Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nurafshon filialini (keyingi o‘rinlarda Filial) tashkil etish


Download 40.24 Kb.
bet1/2
Sana05.05.2023
Hajmi40.24 Kb.
#1430865
  1   2
Bog'liq
AXBOROT-KOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARI




[OKOZ:

1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.02.00.00 Axborot va axborotlashtirish sohasida boshqaruv. Elektron hukumat / 12.02.04.00 Boshqa masalalar]

[TSZ:

1.Iqtisodiyot / Axborot va axborotlashtirish. Elektron tijorat (hujjat aylanishi)]

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-6155-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining:
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nurafshon filialini (keyingi o‘rinlarda — Filial) tashkil etish;
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining (keyingi o‘rinlarda — Universitet) Axborot-resurs markazida “Raqamli kutubxona” tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:
iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda, raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga hissa qo‘shadigan, zamonaviy talablarga javob beradigan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallagan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlarni tayyorlash jarayonida o‘quv rejalariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish hamda ilg‘or xorijiy tajribani qo‘llagan holda o‘quv jarayonini ta’limning kredit-modul tizimi asosida tashkil qilish;
ilmiy-tadqiqot institutlari bilan manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar hamkorligida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borish hamda ularning natijalarini ishlab chiqarishga keng joriy etish;
Filialga biriktirilgan informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablar faoliyatini metodik qo‘llab-quvvatlash;
aholining barcha qatlamlarida raqamli ko‘nikmalarni oshirish maqsadida dasturlash, robototexnika, “Buyumlar interneti”, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash va o‘rganish.
3. Universitet huzurida faoliyat yurituvchi, oliy ta’lim tizimi bilan integratsiyalashgan o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar (keyingi o‘rinlarda — Texnikumlar) ilovaga muvofiq tashkil etilsin.
4. Mazkur qarorga ilovada belgilangan ta’lim muassasalarining bino va inshootlari Vazirlikka operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilsin hamda Texnikumlarning moddiy-texnik vositalari va axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlashga oid o‘quv ustaxona jihozlari belgilangan tartibda topshirilsin.
Vazirlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorga ilovada nazarda tutilgan ta’lim muassasalarining bino va inshootlari berilishi hamda boshqa moddiy-texnika vositalarining topshirilishi va qabul qilinishini ta’minlasin.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
Filial va Texnikumlar yuridik shaxs maqomiga ega Universitetning tarkibiy bo‘linmalari hisoblanadi;
Filial va Texnikumlarda o‘quv jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi;
Filialga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi va qo‘shimcha qabul parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;
Filial faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur saqlash xarajatlari, shu jumladan ma’muriy boshqaruv, texnik va o‘quv-yordamchi xodimlar mehnatiga haq to‘lash xarajatlari 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Vazirlikka ajratilgan mablag‘lar doirasida, 2022-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi;
Texnikumlarda ta’lim dasturlari Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi 5-darajasi asosida tashkil etiladi;
Texnikumlarga 2020/2021 o‘quv yilida qabul qilingan o‘quvchilar belgilangan tartibda amaldagi ta’lim dasturlari bo‘yicha mazkur texnikumlarning bino va inshootlarida o‘qishni yakunlaydi;
Filialga 2 ta, shu jumladan 1 ta xizmat va 1 ta navbatchi yengil avtotransport vositalarini saqlash uchun limit ajratiladi.
6. Quyidagilar:
a) Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
b) Texnikumlarni joriy saqlash, ularning faoliyat yuritishi, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kadrlar tayyorlash hamda “Raqamli kutubxona”ni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar Vazirlik hamda Universitet va uning hududiy filiallarining budjetdan tashqari mablag‘lari, o‘quvchilarni davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
7. Toshkent viloyati hokimligi:
Filial hamda Toshkent viloyati axborot texnologiyalari texnikumi binosini qurish uchun yer maydonini Toshkent viloyatining Nurafshon shahri “Nurafshon business city” hududidan belgilangan tartibda ajratsin;
Filialga faoliyat yuritish uchun boshqa hududlardan taklif etilgan professor-o‘qituvchilarni uy-joy bilan, shu jumladan 4 ta ikki xonali xizmat uyi bilan ta’minlasin.
8. Vazirlik va Toshkent viloyati hokimligi 2022/2023 o‘quv yiliga qadar Filialning zamonaviy o‘quv binosi, sport zali va talabalar turar joyi binosi hamda Toshkent viloyati axborot texnologiyalari texnikumi o‘quv binosining qurib bitkazilishini ta’minlasin.
9. Filial va Toshkent viloyati axborot texnologiyalari texnikumining o‘quv binolari qurib bitkazilguniga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rtachirchiq tumani 2-son kasb-hunar maktabining o‘quv binosiga tekin foydalanish huquqi asosida vaqtincha joylashtirilsin.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 2021/2022 o‘quv yili boshlanguniga qadar Texnikumlarning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, hududlarini obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini ko‘rsin.
11. Vazirlik:
a) ikki hafta muddatda Filialni yuqori malakali pedagog kadrlar bilan to‘ldirish uchun respublikaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha maqsadli qabul parametrlariga takliflarni belgilangan tartibda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga taqdim etsin;
b) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
bir oy muddatda Filial va Texnikumlarning ustavlarini belgilangan tartibda tasdiqlash;
Filial va Texnikumlarni oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ishlab chiqarish tashkilotlarining katta amaliy tajribaga ega mutaxassislaridan iborat bo‘lgan yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirish;
Filial va Texnikumlarni zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari va ilg‘or kompyuter texnikasi bilan ta’minlash hamda uning shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash;
Filial va Texnikumlar professor-o‘qituvchilarining respublika va xorijiy davlatlarning yetakchi ta’lim muassasalarida, ilmiy-tadqiqot markazlarida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi ishlab chiqarish tashkilotlarida davriy ravishda stajirovkasini tashkil etish;
Filial va Texnikumlarning axborot-resurs markazini o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan to‘ldirib borish choralarini ko‘rsin.
v) Toshkent viloyati hokimligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2021/2022 o‘quv yili boshlanguniga qadar sohaning innovatsion rivojlanishdagi istiqbollarini inobatga olgan holda Filialda o‘quv va ilmiy laboratoriyalarni tashkil etish, uning moddiy-texnik bazasini shakllantirish, zamonaviy o‘quv adabiyotlari, laboratoriya va ishlab chiqarish trenajyorlari bilan butlash choralarini ko‘rsin;
g) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:
talabalarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida soha mutaxassislarini dars jarayonlariga jalb etsin;
professor-o‘qituvchilar va talabalarning ilmiy-tadqiqot institutlari hamda yetakchi tashkilotlarning laboratoriyalaridan foydalanishi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratsin;
d) “Raqamli kutubxona”ni 2022-yil 1-sentabrga qadar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga oid zamonaviy milliy va xorijiy ma’lumotlar bazalariga, ularda ma’lumotlar qidirish imkonini yaratgan holda, ulanishini ta’minlasin.
12. Vazirlik Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda axborot texnologiyalari sohasidagi ish beruvchi tashkilotlarni Texnikumlarga biriktirish va o‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin:
Texnikumlarda o‘quvchilarni, shu jumladan axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha korxonalarning yillik tarmoq buyurtmasini;
Texnikumlarda Universitet va uning filiallari, Toshkent shahridagi Inxa universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti hamda tegishli oliy ta’lim muassasalarining talabalarini jalb qilgan holda, shu jumladan masofaviy o‘qitish orqali o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishga ko‘maklashish.
Oldingi tahrirga qarang.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-60-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/60/1177-son)
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i O.M. Umarov va O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 7-may,
288-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-maydagi 288-son qaroriga
ILOVA
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan yangi tashkil etilayotgan texnikumlar
RO‘YXATI


Download 40.24 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling