Muhabbat psixologiyasi
Download 41.16 Kb.
|
Muhabbat psixologiyasi
Muhabbat psixologiyasi Qaysi mutafakkir yoki olim, shoir yoki yozuvchining asarlarini olib ko`rmang, ularning hech qaysisi o`z ijodiy faoliyatida inson hissiyotlarining eng kuchli va sirlisi, serjilo va sehrlisi hisoblangan muhabbatni chetlab o`ta olmagan. Insoniyat bor ekan, muhabbat odamni sirli tuyg`ular olamiga yetaklagan, uni yengib bo`lmas g`ovlardan o`tishga va cho`qqilarni zabt etishga undagan, uni rag`batlantirgan, unga baxtiyor onlarni tuhfa etgan. Hatto o`lim to`shagida yotgan kishiga ham umid bag`ishlab, hayot nash`asini surdirgan, oddiy kunlariga kamalak jilolarini arg`umon etgan, uning atrof-muhitni hamda o`zligini idrok qilishi uchun turtki bo`lgan. Shaxs ruhiyatida hatto o`ziga ham noma`lum bo`lgan qudratni kashf etgan. Ko`hna va hamisha navqiron hisoblangan bu insoniy tuyg`u hammaga barobar aziz va muqaddasdir. Buyuk olim Abu Ali ibn Sino o`z asarlaridan birida kuchli muhabbatni izohlar ekan, uni kasallik sifatida ta`riflaydi va «davolanish» yo`llarini ko`rsatib o`tadi: muhabbat o`tida qiynalib azob chekayotgan ikki qalbni birlashtirishni maslahat beradi. Shuningdek, u yana ma`lum ob`ektiv sabablarga ko`ra, ya`ni dinidagi, salomatligidagi, yoshi va ijtimoiy kelib chiqishidagi tafovutlarga asoslanib qalblarni birlashtirish imkoni bo`lmasa, unda odamning ruhiy xususiyatlariga ko`ra turlicha davo choralarni qo`llashni tavsiya etgan. Masalan, hissiyotni boshidan kechirayotgan odamni sevgilisidan sovutish, hissiyotni zaiflashtirish, hissiyotni boshqa shaxsga ko`chirish, chalg`itish, organik ehtiyojlarni qondirish orqali muhabbat hislarni susaytirish shular jumlasidandir. Shunisi taassuflanarliki, hozirgi kunga qadar muhabbat tushunchasiga yagona ilmiy ta`rif, tavsif berilmagan, bevosita unga bag`ishlangan ilmiy asarlar nihoyatda kam. Kishilar ongida bo`lgani kabi badiiy asarlarda ham muhabbat haqidagi turlicha, ko`pincha bir-biriga zid fikr va ta`riflarni uchratish mumkin. Ba`zi mualliflar esa muhabbat hislarini sof ruhiyat komponenti sifatida bayon etib, undagi fiziologik komponentni inkor etadilar. Fiziologik komponent hayvonlarga xos bo`lgan organik ehtiyojlarni qondirishdan iborat instinktning ifodalanishi sifatida idrok etiladi. Shu sababli ham ular odam hayvoniy hirsdan, jinsiy intilishlardan ozod bo`lishi kerak deb hisoblashadi va muhabbat hislariga bir yoqlama yondashishadi. Klassik asarlarda, jumladan, qadimgi hind traktatida muhabbatga bir muncha to`liq, ta`rif beriladi: «Aql mayli hurmatni tug`dirsa, qalb mayli do`stlikni, tana mayli xohishni tug`diradi. Aql, qalb va tana bir bo`lib sevgi muhabbatni tug`diradi». Volter: «Sevgi-muhabbat - bu ham qalb, ham aql va tanaga bir vaqtning o`zida hujum qiladigan eng kuchli, zavqli his-tuyg`ulardan biridir», - deb ta`rif beradi. Bu ta`riflarni o`zaro taqqoslash va ruhiy tahlil qilish, sevgi-muhabbatda zaruriy ruhiyat komponenti bo`lishi bilan bir paytda fiziologik komponent ham hisoblanadi. Qadimgi yunonlar sevgi-muhabbatni qanday yo`nalishda ketishiga qarab ikki turga - «eros» va «agape»ga bo`lganlar, vaholanki, ular muhabbatning ikki muhim tomonidir, ya`ni «eros» - muhabbat ob`ektiga ega bo`lishga, uni o`ziniki qilib olishga qaratilgan bo`lsa, «agape» - hissiyotni boshidan kechirayotgan shaxsning hissiyot ob`ektiga o`zini bag`ishlashdir. Ana shu hissiyot har bir odamda uchraydi. Shu hissiyotlarda qaysi biri ustunlik qilishiga qarab, kishidagi muhabbatni, aniqrog`i hissiyotni boshidan kechirayotgan shaxs va uning muhabbatdagi istiqbolini ham oldindan aytib berish mumkin. Basharti «agape» ustunlik qilsa, hissiyotning umri uzoq bo`lishi va aksincha, «eros» ustun bo`lsa, tez orada hissiy qoniqish sodir bo`lib, bunday odamdagi muhabbat hislarining umri nihoyatda qisqa bo`lishi mumkinligi kuzatiladi. Sevgi-muhabbat tuyg`ularini D.A.Li bir necha turlarga bo`ladi: 1. EROS - kuchli sevgi-muhabbat hislari bo`lib, bu hislar asosida yotgan motiv muhabbat ob`ektiga jismoniy ega bo`lish. Bunda jinsiy intilish yetakchilik qiladi. 2. LYUDUS - sevgi hislarini unchalik chuqur bo`lmagan muhabbat o`yini sifatida idrok qilinadigan, sevgi hislari ob`ekti oson almashishi mumkin bo`lgan turi. 3. STORGE - tashqi ko`rinishidan kuchli ifodalanmagan, ammo ishonchli muhabbat-do`stlik turi. 4. PRAGMA (LQS) - lyudus va storgelardan iborat doimo ong nazoratida bo`lgan, sevgan shaxsining manfaatlarini ko`zlagan maqsadlari asosida yuzaga keltirgan sevgi hislaridir. 5. MANIYa (EQL) - eros va lyudusdan iborat bo`lib, sevgan kishi sevgi ob`ektiga tobeligi bilan xarakterlanadi. Ammo eros va lyudusdan bu turning farqi shuki, sevgan shaxsda o`ziga ishonch hislari yetarli bo`lmaydi. 6. AGAPE (EQS) - eros va storgelar yig`indisidan iborat kuchli ifodalanadigan, sevgan kishi muhabbat ob`ektiga hamma narsasini va hatto o`zini ham bag`ishlashga tayyor bo`lgan hislar turi va xokazo. Kuzatishlarga ko`ra, erkaklarning sevgi-muhabbat hislarida ko`proq qismini eros va lyudus, ayollarda esa pragma, storge va maniya turlari tashkil etadi. O`smir va o`spirin yoshidagi o`g`il va qiz bolalarda ko`proq maniya turi, katta yoshdagilarda esa boshqa turlar kuzatiladi. Bir shaxsning hayotida muhabbatning yuqoridagi bir necha turlari alohida kuzatilishi mumkin. Ba`zilarda esa faqat bitta tur uchraydi. Bizning fikrimizcha, muhabbat turlari sevgan va sevilgan kishilarning yoshiga, husniga, ma`lumotiga, madaniy saviyasiga, jamiyatda tutgan mavqeiga, hayot tarziga, dunyoqarashiga, qaysi muhitda tarbiya ko`rganligiga, xarakteriga, jinsiy xulqiga, qarama-qarshi jins haqidagi tasavvuriga, nerv sistemasiga, milliy psixologik xususiyatlariga bog`liq. Ba`zi yigit va qizlarda sevgi hislari bir turda boshlanib, ma`lum vaqtdan so`ng o`zga turga o`tishi mumkin. Masalan: «eros» turida boshlanib «agape»ga aylanish yoki «lyudus» tarzida yuzaga kelib, «storge» turiga o`tishi mumkin. Agar muhabbat turiga nazar tashlaydigan bo`lsak, erkin muhabbatning shakllanishi o`rta asrlarga to`g`ri keladi. Xususiy mulkchilikning ravnaqi, antagonistik sinflarning mavjudligi, ayollarning huquqsizligi erkin muhabbatning ravnaq topishiga to`sqinlik qiladi. «Layli va Majnun», «Tohir va Zuhra», «Farhod va Shirin», «Romeo va Jul`etta» kabilarni erkin muhabbatning yuzaga kelishi va uning taqdiri haqidagi ilk asarlar deb aytish mumkin. Taraqqiy etgan jamiyatda yangi tartiblarga asosan yuzaga kelgan oila, erkak va ayol o`rtasidagi mavjud tengsizliklarni yo`qotish muhabbatning yuqori darajada ravnaq tolishiga zaruriy shart-sharoit yaratadi. Lekin afsuski, ba`zi yoshlar «erkin hayot», «erkin muhabbat» kabi ruhiyat omillarini noto`g`ri tushunib, ma`naviy ahloqsizlikka mayl qo`yishyapti, insonlar o`rtasidagi eng nozik bo`lmish jinsiy munosabatlardan esa «boylik orttirish», «go`zal hayot» kechirish manbai sifatida foydalanishmoqda. Bu ahloqiy tubanlik, nosog`lom dunyoqarash oqibatidir. Bu hol ba`zi oilalarda ma`naviy tarbiya masalasi unutib qo`yilganligining, ayrim ta`lim-tarbiya muassasalari va ularning pedagogik jamoalarining o`z vazifalarini yetarli darajada uddalay olmayotganliklarining natijasidir. Download 41.16 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling