Milliy birlikni taʼminlash, ommaviy savodxonlikni oshirish va ilm fanni rivojlantirishga xizmat qiladi
Download 14.39 Kb.
|
Milliy birlikni-WPS Office
Milliy birlikni taʼminlash, ommaviy savodxonlikni oshirish va ilm - fanni rivojlantirishga xizmat qiladi Tilni toʻkis tadqiq etish uchun tilshunoslik doirasidagina ish koʻrishning kamligi bugun shu fan mutaxassislarining hech biriga sir emas. Shu bois, zamonaviy lingvistik tadqiqotlarda boshqa fanlar yutuqlaridan ham keng foydalanilmoqda. Ana shunday urinishlarning samarasi oʻlaroq, lingvomadaniyatshunoslik, kognitiv tilshunoslik, etnolingvistika, psixolingvistika, etnopsixolingvistika, pragmalingvistika kabi sohalar rivoj topmoqda va bu sohalar tilga, anʼanaviy strukturalizmdan farqli ravishda doimiy harakatdagi, oʻsish-oʻzgarishdagi hodisa sifatida yondashayotgani bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda. Sotsiolingvistika ham jamiyatshunoslik va tilshunoslik kesishgan nuqtada paydo boʻlgan soha sifatida tilning asoslarini jamiyatdan, jamiyatning asoslarini tildan qidiradi, ijtimoiy-siyosiy omillarning tilga taʼsiri va yana boshqa masalalarni tekshiradi. Tadqiqotlarda sotsiolingvistikaning rasman AQSHda shakllangani koʻp aytilsa ham uning markaziy masalasi boʻlgan til va jamiyatning oʻzaro taʼsiri, tilning jamiyatda tutgan oʻrni, milliy tillar va davlat tili, til siyosatiga doir qarashlar hind, yapon, ingliz, nemis va chex tilshunosliklarida sotsiolingvistika nomi ostida boʻlmasada, oʻrganilgan edi. Amerika tilshunosi U.Labov faol sotsiolingvistik tadqiqotlar koʻp tilli Hindistonda hindiyni yagona davlat tiliga aylantirish gʻoyasi bilan bogʻliq vaqtlardayoq boshlanganini qayd etadi. Oʻzbek tilshunosligida tilning ijtimoiy tabiati, jamiyatning tilga taʼsiri masalasiga oʻtgan asrning 80 yillarida “Tilshunoslikka kirish” qoʻllanmasida alohida toʻxtalgan boʻlsa ham til va jamiyat muammolari ancha avvalroq tilga olina boshlangan. Fitrat, Elbek, Botu singari jadidlarning asarlarida ozmi-koʻpmi shunga oid qaydlar bor. M.Mirtojiyev va N.Mahmudovning “Til va madaniyat” risolasida ham tilning ijtimoiyligi, davlat tili va til siyosati haqida soʻz ketgan oʻrinlar mavjud. Mutaxassislar S.Moʻminovning “Oʻzbek muloqot nutqining ijtimoiy-lisoniy xususiyatlari” nomli doktorlik dissertatsiyasini sotsiolingvistik aspektdagi ilk ish sifatida qayd etadi. Keyingi yillarda bu boradagi tadqiqotlar koʻlami ancha kengaydi. Butun dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonlari sotsiolingvistik tadqiqotlarning naqadar zarurligini milliy tillar va ingliz tili ekspansiyasi misolida ayon etib qoʻydi. Milliy tillar lugʻat tarkibiga katta miqdordagi inglizcha soʻzlarning kirib borishi til siyosatida oʻzgarishlar qilish zarurligini ham koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va nufuzini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni oʻzbek tilining davlat tili sifatida qaddini roʻy-rost tiklashini, ijtimoiy maqomining yana-da barqarorlashuvini taʼminladi. Ana shu farmonning amaliy ifodasi sifatida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida sotsiolingvistika boʻlimining tashkil etilishi esa davlat tili va jamiyat munosabatlarini oʻrganishga yoʻnaltirilgan tadqiqotlar kengayishi va kuchayishini taʼminladi. Bu boʻlim oʻz faoliyatida oʻzbek tilining rivojlanishi bilan bogʻliq fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish va kengaytirish, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish borasidagi ilmiy izlanishlarni kuchaytirish, oʻzbek tilining yozma matni meʼyor va qoidalarini ishlab chiqish, oʻzbek tilining izohli lugʻatlari, davlat tilida ish yuritish boʻyicha qoʻllanma va adabiyotlar tayyorlash, davlat tilini rivojlantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etishga alohida eʼtibor beradi. Lingvistik adabiyotlarda til va jamiyat munosabati, tilning sotsial farqlanishi, jamiyatdagi lisoniy vaziyat, til ijtimoiyligi, til va ijtimoiy munosabatlar, ijtimoiy omillarning tilga taʼsiri, ikkitillilik va koʻptillilik, til siyosati, millat va milliy til muammolari sotsiolingvistikaning muhim vazifalari sanaladi. Shu jihatdan tilning sotsial farqlanishi turli maslak, turlicha kasb-kor, turfa aqliy-ruhiy imkoniyatdagi jamiyat aʼzolaridan tashkil topganidan kelib chiqadi va bunga mos ravishda har qaysi ijtimoiy guruhning faol hamda nofaol lugʻat tarkibi boʻladi. Jamiyat aʼzolarining hududiy mansubligi ham, tabiiyki, har xil. Binobarin, sotsial va hududiy dialektlar ijtimoiy guruhlarning maslak, kasb-kor, aqliy-ruhiy imkoniyat va hududiy kelib chiqishiga koʻra, tildan foydalanish tarzlaridir. Shu maʼnoda hozirgi zamon sotsiolingvistikasidan sotsial va hududiy dialektlarni shunchaki qayd qilish, lingvistik tabiatini tushuntirishgina emas, balki ulardan unumli foydalanish yoʻllarini koʻrsatish ham talab etiladi. Zero, adabiy tilni boyitish, oʻzlashma terminlarga milliy muqobillarni topishda sotsial va hududiy dialektlar muhim leksik-semantik manba boʻlishi aniq. Birgina sud-huquq tizimi leksikasida afv, vaj, garov, gumondor, gumonlanuvchi, ijrochi, ish, tadbir, oʻzlashtirish soʻzlarining ixtisoslashgan, maxsuslashgan yangi maʼnolaridan adabiy tilni boyitish va rasmiy uslub imkoniyatini kengaytirishda foydalansa boʻladi. Kishilar oʻrtasidagi aloqani taʼminlash til ijtimoiyligining birinchi va zaruriy sharti boʻlib, tilshunoslikning barcha davrlarida tilning bu maqomi eʼtirof etilgan. Ammo tilning ijtimoiy tabiati, “sotsial xoslanganligi uning qabila, xalq, millat tarixini, umuman, insoniyat oʻtmishini oʻzida saqlashida ham koʻrinadi”. Jamiyat aʼzolarining tilga munosabati, tildan qanday foydalanishi, jamiyatdagi oʻzgarishlarning tilga taʼsiri ham til ijtimoiyligidan begona emas. Oʻzbek tili tarixiy taraqqiyotida oʻzi mansub jamiyatning faol taʼsirida boʻlgan, oʻzbek turmushidagi oʻzgarishlar, mentalitetiga taʼsirlar tilda oʻz izini qoldirgan. Masalan, arab xalifaligi va islom taʼsirida arabcha birliklar oʻzlashgan, oʻzlashtirilgan. Yoki moʻgʻul hukmronligi moʻgʻulcha til unsurlari kirib kelishiga zamin boʻlgan. Jadidchilik harakatining yoyilishi bilan arabiy oʻzlashmalarni turkchalashtirishga ham kirishilgan. Ayniqsa, sobiq ittifoq davrida ming-minglab soʻzlar rus tilidan yoki uning vositachiligida boshqa tillardan oʻzlashtirilgan, chet soʻzlarni olishning muayyan modellari qabul qilingan. Buni birgina -iya, -siya qoʻshimchasi bilan tugaydigan soʻzlar misolida koʻrish mumkin. Istiqlolga erishganimizdan soʻng oʻzbek tili rivojining yangi imkonlari ochildi, koʻplab eskirgan soʻzlarning qayta faollashuvi taʼminlandi. Globallashuv davri esa koʻplab tillar qatori oʻzbek tilini ham xalqaro tillarning faol taʼsiriga uchratmoqda. Diqqat qilinsa, zikr etilgan taʼsirlar va tildagi oʻzgarishlarni sof lisoniy emas, tildan tashqari, masalan, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-madaniy jarayonlar harakatlantirmoqda. Oʻzbek sotsiolingvistikasi ana shunday taʼsirlashuvlarni xolis baholashi, milliy til va davlat tili manfaati nuqtayi nazaridan ish koʻrishi lozim boʻladi. Jamiyat taraqqiyotining barcha davrlarida tilga kamdir-koʻpdir taʼsirlar boʻlib turadi. Baʼzan uzoq vaqt tilning biror sathi jamiyat, inson omili bilan bogʻliq taʼsirlarga, oʻzgarishlarga uchramaydi yoki tilga taʼsir umummilliy miqyos kasb etmaydi. Biroq yozuv va imlo borasidagi oʻzgartirish yoki yangilanishlar umummilliy miqyosda, jamiyatning ongli aralashuvi ostida hal qilinadi. Hatto hukumat bunday lisoniy jarayonlarga faol taʼsir oʻtkazadi (oʻzbek- arab, oʻzbek-lotin, oʻzbek-kirill va yana oʻzbek- lotin alifbolarining joriy etilishida shuni kuzatish mumkin), milliy manfaatlar yuzasidan lisoniy jarayonlarni nazoratga olish, tartibga solishda ishtirok etadi. Zarur meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi, til masalalari bilan shugʻullanuvchi vakolatli tuzilmalarni tashkil etadi. Masalan, “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi, Prezidentimizning «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonining eʼlon qilinishi, Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamentining tashkil etilishi, Atamalar komissiyasining ish boshlashi shundan dalolatdir. Terminologiyani tartibga solishda vertikal taʼsir choralarining oʻrni ham muhim. Shu maʼnoda oʻtgan asrning 90 yillarida faoliyat koʻrsatgan Atamaqoʻmning terminologiyani tartibga solishdagi xizmati katta boʻlgan. Hozir tilda barqarorlashgan hokim, hokimiyat, devon, vazir, qoʻmita, tuman, viloyat, muallif, tahririyat, muharrir, mavzu, reja soʻzlari oʻsha davrda qayta faollashtirilgan soʻzlardir. Oʻz navbatida, bunday faollashish shu soʻzlarning avvalgi muqobillari — raykom, apparat, ministr, komitet, rayon, oblast, avtor, redaksiya, redaktor, tema, plan soʻzlarining eskirishiga, nofaol qatlamga oʻtishiga olib kelgan. Globallashuv davri oʻzbek tili terminologiyasini tartibga solishda ham vertikal taʼsir choralariga ehtiyoj bor, chunki oʻzbek tili terminologiyasida muqobili boʻlgani holda oʻrinsiz oʻzlashgan, sohaviy leksikaga qabul qilingan chet soʻzlar yigʻilib qolgan. Masalan, yaqin yillarda kompetensiya soʻzi paydo boʻldi. Ingliz tilida “competence”, rus tilida “kompetensiya” shaklidagi bu soʻz asli “mahorat”, “qobiliyat”, umuman esa “layoqat” maʼnosini bildiradi. Oʻzbek tilida bu olinmani layoqat soʻzi toʻla almashtira oladi. Kompetensiya soʻzi olinayotganda oʻzbek tilining ichki imkoniyati eʼtiborga olinmagan. Natijada notoʻgʻri oʻzlashma asosida kompetentlik, kompetensiyaviy singari terminlar ham yasalgan. Agar chet soʻzga bu qadar oʻchlik boʻlmaganda, “kompetensiya” layoqat, «kompetentnost» layoqatlilik deb kalkalangan va kompetensiyaviy tarzidagi gʻalati yasalma “bino boʻlmas” edi. Muqobili boʻla turib, olingan soʻzlardan yana biri kreativdir. Ingliz tilida “creative”, rus tilida «kreativnыy» shaklidagi bu soʻz har ikki tilda “ijodiy” maʼnosini anglatadi. Bu olinma oʻzbekcha matnlarda “kreativ fikrlash”, “kreativ yondashish” singari birikuvlarda qoʻllanmoqda. Endi ushbu olinma oʻrniga ijodiy soʻzini qoʻysak, ijodiy fikrlash, ijodiy yondashish tarzidagi magʻzi toʻq birikma hosil boʻladi, chunki kreativning maqbul muqobili ijodiydir. Davlat tilini rivojlantirish departamenti huzurida Atamalar komissiyasining tashkil etilishi ayni ehtiyoj natijasi boʻlib, terminologiyani oʻzbek tilining ichki imkoniyatlaridan foydalanib milliylashtirish, tartibga solish uning asosiy vazifalaridandir. Sobiq ittifoq hayotining hamma davrlarida chet tillarga (masalan, nemis, ingliz tillariga) munosabat bugungidek boʻlmagan, davlat oʻz fuqarolarining chet tillarni lozim darajada egallashini xohlamagan. Bunday til siyosatidan koʻzlangan maqsad esa dunyoga “yopilish”, tashqi dunyoga qoʻshiluvni cheklash, chegaralash boʻlgan. Oʻtgan asrning birinchi yarmi sobiq ittifoq til siyosati haqida tilshunos A.Ogursov keltirgan fakt buni tasdiqlaydi: “Stalincha ong ...chet tillarni bilishga juda shubhali narsa sifatida qaragan. Masalan, Buxarinning sudlov jarayonida Vishinskiy ismli kishi uning toʻrtta xorijiy tilni bilishini “fosh” qilar ekan, bu ustunlik Buxaringa sovet hukumatini toʻrt tilda tuhmat qilish imkonini berishini aytadi”. Chet tillarni davlatga, mafkuraga xavf sifatida tushunilgan bunday munosabat shoʻro tuzumining keyingi davrlarida yumshagan boʻlsada, amalda chet tillarni oʻrganishga keng yoʻl ochilmadi, maktablarda cheklangan dars soatlari ajratildi. Sobiq ittifoq inqirozga uchragach, mustaqil respublikalarda chet tillarni oʻrganishga keng yoʻl ochildi, til siyosati moʻtadillashdi, chunki milliy respublikalarning oʻzi dunyoga ochilishni, qoʻshilishni istardi. Oʻzbekistonda ham chet tillarni, ayniqsa, jahon tillarini oʻqitishga katta eʼtibor qaratildi. 1992-yilda sobiq Rus tili va adabiyoti instituti va Toshkent chet tillari pedagogika institutlarining Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetiga aylantirilishi zarur amaliy ishlardan biri boʻldi. Shundan keyin chet tillarni oʻqitish samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat darajasidagi hujjatlar qabul qilindi. Endi chet tillarni bilish zararli emas, foydali odat deb qaraladigan boʻldi. Chet tillarni oʻrganish — yaxshi va juda zaruriy yumush. Chet tillardan birini egallagan mutaxassisga bugun talab ham, ehtiyoj ham katta. Ammo “xorijiy tillarni ona tilini esdan chiqarish hisobiga oʻrganish nodurust. Chunki ona tilini unutish hisobiga oʻrganilgan xorijiy til ona tilining oʻrnini bosib olishi muqarrarki, bunda milliy tafakkur va milliy idrok butunlay boshqa, begona tafakkur va begona idrokka aylanadi”. Afsuski, bugun ijtimoiy tarmoqlar tilida inglizlashuv, inglizcha unsurlar (boshqasini qoʻya turaylik) koʻpayib bormoqda. Masalan, voy undov soʻzi oʻrnida vau; maʼqul, boʻpti, yaxshi soʻzlari oʻrnida ok; tashabbus, chaqiriq, daʼvat degan soʻzlar boʻla turib chellenj ommalashmoqda; layk (bos), neyming, xeshteg, teg, blogpost, post, kolumnistga oʻxshash varvarizmlar bisyor. Bunday oʻzlashmalarni tezda aniqlab, tilda “qotib” qolmasdan tegishli muqobillariga almashtirish kerak. Chunonchi, layk (bos) soʻzini maʼqulla, neyming soʻzini nom bilan bemalol almashtirsa boʻladi. Bitta chelenj soʻziga tilimizda uchta muqobil bor: tashabbus, chaqiriq, daʼvat va ularning har biridan oʻrni bilan foydalansa boʻladi. Shuningdek, tilni yaxshi bilmaslik oqibatida kelib chiqqan “kompyuterlarga xizmat koʻrsatish”, “mashinalarga xizmat koʻrsatish” kabi notoʻgʻri tarjimalar urchib bormoqda. Asli bunda kompyuterlarni tuzatish, mashinalarni taʼmirlash deyilsa, ifoda oʻzbekchalashadi va toʻgʻriroq chiqadi. Til va jamiyat munosabatidagi bunday muammolarning kelib chiqishi esa globallashuv taʼsiri, kitob oʻqimaslik, til sezgimizning gʻariblashayotgani bilan bogʻliqdir. Jamiyat aʼzolarining tilga munosabatida ikki jihatni — umuman, tilga munosabat hamda ona tiliga munosabatni farqlab olish lozim. Birinchi holatda —tilning xalqni birlashtirishdek vazifani bajarishini anglab munosabat koʻrsatilishi, “Davlat tili haqida”gi qonun talablariga rioya etilishi, ish yuritishda adabiy til meʼyorlariga amal qilinishi zarur. Ikkinchi holatda — ona tili oʻta milliy, etnomadaniy hodisa deb tushunilishi, ona tili taqdiriga millat taqdiri deb qaralishi, ona tili boricha qabul qilinishi kerak. Bugungi oʻzbek jamiyatida har ikki munosabatga aloqador muammolar yetarli. Bu “Davlat tili haqida”gi qonun talablarining koʻp hollarda bajarilmayotgani, davlat tilining amaliyotga keng joriy etilmayotgani, taʼlimning turli boʻgʻinlari va ish yuritishda lisoniy layoqatlilik darajasining pastligi, davlat tiliga ham, ona tiliga ham bepisand munosabatning uchrayotgani, til madaniyatining lozim darajada shakllanmayotganida koʻrinadi. Oʻzbek sotsiolingvistikasi jamiyatda davlat tiliga munosabatning ahvolini, jamiyat hayotining qaysi jabhalarida til bilan faol taʼsirlashuv kechayotganini, til siyosatida nimalarga eʼtibor berish lozimligini aniqlashi va davlat tilini amaliyotga toʻliq joriy etish hamda terminologiyani tartibga solish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqishi zarur. Til va jamiyat taʼsirlashuvi haqida soʻz borar ekan, tilning jamiyatga qanday taʼsir etishini ham tushuntirmoq lozim. Mutaxassislar toʻgʻri taʼkidlaganidek, tilning jamiyatga taʼsiri jamiyatning tilga taʼsiriga nisbatan kam oʻrganilgan, hatto bunday taʼsirlashuvga shubha bilan qarash ham bor. Bizningcha, tafakkur quroli boʻlgan vositaning jamiyatga taʼsir koʻrsatmasligining oʻzi shubhali, chunki til jamiyatni muntazam harakatlantirib turadi va bu tarz taʼsirlashuvning eng ibtidoiy aksi uning axborotni shakllantirish va uzatish vazifasida koʻrinadi. Jamiyatning tilga taʼsiri naqd lisoniy natijalarda koʻrinadi, shu sababli, bu tarz taʼsirlashuv shubha uygʻotmaydi, bir qarashdayoq taʼsirlashuv natijalarini ilgʻash mumkin boʻladi. Tilning jamiyatga taʼsiri natijalari tilshunos qayd qila biladigan til materiallarida ifoda topmaydi, balki ijtimoiy hayotning oʻzida boʻy koʻrsatadi. Aniq lisoniy material orqali dalillay olinmagani tilning jamiyatga taʼsiri mexanizmlarining ochilmay qolishiga olib kelgan. Masalan, adabiy tilning jamiyatga taʼsiri, avvalo, milliy birlikni taʼminlashida, qolaversa, ommaviy savodxonlikni shakllantirish va yaxshilashda, ilm-fanni rivojlantirish va madaniyatni yuksaltirishida, taʼlim-tarbiyada koʻrinadi. Sanoqni yana davom ettirish mumkin. Umuman, jamiyatda axborot uzatilar ekan, unda tilning ishtirok qilmasligi, taʼsiri boʻlmasligi mumkin emas. Xullas, til va jamiyat oʻrtasida doimiy taʼsirlashuv kechadi. Fan va taʼlim, madaniyat va sanʼat, texnika va davlatchilikning taraqqiyoti til va jamiyat taʼsirlashuvining asosiy omillaridir. Bunday taʼsirlashuv jarayonini harakatlantiruvchi kuchi, albatta, inson va u mansub jamiyat. Jamiyat ehtiyojlari esa tilning vazifa doirasida kengayish, usluban toʻlib-toʻliqib borishiga sabab boʻladi.
• filologiya fanlari o‘qituvchilarining malakasini uzluksiz oshirib borish va kasbiy faoliyat samaradorligi monitoringi mexanizmini takomillashtirish; • o‘qituvchilarning axborot texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirishi hamda amaliyotda qo‘llash kompetentliligini rivojlantirishga doir qisqa va o‘rta muddatli treninglar tashkil etish; • qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qituvchilarda kreativ va innovatsion kompetentlilikni rivojlantirishga doir o‘quv modullarini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish; • masofaviy metodik xizmat ko‘rsatish va masofaviy malaka oshirish tizimini takomillashtirish; • «Mahorat maktablari» faoliyatini yanada takomillashtirish orqali filologik ta’limga doir innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish; • maktablardagi filologiya fanlari metodika birlashmalari faoliyatini tanqidiy tahlil qilish va yangi mexanizmlarni joriy etish. Download 14.39 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling