Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar


Download 17.19 Kb.
Sana28.10.2023
Hajmi17.19 Kb.
#1728812
Bog'liq
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar


Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar

1. O‘zbekiston mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalari jamoat birlashmasi “ANGEL’S FOOD” SHKga ijroga bo‘lgan huquqlar buzilganligi uchun kompensatsiyani undirish to‘g‘risida sudga murojaat qildi. Aniqlanishicha, javobgar “ANGEL’S FOOD” SHKning binolarida texnik vositalar yordamida O‘zbekiston mualliflik huquqi va turdosh huquqlar egalari jamoat birlashmasiga a’zo bo‘lgan san’atkorlar ijrolarining audioyozuvlaridan foydalanilgan.


Sudda ishni ko‘rib chiqishda javobgar ijroning audioyozuvlaridan foydalanish ijrochilarning huquqlarini buzmasligini, bundan tashqari ijroda barchaning e’tibori uchun yuborish huquqi mavjud emasligini ta’kidladi.

2. 2022-yil noyabrda Sapayev va “Andijon nashri” nashriyoti o‘rtasida badiiy asar yaratish bo‘yicha buyurtmaning mualliflik shartnomasi imzolandi. Tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq, Sapayev shartnomada kelishilgan shartlarga javob beradigan asarni 2023-yil 10-maydan kechiktirmay taqdim etishi, nashriyot esa mualliflik haqi (gonorar)ning 50 % ni shartnoma tuzilganidan keyin muallifga to‘lab berishi kerak edi.


Shartnoma shartlarini bajarib, buyurtmachi, ya’ni nashriyot Sapayevga shartnomada belgilangan to‘lovni amalga oshirdi. Asarni yaratish ustida ishlayotganda, Sapayev o‘z ishini noto‘g‘ri baholagan degan xulosaga keldi va mualliflik haqi (gonorar)ni oshirish taklifi bilan nashriyotga murojaat qildi. Biroq, nashriyot bunga rozi bo‘lmadi. 2023-yil 10-mayda Sapayev o‘z asarini chaqirib olish huquqiga ega ekanligiga ishora qilib, asarni topshirishdan bosh tortdi.
Sapayev buyurtmaning mualliflik shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan nashriyot uni shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga, berilgan mualliflik haqi (gonorar)ning yarmini qaytarishga va zararni qoplashga majbur qilishni so‘rab sudga murojaat qildi.

3. Eshmatjon o‘z kitobida Sobirovning sotsiologik tadqiqotlari natijalaridan foydalangan. Mualliflik huquqiga rioya qilgan holda, Eshmatjon Sobirovning familiyasi va ismini havola shaklida (iqtibos ko‘rinishida) sotsiologik tadqiqot muallifi sifatida ko‘rsatdi.


Biroq, Sobirovning mualliflik huquqlarini boshqarish vakolatini olgan mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot Eshmatjondan Sobirovning asaridan foydalanganlik uchun haq talab qildi. Tashkilotning fikricha, Eshmatjon o‘z kitobida Sobirovning tadqiqotidan to‘liq foydalangan, bu esa qonunchilikdagi “mos hajmda iqtibos olish” talabiga ziddir.
Bunga javoban Eshmatjon Sobirovning o‘zi e’tiroz bildirmaganligini, demak tashkilot haq talab qilishga haqli emasligini aytdi.
Taraflar murosaga kela olmaganligi tufayli, mulkiy huquqlarni jamoaviy boshqaruvchi tashkilot sudga murojaat qildi.

4. “Ofarin” nashriyoti 2023-yilda Fransiya fuqarosi Pyer Monening romanini u bilan tegishli shartnoma tuzmasdan nashr etdi.


Pyer Mone nashriyotga o‘z asaridan foydalangani uchun haq to‘lashni talab qilib murojaat qildi.
Nashriyot Pyer Monedan romanning qo‘lyozmasini yoki uning muallif ekanligini tasdiqlovchi boshqa dalillarni ko‘rsatishni talab qildi. Pyer Mone ushbu roman 1950-yilda Parijda nashr etilganligi haqida Fransiyadagi nashriyot tomonidan berilgan ma’lumotnomani taqdim etdi.
Nashriyot Pyer Monening romani nashr etilganidan beri 70 yildan ko‘p vaqt o‘tganligini vaj sifatida keltirib, roman ijtimoiy mulkka aylandi deb baholab, haq to‘lashdan bosh tortdi.
Pyer Mone O‘zbekiston Respublikasi sudiga murojaat qildi.

5. Mashhur qo‘shiqchi Sabina “Bulbul” she’ri muallifidan shu nomdagi qo‘shig‘ida she’r matnidan foydalanish uchun ruxsat oldi. Ruxsat tilxat shaklida berilib, unda she’r muallifi imzosi bor edi.


Bundan keyin Sabina qo‘shiqni yozib olish uchun “Tarona Records” ovoz yozib olish studiyasiga murojaat qildi. Qo‘shiqni yozib olish uchun “Tarona Records” bilan tegishli shartnoma imzolandi.
Muayyan vaqtdan so‘ng, ovoz yozib olish studiyasi qo‘shiqning ijrosining yozuviga nisbatan mutlaq huquqlar unga tegishli ekanligini aytdi.
Bundan norozi bo‘lgan Sabina sudga murojaat qildi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga "Shilton" xorijiy kompaniyasi (AQSH) va mahalliy "FAYZ" aksiyadorlik kompaniyasi (O‘zbekiston) o‘rtasida EHM uchun dasturga bo‘lgan mulkiy huquqlarning 50 foizini o‘tkazish haqida tuzilgan shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida ariza kelib tushdi. EHM uchun dastur "FAYZ" aksiyadorlik jamiyatiga tegishli bo‘lib, tegishli guvohnoma shartnomaga ilova sifatida taqdim etildi.


Taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish natijasida vazirlik EHM uchun dasturga bo‘lgan mulkiy huquqlarning 50 foizini boshqa shaxsga o‘tkazish qonunga ham, mualliflik huquqining mohiyatiga ham zid ekanligini aniqlab, shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazilishini rad etdi. Bundan norozi taraflar Toshkent shahar ma’muriy sudiga murojaat qilishdi.

7. Kamiljanov rassom Vafayevdan uning “Dehqon” nomli rasmini sotib oldi. Biroz vaqt o‘tgach, Vafayev rasmni takrorlash imkoniyatini so‘rab rasm xaridoriga murojaat qildi, ammo Kamiljanov rasmni kim oshdi savdosida sotuvga qo‘yganligini aytib, bunday imkoniyatni taqdim etishdan bosh tortdi.


Bir necha kundan so‘ng, kim oshdi savdosida ishtirok yetgan Vafayevning do‘sti, rasm uchinchi shaxsga Kamiljanov Vafayevdan sotib olgan narxdan ancha yuqori narxga sotilganligini xabar qildi. Vafayev Kamiljanovga qayta sotish narxining hisobidan haq to‘lashni talab qilib, murojaat qildi.

8. Fotosuratchi Javlon Dolimov O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan fotosuratlarini o‘z Telegram kanaliga joylashtirdi. Biroz vaqt o‘tgach, Dolimov o‘zining fotosuratlari safsata.uz saytida joylashtirilganligini ko‘rdi. Fotosuratchi o‘z asarlarini takrorlashga rozi bo‘lmaganligi sababli, u o‘z asarlaridan noqonuniy foydalanishni to‘xtatish talabi bilan safsata.uz sayti bosh muharririga murojaat qildi. Bosh muharrir Dolimovning talabini bajarishdan bosh tortib, fotosuratlar mualliflik huquqi bilan muhofaza etilmasligini, chunki ularda ijodiy yondashuv yo‘qligini qayd etdi. Javobdan qoniqmagan Dolimov sudga murojaat qildi.


10. 2022-yil oktabr oyida “EKSMO” nashriyotida Aliyev Alining “Imperiya V” nomli yangi romani nashrga tayyorlanib, bosmaxonaga yuborildi. Biroq nashr jarayonida bu romanning 90 foizi Internet-saytida joylashtirilganligi aniqlandi.


Mazkur holatda nashriyot Aliyev Ali tomonidan yaratilgan roman Internetdan ko‘chirilgan deb baholab nashr qilish to‘xtatildi.
Vaziyatda o‘z huquqlari buzilganligi tufayli Aliyev Ali sudga murojaat qilib, Internet-saytini bloklashni, unga yetkazilgan zararni qoplashni va nashriyotga nashr qilish majburiyatini yuklashni buyurdi.

11. Mualliflar jamoasi tomonidan “Intellektual mulk huquqi” darsligini tayyorlashda har bir muallif alohida bob yozishi kerak edi. Darslik mualliflaridan biri A. o‘zining bobini tayyorladi. Darslikni nashr etish jarayonida A. bilan kelishmagan holda boshqa hammualliflar darslikning tegishli bobi mundarijasida muallif A.ning ismi bilan bir qatorda boshqa bir muallif B.ning ismi kiritishdi. Bu esa, bob A. va B. tomonidan hammualliflikda tayyorlaganligi haqidagi taassurotni keltirib chiqardi. Buni aniqlagan A. o‘zining huquqlari buzilgan deb hisoblab, sudga murojaat qildi.


12. Fuqaro K. badiiy salonda taniqli rassom O.ning suratini sotib oldi. Bir oy o‘tgach, rassom O. xaridor K.dan sotgan suratini yana takror chizish uchun berib turishni so‘radi va fuqaro K.ga asarning yagona nusxasi sotilganligini tushuntirdi. K. rassomning talablarining qonuniyligiga shubha qildi, chunki uning fikriga ko‘ra, suratni sotib olib, uning yagona egasi endi faqatgina o‘zi hisoblanishi kerak edi. Rassom O. esa ushbu asarga bo‘lgan barcha huquqlarini yo‘qotgan hisoblanishi kerak. Bundan tashqari, xaridor K.ning aytishicha, u havaskor rassom sifatida ushbu asarning bir nechta nusxalarini chizib, sotish uchun tayyorlagan.


Rasm muallifi o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilgan.

13. Xamid Olimjonning “Salom, Pushkin” qissasi “Xattot-press” nashriyoti tomonidan muallifning ismi sharifi keltirilmasdan qayta nashr etildi.


Xamid Olimjonning vorislari sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilishdi. “Xattot-press” nashriyoti buni muallifning vafotiga 70 yildan oshganligi bilan izohladi va ularda nashr etishga huquq borligini keltirishdi (Xamid Olimjon 1944-yil vafot etgan).

14. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga rassom Sh. tomonidan shikoyat ariza topshirildi. Ushbu shikoyatga ko‘ra, fuqaro Sh.ning asarlaridan xorijda undan beruxsat foydalanilgan. O‘z navbatida rassom Sh. o‘z asarlaridan foydalanish huquqini hech kimga bermaganligini aytdi.


Biroq keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Sh. o‘z asarlarini takrorlash va nusxalarini sotish huquqlarini mualliflik shartnomasi asosida mahalliy nashriyotga o‘tkazgan. Mazkur nashriyot xorijiy hamkor bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra Sh.ning asarini xorijiy davlatda chop etish huquqini xorijiy hamkorga bergan. Mazkur holatda Sh. mualliflik shartnomasida hudud yozilmaganligini, demak nashriyot berilgan huquqlardan faqat O‘zbekistonda foydalanishi mumkinligini aytdi.

15. Mulkiy huquqlarni boshqaruvchi tashkilot – “Royalty” o‘z a’zosi hisoblangan qo‘shiqchi A. ning asarlaridan ruxsatsiz foydalanganligi uchun “Kredo” restoranini sudga berdi.


Bunga qadar ushbu restoran bir necha bor qo‘shiqlardan foydalangan ham ogohlantirishlarga qaramay, qo‘shiqni repertuardan olmay kelayotgan edi. Ushbu holatda “Kredo” restorani ma’muriyati o‘zaro muzokaralarni faqatgina shaxsan qo‘shiqchi A.ning o‘zi bilangina olib borishlarini hamda bu borada faqatgina qo’shiqchining o’zi mualliflik huquqini boshqarishga haqli ekanligini ta’kidlashmoqda.

16. A. ismli shaxs tomonidan yaratilgan EHM uchun dastur dastlabki tergov vaqtida kiberjinoyatni fosh etish maqsadida foydalanildi. Tergovchi fuqaro A. tomonidan yaratilgan EHM dasturi juda ham samarali ekanligini aniqlab, keyingi faoliyatida ham ushbu dasturdan foydalanishni boshladi. Shu bilan birga tergovchi ushbu dasturning nusxalarini huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi boshqa tanishlariga ham yubordi.


Bundan xabar topgan A. tergovchining bu harakatlari noqonuniy ekanligini bildirib, sudga murojaat qildi. Sudda tergovchi o‘z harakatlarini O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonuning 30-moddasi (Asarlardan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, ma’muriy va sudlov ishlarini yuritish maqsadlari uchun foydalanish) bilan oqladi.

17. Fuqaro A. tomonidan 2019 yilda elektron hisoblash mashinasi uchun dastur yaratildi va o‘z ish faoliyatida undan foydalanishni boshlab yubordi. 2022-yilga kelib, B. ismli shaxs aynan ushbu EHM uchun dasturga nisbatan huquqiy muhofaza olish uchun Adliya vazirligiga talabnoma topshirib, huquqiy muhofaza ega bo‘ldi. Guvohnomaga ega bo‘lgan B. fuqaro A.dan ushbu dasturdan foydalanishni to‘xtatishni va dastur unga tegishli ekanligini bildirdi.


A. esa o‘z navbatida ushbu dasturni undan 3 yil oldin yaratganligini, EHM uchun dastur mualliflik huquqi obyektlari qatoriga kirishligini va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish zarurati yo‘q ekanligini bildirdi.

18. “Artel” kompaniyasi xodimlari tomonidan EHM uchun dastur yaratilib, mazkur dastur uch yil davomida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalanilgan. Kompaniya ta’sischilarining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga EHM uchun dasturni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomani berish haqida talabnoma yuborilib, tegishli materiallar bilan birga dasturdan u yaratilgan paytdan boshlab uch yil davomida samarali foydalanilganlik to‘g‘risidagi hujjatli dalillar ilova qilindi.


Biroq, arizani ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etildi. Vaziyatdan norozi bo‘lgan "Artel" kompaniyasi tegishli tartibda Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashiga murojaat qildi.

19. Toshkent moliya instituti Safarovaga «Institut dars jadvali»ni nashrga tayyorlashni buyurdi. Oradan vaqt o‘tib, dars jadvali elektron shaklda universitetning veb-saytiga joylashtirildi.


Dars jadvalini tuzuvchi Safarova nashrga tayyorlangan «Jadval»ni intellektual mulk obyekti deb hisoblash mumkinligi to‘g‘risida maslahat olish uchun advokatga murojaat qildi.
Advokat Safarovaga mualliflik huquqi u tomonidan tayyorlangan dars jadvaliga tatbiq etilishini aytib o‘tdi, biroq mazkur jadval xizmat asari bo‘lishini ham ta’kidladi.
Institut rahbariyatining fikricha, dars jadvali ijodiy tusga ega emas va intellektual mulk obyekti bo‘la olmaydi.

20. A. ismli shaxs o‘z muallifligidagi “Oila” nomli asari “Davr Press” nomli noshirlik uyi tomonidan noqonuniy ravishda nashr etilayotganligidan xabardor bo‘ldi. A. ismli shaxs ushbu holatda o‘z mualliflik huquqlari himoyasini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligiga tegishli tartibda murojaat qildi. Adliya vazirligi tegishli ma’muriy bayonnomani rasmiylashtirish jinoyat ishlari bo‘yicha sudga yubordi.


Sud “Davr Press” noshirlik uyini aybdor deb topib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1771-moddasiga muvofiq BHMning 20 baravari miqdorida jarima jazosini tayinladi.
Fuqaro A. esa ushbu holatdan norozi sifatida o‘zining boy berilgan foydasini ham sud undirib berishi lozimligini ta’kidladi.
Sud fuqaroviy nizolar yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish lozimligini bildirdi.
Download 17.19 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling