Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy Universitet Jizzax filiali


Download 55.52 Kb.
Sana03.11.2023
Hajmi55.52 Kb.
#1743595
Bog'liq
jasur pul kredit



Mirzo Ulug’bek nomidagi


O’zbekiston Milliy Universitet Jizzax filiali
Psixologiya fakulteti
Iqtisodiyot yo’nalishi
141-20-guruh talabasi
Murtozayev Jasurning
Pul, kredit va banklar fanidan

MUSTAQIL ISHI


Mavzu: Kreditning zarurligi, funksiyalari, turlari va shakllari

Reja:
1.Kredit va uning mazmuni


2.Kreditning zarurligi
3.Kreditning shakllari va turlari
4.Kreditning funksiyalari

Kredit, boʻsh turgan pul mablagʻlarini ssuda fondi shaklida toʻplash va ularni pulga muhtoj boʻlib turgan yuridik va jismoniy shaxslarga ishlab chiqarish va boshqa ehtiyojlari uchun maʼlum muddatga, foiz toʻlovlari bilan qaytarish shartida qarzga berish munosabatlarini ifodalaydi.



Kredit (lot. creditum — qarz, credo — ishonaman,maqullayman) — pul mablagʻlari, tovar va xizmatlarni kelishilgan ustama (foiz) toʻlab qaytarib berish sharti bilan maʼlum muddatlarga qarzga berish. Qarzga mablagʻ beruvchi tomon kreditor (davlat, bank, korxona, xususiy shaxs va boshqalar), ssuda oluvchi tomon esa debitor (qarzdor) deyiladi. Kredit kelishuvi qarzdan foydalanish shartlari kayd etilgan shartnoma bilan rasmiylashtiriladi. Kredit muomalasi qarz beruvchi va qarz oluvchi oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatdir. Lekin har qanday qarz munosabati ham kredit boʻla olmaydi. Kredit munosabatida olingan mablagʻ qaytarib berilishi, foydalanilgani uchun haq (kelishilgan foizda) toʻlanishi, muddatli, maʼlum tovar va nomoddiy aktivlar bilan taʼminlangan boʻlishi, maqsadli ishlatilishi shart. Berilishi muddatlariga koʻra, qisqa muddatli (1 yilga qadar), oʻrta muddatli (1yildan 5 yilgacha), uzoq, muddatli (6 yildan ortiq) Kreditga boʻlinadi.
Kreditning tijorat, bank, davlat, isteʼmol, xalqaro, ipoteka va boshqa shakllari bor. Tijorat Krediti — bir xoʻjalik yurituvchi subʼyekt tomonidan beriladi va, odatda, veksel bilan rasmiylashtiriladi. Bank Krediti — jismoniy va yuridik shaxslarga pul shaklida banklar tomonidan beriladi. Bank kreditining forfeyting , faktoring , haridorga qarz berish kabi koʻrinishlari bor. Davlat Krediti — davlatning qarz beruvchi va qarz oluvchi sifatida ishtirokini nazarda tutadi. Davlat qarz beruvchi sifatida bank tizimi orqali byudjetdan tarmoq, hudud, korxonalarni kredit ajratib moliyalashtiradi. Qarz oluvchi sifatida aholiga davlat zayomlari, obligatsiyalarini sotish bilan jismoniy yoki yuridik shaxslardan qarz oladi, natijada ichki davlat qarzi, chet davlatlardan olingan Kreditlar hisobidan tashqi davlat qarzi paydo boʻladi. Isteʼmol Krediti — aholiga isteʼmol tovarlari, xizmatlarni nasiyaga sotish, uy-joy qurilishi harajatlari uchun, lombardlardagi mulk garovi hisobiga, oʻzaro yordam kassasi qarzlari va boshqa koʻrinishlarda beriladi. Xalqaro Kredit — muddatli, qaytimli va foiz toʻlash shartlari bilan bir mamlakatdagi kreditor tomonidan ikkinchi mamlakatdagi qarz oluvchiga pul yoki tovar shaklida beriladigan qarz, shuningdek, chet el obligatsiyalari, chet el korxonalari aksiyalari va boshqalar qimmatli qogʻozlariga fonda olish maqsadlarida kapital qoʻyish.
Kredit iqtisodiyotda muhim vazifalarni bajaradi, ularning orasida moliya resurslarini qayta taqsimlash asosiy oʻrinda turadi. Kredit yordamida kapitalni bir tarmoqdan ikkinchisiga, bir mulkdordan boshqasiga oqib oʻtishi taʼminlanadi. Shu bilan ishlab chiqarishni kengaytirish, iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish, mablagʻlarni kapital qoʻyishning eng foydali va istiqbolli yoʻnalishlarida toʻplash imkoniyatlari yuzaga keladi. Kredit resurslarini banklar tomonidan tartibga solish mexanizmlari yordamidapul aylanmasi toraytiriladi yoki ken-gaytiriladi, toʻlovga qrbil talabning koʻpayishi yoki qisqarishi yuz beradi, bu esa, oʻz navbatida, ishlab chiqarish rivojiga ragʻbat beradi.
Kredit munosabatlarida uning barqaror boʻlishi muhim ahamiyatga ega. Bunga erishish uchun mamlakatda kredit siyosati olib boriladi. Kredit siyosati tarkibida banklarning foiz siyosati va ajratilayotgan kreditlarning yoʻnalishlari, ularning qaytarilishini taʼminlash, Kreditning samaradorligini oshirish, imtiyozlar, yuz berishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlar oldini olish tadbirlari katta rol oʻyvaydi. Oʻzbekistonda tijorat banklarning kredit siyosati mamlakat iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarini jadal rivojlantirishga yoʻvaltirilgan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining markazlashtirilgan kreditlari mamlakat mustaqilligini mustahkamlashga yoʻvaltirilgan yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etishga ajratilmokda. Shuningdek, mamlakat tijorat banklari ham yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga Kreditlar ajratish bilan birga kichik va oʻrta biznesni qoʻllabquvvatlashni ham amalga oshirmoqda. Imtiyozli shartlarda ajratilayotgan Kreditlar va mikrokreditlar shular jumlasidandir. Kredit tizimi: Markaziy bank, tijorat banklari, kredit uyushmalari va chet el banklari filiallari va vakolatxonalari. Kredit tizimida Markaziy bank alohida oʻrin tutadi va u emissiya maqomiga ega. Mamlakatda Kredit tizimi faoliyati "Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida" (1995.21.12), "Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida" (1996. 25.4) qonunlari bilan tartibga solinadi.
Pul shaklidagi kapital ssuda kapitali deyilsa, uning harakati kreditning mazmunini tashkil qiladi. Kredit munosabatlari ikki subʼekt oʻrtasida, yaʼni pul egasi (qarz beruvchi) va qarz oluvchi oʻrtasida yuzaga keladi.
Turli xil korxonalar (firmalar), tashkilotlar, davlat va uning muassasalari hamda aholining keng qatlami kredit munosabatlarining subʼektlari hisoblanadi. Sanab oʻtilgan subʼektlarning aynan har biri bir vaqtning oʻzida ham qarz oluvchi va ham qarz beruvchi oʻrnida chiqishi mumkin.
Kredit munosabatlarining obʼekti jamiyatda vaqtincha boʻsh turgan pul mablagʻlaridir. Takror ishlab chiqarish jarayonida tovarlar, iqtisodiy resurslar va pul mablagʻlarining doiraviy aylanishi kredit munosabatlarining mavjud boʻlishini taqozo qiladi. Shu bilan birga doiraviy aylanish jarayonida muqarrar suratda vaqtincha boʻsh turadigan pul mablagʻlari va boshqa pul resurslari kredit mablagʻlarining manbaini tashkil qiladi.

Kreditning zarurligi


Kreditning vujudga kelishi kredit munosabatlari ishtirokchilari manfaatlarining yo‘nalishiga bog‘liq. Tomonlar manfaatlarining mos kelishi kredit shartnomasi tuzilishini ta’minlaydi. Lekin kredit munosabatlari ishtirokchilari manfaati nafaqat vaqt va makon jihatdan, shuningdek, sifat jihatdan ham mos tushgan taqdirdagina bu munosabatlar reallikka aylanadi. SHu bilan birga, kreditning bu muhim sifatlari kredit munosabatlari sodir bo‘lishining asosiy sababi bo‘lolmaydi. Kredit vujudga kelishi uchun, yuqorida aytilgandek, aniq bir iqtisodiy asos fondlarning doiraviy aylanishi va shunga o‘xshash boshqa aniq sharoitlar bo‘lishi zarur. Faqatgina ana shu ta’sir etuvchi omillar bo‘lgan taqdirdagina kreditning vujudga kelishi reallikka aylanadi.
Ba’zi iqtisodiy adabiyotlarda kreditning zarurligi xususida bir necha boshqa fikrlar ham uchraydi. Masalan, kredit korxonalar faoliyatini nazorat qilishni amalga oshirish uchun zarur, deb ta’kidlanadi. Agar bu fikr to‘g‘ri deb qaraydigan bo‘lsak, kreditning zarurligi faqat kreditor uchun tushunarli bo‘ladi, chunki u qarz berish orqali qarz oluvchi faoliyatini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bunday sharoitda kreditning chegarasi ishlab chiqarish fondlarining doiraviy aylanishiga asoslangan obyektiv jarayonlarga emas, balki bankning kredit operatsiyalari orqali qarz oluvchining faoliyatini nazorat qilish istagiga bog‘liq bo‘lib qoladi.
Bu mulohazalardan kelib chiqqan holda xulosa qilib aytish mumkinki, kreditning obyektiv zarurligi takror ishlab chiqarish jarayonida fondlarning doiraviy aylanishi qonuniyatlariga asoslangandir.
Kreditga zarurat tug‘ilganda quyidagi manbalardagi bo‘sh mablag‘lardan kredit resurslar sifatida foydalanish mumkin. Bu manbalar asosan quyidagilardir:
asosiy fondlarni tiklash, kapital ta’mirlash uchun ajratiladigan amortizatsiya sifatidagi pul mablag‘lari;

tovarlarni sotish va yangi moddiy resurslarni sotib olish vaqtlarining birbiriga mos kelmaganligi tufayli yuzaga kelgan bo‘sh pul mablag‘lari;


tovarlar realizatsiyasidan tushgan tushum bilan ish haqini to‘lash vaqtlari orasida vaqtincha bo‘sh turib qolgan pul mablag‘lari;


kengaytirilgan takror ishlab chiqarish jarayonida yig‘iladigan va kapitallashtirish uchun mo‘ljallangan qo‘shimcha mablag‘lar;


shaxsiy sektor daromadlari, jamg‘armalari va boshqa bo‘sh pul mablag‘lari


Kreditning turlari va shakllari
Kreditning turi deganda uning ma’lum belgilariga ko‘ra o‘ta aniqlikda shakllantirilgan tavsifi tushuniladi.
Kreditlar muddatiga ko‘ra uch turga bo‘linadi:
– qisqa muddatli kreditlar;
– o‘rta muddatli kreditlar;
– uzoq muddatli kreditlar.
Kreditlarning muddati bo‘yicha turlarga ajratish dunyo mamlakatlarida bir-biridan farq qiladi. Masalan, AQSHda muddati 1 yildan 8 yilgacha bo‘lgan kreditlar o‘rta muddatli kreditlar hisoblanadi. Germaniyada esa, 1 yildan 6 yilgacha muddatdagi kreditlar o‘rta muddatli kreditlar hisoblanadi. O‘zbekistonda esa, umuman o‘rta muddatli kreditlar toifasi mavjud emas. Demak, respublikamizda 1 yilgacha muddatga berilgan kreditlar qisqa muddatli, 1 yildan ortiq har qanday muddatga berilgan kreditlar uzoq muddatli kreditlar hisoblanadi.
Tijorat banklarining qisqa muddatli kreditlari xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning aylanma mablag‘larini to‘ldirish maqsadiga berilsa, ularning o‘rta va uzoq muddatli kreditlari investitsion xarajatlarni moliyalashtirish maqsadiga beriladi.
Kreditlar ta’minlanganligiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
– ta’minlanmagan kreditlar;
– qisman ta’minlangan kreditlar;
– to‘liq ta’minlangan kreditlar.
Ta’minlanmagan kreditlar deganda hech qanday ta’minotsiz berilgan ishonchli kreditlar tushuniladi. Bunday kreditlar tijorat banklarining to‘lovga qobilligi yuqori bo‘lgan ishonchli mijozlariga beriladi.
Qisman ta’minlangan kreditlar deganda ta’minot summasi kreditning asosiy qarz summasi va foizini to‘liq qoplashga etmaydigan kreditlarga aytiladi.
To‘liq ta’minlangan kreditlar deganda ta’minot summasi kreditning asosiy qarz summasi va foizini to‘liq qoplashga etadigan kreditlarga aytiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining talabi bo‘yicha, tijorat banklari kreditlari uchun qabul qilingan ta’minot summasi kredit bo‘yicha qarzdorlik summasiga nisbatan kamida 125% bo‘lishi lozim.
Kreditlar takror ishlab chiqarish jarayoniga xizmat ko‘rsatishiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
– ishlab chiqarish jarayoniga beriladigan kreditlar;
– ishlab chiqarilgan tovarlarni sotish uchun beriladigan kreditlar;
– iste’mol maqsadi uchun beriladigan kreditlar.
Tovarlar ishlab chiqarishning uzluksizligini ta’minlashda tijorat banklari beradigan kreditlar muhim rol o‘ynaydi. SHuningdek, ishlab chiqarilgan tovarlarni xarid qilish uchun iste’molchilar har doim etarli darajada pul mablag‘lariga ega bo‘lmaydi. Shu sababli, ular tovarlarning ma’lum qismini tijorat banklarining kreditlari hisobidan xarid qiladilar.
Kredit bahosiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
– bepul (tekin) kreditlar;
– arzon kreditlar;
– qimmat kreditlar.
Garchi foiz to‘lashlilik kreditning prinsiplaridan biri bo‘lsa-da, ba’zan kreditlar foizsiz beriladi. Bunga misol qilib, Xalqaro ta’mirlash va taraqqiyot banki tomonidan qashshoq mamlakatlarga berilayotgan foizsiz kreditlarni keltirish mumkin. Xususan, Afrikaning Sahara davlatidan janubda joylashgan barcha mamlakatlarda ocharchilik hukm surmoqda. Mazkur mamlakatlarga ijtimoiy maqsadlar uchun foizsiz kreditlar berilmoqda.
Arzon kredit deganda, odatda, foiz stavkasi, ya’ni bahosi bozor stavkasidan past bo‘lgan kreditlarga aytiladi.
Kreditlarning bahso ssuda kapitallari bozorida shakllanadi. Ssuda kapitallari bozorining ikki segmenti mavjud bo‘lib, pul bozori segmentida qisqa muddatli kreditlarning bahosi shakllanadi. Kapitallar bozori segmentida esa, o‘rta va uzoq muddatli kreditlarning bahosi shakllanadi.
Qimmat kreditlar deganda foiz stavkasi bozor stavkasidan yuqori bo‘lgan kreditlarga aytiladi. Odatda, risk darajasi yuqori bo‘lgan bitimlar banklarning qimmat kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, 2-jadval ma’lumotlari respublikamiz tijorat banklari kreditlarining foiz stavkasining ijobiy darajaga ega ekanligini, ya’ni inflyasiya darajasidan yuqori ekanligini ko‘rsatadi.
Kreditlar foiz stavkasining turiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi:
– suzuvchi stavkaga ega bo‘lgan kreditlar;
– qat’iy belgilangan stavkaga ega bo‘lgan kreditlar.
Tijorat banklari har doim suzuvchi stavkada kreditlar berishdan manfaatdor bo‘ladi. Buning sababi shundaki, kredit suzuvchi stavkada berilganda, uning foiz stavkasi qanday o‘zgarishidan qat’iy nazar, bank oladigan daromad, ya’ni marja yoki spred, o‘zgarmasdan qoladi.
Kredit oluvchi har doim qat’iy belgilangan stavkaga ega bo‘lgan kreditlarni olishdan manfaatdor bo‘ladi. Chunki, bunda kreditning bahosi o‘zgarmasdan saqlanib qoladi. Agar kredit suzuvchi stavkada olingan bo‘lsa, u holda, kreditning bahosining oshishi kredit oluvchining foiz to‘lovlari miqdorining oshishiga olib keladi.
Kreditlar tarmoq xususiyatiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
– sanoatga berilgan kreditlar;
– qishloq xo‘jalik kreditlari;
– qurilish kreditlari;
– savdo kreditlari va h.k.
Kreditlash ob’ektlariga ko‘ra kreditning quyidagi turlarini ajratib ko‘rsatish mumkin:
– tovar-moddiy qimmatliklarni sotib olish uchun berilgan kreditlar;
– ishlab chiqarish xarajatlarini moliyalashtirish uchun berilgan kreditlar (masalan, respublikamizda paxta va g‘allani etishtirish xarajatlari imtiyozli kreditlar hisobidan moliyalashtiriladi);
– mijozlarning to‘lov aylanmasidagi uzilishni qoplash uchun berilgan kreditlar.
Kreditning maqsadi yo‘nalishi va kredit munosbatlarida ishtirok etuvchi sub’ektlarga ko‘ra kreditning quyidagi turlarini ajratib ko‘rsatish mumkin:
– sinditsiyali kreditlar;
– ipoteka kreditlari;
– xalqaro kreditlar.

Tijorat banklari faoliyatida kreditlashning quyidagi shakllari qo‘llaniladi:


1. Mijozni alohida ssuda hisobraqamidan bir marotabali kreditlash shakli.
Ushbu shakl O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari faoliyatida keng qo‘llaniladigan kreditlash shakli hisoblanadi.
Kreditlashning ushbu shaklida mijozga kredit berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan keyin ssuda hisobraqami ochiladi va kredit bir marotabalik to‘lov shaklida mol etkazib beruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchiga tashlab beriladi.
Kreditning maqsadlilik prinsipi mavjud bo‘lganligi sababli, kredit summasini kredit oluvchining joriy hisobraqamiga tashlab berishga ruxsat etilmaydi.
Mijozni alohida ssuda hisobraqamidan bir marotabali kreditlash shaklining asosiy kamchiliklari quyidagilardan iborat:
– kreditdan foydalanish samaradorligi ta’minlanmasligi mumkin, ya’ni mol etkazib beruvchi tomonidan tovar o‘z vaqtida etkazilmay qolishi mumkin, mijoz esa, kredit uchun foiz to‘layveradi;
– berilgan kreditdan foydalanilishi ustidan nazorat qilishning iloji yo‘q. CHunkit. Kredit summasi to‘liq mol etkazib beruvchining joriy hisobraqamiga tashlab berildi.
2. Mijozni kredit liniyasi ochish yo‘li bilan kreditlash shakli.
Kreditlashning ushbu shaklida mijozga kreditlash limiti ajratiladi va ushbu limitdan foydalanish davri belgilanadi. SHuningdek, kreditning foiz stavkasi va mijozdan undiriladigan bir marotabalik komission to‘lov stavkasi belgilanadi.
Mijozdan qo‘shimcha ravishda undiriladigan komission to‘lov kredit liniyasi ochish yo‘li bilan kreditlashda tijorat banki uchun likvidlilik riskining mavjudligi bilan belgilanadi. Chunki, mijoz talab qilgan har qanday vaqtda bank kreditni chiqarib berishi shart.
Kredit liniyasining quyidagi turlari mavjud:
A) qayta tiklanadigan kredit liniyasi;
B) qayta tiklanmaydigan kredit liniyasi;
V) bitimning ma’lum shartlariga asoslangan kredit liniyasi.
Qayta tiklanadigan kredit liniyasi jalb qilingan resurslarga doimiy ehtiyoji bo‘lgan mijozlarga ochiladi. Xalqaro bank amaliyotida qayta tiklanadigan kredit liniyalari ishonchli mijozlar uchun 5-7 yilga ochiladi. SHu davr mobaynida mijoz istalgan vaqtda bankning kreditidan foydalanilishi mumkin. Biroq, tijorat banki kredit shartnomalari shartlarining bajarilishi ustidan nazorat qilish huquqini saqlab qoladi.
Qayta tiklanmaydigan kredit liniyalarida mijoz o‘ziga ajratilgan limitni to‘liq ishlatib bo‘lishi yoki limitdan foydalanish muddati tugashi bilan kredit liniyasidan foydalanish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Tijorat banki va mijoz o‘rtasida tuzilgan bitimning ma’lum shartlariga asoslangan kredit liniyasi, odatda, ma’lum davrda etkazib beriladigan tovarlar haqini to‘lash hamda ma’lum davrda amalga oshiriladigan xarajatlarni moliyalashtirishda qo‘llaniladi.
Kredit liniyasining ushbu turida beriladigan kreditlar miqdori aniq olingan operatsiya doirasida yoki bitimning ma’lum shartlari bilan cheklangan bo‘ladi.
Kredit liniyasi ochish yo‘li bilan kreditlash shaklining afzallliklari:
* mijoz har safar kredit so‘rab bankka murojaat qilish zaruriyatidan xalos bo‘ladi;
* ajratilgan kreditlash limitining faqat foydalanilgan qismi uchun foiz to‘lanadi;
* bank ma’lum davr mobaynida barqaror foizli daromad oladi;
* tijorat banki kreditlash shartnomalari shartlarining bajarilishi ustidan nazorat qilish imkoniga ega bo‘ladi. Agar kredit shartnomasi shartlarining mijoz tomonidan buzilishi yuz bersa, bank kredit liniyasini vaqtinchalik yopib qo‘yio‘i mumkin.
Kreditlashning overdraft shakli ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda (Angliya, Shotlandiya. Irlandiya, Uels, Kanada) yaxshi rivojlangan.
Overdraft krediti doimiy pul tushumiga ega bo‘lgan ishonchli mijozlarga beriladi va ular faoliyatida yuzaga keladigan qisqa muddatli pul mablag‘lari etishmovchiligiga barham berish maqsadida beriladi.
Overdraft krediti mijozning joriy hisobraqamini debetli qoldig‘i summasiga beriladi. Tijorat banki va mijoz o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasiga ko‘ra, mijozga bank tomonidan kreditlash limiti ajratiladi. Mijozning joriy hisobraqamida pul mablag‘larining etishmaslik holati yuzaga kelganda, ya’ni debetli qoldiq hosil bo‘lganda, bank ajratilgan limit doirasida overdraft krediti ajratadi.
Overdraft kreditida ssuda hisobraqami ochilmaydi. Kompyuter dasturi berilgan overdraft kreditini mijozlar toifasi bo‘yicha avtomatik ravishda hisobga oladi.
Overdraft krediti mijozning joriy hisobraqamiga pul kelib tushishi bilan avtomatik ravishda qoplanadi.
Overdraft kreditining foiz stavkasi muddatli kreditlarning foiz stavkasidan yuqori bo‘ladi. Buning sababi shundaki, overdraft kreditlari ta’minlanmagan kreditlar bo‘lib, ularning risk darajasi nisbatan yuqoridir.
Overdraft kreditlarida garov ta’minotining mavjud emasligi quyidagi sabablar bilan izohlanadi:
– kredit oluvchining joriy hisobraqamida qachon pul mablag‘lari etishmasligini oldindan bilish qiyin;
– kredit oluvchining joriy hisobraqamida qancha miqdorda pul mablag‘lari etmay qolishini oldindan bilib bo‘lmaydi.
Angliya bank amaliyotida overdraft kreditlari bo‘yicha kredit riski darajasini pasaytirish maqsadida mijozlarga har oyining so‘nggi kunida joriy hisobraqamning debetli qoldig‘ini ta’minlash sharti qo‘yiladi. Shu tariqa, overdraft krediti bo‘yicha qarzdorlikni keyingi oyga o‘tishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida mijozlarning joriy hisobraqamining debetli qoldig‘ini yuzaga kelishiga ruxsat etilmaydi.
Kreditlashning kontokorrent shakli nemis tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda (Germaniya, Avstriya, Shveysariya) yaxshi rivojlangan.
Kreditlashning kontokorrent shaklida mijozning joriy hisobi yopiladi va uning o‘rniga kontokorrent hisobraqami ochiladi.
Kredit olgan mijozning faoliyatidan keladigan barcha tushumlar kontokorrent hisobraqamining kreditida aks etadi, uning majburiyatlari yuzasidan barcha to‘lovlari kontokorrent hisobraqamining debetida aks etadi.
Kreditning funksiyalari
Kreditning mohiyati uning funksiyalarida yanayam yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Kreditning funksiyalari turli iqtisodiy adabiyotlarda turlicha va miqdorda keltiriladi.
Ayrim adabiyotlarda iqtisodchi–olimlar kreditning funksiyalarini beshta ekanligigini ta’kidlashsa, ayrimlarida uning funksiyalari ikkitadan iboratligiga da’vogarlik qiladi.
Iqtisodchi – olimlarning kredit funksiyalari haqidagi fikrlariga, shuningdek, kreditning tovar–pul munosabatlari va ijtimoiy – iqtisodiy jarayonlardagi ishtirokiga tayangan holda, uning qayta taqsimlash (1), muomala jarayonini tezlashtirish (2), pullarni muomalaga chiqarish va naqdlashtirish (3) hamda pul kapitalini jamg‘arish va markazlashuvini jadallashtirish (4) funksiyalarini bajarishini ta’kidlash mumkin.
Kreditning funksiyalari ichida qayta taqsimlash funksiyasi asosiy funksiyalardan biri hisoblanadi. Kredit ushbu funksiyasi orqali jismoniy va yuridik shaxslarining taqsimlangan daromadlarining vaqtinchalik foydalanilmagan qismini tegishli fondlarga jalb qiladi. Jalb qilingan mablag‘lar iqtisodiyotning qo‘shimcha resurslarga ehtiyoji mavjud tarmoqlariga qayta taqsimlanadi.
Kredit ushbu funksiyasi orqali vaqtinchalik bo‘sh pul mablag‘larining sohiblariga qo‘shimcha daromad olish imkoniyatini yaratsa, kreditorga qo‘shimcha mablag‘larga ehtiyoji mavjud shaxslarga tegishli foizlar berish asosida daromad olishga, kredit oluvchilarga esa ishlab chiqarish jarayonini uzluksizligini ta’minlash natijasida qo‘shimcha qiymat yaratish imkoniyatini yaratadi.
Demak, kreditning qayta taqsimlash funksiyasi orqali ssuda kapitali iqtisodiyotning tarmoqlari o‘rtasida, qaytarishlik asosida joylashtiriladi, bu kredit munosabatlarida bevosita ishtirok etayotgan tomonlarning iqtisodiy manfaatdorligini ta’minlash bilan birga, vaqtinchalik bo‘sh pul mablag‘larini kreditor ixtiyoriga yo‘naltirgan shaxslarga tegishli daromad olishiga xizmat qiladi.
Kreditning qayta taqsimlash funksiyasini amal qilishida pulning jamg‘arma funksiyasining bevosita va bilvosita ta’siri mavjud. Ushbu masalaga klassik va neoklassik maktab vakillari alohida e’tibor qaratishgan. Xususan, A.Marshall «odamlar sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishiga qaramasdan, ular uni (pulni) ishlatmasliklari mumkin», deydi. Ko‘rinib turibdiki, ushbu e’tirof Sey qonunini to‘lig‘icha inkor etmaydi. Aksincha, neoklassik – iqtisodchilar shunday to‘xtamga kelishdiki, Sey qonuni bir shart bilan bajariladi, bu vaqtda faqat jamg‘arma (S) investitsiya (I) ko‘rinishini oladi. Ularning ta’kidlashicha, bu vaqtda kapital bozoridagi talab va taklifning muvozanati foiz stavkasining barqarorligi hisobiga yuz beradi. Agar jamg‘arma (kapitalning taklifi) hajmi mo‘ljallangan investitsiya qilish hajmidan kam bo‘lsa, natijada foiz stavkasi oshadi, buning oqibatida investitsiyaga bo‘lgan talab kamayadi, jamg‘armaga nisbatan taklif esa ortadi. Ushbu holat o‘rtasidagi o‘zaro muvozanat jamg‘arma va kreditning foiz stavkasi asosida tartibga solinadi.
Agar klassik maktab vakillari investitsiya va jamg‘armaning hajmiga foiz stavkasining ta’sirini asosiy omil qilib ko‘rsatsalar, keynschilar esa uning hajmiga uy xo‘jaligi a’zolari tomonidan olayotgan daromadlar miqdori ta’sir qiladi, deb ta’kidlaydilar. Albatta, bu jarayon kreditning qayta taqsimlash funksiyasiga bilvosita ta’siri mavjud.
Kreditning muomala jarayonini tezlashtirish funksiyasi mamlakat pul muomalasi, pul massasi, pulning aylanish tezligiga bevosita ta’sir qiladi. Bu jamiyatdagi vaqtinchalik bo‘sh pul mablag‘larini tegishli fondlarga jalb etish orqali ularni pul aylanmasiga kiritadi.
Ma’lumki, mamlakat pul massasining tovar massasiga nisbatning ta’minlanishi milliy valyutaning barqarorligi va sotib olish qobiliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu jarayonda kredit mamlakat pul massasining umumiy hajmini oshirmagan holda iqtisodiyot tarmoqlarining qo‘shimcha mablag‘larga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlaydi.
Odatda berilayotgan kreditlar asosan moliya muassasalari orqali bir hisobvaraqdan ikkinchi hisobvaraqlarga o‘tkaziladi. Bu o‘z navbatida muomaladagi pullarning aylanish tezligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Kredit paydo bo‘lishi bilan birga, kredit pullarining oddiy shakli bo‘lgan veksellarni paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Albatta, veksellar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning vaqtinchalik pul mablag‘lari bilan bog‘liq muammolarni hal etishda, kredit munosabatlari yordamida muhim moliyaviy qurol sifatida maydonga chiqadi.
Kreditning pullarni muomalaga chiqarish va ularni naqdlashtirish funksiyasi asosan Markaziy bankning qayta moliyalash siyosati orqali amalga oshiriladi. Ma’lumki, Markaziy bank muomaladagi pul massasini tartibga solish maqsadida qayta moliyalash stavkalari asosida tijorat banklariga kreditlar beradi, berilgan kreditlar iqtisodiyotdagi pul massasini oshirish bilan birga, Markaziy bank tomonidan kreditlar ko‘rinishida muomalaga chiqarilgan naqdsiz pullarni u yoki bu yo‘l bilan naqdlashtiradi.
Kredit pul kapitalini jamg‘arish va markazlashuvini jadallashtirish funksiyasi yordamida yirik ssuda kapitalini tegishli fondlarda jamg‘aradi. Jamg‘armalar yordamida mamlakatlar, hududlar, mintaqalar, qit’alar yoki ayrim kompaniyalarda mablag‘larning markazlashuvi ro‘y beradi. Kredit mablag‘larining markazlashuvi hududning iqtisodiyoti va moliya – kredit tizimi rivojlangan joylarda yuz beradi.
Download 55.52 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling