Millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglik — yuksalish poydevori
Download 89.4 Kb. Pdf ko'rish
|
Millatlararo totuvlik va dinlararo bag\'rikenglik — yuksalish poydevori
Millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglik — yuksalish poydevori — Biz tarixiy oʻzgarishlar va evrilishlar zamonida yashamoqdamiz. Ayni paytda koʻz oldimizda kechayotgan yangilanish va islohotlar oʻz- oʻzidan roʻy berayotgani yoʻq — bu qanchadan-qancha zahmatu mehnatlar, qanchadan-qancha ezgu orzu-niyatlarning saodatli roʻyobi, chinakam bunyodkorlik namunasi! Jamiyatdagi ma’naviy va ijtimoiy ong hamda tafakkurning zamon shiddatlariga mos tarzda yangilanayotgani eldoshlarimiz qalbida, yuragida keng koʻlamda aks- sado bermoqda. Bugungi kun tili bilan aytganda, inson qadriga e’tibor har qachongidan kuchaymoqda, tom ma’noda insonning ong va tafakkuri oʻzgarmoqda. Odatda buyuk shaxslar haqida gap ketganda, buyuk bunyodkorlar, yoʻlboshchilar va hatto xalqning tarix va taqdirida, kelajagini yaratishda naqadar muhim ahamiyat kasb etganini ularning mana shu buyuk bunyodkorlik va yaratuvchanlik qudratida koʻramiz. Shu ma’noda milliy Uygʻonish zamoni, yangi Uchinchi Renessans gʻoyasining aynan Prezidentimiz tomonidan yangi Oʻzbekistonimizda yangicha shiddat va ishonch bilan boshlangani, koʻz oʻngimizda ulugʻvor va muazzam oʻzgarishlarning roʻyobga chiqayotgani aqlu shuurimizni qamashtirib, xayol va tasavvur olamimizni boyitib yuboradi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng va teran miqyosdagi islohotlardan nihoyatda ulkan samaralar kutilayotganini bugun hammamiz yaxshi anglaymiz. Prezidentimiz rahnamoligida xalqimiz naqadar katta marralarni, naqadar ulugʻvor orzu-niyatlarni koʻzlab, 17.12.2022, 00:07 Стр. 1 из 13 shashtu shiddat va shijoat bilan mehnat qilayotganini jahon hamjamiyati koʻrib, hayratda lol boʻlayotgani sir emas. Madaniyat, adabiyot va san’atni rivojlantirish borasidagi ishlar tub islohotlarning oʻq ildizlaridan birini tashkil etadi. Xalq irodasi, el-yurt xohish-istagi bilan roʻyobga chiqarilayotgan maqsad-muddaolarning har birining zamirida olamjahon mazmun bor. Bugun adabiyotimiz, san’at va madaniyatimiz rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor Prezidentimizning ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvda: “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulugʻ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san’atimiz ham albatta boʻladi”, deb aytgan soʻzlarini yana bir bor esga soladi va asosiy maqsadimiz nima ekanini oydinlashtiradi. Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov va Xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovning 80 yilligi hamda Xalq artisti Botir Zokirovning 85 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qarorlar ham ana shu ulugʻvor maqsadga erishish yoʻlidagi katta sa’y-harakat namunasidir. — Har qanday davr va zamondagi oʻzgarishlar xalq ruhiyati va ma’naviyatidagi ustunliklar bilan chambarchas bogʻliq. Oʻtmishdan kerakli saboq chiqarib, bugungi kunga baho berish va kelajak uchun ilhombaxsh gʻoyalarni taqdim etishda ijodkorlarning salohiyati va dunyoqarashi muhim ahamiyat kasb etadi. Sizningcha, bugungi kun ijodkori ma’naviy islohotlar jarayonida qay darajada faol boʻlmogʻi kerak? — Hech qanday shamol besabab esmaydi. Har qanday koʻchat va yo navnihol ham oʻz-oʻzidan oʻsib daraxtga aylanavermaydi. Donishmand bobolarimiz “nihon ichra paydo, paydo ichra pinhon” deganlariday, goh yorugʻ, goh qorongʻu bu olamda “qora yer qa’ridan to Zuhal avjiga qadar” tafakkur qilib koʻrsangiz — butun Yer va koinot, 17.12.2022, 00:07 Стр. 2 из 13 borliq mavjudot sabab va mohiyatdan iborat buyuk bir qonuniyat bilan yashayotganiga imon keltirasiz. Shunday boʻlmaganida edi, ulugʻ shoirlarimiz qiyin va qabohat zamonlarda “Oʻzing murabbiysan, xabar ber, Quyosh”, deya osmonu falaklarga qarab, nolakor va na’ravor satrlarni hayqirmagan boʻlardi. Biz XXI asrda, kishilik jamiyatida yashayapmiz. Nasib etsa, oradan hech qancha vaqt oʻtmay — bor-yoʻgʻi yigirma yo oʻttiz kundan keyin — “yigirma bir” sanasi bilan raqamlangan bu asrning yigirma birinchi yiliga ham qadam qoʻyamiz. Xudo xayrli qilsin, deymiz. Barcha ezgu ishlarimiz, orzu-niyatlarimizni Yaratganning Oʻzi oʻngidan keltirsin, deya tilaklar bildiramiz. “Zamondan koyinmanglarki, zamonning egasi Parvardigordir”, deyiladi Termiziy bobolar yiqqan hadis kitoblarida. Buning zamirida, zamondan koyinmoq — Yaratganning Oʻzidan koyinmoqdir, degan buyuk ma’no va ibrat mujassam. Donishmand ajdodlarimiz “Har bir tugʻilajak odam zurriyoti ilohiy ma’rifat bilan dunyoga keladi” singari umrboqiy hikmatlar xazinasini bebaho ma’rifiy meros sifatida bizga qoldirib ketgan. Demak, oʻz-oʻzidan koʻrinib turibdiki, hamma gap ta’lim-tarbiya, bilim va ma’rifatga kelib taqalyapti. Siz bergan savollarni davrning oʻzi koʻndalang qoʻyayotir. Tan olish kerak, jiddiy va keng qamrovli, koʻlam va zalvori jihatidan Vatan taqdiri, millat miqyosi bilan teng keladigan zamon savollariga dabdurustdan javob berish oson emas, albatta. Biz barchamiz otalarmiz, onalarmiz, opa-singil, aka-uka, ogʻa va inilar — bir soʻz bilan aytganda, qondosh va jondosh, mehrparvar ham saxovatpesha, bagʻrikeng bir xalq, bir Vatanning dildoshlari, dilbandlarimiz. Bir joyga borsak, ortimizdan goʻyo butun el-yurt, bor urugʻ-aymogʻimiz qarab- kuzatib turganday — yaxshi ishimizdan eldoshlarning yuzi yorugʻ, nojoʻya qilmishimiz butun millatning yuzini shuvut qilib, nomiga isnod keltirish bilan barobar ekanini, ayniqsa, bugungi sertahlika dunyoda 17.12.2022, 00:07 Стр. 3 из 13 yana-da teranroq anglayotirmiz. Bobur hazratlari “Hech narsa Xudoning izmisiz xorij sodir boʻlmas”, deganlariday, modomiki, gap davru zamon xususida borar ekan, bobo tariximiz, uzoq va yaqin oʻtmishimizga nazar tashlasak, buyuk saltanatlar, ulugʻ va qudratli hukmdorlar jahon siyosat maydoniga bejiz-besabab chiqib kelmaganining guvohi boʻlamiz. Yaratgan Egam elu yurtga boqib, xalqning xohish-irodasi nechogʻliq ulugʻvor va ustuvorligiga qarab, shunga munosib va mutanosib yoʻlboshchilarini yuboradi, degan naql jahon xalqlari tarixida ham, oʻzimizning tarixda ham bor gap. Xalq ruhiyati va ma’naviyatidagi ustunliklar deganda nimani tushunamiz? Xalq — tarix degani, tarix esa bugun va kelajak demakdir. Soʻz ham bunyodkor boʻla oladimi, deyishingiz mumkin. Boʻlmasa “Soʻz mulkining sohibqironi”, “Gʻazal mulkining sultoni” degan barhayot iboralar qayerdan chiqib kelgan? Tarixiy manbalarning guvohlik berishiga koʻra, Amir Temur bobomiz Shahrisabzda bunyod ettirgan, muazzam Oqsaroy peshtoqlarida koʻp ilohiy yozuvlar qatori “Podshohlarning soʻzlari — soʻzlarning Podshosidir” degan bitik ham naqsh etilgan ekan. Hazrat Alisher Navoiyning birgina “Chunki topdim ul kalom ichra kamol” misrasini sharhlab bermoq uchun — uning talqin va tahlili uchun necha bir diniy-tarixiy kitoblarni titkilab chiqishga toʻgʻri keladi. Tarix — bugungi kun va kelajak, bilim va ma’rifat deganidir. Ajdodlar ohi, qilichlar zangiyu qasoskor bobolar sanchib ketgan qasamlar unutilmaydi. Barchamiz sha’nu shavkati baland elning farzandlarimiz. Bundan gʻurur va iftixor etmoq — bu yuksak tuygʻu va tushunchalarni yurak-yurakdan his etmoq uchun esa millat bolalaridan katta salohiyat va bilim talab etiladi. 17.12.2022, 00:07 Стр. 4 из 13 Zamon oʻz Bunyodkorini yaratgani kabi, Bunyodkor zamon binosini barpo etadi. Bu binoning peshtoqlariga “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Kitobsiz kelajak yoʻq”, “Oʻz bolangni oʻzing asra”, “Adabiyot xalqning yuragi”, “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, “Til bor ekan — millat barhayot”, “Ma’rifat. Ma’rifat. Yana bir karra ma’rifat!” singari zamon hikmatlarining bitilganiga hali hech qancha vaqt boʻlgani yoʻq... Biz barchamiz Prezidentimizning xalqni millatga, mamlakatni Vatanga aylantira olish qudratiga ega tarixiy ma’ruzalari zamonida yashayapmiz. Birgina “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” da’vatining oʻzi mamlakatimiz ma’rifiy olamini junbishga keltirgani ham ayni haqiqat. Tarixiy va umrboqiy iqtiboslar zoʻrma- zoʻraki oʻylab topilmaydi. Xalq va millat taqdiri, uyqusiz va bedor tunlar, uygʻoq ong va tafakkur mahsuli boʻlmish chinakam iqtiboslar qalb qoni bilan yaraladi. Shu bois, xalq qalbida keng aks-sado beradi. Soʻzning Bunyodkorligi, yaratuvchanlik qudrati ham shunda. Nima uchun Qodiriy boboning “Moziyga qaytib ish koʻrish xayrlik, deydilar” soʻzlari yuz yildan beri xuddi kecha yozilganday, yangiligicha yashab kelayotir, buning sabab va mohiyati nimada? Yana bir iqtibosga e’tibor bering: “Modomiki, biz yangi davrga oyoq qoʻydiq, bas, biz har bir yoʻsunda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashishimiz va shunga oʻxshash dostonchiliq, roʻmonchiliq va hikoyachiliqlarda ham yangarishgʻa, xalqimizni shu zamonning “Tohir va Zuhro”lari, “Chor darvesh”lari, “Farhod va Shirin” hamda “Bahrom goʻr”lari bilan tanishtirishka oʻzimizda majburiyat his etamiz...” “Oʻtkan kunlar” romanining kirish qismidagi soʻzboshidan olingan bu iqtibosni asar va muallifning nomlarini qoʻymasdan oʻqilsa agar — bu gaplar xuddiki bugun, aynan bugungi zamon ijodkorlari uchun bitilganday, goʻyoki Abdulla Qodiriy hazratlari Samarqand 17.12.2022, 00:07 Стр. 5 из 13 darvozadagi hujralarida bugun erta tongdayoq yaxshi niyatlar bilan turganlar-u qalamkash nevaralarimga bir yoʻl-yoʻriq koʻrsatay, deya qogʻozga tushirib qoʻyganday. “Yozgʻuvchidan” deb nomlangan muxtasargina muqaddimaning biz misol keltirmagan ikkinchi boʻlagida “...havasimda jasorat etdim, havaskorlik orqasida kechaturgan qusur va xatolardan choʻchib turmadim”, deb aytarkan, buyuk adib oʻz aziz boshini ixtiyoriy ravishda mustabid tuzumning qatlkundasiga qoʻyayotganini juda yaxshi anglardi. Ich-ichidan sezib-bilib turgani uchun ham millat taqdirining, ta’bir joiz boʻlsa, goʻzal va buyuk qaygʻunomasi boʻlmish oʻlmas asarini yozmoqqa “jasorat etdim”, deydi. Benazir adibimiz nainki oʻz davri, balki bugungi va ertangi kun ijodkorining tarix, davru zamon va kelajak oldidagi burch va mas’uliyatini ham nazarda tutmoqda. “Navoiy, soʻz ayturda mardona boʻl”, deydilar buyuk bobokalonimiz. Bu degani — soʻzda yolgʻon va muttahamlik ketmaydi. Soʻz nomardlikni koʻtarmaydi. “Hech oson boʻlmagan Abdullalarga”, deya maqomi yuksak otdoshlariga bagʻishlovlar bitgan ustozimiz Abdulla Oripov ham “She’rni mard kishi yozadi, tamom-vassalom!”, der edilar. Zamon hikmatiga aylangan bu soʻzlar hozirgi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmasdan, dolzarbligicha qolmoqda. Aytganingizday, biz haqiqatan ham shiddatli bir davrda, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ayni paytda keng koʻlamli ma’naviy va ma’rifiy islohotlar zamonida yashayapmiz. Qizgʻin va joʻshqin jarayonlar hammamizni, jumladan, ijod ahlini ham bir-bir saralab, elakdan oʻtkazayotir. Nima holat boʻlgan taqdirda ham, shoir yoki yozuvchi oʻz davrining farzandi, davrning voqea-hodisalari, oʻzgarish va evrilishlaridan ayro holda yashay olmaydi. Vijdon uygʻoqligi, qalb bedorligi uning ijtimoiy faolligini belgilaydi. 17.12.2022, 00:07 Стр. 6 из 13 Hech boʻlmaganda, Sardoba fojiasini boshidan kechirgan, sirdaryolik oqsoqol Otaboy bobo Egamberdiyev Prezidentimiz huzurida joʻshqin zavqu shavq va hayajon bilan “Sardoba siti” deya ta’rif bergandek, qisqa muddatlarda bunyod etilgan, el-yurt irodasi va shijoatining timsoli boʻlmish Sardoba moʻjizasiga ham guvoh boʻlgan xalqning, hech boʻlmaganda, yap-yangi, yop-yorugʻ shu uylarda qalbi ham, yuzi ham oftobday yorishgan shu elning bir xonadoniga kirib, oila ahlining quvonchu baxtiga sherik boʻlish ham ijodkor kishi uchun burch va vijdon ishi hisoblanadi. Bu dunyoda bugʻdoying ham, bugʻdoy soʻzing ham boʻlsin ekan. Biz kitob sovgʻa qilganimiz xonadon sohibalari — munis va mushfiq onaxonning duolariyu rangpargina navjuvon kelinchakning taskin- tasalli soʻzimizdan oʻpkasi toʻlib ketib, toʻkkan sevinch yoshlarini siz ham koʻrsangiz edi. Biz ham bu xonadondan “labda tabassumu koʻzda yosh bilan” ketdik. Shu asnoda, beixtiyor, Navoiy bobomizning birovning buzilgan va tushkun koʻnglini koʻtarib, xotirini xushnud qilmoq vayron boʻlgan Ka’bani obod etmoq bilan barobardir, mazmunidagi el aro dovruq qozongan ma’lum va mashhur baytlari esga keladi. — “Biz keng koʻlamli demokratik oʻzgarishlar, jumladan, ta’lim islohotlari orqali Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni oʻzimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo, Uchinchi Renessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerak”. Davlatimiz rahbarining ushbu gaplarini mamlakatimiz ijodkor ziyolilarining bir vakili, qolaversa, xalq shoiri sifatida qanday sharhlagan boʻlardingiz? — Prezidentimiz milliy Uygʻonishning toʻrt uzviy halqasi qatorida “Yangi Renessansning beshinchi halqasi, beshinchi ustuni, ya’ni 17.12.2022, 00:07 Стр. 7 из 13 ma’naviy-ma’rifiy hayotimizdagi eng mustahkam ustun boʻladi”, deb ota-onalarga katta ishonch bildirar ekan, bu oʻrinda, keng qamrovli oilaviy tarbiyaning naqadar muhimligi, ustunning poydevori, bu poydevorning ustuvor va yemirilmas asoslari oila muhitida, uzluksiz va muttasil oilaviy ta’lim-tarbiya orqali qoʻyilajagiga alohida urgʻu berilmoqda. Ustun bilan ustuvor — qarindosh-urugʻ, ota-bola, ogʻa-ini soʻzlar, Ustun ustuvor boʻlmogʻi uchun poydevor, poydevor mahkam boʻlmogʻi uchun asos mustahkam boʻlishi shart va zarur. Buni qarangki, “asos” soʻzining tilimizdagi yana bir ma’nosi “asil”, “mustahkam” soʻzi esa “sogʻlom” degan ma’noni ham bildirarkan. Shu jihatdan xalqning “Sogʻlom tanda — sogʻlom aql” maqoli bilan Fitrat muallimning “Bu dunyo — kurash maydoni. Sogʻlom tan, oʻtkir aql, yaxshi axloq bu maydonning qurolidir”, degan soʻzlari tarixga nisbatan qaralganda, tarixdosh va asrdosh boʻlish bilan birga, taqdirdosh va asosdosh hamdir. Yoʻldosh va qoʻldosh boʻlish barobarida, ayovsiz jang ketayotgan ma’naviyat frontining qurdosh- quroldoshlaridir ham. Bu kurash maydonida talay talafotlar, talay ofatlar boʻlishi tabiiy. Bunda yengil ish boʻlmaydi, “yengil ish — yengilish” deb qabul qilinadi. Prezident matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan “Ostonam. Yuksalish formulasi” hujjatli filmini butun xalqimiz katta hayajon va qiziqish bilan tomosha qildi. Ba’zi holatlarda koʻzlarda yoshlar qalqdi... Bilasizmi, bir ijodkor sifatida film ijodkorlariga ham, undagi yorqin lavhalar, bugungi oʻgʻil-qizlarimizning jonli va samimiy holatlariyu ularning orzu-umidlariga, rosti gap, havaslarim kelib ketdi! Ikkinchi tomondan, shu elning bir shoiri sifatida — paxta dalasidan chiqib kelayotgan begʻuborgina qishloq oʻquvchilari oldida, Prezidentimiz alohida ehtirom bilan “Bugungi kunimizning haqiqiy ma’rifatparvari, davrimizning Avloniysi, Fitrat domlasi, Munavvar 17.12.2022, 00:07 Стр. 8 из 13 qorisi”, deya ta’riflagan oddiygina qishloq oʻqituvchisi Toʻxtamurod Jumayevning zahmatkash qiyofasiyu u kishining yonida xokisorgina yondashib turgan oilasining, “Mana shu medallarini olganlariga, Allohga shukrlar boʻlsin, ana...” deya hassaga tayangancha qarab qolgan kamsuqumgina onaxonning egik jussasi — umriy zahmatlari bilan fidoyiligi oldida oʻzimni nochor-notavon aybdorday his etdim! Bilasizmi, nima uchun? Bunday odamlar haqida yozish kerak, Vatanga sadoqati va fidoyiligi haqida asarlar, qissalar, qasidalar, dostonlar yozib, olamga jar solish kerak! Toki boshqalar ham koʻrsin, bilsin, oʻrgansin, ibrat olsin, tarbiya olsin! Biz-chi, ulgurmayapmiz deymiz, pandemiyani roʻkach qilib, pand yemay deya pandemiyaga ham pand beramiz. Holbuki, qirq-ellik daqiqalik hujjatli bir filmgina uncha-muncha shoiru yozuvchilarimiz qilishi kerak boʻlgan ishni qisqa muddatda amalda koʻrsata oldi. Uning ta’sir kuchi keng qamrovli boʻldi, eldoshlarimiz qalbida keng aks-sado berdi. Bugungi zamon ijodkori shunday ishlashi kerak. Milliy Uygʻonish davri Yangi Oʻzbekistonimiz solnomasining jonli va haqqoniy muqaddimasi sifatida kelgusi avlodlar uchun ham bunday asarlarning tarixiy- tarbiyaviy ahamiyati beqiyosdir, deb oʻylayman. — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi oldiga qanday muhim vazifalarni qoʻydi? Bugungi avlod ijodkorlari ruhiyatiga mumtoz adabiyotimiz ta’sirini yana- da kuchaytirish uchun nimalar qilish lozim deb bilasiz? — Prezidentimiz qarori — milliy va ma’naviy hayotimizdagi yana bir tarixiy-ijtimoiy voqea, mamlakat miqyosida rasman birinchi marta keng nishonlangan qutlugʻ sana Oʻzbek tili bayrami arafasida qabul qilinganligi, “Oʻzbek tili va adabiyotini, milliy madaniyatimizni yana-da ravnaq toptirishga qaratilgan amaliy harakatlarimiz bilan uygʻun va 17.12.2022, 00:07 Стр. 9 из 13 hamohangligi” jihatidan ham umummilliy va umumbashariy ahamiyat kasb etadi. Birgina tarixiy misolga murojaat qilaylik. Hassos va otashnafas shoirimiz Hamid Olimjon Ikkinchi jahon urushidan uch yilcha avval “Navoiy — oʻzbek tilining yaratuvchisi” maqolasida shunday yozadi: “Navoiy davri oʻzbek tarixiy adabiyotining eng yuksak davridir. Oʻzbek adabiy tili ana shu Navoiy davridagina yuzaga keldi, ishlandi, zoʻr adabiy bir til holida kamolga yetdi va klassik adabiy til boʻlib qoldi. Buning quyoshi, albatta, Navoiy edi...” Navoiyni tinmay oʻqish kerak, tinimsiz oʻqitish kerak. Xonadonlarda, bogʻcha-maktablarda, klub va toʻgaraklarda — toʻrt-besh yoshdan boshlab — maysa chogʻlar, bola chogʻlar, lola chogʻlardan tinmasdan- tindirmasdan oʻqitish va yana oʻqitish, oʻrgatish, oʻrgataverishdan aslo charchamaslik kerak. Bir harf boʻlsayam, bir misra va yo bayt boʻlsayam, qit’ami, ruboiy va yo tuyuqmi — yoshiga qarab har kun, har soat oʻqitish, ovoz chiqarib oʻqitish va yodlatish, ragʻbatlantirib yodlatish, yodlatib ragʻbatlantirish bolalarni tezda rom etadi, havas uygʻotadi, adabiyotga, kitobga mehru muhabbat uygʻotadi. Murgʻak qalbda adabiyotga muhabbat uygʻonib, oʻrnashib oldimi, ana endi bu bola chinakamiga sizniki, hech qanday yot gʻoyalar, qora kuchlar uni sizdan tortib ololmaydi. Oilaviy muhitda ham adabiyot mutolaasi va tarbiyasini shu taxlitda muttasil yoʻlga qoʻyish mumkin, deb oʻylayman. Kichik-kichik hajmdagi mumtoz soʻzlar lugʻatlarini, Navoiy asarlari lugʻatlarining ixcham va bolalarbop namunalarini, audio, video lugʻatlarni ham chiqarishni keng yoʻlga qoʻyish, koʻplab ta’lim-tarbiya, bilim dargohlariga tarqatishning oʻzi ancha-muncha samara beradi. Navoiy boboni ustozimiz Abdulla Oripov juda yaxshi koʻrar, “she’riyat taxtining mangu taxtdan tushmaydigan sultoni — Navoiy hazratlari boʻladilar” degan ta’rifni “mendan sizlarga esdalik” deb dastxat tarzida yozib ham bergan edi. Bir kecha “Toshkent — Navoiy” 17.12.2022, 00:07 Стр. 10 из 13 poyezdida Toshkentdan to Navoiy shahriga yetib borgunimizcha — tong saharga qadar buyuk bobokalonimiz ijodini oʻqish va oʻrganish, anglash va oʻrgatish toʻgʻrisida, jonli-jonli misol-tamsillarni yoddan oʻqib borganlari hech esimizdan chiqmaydi. Oʻshanda, tong otar payti manzilga yetib, poyezddan tushayotganimizda, ustoz lutf qilgan edi: “Biz Navoiy shahriga yetib keldik, xolos... Navoiy boboning oʻziga yetib borgunimizcha, hali eh-he, qancha yoʻlni bosib oʻtishimiz kerak. Besh yuz yilmi, olti yuz yilmi, bunisini Xudoyimning oʻzi biladi!..” — Siz koʻplab ulugʻ ijodkorlarning shogirdisiz, ular bilan hamsuhbat, fikrdosh, maslakdosh boʻlgansiz, ma’lum ma’noda, ularning yoʻlini davom ettiryapsiz. Bu kunlarga yetib kela olmagan, shukuhli onlarni koʻrish nasib qilmagan ustozlar agar hayot boʻlganida, ijodlarida qanday davr kechayotgan boʻlar edi, deb oʻylaysiz? — Prezidentimizning: “Adabiyot — xalqning yuragi”, “Adabiyot yurakka joylanishi kerak”, iboralarini katta-kichik adiblarimiz koʻp iqtibos keltiradi. Darhaqiqat, xalqimiz she’rparast, qoʻshiqparast, azal-azaldan she’ru gʻazalni, goʻzallik va nafosatni jonu dilidan yaxshi koʻradigan adabiyotsevar xalq. Biz xalqu Vatan, davru zamon oldida, shu davru zamonning matonatli Bunyodkori oldida barchamiz birdek qarzdormiz. Ijodkor odamni, birinchi navbatda, qarzdorlik tuygʻusi, daxldorlik hissi hech qachon tark etmasligi kerak. Ustoz Erkin Vohidov “El ustozim, men esa — tolib” desalar, Abdulla aka “Men ham yashayapman oʻz zamonimda” der ekan, ayni paytda bugungi kunlarni nazarda tutganday, “Uygʻonish zamoning muborak boʻlsin!” deya bashoratli satrlarni bitganida ham buyuk hikmat mujassam. Prezidentimizning buyuk adabiyotimizga, uning ulugʻ 17.12.2022, 00:07 Стр. 11 из 13 namoyandalariga, jumladan, aziz ustozlarimiz, ularning nomi va xotirasiga hurmat va ehtiromini hamisha, har qadamda koʻrib-bilib, his etib turibmiz. Poytaxtimiz markazidagi Milliy bogʻimizda Alisher Navoiy bobomizning muhtasham yodgorlik majmuiga mos va munosib ravishda bunyod etilgan Adiblar xiyobonida koʻp ulugʻ siymolar qatorida qahramon shoirlarimiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripovning oʻychan va donishmand qiyofalari hozir ham barchamizga adabiyotdan dars berib turganday. Ular nomidagi Ijod maktablarida vijir-vijir qaldirgʻochlar mangu oshyon qurgan misol bugungi oʻgʻil- qizlarimiz she’r va adabiyotdan ta’lim olmoqda. Prezidentimiz har gal, “Mening ham armonlarim bor. Menga bugun Erkin aka, Abdulla akalarning ovozlari yetishmayapti”, deya anjuman ahliga savol nazari bilan qararkan, rosti gap, “Qani shoirlaring, qani yozuvchilaring, qani yangi bugungi davru zamonning haqiqiy asarlari?!” deya soʻrayotganday, har gal tilim kalimaga kelmay, oʻzimni yoʻqotib qoʻyganday boʻlaman... Xalqimizning yaqin doʻsti va sevimli adibi Chingiz Aytmatov bir asarida Amir Temur hazratlari bilan Xoʻja Hofiz Sheroziy oʻrtasida kechgan “qora xol” haqidagi mashhur rivoyatni misol keltirib, Sohibqiron bobomiz tilidan tarixiy bir xulosani alohida mehr va mamnuniyat bilan aytib oʻtadi: “...Bir oz sukut saqlagach, Amir Temur mulozimlariga nazar tashlaydi- da: — Oʻz shoirini izlab-istab yurgan olampanohning qoʻl ostidagi xalqi baxtli boʻladi. Biroq oʻz hukmdorini izlab-yoʻqlab yurgan shoirning xalqi baxtsizdir. Mening bu soʻzlarim hamma vaqt yodingizda boʻlsin! — deydi”. Biz alloma ustozlarimiz bir umr orzu va armon qilgan shu zamonlarda yashayotirmiz. Ular orzu qilgan zamon va kelajak esa, mana koʻz oldimizda turibdi. Zamonning koʻziga tik qarab yashaylik, aziz 17.12.2022, 00:07 Стр. 12 из 13 zamondoshlar! Zero, zamonning koʻzlariga tik qaramoq — kelajakning koʻziga, bolamizning koʻziga tik qarab yashamoqni bildiradi. Bolamizning koʻzlari — kelajakning koʻzlari ekanini unutmaylik! Kahkashon sayrida hur quyosh bilan, Kezarsan to abad shodumon, xurram. Labda tabassumu koʻzda yosh bilan, Senga talpinaman, buyuk nabiram. Salim DONIYOROV suhbatlashdi. 17.12.2022, 00:07 Стр. 13 из 13 Download 89.4 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling