Muhammad yusuf asl ism-sharifi Yusupov Muhammadjon


Download 43.46 Kb.
Sana15.03.2023
Hajmi43.46 Kb.
#1272443

MUHAMMAD YUSUF

Muhammad Yusuf (asl ism-sharifi Yusupov Muhammadjon; 1954-yil 26-aprel, Marhamat tumani — 2001-yil 29-iyul, Ellikqalʼa tumani) — Oʻzbekiston xalq shoiri (1998). Muhammad Yusuf 1954-yilning 26-aprelida Andijon viloyatining Marhamat tumanida tugʻilgan. Rus tili va adabiyoti institutining rus tili va adabiyoti fakultetini tugatgan (1978). Respublika kitobsevarlar jamiyati (1978-1980), „Toshkent oqshomi“ gazetasida (1980-1986), Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti (1986-1995)da turli lavozimlarda ishlagan. 1995—1997-yillar „Tafakkur“ jurnalida boʻlim mudiri, 1997—2001-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida rais oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritgan. Muhammad Yusufning dastlabki sheʼrlari „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ haftaligida bosilgan (1976). Shundan boshlab respublika matbuotida uning sheʼr, ocherk va maqolalari muntazam ravishda chop etila boshlagan. Ilk sheʼrlar kitobi — „Tanish teraklar“ (1985). „Bulbulga bir gapim bor“ (1987), „Iltijo“ (1988), „Uyqudagi qiz“, „Halima enam allalari“ (1989), „Ishq kemasi“ (1990), „Koʻnglimda bir yor“ (1991), „Bevafo koʻp ekan“, „Yolgʻonchi yor“ (1993), „Erka kiyik“ (1995) va „Osmonimga olib ketaman“ (1998) sheʼriy kitoblari nashr etilgan. Mazkur kitoblarga kirgan sheʼrlarda Muhammad Yusufga mansub boʻlgan avlodning eng oliyjanob va yuksak insoniy fazilatlari bilan birga yoshlik sururi, ishq va muhabbatning nafis navolari, oʻzbekona, sodda, ayni paytda ezgu, bokira va betakror tuygʻu hamda kechinmalari oʻzining yorqin ifodasini topgan. Soʻzning badiiy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanish, musiqiy ravonlik, tuygʻular tiniqligi, samimiylik va mayinlik, ruhiyat manzaralarini loʻnda va yakdil ifodalay bilish Muhammad Yusuf sheʼriy uslubining yetakchi xususiyatlaridir. Uning qalamiga mansub aksariyat sheʼrlar taniqli xonandalar tomonidan ijro etilmoqda. Muhammad Yusuf ijodi ayni gullab yashnagan paytda, Ellikqalʼa tumanida sheʼriyat muxlislari bilan uchrashish maqsadidagi ijodiy safarida vafot etgan. Andijonda dafn etilgan. Toshkent shahri va Marhamat tumanidagi koʻchalardan biri, shuningdek, Andijon shahridagi bolalar kutubxonasi va Marhamat tumanidagi sanʼat maktabi Muhammad Yusuf nomi bilan ataladi.
YURTIM, ADO BO’LMAS ARMONLARING BOR…
Yurtim, ado bo’lmas armonlaring bor,
Toshlarni yig’latgan dostonlaring bor,
O’tmishingni o’ylab og’riydi jonim,
Ko’ksing to’la shahid o’g’lonlaring bor.
Bag’rim o’rtar bir o’y bahor ayyomlar,
Oy botgan yoqlarga termulib shomlar.
Aybin bilmay ketgan Akmal Ikromlar,
Fayzullodek mardi maydonlaring bor…
Yurtim, ko’nglingdek keng osmonlaring bor,
Yulduzni yig’latgan dostonlaring bor.
Osmonlaringda ham diydoringga zor,
Jayrondek termulgan Cho’lponlaring bor.
Qo’ling qadog’iga bosay yuzimni,
Onamsan-ku, og’ir olma so’zimni,
Qayinbarglar yopib qaro ko’zini
Olislarda qolgan Usmonlaring bor.
Alhazar, alhazar, ming bor alhazar,
Ana yurishibdi kiyganlari zar,
Qodiriyni sotib shoir bo’lganlar-
Mehrobingda chiqqan chatonlaring bor…
Qurboning bo’layin, ey onajonim,
Sening faryodalaring – mening fig’onim,
O’tmishingni o’ylab o’rtanar jonim,
Aytsam ado bo’lmas dostonlaring bor.
Biz tarix darslaridan yaxshi bilib boryapmizki, o'zbek xalqi dunyodagi eng qadimgi xalqlardan biri sanaladi. Va bu xalq ta-rixda misli ko'rilmagan hodisalarni boshdan kechirgan. Ikki daryo oralig'ida joylashgan, zamini hosildor, xalqi mehnatkash, o'troq madaniyatning noyob namunalarini yaratgan bu diyorga kimlarning ko'zi kuymagan deysiz. Bosqinchi ketidan bosqinchilar kelib, bu go'zal yurtni g'orat qilishga - boyliklarini talash, xalqini qullikka mubtalo qilishga urinardi. Xalqimiz bamisli samandar (olovda tug'ilib, olovdan omon chiqadigan afsonaviy qush)dek barcha sinovlardan omon chiqdi, sharaf bilan chiqdi. Biroq bu kurashlar, ozodlikka bo'lgan intilishlar, albattaki, qurbonsiz, yo'qotishlarsiz kechmadi. Millatning ne-ne bahodirlari, yurt ozodligini har narsadan ustun bilgan xalqning asl farzandlari shu kurash maydonlarida jon berdilar. Guruch kurmaksiz bo'lmaganidek, yov kelganda o'zini chet- ga olgan, joni shirinlik qilib sha'nidan kechgan, hatto do'stlarini sotgan kimsalarni ham, afsuski, tarix yoddan chiqarmaydi. Ularning kirdikorlari tufayli yurtning "ado bo'lmas armonlari, toshlarni yig'latgan dostonlari" paydo bo'ldi. Mana shu o'tmishni o'ylamaslik, bilmaslik, his qilmaslik mumkin emas. Xotira qachon bizga ko'makka keladi, ertangi kun uchun xizmat qiladi? Qachonki, u uyg'onsa, anglansa va his qilinsa! Ayniqsa, sobiq sho'ro davrida yurtimiz va yurtdoshlarimiz boshidan kechgan musibatlarni unutishga hech kimning haqi yo'q. "Qora ko'zlarini" tug'ilmay qolgan farzandlari emas, balki olis Sibir o'rmonlaridagi "qayinbarglar yopgan" Usmon Nosir- ning ham xuddi Siz-u bizdek yashashga haqi bor edi. Uning ham joni sabil emas edi. Afsuski... Afsuski, o'zimizdan chiqqan sotqinlar, mehrobga in qurgan chayonlar Usmon Nosirning ham, Abdulla Qodiriyning ham, Cho'lpon va Fitratning ham umriga zomin bo'ldilar. Albatta, bugun bir millat vakillarining bobolari hayotida yo'l qo'ygan xatolari tufayli bir-birlarini qoralab o'tirish mavridi emas. Lekin bu degani, "o'tgan o'tdi-ketdi", qabilida ham tushunilmasligi lozim. Shoirning istagi - bugungi va kelgusi avlod bu o'tmishdan saboq chiqarsin, ertaga bo'ladigan ming turli hayot sinovlariga tayyor tursin! Shundagina millat millat bo'ladi, xalq chinakam xalq bo'ladi. Shundagina odamlar ruhiyatidan olomonlik hissi chekinib, chinakam shaxslar shakllanadi.
Download 43.46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling