Mirzo ulug‘bek nomidagi o‘zbekiston milliy universiteti jahon tarixi
Download 0.73 Mb.
|
Mirzo ulug‘bek nomidagi o‘zbekiston milliy universiteti jahon ta
Qadimgi Messopatamiya madaniyati. Qadimgi Mesopotamiya madaniyatining dastlabki asoslari mil. avv. IV ming yillikda paydo bo‘lgan. Bunda o‘troq ziroatkor shumerlarning o‘rni kattadir. Aynan ular ushbu hudud madaniyatini bizga yetib kelishi uchun imkon bergan mixxat yozuvining asoslarini yaratganlar.
Yuqorida ta’kidlangan arxaik yozuv asoslari taxminan mil. avv.IV ming yilliklarda janubiy Mesopotamiyada yuzaga kelgan bo‘lib, uning dastlabki asosiy vazifasi aholi orasida mulkiy munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lgan. Ilk shumerda yaratilgan yozuv piktografik shaklda ekanligi bilan kishilarni e’tiborini tortadi. Mixxatga aylanish jarayoni evolyutsion tarzda amalga oshganligi tarixdan ma’lum. Asrlar davomida sayqallashib, keyinchalik mil. avv. III ming yillikda siyosiy, yuridik va xo‘jalik ishlarini olib borishda keng foydalaniladigan bo‘ldi. Akkad tili, mixxat yozuvi yordamida diplomatiya tiliga aylana boshladi. Keyinchalik butun Old Osiyo xalqlari ushbu yozuvni o‘zlashtirib oldilar. Yozuvni bitish uchun loy taxtachadan foydalandilar. Mixxat yozuvida 600 ga yaqin belgilar ishlatilganligini arxeologik ma’lumotlar tasdiqlaydi. Bunday loy taxtachali hujjatlar ko‘p hollarda unchalik katta bo‘lmagani bizga ma’lum. Keyinchalik mixxatni kichraytirilgan tarzda zich holda (ko‘proq so‘zlar sig‘ishi uchun) loy taxtatachalarga yozishgan. Ba’zi muhim hujjatlar metall (mis va kumush) taxtachalarga bitilgan. Ayrim hollarda toshga mixxat yozuvini yozish ham ko‘p kuzatilgan. Ayniqsa qora bazalt toshga bitilgan mashhur Bobil podshosi Xammurappi qonunlari yuqoridagi fikrimizga dalil bo‘la oladi. Bunday yozuvni o‘rganish qiyin bo‘lganligi tufayli mixxatni o‘qish uchun maxsus ta’lim dargohlari qadimgi Shumerda paydo bo‘la boshladi. O‘qishga o‘rgatish asosan kohinlar tomonidan amalga oshirilgani uchun dastlabki xattotlar maktablari ibodatxonalar oldida tashkil qilingan edi. Qadimgi Shumerda maktablar “taxtachalar xonadoni” (yoki “edubba”) shaklida tilga olingan. Manbalarda ta’kidlanishicha bunday maktablarda o‘g‘il bolalar o‘qitilgan va davlat xizmatiga tayyorlangan. Maktablar o‘quvchilar ota-onalari hisobidan ta’minlangan. Savdo- sotiq va hunarmandchilik munosabatlarining o‘sishi va davlat xizmati uchun kadrlar aynan mana shu o‘quv maskanlarida tayyorlangan. Bu yerda o‘qishdan tashqari hisob-kitob, adabiyot, grammatika, falakiyot ilmi o‘qitilgan. Buyuk amerikalik numerolog Syumeel Nol Kramer Nippur sopol taxtachalarning maxsus tadqiqini amalga oshirdi va buning natijasida insoniyat tarixidagi ilk voqea- 39 ta voqealarning matnlarini nashr etdi.Unda maktabda ilk bor olmani artilishi va huquqbuzarlikdan tortib, birinchi tibbiy ma’lumotnoma va dekorativ bog‘dorchilikning birinchi tajribasi yoritilgan. “Ota va bola”lar muammosi bugungi kungidek, to‘rt ming yil avval ham dolzarb edi. Kramer topilmalarida ota va quloqsiz o‘g‘ilning dialogidan bir parcha keltiradi. Otasi o‘g‘lidan qayerda bo‘lding deb so‘raydi, o‘g‘li hech qayerda deb javob beradi. Agar sen hech qayerda bo‘lmagan bo‘lsang, demak sen hech nima bilan shug‘ullanmaysan, maktabga bor, maktabda ustozing oldida tur va vazifangni gapirib ber, sening katta akang senga yangi taxtacha yozib bersin, vazifani bajarganingdan so‘ng, sinf sardori oldida hisobot berganingdan keyin yonimga qayt va ko‘chalarda yurma, nima deganimni tushundingmi?. Shumer akademik ta’limi qat’iy va zerikarli edi. “Butun kun o‘qituvchi yoki “katta aka”lar tomonidan jazo olishni kutib o‘tar edi. Kramer uncha katta bo‘lmagan loy taxtachani tarjima qilishga muvaffaq bo‘ldi, unda shumerlik shifokor terapevt o‘z retseptlarini yozgan edi. Shumerlik shifokorlar oddiy mineral, hayvon, o‘simliklardan olgan dorilarni qo‘llar edilar. Xlorli natriy (tuz) va kaliy nitrati (selitra) ko‘plab retseptlarda ko‘rish mumkin edi. Bundan tashqari ular orasida ilonlar terisi va toshbaqaning qobig‘i ham uchraydi. Ko‘p dorilar o‘simliklardan tayyorlangan edi, ulardan qilingan har xil kremlar tashqi qo‘llash uchun ishlatilsa, vino, sharob yoki pivoda eritib tindirilgan o‘simliklar ichki davo uchun qo‘llanilardi. Shumer tilining yozuvi shu qadar murakkab ediki, Shumer aholisining faqatgina kichik qismi bu yozuvga ega edi. Bugungi kunda bu yozuv 250 mutaxassisga ma’lum, ammo Mesopotamiyaning tadqiq etilishida yetakchi bo‘lgan Pensilvaniya universiteti 1976 -yildan boshlab, 27 mingta yozuv ustida ish olib bormoqda. Milliondan ziyod kartochkalar tuzildi, ularni kompyuterlashtirishdi va shumer ramzli yozuvlar ma’nosining 18 jildlik lug‘ati yaratildi. Birinchi jild 248 betdan iborat bo‘lib, 1984- yilda nashr qilindi, ikkinchisi, 1999 -yilda, oxirgi jild esa bizning asrimizda nashr etilishi lozim. Mazkur yozuvlar atigi 800 ta ramz belgi bo‘lgani bilan, ular ko‘p ma’nolidir, bu esa ma’lum qiyinchiliklarni vujudga keltiradi. Qadimgi Mesopotamiyada “buyuk to‘fon ” haqidagi afsonalar bizgacha yetib kelgan. Ayniqsa, “Gilgamish haqidagi afsona” qadimgi Mesopotamiya adabiyotining yorqin na’munasi hisoblanadi. Dostonni ilk she’riy na’munalari mil. avv.III ming yillikning birinchi yarmida yaratilgani hozirda olimlar tomonidan e’tirof etilmoqda. Bizgacha yetib kelgan doston mil. avv. XVIII-XVII asrlarda akkad tilida mixxatda yozilgan. Ushbu epos bir yarim ming yil davomida sayqallanib kelinganligi bilan kishilarni e’tiborini tortadi.Uning birmuncha to‘liq nusxasi hozirda Britaniya va ba’zi qismlari dunyoning boshqa muzeylarida saqlanadi. Mazkur doston Nineviyadagi podsho Ashshurbanipalning mixxat kutubxonasini qazish jarayonida topilgan. U 12 ta olti ustunli sopol taxtachalarga mayda mixxat shaklida yozilgan bo‘lib, 3000 ga yaqin she’rlarni o‘z ichiga oladi. Doston akkad tilida Shumer hikoyalari asosida yozilgan. Dostonning bosh qahramonlari Gilgamesh va Enkidu hisoblanib, asar do‘stlik haqidagi madhiya sanaladi. Asarning qisqacha syujetiga ko‘ra Uruk shahri aholisi ilohlardan o‘z hukmdori Gilgameshni chidab bo‘lmas fe’lidan qutqarishni so‘raydilar. Natijada Aruru ilohasi loydan Gilgameshga bas kela oladigan yovvoyi odam Enkiduni yaratadi. Enkidu dastlab Urukdan tashqarida hayvonlar orasida yashaydi va mutlaqo madaniyatdan yiroqdagi kishi edi. Bu orada Gilgameshning tushida u do‘st topishi ayon bo‘ladi. Kunlardan bir kuni Urukka xabar keladiki go‘yoki o‘rmonda bir kishi insonlarga ov qilishga xalaqit berib, hayvonlarni himoya qilayotgan ekan. Gilgamesh uni oldiga bir ayolni yuboradi, Enkidu ushbu xotinning makriga ishonib Urukka keladi. Bu yerda Enkiduni madaniyatga o‘rgatadilar. Keyinchalik Gilgamesh bilan yakkama-yakka olishadi. Ammo ikkalovi bir-birini yenga olmaydilar va do‘st tutinishadi. Gilgamesh va Enkidu tog‘da yashovchi Xumbaba ismli mahluqni yengadilar. So‘ngra Gilgamesh ma’buda Ishtarning muhabbatini rad etadi. Ishtar Gilgamesh va uning do‘stiga qarshi buqa shaklidagi mahluqni yuboradi. Biroq do‘stlar uni ham jangda yengadilar. Xumbabaning o‘ldirilishi xudolarni qahrini keltirib chiqaradi va natijada Gilgameshni do‘sti Enkidu vafot etadi. Gilgamesh cho‘lga qochib borib do‘sti uchun qattiq g‘am chekadi. O‘lim inson taqdiriga bitilgan qismat ekanligini tushunib etadi. Sayohati chog‘ida Gilgamesh odamlar orasida yagona o‘lmas kishi Ut-napishtimni uchratadi. U qahramonga buyuk to‘fon natijasida yagona tirik qolgan inson ekanligini aytib beradi. Aynan undan Gilgamesh hayot guli haqida bilib oladi va uni topadi. Biroq uni tatib ko‘rishdan oldin daryoda cho‘milib olmoqchi bo‘ladi. Bu orada ilon sudralib kelib gulni yutib yuboradi va terisini tashlab qayta yosharadi. Shundan so‘ng Gilgamesh Urukka qaytib keladi, o‘z safdoshi Urshanabi bilan shahar devorlarini aylanib, avlodlar u qilgan ishlarni eslashiga umid bog‘lashini aytib o‘tadi. Umuman ushbu doston tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, qadimgi jamiyatda ham juda mashhur bo‘lgan. Ossuriyaliklar asta sekin yozuv uchun teri va papirusni ishlata boshlaganlar. Mil. avv.VII asrdan boshlab oromiy tili diplomatiyada ishlatilishi mixxat yozuvining inqirozini keltirib chiqardi. Oromiy yozuv harfli bo‘lib, o‘qish uchun qulay edi. Uni o‘qish uchun kohin bo‘lish shart bo‘lmagan. Qadimgi Mesopotamiya aholisining hayotida diniy e’tiqod asosiy o‘ringa ega edi. Qadimgi Shumer shahar-davlatining o‘z xudo homiysi bor edi. Ammo barcha uchun umumiy ilohlar ham mavjud bo‘lgan. Bularga osmon suv xudosi Ea, ilohi Anu, zamin ilohi Enlil, kabilar kirgan. Bundan tashqari qadimgi Bobilda (Babel “Ilohlar darvozasi”) quyosh ilohi Shamash, oy ilohi Sin, Yupiter sayyorasi ilohi Marduk, Venera sayyorasi ilohasi Balit, urush, va o‘lim ilohasi Ishtarga ham ibodat qilganlar. Shu bilan birga turli xil ezgulik jinlari va devlarga sig‘inishgan. Davlat ichki va tashqi siyosati din yordamida qonuniylashtirilib tartibga solingan. Qadimgi Mesopotamiyada yashagan falakiyotchilar quyosh va oy tutilishini oldindan hisob-kitob yordamida bilganlar, kometa va meteorlarning harakatlarini kuzatishgan. O‘z kalendarlariga ham ega edilar. Unga ko‘ra har bir oy 29 yoki 30 kunga bo‘linib, 1 yil 12 oy, ya’ni 354 kundan iborat bo‘lgan. Arxitekturaning rivojlanishida qadimgi Mesopotamiya shaharlar hukmdorlari, quruvchi usta va hunarmandlarining o‘rni katta hisoblanadi. Qadimda Mesopotamiyada ibodatxonalar barcha xudolar uchun emas, asosan bosh xudolar yoki urug‘ jamoalarni homiysi hisoblangan ma’bud va ma’budalarga atab qurilgan. Mazkur inshootlar umumiy reja asosida, hovlisining bir tomonida altar boshqa tomonida qurbonlik amalga oshiriladigan joy bilan bunyod etilgan. Bunday ibodatxonalar asosan yuqori Mesopotamiyaga xosdir. Mintaqaning shimoli va janubida diniy ibodatxonalarning binokorligi 4 usulda qurilgan: 1) Muqaddas ilohiy joyning atrofida qo‘shimcha binolarni bunyod etilishi; 2) Sun’iy tepaliklar ustiga bosh ibodatxona barpo etib, unga ikkita ko‘tarma yo‘laklar qurish hamda tepalik ustiga qavatlar bino etib shu tariqa zikkuratlar tashkil etilgan. 3) Uch qismli ibodatxonalar. Unda markaziy qism, usti ochiq hovli hamda xo‘jalik uchun yoki ikkinchi darajali ibodat qurilmalari mavjud bo‘lgan. 4) Alohida- alohida bunyod etilgan ibodatxonalar. Qadimgi Ur shahrida podsho Shulgi bunyod ettirgan Zikkurat yuqoridagi fikrimizga dalil bo‘la oladi. Hozirda biz qadimgi Ur shahrining obrazini 1922-1932-yillarda Charlz Leonard Vulli yetakchiligida amerikalik va angliyalik arxeologlar tomonidan o‘tkazilgan qazish ishlari natijasida tiklay olamiz. Qazishma ishlar davomida Ur shahridagi zikkurat ochilgan. Shahardagi tepalikning eng qadimgi, yuqori qismini muqaddas maydon egallagan. Aynan shu yerda bizning kunlarimizgacha saqlanib qolgan Buyuk zikkurat joylashgan edi. U “quyi ibodatxona” bo‘lib, ya’ni Oy xudosi Nanning erdagi uyi hisoblangan. Qadimgi shumerlar uni Ekishnugal deb nomlashgan va bu erda turli xil ibodatlar o‘tkazilgan bo‘lib, bundan tashqari xudolar va podsholarning haykallari joylashgan. Zikkuratning qurilishini, akkadliklar va boshqa qabilalar bosqinidan so‘ng o‘z mustaqilligini tiklab olgan,Urning uchinchi sulolasi olib borgan. Keyinchalik u ko‘p marotaba qayta qurilgan va mil. avv.VI asrda sezilarli darajada yangi Bobil podshosi Nabonid davrida kengaytirilgan. Ammo bu bino faqatgina bir maqsadda ishlatilmay, balki u jamoaviy muassasa, arxiv va podsho turargohi vazifasini ham bajargan. Bu yerdan topilgan ishga aloqador va xo‘jalik hujjatlarida hattoki podsho Xammurapi ( mil. avv.1792-1750 -yy) davrida yashagan alohida oilalarning tarixini ham kuzatish mumkin. Zikkurat 20-metrli g‘ishtdan qurilgan bino bo‘lib, turli xil enlikdagi platformalarda joylashgan. O‘zining asosida u 210 metr bo‘lib uchta qavatdan iborat bo‘lgan. Uchta qo‘shimcha zinalarga o‘xshagan ko‘targichlar ( bittasi tikka-markaziy va qolgan ikkitasi yonbosh bo‘lib tepada birlashishgan) birinchi maydonchaga olib chiqishgan va u yerdan zinalar g‘isht binochaga- oy xudosi Nanning ibodatxonasi joylashgan imoratga olib chiqqan. L.Vullining fikricha, bu zinapoyalar atrofiga qadimda daraxtlar ekilgan bo‘lib, bundan maqsad aholi binoni muqaddas tog‘ga o‘xshatishi kerak edi. Zikkuratning yuqori maydoni kohinlarga yulduzlarni kuzatish uchun xizmat qilgan. Platformalarni ushlab turgan devorlar ortida rohiblar va ibodatxona ishchilari uchun xonalar joylashgan. XX asrda olib borilgan arxeologik tadqiqotlarga ko‘ra Bobil shahrini Frot daryosi g‘arbiy va sharqiy qismlarga ajratib turgan. Shaharning umumiy maydoni 10 km2 tashkil etib, uch qator mudofaa devorlari bilan o‘ralgan holda 8 ta darvozadan iborat bo‘lgan. Darvozalar orasida eng chiroyli va go‘zali ma’buda Ishtar sharafiga qurilgan darvoza hisoblanadi. Mazkur inshoat podsho Navuxodonosar buyrug‘i bilan mil. avv.575-yili qurilgan bo‘lib, shaharning shimoliy qismida joylashgan edi. Darvoza pishiq g‘ishtdan yarim yumaloq shakldagi arka sifatida bunyod etilib, ko‘k, sariq, oq va qora ranglar bilan bezatilgan. Hozirda Berlin muzeyida saqlanayotgan Ishtar darvozasi qayta rekonstruksiya qilinib, balandligi 14 metr, kengligi 10 metrni tashkil etadi. Yana bir me’moriy obida- podsho Xammurapi davrida asos solingan, keyinchalik bir necha bor ta’mir etilgan “ Bobil minorasi”dir. Uning balandligi 91 metr bo‘lib, 7 qavatni tashkil etgan. Qadimgi Bobilning diqqatga sazovor joylaridan biri Semiramida bog‘lari hisoblanadi. Uning yaratilish tarixi juda qiziq bo‘lgan. Podsho Navuxodonosar II va Midiya podshosi Kiaksar o‘rtasida bitim imzolanib, Navuxodonosar II Midiya malikasi Amitasga uylanadi va uni Bobilga olib ketadi. Podsho malikani ko‘nglini olish uchun bog‘ barpo etishni buyuradi. Bog‘ piramida shaklida 4 qavatdan iborat bo‘lib, har bir qavatni 25 ustun ushlab turgan. Ushbu inshoat doimo yashil tepalik ko‘rishida bo‘lib, har kuni yuzlab qullar suv ko‘tarma g‘ildiragini aylantirib, butun bog‘ni suv bilan ta’minlab turgan. Ahmoniylar davrida bog‘ qarovsiz qoladi. Biroq, Aleksandr Makedonskiy ushbu bog‘ va saroyni qayta tiklab, umrining so‘nggi kunlarini shu bog‘da o‘tkazgan. Download 0.73 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling