bera oladigan donishmand odam yubor va men senga o’lpon to’layman (mening davlatim senga o’n yil o’lpon to’laydi, agar aytilgan ustalarni va donishmandni jo’nata olmasang sen va sening qo’l ostingdagi hamma mamlakatlar menga o’n yilgacha o’lpon yuborib turishadi). Bu xatni o’qigan Likurg chuqur qayg’uga botdi, kutilmagan bunday tasodifdan gangib qoldi. O’zining maslahatchilarini chaqirib, kengash o’tkazdi, shu qatori Germippani ham bu kengashga taklif qildi, so’ng ulardan so’radi: - Minora haqidagi masalani yecha olasizlarmi yoki hammangizning tanangizdan boshingizni judo qilishimga to’g’ri keladimi? - Yo’q bizlar yerga ham, osmonga ham tegmaydigan minorani hech qachon qura olmaymiz, — deyishdi maslahatchilar. Ulardan biri dedi: - Olampanoh bizga nima amr etsangiz bajarishga tayyormiz, lekin bunaqa shartni bajarish qo’limizdan kelmaydi: bizga shafqat qiling. Darg’azab bo’lgan podsho soqchilarga ularning hammasini qatl etishni buyurdi. O’zi esa yuzini tirnab, sochini yulib, Ezopni eslab yig’lay boshlabdi. - Essiz, podsholigimning eng yaxshi tayanchini o’zimning aqlsizligim sabab halok etdim, — derdi yig’lab Likurg. Shu kundan boshlab podsho ovqatdan voz kechib, tuz ham tatimay qo’ydi. Soqchilar boshlig’i hukmdorlarining qanday og’ir ahvolda qolganini ko’rib, uning xatosini to’g’rilash fursati keldi, deb qaror qildi. Germippa podsho huzuriga kelib dedi: Olampanoh, bilaman, umrim poyoniga yetdi. - Nima bo’ldi? — so’radi Likurg undan. - Men podshoning buyrug’iga bo’ysunmadim, endi mening boshimga kulfat kelishi aniq, — dedi Germippa. Vijdoningga havola etilgan qanday gunohing bor?-so’radi undan podsho. - Ezop tirik — javob berdi qorovullar boshligi. Bunday kutilmagan xabarni eshitgan Likurg shodlanib ketib, Germippaga dedi: - Oh, agar Ezopning tirikligi haqiqat bo’lsa, sening oxirgi kuningni abadiylikka aylantirardim, chunki Ezopning hayotini saqlab qolib, sen meni qutqarding! Lekin sen mukofotsiz qolmaysan, bugundan e’tiboran seni podshoning xaloskori deb e’lon qilaman. Va u shu zahotiyoq Ezopni olib kelishlarini buyurdi. Uzoq vaqt zindonband qilingan, qoqsuyagi chiqib ozib ketgan, rangpar, kir-chir ahvoldagi Ezop kirib keldi: podsho oldiniga yuzini o’girib ho’ngrab yubordi, so’ngra esa uni yuvib-tarab kiyintirib, podshoning xosxonasiga keltirishlarini buyurdi. Ezop o’ziga kelganidan keyin podshoning huzuriga keldi, podsho uni yaxshilab siyladi, Ezop esa unga qay tariqa asrandi o’g’lidan tuhmatga qolganini gapirib berdi, aytgan so’zlarining chin ekanligini qasam ichib tasdiqdadi. Podsho bunday kirdikorlari uchun shu zahoti Geliyni qatl ettirmoqchi bo’lgan edi, lekin Ezop uni bu niyatidan qaytardi. Geliy agar qatl etilsa, o’lim uning hayotidagi bu sharmandagarchiliklarni bekitib ketadi, agar u hayot qolsa o’zi uchun o’zi vijdon azobiga aylanishini aytdi. Podsho uni kechirishga rozi bo’lib Ezopga dedi: - Misr podshosi bizga nima deb yozganini o’qi. Ezop masalani o’qib chiqib, kulimsirab dedi: - Unga quyidagicha javob yo’lla: “Minora quruvchilarni ham, sening savolingga javob bera oladigan odamni ham qish o’tishi bilan jo’nataman”. Podsho xuddi shunday deb yozib, elchilar orqali bu xatni Misrga jo’natib yubordi. Podsho Ezopni yana xazinabon qilib tayinladi, Geliyning gunohini esa vijdoniga havola qildi. Ezop yigitchani oldiga chaqirtirib, unga pand-nasihat qilib, mana bu gaplarni aytdi: “Eng avvalo Tangrini munosib tarzda ulug‘la. Keyin esa podshohni izzat qil. Chunki podshoh va Tangri hukmi tengdir. Ustozingni ota-onang qatorida hurmatla. Ota-onani senga tabiat ato etgan bo‘lsa, ustozing seni o‘z ixtiyori ila sevadi. Shuning uchun undan ikki karra minnatdor bo‘lmog‘ing joiz. Ertangi ishlar uchun salomatliging yaroqli va kuch-quvvating yetarli bo‘lishini istasang, kundalik taoming sifatli va yetarli bo‘lsin. Bevaqt o‘lim topmasliging uchun shoh saroyida eshitganlaringning hammasi ichingda o‘lsin. Yoshing o‘tib qolganda ilm olishdan uyalma. Zero, hechdan ko‘ra kech ilm olmoqlik afzaldir. Puling ko‘p bo‘lsa quvonma, kam bo‘lsa kuyinma”. Lekin Ezop Delfani ko’rishni orzu qilardi. Shu sabab u podsho bilan xayrlashar ekan, sayohat qilib bo’lgach, qaytib Bobilga kelishga va umrining oxirigacha shu yerda qolishga so’z berdi. O’zining donishmandligi va zakovatini namoyish etib, Yunoniston shaharlari bo’ylab ko’zlagan manziliga qarab ketdi. Nihoyat u Delfaga ham yetib keldi va shu yerda o’z ma’ruzalarini o’qiy boshladi. Xalq avvaliga uni jon deb tinglardi-yu, lekin haqini to’lashga kelganda hech narsa berishmasdi. Ezop esa ularning ustidan kulib bunday dedi: Siz delfaliklar, dengizda u yoqdan bu yoqqa suzib yuradigan g’o’laga o’xshaysizlar, agar o’sha g’o’laga uzoqdan turib qarasang, uni to’lqinlar uzra suzib yurishini ko’rib, nimagadir yaraydigan narsa bo’lsa kerak deb o’ylaysan, yaqinroq borib qarasang, bir tiyinga qimmat ashyo ekanligi ko’rinadi. Xuddi shunday men ham sizlarning shahringizga qiziqib juda olijanob bo’lsangiz kerak deb o’ylagan edim, lekin endi ko’rib turibmanki, men siz va shahringiz borasida qattiq adashgan ekanman. Sizlardan hech qachon yaxshilik chiqmaydi. Yashash sharoitingiz ham dunyodagi barcha xalqlarnikidan yomon, o’zingizni ham shunday tutyapsizki, ajdodlaringizdan ham oshib tushgansiz. - Sen yana qanaqa ajdodlarimiz haqida gapiryapsan? — deb xitob qilishdi delfaliklar. - Qul ajdodlaringiz haqida, holbuki, sizning bundan xabaringiz bo’lmasa, bilib oling. Qadimdan yunonlarda shunday odat bo’lgan, dushman shahrini bosib olib, o’ljaning yuzdan o’n qismini Apollonga qurbonlik qilishgan — har yuz buqadan o’n buqani, har yuz echkidan o’n echkini va boshqa narsalardan ham xuddi shu tarzda xoh oltin bo’lsin, xoh qullar yoki cho’rilar bo’lsin o’n qismini qurbon qilishgan. Sizlar ana o’sha qullarning avlodlarisiz, bundan chiqdi sizlar ham ozod bo’lmagan odamlar toifasiga kirasizlar, bu esa deyarli tutqun degani: sizlar tug’ilishingizdanoq barcha yunonliklar uchun qulsizlar. Shunday deb, Ezop o’z yo’lida davom etdi. Shahar amaldorlari o’zlari haqida Ezopning aytganlarini eshitib o’ylanib qoldilar: “Agar biz uni ketishiga yo’l qo’yib bersak u boshqa shaharlar bo’ylab hammaning oldida bizni sha’nimizni yerga urib gapira boshlaydi”. Va ular qabih reja tuza boshlashdi. Bu ishda ularni Ezop qahrini keltirgan Apollonning o’zi qo’lladi. Ezopni taniydigan ziyoratchilar uning yonini olmasligi uchun jo’yali bahona topish kerak edi, shuning uchun ular ayyorlik qilib tuhmat yo’lini tutishdi. Ular Ezopni xizmatkori uxlab qoladigan paytni poylab turib o’z yovuzliklarini amalga oshirdilar. Ezopning yuklarini orasiga ibodatxonadagi oltin jomni bekitib qo’yishdi. Ezop bundan bexabar edi. Mana Ezop sayohatini davom ettirish niyatida Fokida tomon yo’l oldi. Delfaliklar esa uning ortidan quvib kelib, qo’l-oyog’ini bog’lab, shaharga qaytarib olib kelishdi. Nima sababdan mening qo’l-oyog’imni bog’ladinglar, zorlandi Ezop. Sen ibodatxonamizdan tilla buyumlarni o’g’irlagansan! — deyishdi unga javoban. Hech nimadan bexabar Ezop ko’ziga yosh olib, dedi: Agar biron-bir narsa o’g’irlagan bo’lsam qatl etinglar. Delfaliklar uning yukini tit-pitini chiqarib oxiri oltin jomni topishdi, butun shahar ahliga uni ko’rsatib, Ezopni urib-so’kib sharmanda qilishdi. Ezop o’zini himoya qilmoqchi bo’lib har qancha gapirmasin, hech kim unga quloq solmadi. Ezop ularga qarata: Sizlar insonsizlar, shunday ekan, insoniylik g’amida bo’linglar, xudolar esa o’zining g’amini qiladi, dedi. Lekin ular Ezopni zindonga tashlab, qatl etishga qaror qilishdi. Buni ko’rgan Ezop, qutulib ketishiga ko’zi yetmay: Men bir bandaman, taqdirda yozilganidan qochib bo’lmaydi, - dedi. Ezopning bir do’sti bor edi, u pora berib soqchilardan iltimos qilib zindondagi mahbusning oldiga kirdi: Endi ahvolimiz nima kechadi?! — so’radi u yig’lamsirab. Bunga javoban Ezop unga masal aytib berdi: Bitta ayolning eri qazo qilibdi, ayol erining qabri oldida o’tirib achchiq -achchiq yig’layotgan edi. Shu atrofda dalada yer haydab yurgan bir dehqon uni ko’rib qoldi va ayolga nisbatan unda hirs uygonibdi. Dehqon haydayotgan yerni, buqalarini tashlab, ayolga yaqinroq joyga borib o’tirib oldi. O’zini gam-anduhga botgan odamdek ko’rsatib ko’z yoshi qila boshladi. Ayol yig’lashdan to’xtab, “nimaga buncha g’amdan kuyinyapsan” deb so’radi. Mening xotinim bor edi, endi esa u vafot etdi. Uni eslab yig’lasam ancha yengil tortaman, — dedi dehqon. - Men ham o’zim uchun aziz bo’lgan erimni yo’qotdim, yengil tortish uchun ko’z yoshimni to’kyapman, — dedi ayol. Shunda dehqon ayolga qarab: - Agar ikkalamizning ham qismatimiz bir xil tarzda achchiq ekan, nimaga do’stlashmasligimiz kerak ekan? Men seni rahmatli xotinimni sevganimdek sevaman, sen esa meni xuddi eringni yaxshi ko’rgandek yaxshi ko’rasan, — dedi. Shunday gaplar bilan dehqon ayolni yaqinlikka ko’ndirib maqsadiga erishibdi. Dehqon yangi topgan sevgilisi bilan vaqtini o’tkazgunicha, o’g’ri kelib dehqonning buqalarini omochdan chiqarib, haydab olib ketibdi. Dalaga qaytib kelgan dehqon buqalarining izi ham g’oyib bo’lganini ko’rib endi rostakamiga ho’ngrab ko’z yosh to’ka boshladi. Ayol undan yana so’rabdi: - Nimaga bunchalik g’am chekib ko’z yosh qilyapsan? Dehqon esa unga javob beribdi: - Eh ayol, endi g’am chekib kuyinish uchun haqiqatdan ham sabab bor! Hammasini ko’rib turib, men bilan nima falokat yuz berganini so’rab nima qilasan, — deb javob berdi. Kuyib pishayotgan do’sti Ezopga qarab: - Seni nima jin urdi, hayoting shu xalq aholisining qo’lida ekanligini bila turib haqorat qilyapsanmi? Donoliging qani? Donishmandliging qani? Qanchadan qancha xalqlarga, davlatlarga foydali maslahat bergan odam, o’zing uchun aql topa olmadingmi? Do’sti achchiq ko’z yoshlarini to’kib, uni tark etdi. Delfaliklar Ezopning oldiga kelib: - Seni bugun qoyadan pastga uloqtiramiz, biz seni mana shu tariqa qatl etishga qaror qildik. Dahriyliging va g’iybatchiliging tufayli sen dafn etilishga loyiq emassan, o’limingga tayyorlan, — deb aytishibdi. Ezop ularning tahdidlarini eshitib, bitta masal tinglashni taklif qildi, ular Ezopni gapirib qolishiga qo’yib berishdi: - Hayvonlar hali gapira oladigan davrlarda, bitta sichqon qurbaqa bilan do’stlashib qoldi va uni mehmonga chaqirdi. Qurbaqani non, go’sht, pishloq zaytun, anjirlar bilan liq bo’lgan katta omborxonaga olib kelib: - Osh bo’lsin! — dedi. Yaxshigina mehmondorchilikdan keyin qurbaqa ham o’z navbatida: - Endi sen ham menikiga mehmonga kel, men seni bundan kam bo’lmagan tarzda yaxshilab siylayman, — dedi. Keyin u sichqonni ko’lmak yoniga boshlab kelib: - Ketdik suzamiz, — dedi. - Men suzishni bilmayman, — debdi sichqon. - Hechqisi yo’q men senga o’rgataman, - debdi qurbaqa va ip bilan sichqonning oyog’ini o’zining oyog’i bilan birga bog’lab ko’lmakka sakrabdi, shu tariqa sichqonni o’zi bilan suvga tortib ketibdi. Cho’kib borayotgan sichqon: - Men o’lyapman, lekin o’lgan holimda ham baribir sendan qasdimni olaman, — debdi. Qurbaqa ko’l tubiga sho’ng’igan edi, sichqon cho’kib ketibdi. Lekin sichqonning o’ligi suv yuzasiga qalqib chiqib, to’lqinlar uzra suzib yurganida, qarg’a uchib kelib uni suvdan ilib olibdi, u bilan birga esa ipga bog’langan qurbaqa ham havoga ko’tarilibdi. Qarg’a avval sichqonni yebdi, so’ng qurbaqani ham paqqos tushiribdi. Sichqon mana shu tariqa qurbaqadan qasos olishga erishibdi. Fuqarolar, mening o’limim ham sizlarning yovuz taqdiringizga aylanadi: lidiyaliklar ham, vavilonliklar ham, deyarli butun Yunoniston ham mening o’limim mevasini yeydi. Ezop shunday deb gapini tugatibdi, lekin delfaliklar uning gapiga quloq solmay, qoyalar tomon sudray boshlashibdi. Ezop bir amallab ularning qo’lidan qochib chiqib ilohlar haykali qo’yilgan yerga kelibdi, lekin bu yerda ham hech kim unga shafqat qilmabdi. Shunda Ezop o’zini kuch bilan sudrab olib ketayotganlarga qarata: - Delfa fuqarolari, bu muqaddas ziyoratgohni oyoqosti qilmang, gaplarimga quloq tuting. Xuddi shunday bir gal quyon burgut changalidan qochib, go’ng qo’ng’izdan uni himoya qilishini so’ragan ekan. Qo’ng’iz burgutdan Zevs haqqi uning faqirligidan hazar qilmaslikka, himoyasidagi quyonga rahm qilishga chaqirdi. Lekin burgut qanotlari bilan qo’ng’izni uloqgirib tashlab, quyonning tilka-porasini chiqardi. G’azabga mingan qo’ng’iz burgutning ortidan poylab borib, uning ini qayerdaligini bilib olibdi. Indagi tuxumlarni turtib sindirib, o’zi esa uchib ketibdi. Qaytib kelgan burgut buni ko’rib g’azabga keldi, shu dam qo’ng’izni topsa bormi uning tilka-porasini chiqarardi, keyingi yil u inini balandroq yerga qo’yibdi. Qo’ng’iz uchib kelib, yana uning tuxumlarini turtib tushirib yubordi, o’zi bekinib oldi. Darg’azab burgut Zevs bizning zotimizni qirib tashlamoqchi, deb achchiq zorlanibdi. Keyingi yil burgut tuxumlarini iniga qo’ymay, Zevsning makoni bo’lgan Olimp cho’qqisiga uchib chiqib, ularni Zevsning tizzasiga qo’ydi va: - Qo’ygan tuxumlarim ikki marta nobud bo’ldi, uchinchi marta endi ularni senga ishonib topshiryapman, ularni qutqar, - dedi Bu haqda bilib qolgan qo’ng’iz, go’ng uyumidan bir siqim olib, Zevsning huzuriga uchib bordi va uning burni oldida gir aylanib ucha boshladi. Iflos mahluqni ko’rgan Zevs birdan sakrab o’rnidan turib ketib tizzasidagi tuxumlarni ham unutib qo’ydi va tuxumlar sindi. Shunda Zevs go’ngqo’ng’iz qasos olayotganini anglab qoldi va burgut uni yoniga qaytib kelganida, unga: - Seni zurriyodingdan mahrum qilishganining sababi bor ekan-da! Sen qo’ng’izni nazaringga ilmabsan, tuxumlarni sen qo’ng’izni xafa qilganing uchun yo’qotding, — dedi. Qo’ng’iz qo’shib qo’ydi: - U faqat meni xafa qilibgina kolmay, seni ham qattiq haqorat qildi, axir men unga sening noming bilan yolvorgan edim, u bo’lsa qo’rqmasdan mening himoyamdagi quyonni o’ldirdi. Endi men undan oxirigacha qasos olmaguncha tinchimayman. Zevs, burgut avlodi butkul yo’q bo’lib ketmasligi uchun, qo’ng’izdan g’azabini rahm-shafqatga almashtirishini so’radi: lekin qo’ng’iz rozi bo’lmadi, shundan keyin Zevsga burgutlarni tuxum qo’yish vaqtini, qo’ng’izlarni uchmaydigan vaqtiga belgilashiga to’g’ri keldi. Mana siz ham Delfa fuqarolari, men najot izlagan muqaddas joylarni haqorat qilmang, bu ibodatxona unchalik yuksak bo’lmasa ham: go’ngqo’ng’iz haqidagi rivoyatni esda tuting va mehmondo’st Zevsning Olimp cho’qqisini unutmang. Bu gaplar baribir delfaliklarning fikrini o’zgartira olmadi, ular Ezopni tikka qoyaning yoniga olib kelib, chekkasiga chiqarib qo’yishdi. Ezop umrining oxirgi daqiqilari yetib kelganini bilib, dedi: - Men sizlarni turli yo’sinlar bilan bu niyatlaringdan qaytarishga harakat qilyapman, lekin bari bekor: shuning uchun men sizlarga hech bo’lmasa bitta masal aytib beraman. Bir dehqon butun umri davomida biror marta shaharni ko’rmagan ekan. U qariganida orzusi amalga oshishi uchun shaharga yuborishlarini so’radi.Uyidagilar aravaga eshakni qo’shib berar ekan, bunday deyishibdi: - Sen ularni niqtab boraver, ularning o’zi seni shaharga olib boradi. Lekin dehqon yo’lda tun va noqulay ob-havoga duch keldi va eshaklar adashib uni qandaydir jarlik yoqasiga olib kelishdi. U qanday falokat yuz berganini ko’rib, hayqiribdi: - Hukmdor Zevs, nima uchun menga bunday bo’lmag’ur o’lim nasib etding? Otlar bo’lsa ham mayli edi, bo’lmag’ur eshaklar qo’lidan o’lim topgandan ko’ra! Men uchun ham obro’li odamlar qo’lida emas, qul zotining qo’lida bekorga o’lib ketayotganim juda achinarli. Men ham sizga, delfalik fuqarolar, shuni aytmoqchiman. Kutmagan va bilmagan holda sizlarning qo’lingizda o’lim topgandan ko’ra, Suriya, Finikiya, Iudeyada sang’ib yurganim ancha afzal edi. Lekin delfaliklar o’z niyatlarida qat’iy turib olishdi. Shunda Ezop ularni la’natlay boshladi. Febni, ilohlar yetakchisini o’zining begunoh o’limiga guvohlikka chaqirdi, keyin o’zini tepadan pastga tashladi va shu tariqa fojiali o’lim topdi. Delfaliklarga o’lat tegdi. Zevs xizmatidagi kohinlardan biri ularga Ezopning o’limi uchun gunohlarini yuvishlari kerakligini aytdi. Bu xabarni butun Yunoniston, Bobil hamda samosliklar eshitdi va ular Ezopning o’limi uchun qasos oldilar. Ezopning tarixi, faoliyati va hayotining yakuni shundan iborat. Download 128 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling