Moliya” fanidan “Moliyaning mohiyati va funksiyalari” mavzuzida ilmiy loyiha bajardi: IX 50-2 guruhi talabasi


Moliyaning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati


Download 64.6 Kb.
bet2/4
Sana09.01.2022
Hajmi64.6 Kb.
#258294
1   2   3   4
Bog'liq
IX 50-2 Ernazarov R. Moliyadan ilmiy loyiha

Moliyaning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati

Moliyaviy munosabatlarning ilk shakllari insoniyat taraqqiyotining quldorlik jamiyati bosqichida jamiyatning sinflarga bo’linishi va davlatning vujudga kelishi bilan bog’liq ravishda paydo bo’ldi. Muayyan hududda boshqaruv organi sifatida davlatning vujudga kelishi uning hokimiyat apparatini moddiy jihatdan ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, mamlakatni himoya qilish, urush harakatlarini olib borish, ijtimoiy ob’ektlar va yo’llar qurish kabi vazifalarni bajarishi uchun ma’lum darajada pul mablag’lari ham bo’lishini taqozo eta boshladi. Xuddi shu holat o’z navbatida jamiyatda moliya paydo bo’lishini iqtisodiy zaruriyatga aylantirdi. Demak, davlatchilik tizimining vujudga kelishi moliyaning paydo bo’lishi uchun asosiy sabab bo’lib xizmat qildi.


Moliya haqida so’z borar ekan, eng avvalo, bu atama qanday paydo bo’lgan, degan haqli savol tug’ilishi tabiiy. “Moliya” arabcha so’z bo’lib, o’zbek tilida eng umumiy tarzda “pul mablag’lari” ma’nosini anglatadi. Bu so’z ona tilimizda ishlatilishining quyidagi ko’rinishlari mavjud:

 maqsadli pul fondlarini hosil etish, jamlash, taqsimlash va ishlatish yuzasidan paydo bo’ladigan iqtisodiy munosabatlar majmui; pul mablag’larini shakllantirish, taqsimlash, ularni sarf qilish tizimi (masalan, moliya yili, moliya kapitali, moliyaviy tizim);

 biror shaxs, oila, jamoa, muassasa, tashkilot yoki davlat tasarrufidagi pul mablag’lari (masalan, korxona moliyasi);

 moliya ishlari bilan shug’ullanuvchi davlat organi (so’zlashuv tilida) Arab tilidagi “mol”, ya’ni “boylik, mulk; pul jamg’armasi”, shuningdek, “moliyat”, ya’ni “pul mablag’lari; soliq” so’zlari ham moliyaga daxldordir .

Lekin jahon iqtisodiy adabiyotida lug’aviy ma’nosi jihatidan o’zbekcha “moliya” iborasining fransuzcha “finance”, lotincha “financia” va ruscha “finansi” kabi ekvivalentlari yoki ma’lum ma’noda, sinonimlari qachon va qayerda paydo bo’lganligi haqida aniq ma’lumot yo’q.

Ayrim olimlar “financia” (“finance”, “finansi” va h.k. shakllarda) tushunchasi aynan shu shaklda XIII-XIV asrlarda Italiyaning savdo shaharlarida paydo bo’lgan va dastlab “pul to’lovi” ma’nosini anglatgan, degan fikrlarni olg’a surishadi. Xalqaro savdo-sotiq ishlarining rivojlanishi mazkur iboraning Italiyadan boshqa davlatlarga ham tarqalishiga sabab bo’lgan. XV asrda “financia” tushunchasi Fransiyada “davlat daromadlari”, “pul summalari” ma’nosida ishlatila boshlangan. Boshqa tadqiqotchilar bu atama muomalada ilk bor frantsuz olimi J.Boden tomonidan 1755 yilda nashr etilgan “Respublika xususida olti kitob” nomli asarida ishlatilgan va shu tariqa bu atama Yevropa davlatlari hayotiga kirib kelgan, deb hisoblashadi. Yaratilayotgan moddiy ne’matlarni taqsimlash va qayta taqsimlash bo’yicha oliy hokimiyat organi sifatida davlat va takror ishlab chiqarish jarayonining boshqa ishtirokchilari o’rtasida yuzaga chiqadigan ma’lum bir iqtisodiy munosabatlarni Yevropa davlatlarida o’rta asrlardan boshlab “moliya” tushunchasi orqali ifodalay boshlashgan. Natural munosabatlar ustunlik qilgan jamiyatlarda taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonlari natural soliqlar va turli ko’rinishdagi shaxsiy to’lanmalar xarakteriga ega bo’lgan.

Tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi taqsimlash va qayta taqsimlash munosabatlari shakllarining o’zgarishiga olib keldi – ular ko’proq ravishda pul xarakteriga ega bo’ldi. Biroq bu munosabatlarning mazmun va mohiyati printsipial jihatdan o’zgarmay qolaverdi. Zamonaviy tasavvurdagi “moliya” tushunchasi podsholar xazinasidan davlat xazinasi ajralib chiqishi bilan paydo bo’lgan. Bir paytning o’zida shuni alohida qayd etish kerakki, jamiyatda pul, tovar-pul munosabatlari va davlatning paydo bo’lishi o’z-o’zidan darhol moliyaning ham vujudga kelganligini bildirmaydi. Ular hammasi bir paytda, ya’ni birdaniga paydo bo’lgan emas. Moliya shakllanib, bizning u haqidagi bugungi tasavvurimizdagi moliya ko’rinishiga kelishi uchun jamiyatda bir qator shart-sharoitlar pishib yetilgan bo’lishi kerak. Ular quyidagilar:

1. Asrlar davomida davlat ixtiyoriga yig’iladigan barcha pul mablag’larining mutloq egasi qirol (sharqda podsho), deb hisoblanilgan. Mablag’lar qirol xohish-ixtiyori bilan yig’ilgan va u xohlagan shaklda xarajat qilingan. O‘sha davrlarda odamlar tasavvurida daromadlarni ishlatish bundan boshqacha bo’lishi mumkin emasday tuyular edi. XVI –XVII asrlarda Niderlandiya va Angliyada yuz bergan birinchi burjua inqiloblari moliyaning shakllanishiga juda katta turtki bergan. To’g’ri, mazkur inqiloblar qirollik tuzumini ag’darib tashlay olmadi. Lekin shunday bo’lsa-da, qirolning hokimiyatini ancha cheklashga erishildi va biz uchun eng muhimi qirolning xazinaning mutloq egasi sifatidagi huquqi keskin qisqartirildi. Yangi sharoitda xazina o’rniga umumdavlat pul mablag’lari fondi, zamonaviy til bilan aytganda, byudjet tashkil etila boshlandi. Qirolning xazi-nasi o’rniga davlat byudjeti tushunchasining kirib kelishi moliyaning shakllanishi va zamonaviy ko’rinish olishida o’ta muhim ahamiyatga ega bo’lgan inqilobiy o’zgarishlardan biri bo’lib hisoblanadi. Shu o’rinda Markaziy Yevropa davlatlarida xazinani tasarruf etish sohasida yuz bergan bunday o’zgarishlar dunyo-ning juda ko’p davlatlarida, xususan, O‘rta Osiyoda ommalash-maganligini e’tirof etish zarur. O‘z taraqqiyoti davrida kapitalistik tuzumni bosib o’tmagan mazkur davlatlarda podsholar xazinaning mutloq egasi bo’lib qolaverganligi va muomalaga davlat byudjeti tushunchasi kirishi podsholik hokimiyatining bekor qilinishiga qadar hal bo’lmaganligini tabiiy hodisa sifatida tushunish to’g’ri bo’ladi.

2. Amaliyotga “xazina” o’rniga “davlat byudjeti” tushun-chasi kirgandan keyin byudjetni tashkil etish va mablag’-lardan foydalanish tartibi shakllana boshladi. “Davlat daromadlari” va “davlat xarajatlari” iboralari paydo bo’ldi, ularning tarkibi aniqlandi, davlat byudjetini shakllantirish va mablag’larini sarflash uchun tegishli qonun hujjatlarining asoslari yaratila boshlandi. Davlat byudjeti daromadlarini asosan soliqlar, turli to’lovlar, harbiy o’lja va kontributsiyalar tashkil etgan bo’lsa, o’sha paytdayoq xarajatlar moddalarining hozirga qadar o’z ahamiyatini yo’qotmagan yo’nalishlari shakllandi: harbiy xarajatlar, iqtisodiyot, boshqaruv va ijtimoiy maqsadlarga ajratilgan mablag’lar.

3. Qirol xazinaning mutloq egasi bo’lgan davrda daromadlar natural soliqlar va aholining mehnat majburiyat-laridan iborat bo’lgan edi. Endilikda pul ko’rinishidagi soliqlar Davlat byudjeti daromadlarining asosiy qismini tashkil eta boshladi. Natijada yaratilayotgan mahsulotni qiymat shaklida taqsimlash bosqichi boshlandi. Lekin shuni yana alohida ta’kidlash lozimki, moliya va moliyaviy munosabatlarning mohiyati haqidagi tushunchalar vaqt o’tishi bilan o’zgarib brogan. Korporativ tipdagi (ustav kapitalining hissali aksiyadorlik shaklidagi) milliy va transmilliy tashkilotlarning vujudga kelishi bilan bog’liq holda tovar ishlab chiqa-rishning yirik masshtablarda rivojlanishi takror ishlab chiqarish jarayonining turli ishtirokchilari o’rtasida pul mablag’larini jalb qilish, ulardan foydalanish va ularni taqsimlash metodlari hamda usullarining takomillashuviga olib keldi. Tovarlar harakatidan ajralgan pul mablag’larining harakati masalalari bu taqsimlash jarayonlarida alohida ahamiyat kasb etadi. Ular bir tomondan, kreditning turli shakllari va ikkinchi tomondan, turli sub’yektlar o’rtasida YaIM qiymatini taqsimlash va qayta taqsimlash bilan bog’liqdir. Bir vaqtning o’zida, ularning har biri amaldagi huquqiy normalar yoki ishbilarmonlik aylanma-sining tartibiga muvofiq ishlab chiqarilgan mahsulotdan o’z hissalarini olishga da’vo qiladilarki, bu moliyaviy munosabatlarning sohasidir.

Shunday qilib, moliyaning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati, taraqqiyot qonuniyatlari, tovar-pul munosabatlarining qamrab olish sohasi va ijtimoiy takror ishlab chiqarishdagi roli jamiyatning iqtisodiy tuzumi, davlatning tabiati va funksiyalari bilan belgilanadi. Tarixiy kategoriya sifatida ham moliyaning vujudga kelishi jamiyatning sinflarga bo’linishi va davlatning paydo bo’lishi bilan bog’liq.

Kengaytirilgan takror ishlab chiqarish uchun sharoitlarni ta’minlash hamda davlatning funksiyalari va vazifalarini bajarish maqsadida markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan pul mablag’lari fondlarini shakllantirish, taqsimlash va foydalanish bilan bog’liq bo’lgan iqtisodiy (moliyaviy) munosabatlar moliya deyiladi.

Moliyaviy munosabatlarning boshqa iqtisodiy munosabatlardan farqlanuvchi xarakterli belgilaridan biri shundaki, ular yordamida amalga oshiriladigan YaIMni qayta taqsimlash jarayonida oldindan ma’lum maqsadlarga mo’l-jallangan turli pul mablag’lari jamg’armalari (fondlari) yaratiladi. Davlat va mahalliy o’zini o’zi boshqarish organlari darajasida tuziladigan pul mablag’lari fondlari markazlashtirilgan fondlar, xo’jalik sub’yektlari darajasida tuzilgan pul fondlari esa markazlashtirilmagan pul fondlari deyiladi.

Xo’jalik sub’yektlarining turli faoliyatlaridan olingan daromadlar hisobidan maxsus pul mablag’lari fondlari shakllantiriladi. Ularni shakllantirish qat’iy ravishda reglamentatsiya qilinish (tartibga solinish) xarakteriga egaki, bu narsa moliyaviy munosabatlarning yana bir farqlanuvchi xarakterli belgisi hisoblanadi.

YaIMni taqsimlashda aholi ham ishtirok etib, ish haqi, tadbirkorlik daromadi, dividendlar va qayta taqsimlash-ning boshqa shakllari ko’rinishidagi o’z hissalarini oladi. Bundan tashqari majburiylik xarakteriga ega bo’lgan soliq-lar va boshqa to’lovlarni to’lash orqali aholi markazlashtirilgan pul mablag’lari fondini shakllantirishda ishtirok etadi. Aholi daromadlari va xarajatlarini shakllantirish va foydalanish bilan bog’liq bo’lgan pul munosabatlarining bu tizimi ham moliyaviy munosabatlarning alohida sohasini tashkil etadi.

Shunday qilib, quyidagilar moliyaning xarakterli belgilaridir:

 qiymatning tovar shaklidagi harakatiga bog’liq bo’lmasdan, aksincha, real pullarning harakatiga bog’liq bo’lgan, huquqiy normalar yoki biznesni yuritish etikasiga asoslangan munosabatlarning taqsimlash xarakterda ekanligi;

 pul mablag’lari harakatining, odatda, bir tomonlama yo’nalishga ega ekanligi;

 markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan pul mablag’lari fondlarini yaratish.

Moliya pul munosabatlarining ajralmas qismi hisoblanadi. Shuning uchun ham uning roli va ahamiyati pul munosabatlarining iqtisodiy munosabatlar tizimida qanday o’rinni egallaganligiga bog’liq. Bir vaqtning o’zida moliya puldan o’zining mazmuni va bajaradigan funksiyalari bo’yicha farq qiladi. Agar pul umumiy ekvivalent bo’lib, uning yordamida umumlashtirilgan ishlab chiqaruvchilarning mehnat xarajatlari o’lchansa, moliya esa yalpi ichki mahsulot (YaIM) va milliy daromad (MD)ni taqsimlash va qayta taqsimlashning iqtisodiy vositasi (instrumenti), pul mablag’lari fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish qurolidir. Pul daromadlari va fondlarini shakllantirish yo’li bilan faqatgina davlat va korxonalarning pul mablag’lariga bo’lgan ehtiyojlarini ta’minlash emas, balki moliyaviy resurslarning sarflanishi ustidan nazoratni ham amalga oshirish moliyaning nima uchun mo’ljallanganligini belgilab beradi.

Moliya quyidagilar sub’yektlar o’rtasida vujudga keladigan pul munosabatlarini ifodalaydi:

 tovar-moddiy boyliklarni sotib olish, mahsulot va xizmatlarni realizatsiya qilish jarayonida korxonalar o’rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;

 markazlashtirilgan pul mablag’lari fondlarini yara-tish va ularni taqsimlash borasida korxonalar va ularning yuqori organlari o’rtasida vujudga keladigan pul munosa-batlari;

 byudjet tizimiga soliqlarni to’lash va xarajatlarni byudjetdan moliyalashtirish davomida korxona va davlat o’rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;

 soliqlar va boshqa ixtiyoriy to’lovlarni to’lash jarayonida davlat va fuqarolar o’rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;

 to’lovlarni amalga oshirish va resurslarni olish jarayonida korxonalar, fuqarolar va nobyudjet fondlari o’rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;

 byudjet tizimining alohida bo’g’inlari o’rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;

 sug’urta badallarini to’lash va zararlarni qoplash, sug’urta hodisasi ro’y bergan paytda aholi, korxonalar hamda mulkiy va shaxsiy sug’urta organlari o’rtasida vujudga keladigan pul munosabatlari;

 korxona fondlarining doimiy doiraviy aylanishiga xizmat qiluvchi pul munosabatlari.

Pul daromadlari va fondlarining eng asosiy moddiy manbai bo’lib mamlakatning MD hisoblanadi. MDning hajmi umumdavlat ehtiyojlarini qondirish va ijtimoiy ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatlarini aniqlab beradi. Aynan MD va uning alohida qismlarining - iste’mol fondi va jamg’arish fondining - hajmini hisobga olgan holda iqtisodiyotning rivojlanish proportsiyalari (nisbatlari) va tarkibiy tuzilmasi aniqlanadi. Xuddi shuning uchun ham MD statistikasiga alohida e’tibor beriladi.

Moliyaning ishtirokisiz MDni taqsimlab bo’lmaydi. Moliya MDni yaratish va undan foydalanishning ajratib bo’lmaydigan bog’lovchi bo’g’ini hisoblanadi. Moliya ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’molga ta’sir etib, ob’yektiv xarakterga ega. U ishlab chiqarish munosabatlarining ma’lum bir sohasini ifoda etib, bazis kategoriyasiga mansubdir.

Zamonaviy iqtisodiyot davlat moliyasi ishtirokisiz faoliyat ko’rsata olmaydi. Tarixiy taraqqiyotning ma’lum bir bosqichiga qadar jamiyatning ba’zi bir ehtiyojlari faqat davlat tomonidan moliyalashtirilishi mumkin. Atom sanoati, kosmik tadqiqotlar, iqtisodiyotning yangi va ustuvor tarmoqlari, jamiyat uchun zarur bo’lgan sohalar (pochta, telegraf va boshqalar) ana shular jumlasidandir.

Moliya alohida olingan mamlakatlarda ishlab chiqarish kuchlari taraqqiyotining darajasini va ularning xo’jalik hayotidagi makroiqtisodiy jarayonlarga ta’sir etish imkoniyatlarini ifodalaydi.

Mamlakat iqtisodiyotining ahvoli moliyaning holatini belgilab beradi. Doimiy ravishdagi iqtisodiy o’sish, YaIM va MD miqdorlarining oshib borishi sharoitida moliya o’zining muntazamliligi va barqarorligi bilan xarakterlanadi. U ishlab chiqarishning yanada rivojlanishini va mamlakat fuqarolari hayotining sifat darajasining yanada ortishini rag’batlantiradi.

Iqtisodiy inqiroz, ishlab chiqarish hajmining pasayishi, ishsizlikning ortishi sharoitida moliyaning holati ham yomonlashadi. Bu narsa, o’z navbatida, davlat ichki va tashqi qarzlari hisobidan moliyalashtiriladigan byudjet defitsiti miqdorining kattaligida, pul emissiyasida, davlat qarzining ortishi va unga xizmat qilish bo’yicha xarajatlarning ko’payishida namoyon bo’ladi. Bularning barchasi inflyatsiyaning kuchayishiga, xo’jalik aloqalarining buzilishiga, o’zaro noto’lovlarning ortishiga, pul surrogatlarining paydo bo’lishiga, barter bitimlarining ko’payishiga, soliqlarni byudjetga undirish borasida qiyinchiliklarning kelib chiqishiga, davlat xarajatlarining o’z vaqtida moliyalashtirilmasligiga, aholi keng qatlamlari turmush darajasining pasayishiga olib keladi. Shuning uchun ham iqtisodiy va ijtimoiy (sotsial) munosabatlarda ishlab chiqarish real sohasining holati birinchi darajali ahamiyat kasb etadi.

O‘zining moddiy mazmuniga ko’ra moliya pul mablag’-larining maqsadli fondlarini ifoda etib, ularning yig’indisi, oxir oqibatda, mamlakatning moliyaviy resurs-larini tashkil etadi. Mamlakat moliyaviy resurslari o’sishining asosiy sharti MD hajmining ko’payishidir. Bir vaqtning o’zida, “moliya” va “moliyaviy resurslar” bir-biri bilan bir xil tushunchalar emas. Moliyaviy resurslar o’z o’zicha moliyaning mohiyatini aniqlab bermaydi, uning ichki mazmuni va ijtimoiy jihatdan mo’ljallanganligini ocha olmaydi. Moliya fani resurslarning o’zini emas, balki resurslarni shakllantirish, taqsimlash va foydalanish asosida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlarni o’rganadi. Bu fan moliyaviy munosabatlarning taraqqiyot qonunlarini tadqiq etadi.

Moliya bazis kategoriyasi hisoblansa-da, ko’p jihatdan u hukumat tomonidan amalga oshiriladigan moliyaviy siyosatga ham bog’liq bo’ladi.

Moliya – bu, eng avvalo, taqsimlash kategoriyasi. Uning yordamida MDni ikkilamchi taqsimlanishi yoki qayta taqsimlanishi amalga oshiriladi.

Moliyaviy munosabatlarning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati “Davlat kimning hisobidan moliyaviy resurslarni oladi va kimlarning manfaatlari uchun bu mablag’lardan foydalanadi?” degan savolning tadqiq qilinishi orqali namoyon bo’ladi. Taqsimlash jarayonlari faqatgina moliya orqali emas, balki boshqa iqtisodiy kategoriyalar, jumladan baho, kredit, soliq va h.k.lar orqali ham amalga oshiriladi.


Download 64.6 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling