Mulk huquqi


Mulk huquqining vujudga kelish va bekor bo`lish asoslari


Download 24.84 Kb.
bet3/4
Sana09.06.2023
Hajmi24.84 Kb.
#1475298
1   2   3   4
Bog'liq
REFERAT

Mulk huquqining vujudga kelish va bekor bo`lish asoslari

Mulk huquqining vujudga kelish va bekor bo`lish asoslari deganda, mulk huquqining olinishi yoki yo`qotilishi bilan bog`liq bo`lgan yuridik faktlar nazarda tutiladi.


Mulk huquqining olinishi asoslarida jamiyatning iqtisodiy tizimi o`z ifodasini topadi. Mulk huquqining olinishi: dastlabki va hosila asoslariga bo`linadi.
Mulk huquqining vujudga kelishini bildiradigan dastlabki asoslar bo`yicha mulkka nisbatan subyektiv fuqarolik huquqi ilgari hech kimga tegishli bo`lmagan mulkka nisbatan yoki avvalga mulk egasining huquqi bilan bog`liq bo`lmagan holda vujudga keladi. Mulk huquqining dastlabki asosda vujudga kelishi:
birinchidan, tabiat ne`matlarini o`zlashtirish;
ikkinchidan, ishlab chiqarish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish natijasida yangi ashyolarni vujudga keltirish;
uchinchidan, egasiz mulkning sud qarori bilan davlat ixtiyoriga olinishi;
to`rtinchidan, egasi bo`lmagan mulkka yoki egasi bo`lsa ham xo`jaliksiz bilan saqlanayotgan mulkka, egalari tomonidan belgilangan muddatlarda talab qilib olinmagan mulklarga, shu jumladan topilgan ashyolar, xazinalar (boshqa usulda yashirilgan narsalar) topilishi hollarida yuz beradi.
Mulk huquqining vujudga kelishida egalik huquqini vujudga keltiruvchi muddat o`ziga xosdir. Mulkdor bo`lmagan, lekin ko`chmas mol-mulkka o`n besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida o`ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka nisbatan mulk huquqini oladi, ya`ni to`la ma`noda mulkdor huquqlariga ega bo`ladi (FKning 187-moddasi).
Muhimi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996 yil 29 avgustdagi “O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksini amalga kiritish tartibi to`g`risida”gi qarorida belgilanishicha, ushbu 187-moddaning qoidalari mulkka egalik qilish 1997 yilning 1 martiga (ya`ni, yangi FK amalga kiritilgunga qadar) qadar boshlangan va kodeks amalga kiritilayotgan vaqtda davom etayotgan hollarga ham tadbiq etiladi. Demak, ushbu holati bo`yicha FK normasi orqaga qaytish kuchiga ega bo`ladi.
Mulk huquqi vujudga kelishining dastlabki asoslaridan yana biri - hamma yig`ib olishi mumkin bo`lgan ashyolarni mulkka aylantirishdir. FKning 189-moddasida ko`rsatilishicha, qonun hujjatlarida yovvoyi mevalar, yong`oq, zamburg`lar, rezavor mevalar hamda o`simlik, hayvonot dunyosi va jonsiz tabiatning hamma olishi mumkin bo`lgan boshqa obyektlarini yig`ish yo`li bilan fuqarolar mulkiga aylantirish tartibi va shartlari belgilab qo`yilishi mumkin. Bunday tartibda mulk huquqi o`rmonlardan qo`ziqorin, mevalar terish, dashtu tog`lardan dorivor giyohlar to`plash, daryo va ko`llardan baliq ovlash orqali vujudga kelishi mumkin. Biroq, ma`lumki, ushbu mulk obyektlari o`sgan mavjud hudud xususiy mulk huquqi asosida boshqaga tegishli bo`lmasligi lozim. Mulk obyektlarining ba`zilarini ovlash uchun vakolatli davlat organida ruxsat (litsenziya) olingan bo`lishi talab etiladi. Ayni vaqtda baliq va boshqa jonivorlarni ovlash ovga ruxsat berilgan mavsumdagina yo`l qo`yiladi, aks holda ovlangan jonivorlar musodara qilinib, ov qurollari olib qo`yilishi va ularga nisbatan tegishli jazo choralari qo`llanilishi mumkin.
Egasiz ashyoga nisbatan mulk huquqi ham dastlabki asosda vujudga keladi. Egasi bo`lmagan yoki egasi noma`lum ashyo egasiz ashyo hisoblanadi. Egasiz ko`char ashyolarga nisbatan egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida qo`lga kiritilishi mumkin. Bunday ashyo tegishli davlat organi yoki fuqarolar o`zini o`zi boshqarish organi arizasiga muvofiq ko`chmas mol-mulkni davlat ro`yxatiga oluvchi organda hisobga olinib, uch yil o`tgach tegishli davlat organi talabi asosida sud tomonidan davlatga o`tkazilishi mumkin.
FKning 192-moddasida topilmaga nisbatan mulkiy huquqlarning vujudga kelishi xususiyatlari belgilangan. Unda ko`rsatilishicha, yo`qolgan ashyoni topib olgan shaxs bu haqda uni yo`qotgan shaxsni yoki ashyo egasini yoxud uni olish huquqiga ega bo`lgan o`zga ma`lum shaxslardan birontasini darhol xabardor etishi hamda topilgan ashyoni shu shaxsga qaytarishi shart. Basharti, ashyo binoda yoki transportda topilgan bo`lsa, u shu binoning yoki transport vositasining egasi bo`lmish shaxsga topshirilmog`i lozim. Topilma topshirilgan shaxs ashyoni topib olgan shaxsning huquqlarini qo`lga kiritadi va uning majburiyatlarini o`z zimmasiga oladi. Basharti, topilgan ashyo qaytarilishini talab qilish huquqiga ega bo`lgan shaxs noma`lum bo`lsa yoki uning manzili bo`lmasa, ashyoni topib olgan shaxs topilma to`g`risida militsiyaga, tegishli davlat organlariga yoki fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organiga ma`lum qilishi shart.
FKning 193-moddasiga asosan olti oy mobaynida topilmaning egasi aniqlanmasa, ashyoni topib olgan shaxs unga egalik huquqini qo`lga kiritadi (agar u bu huquqdan voz kechsa, topilma davlat mulkiga o`tadi).
FKning 196-moddasida xazinaga nisbatan mulk huquqini vujudga kelishi xususiyatlari belgilab qo`yilgan. Xazina deb egasini aniqlash mumkin bo`lmagan yoki qonunga binoan huquqlarini yo`qotgan, yerga ko`milgan yoki boshqacha usulda yashirilgan pul yoki qimmatbaho buyumlarga aytiladi. Yashirib qo`yilgan mol-mulk (yer uchastkasi, imorat va sh.k.) mulkdori bo`lgan shaxsga va xazinani topgan shaxs mulkiga agar ular o`rtasidagi kelishuvga muvofiq boshqacha tartib belgilangan bo`lmasa, teng ulushlarda tegishli bo`ladi.
Xazina u yashirib qo`yilgan yer uchastkasi yoki boshqa mol-mulk egasi - mulkdorning roziligisiz qazishma ishlarini olib borgan yoki boylik qidirgan shaxs tomonidan topilgan taqdirda, bu xazina u topilgan yer uchastkasining yoki boshqa mol-mulkning egasiga topshirilishi shart. Tarix va madaniyat yodgorliklari jumlasiga kiradigan ashyolardan iborat xazina topilgan taqdirda, ular davlat ixtiyoriga o`tadi. Biroq xazina topilgan yer uchastkasi egasi va xazinani topgan shaxs xazina qiymatining ellik foizi miqdorida mukofot olishga haqli.
Xazina topish uchun qazishma va qidiruv ishlarini olib borish mehnat yoki xizmat vazifalariga kiradigan shaxslar (masalan, arxeologlar, geologlar)ga nisbatan yuqoridagi qoidalar qo`llanilmaydi (FKning 196-moddasi, 5-bandi).
Mulkka nisbatan egalik huquqini vujudga keltiruvchi hosila usuli deganda muayyan shaxs tomonidan mulk huquqining olinishi dastlabki mulk egasining huquqiga bog`liq bo`lgan usul nazarda tutiladi. Bu usulda mulk huquqining ma`lum ashyoga nisbatan paydo bo`lishi yoki bu ashyoga nisbatan mulk huquqining ilgari ma`lum shaxsga tegishli bo`lishi bilan bog`liqdir. Shu ma`noda mulk huquqining boshqa shaxsga o`tishi haqida so`z yuritiladi. Binobarin, hosila usuli bo`yicha mulk huquqi vujudga kelganda, mulkka nisbatan bo`lgan huquqni bir shaxsdan ikkinchi shaxsga ko`chirilishi to`g`risida so`z boradi. Masalan, oldi-sotdi shartnomasi tuzilishi yo`li bilan ashyoga nisbatan egalik huquqi bir shaxsda, ya`ni sotib oluvchida paydo bo`ladi.
Mulk huquqining hosila usulida vujudga kelishiga misol qilib oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash, qarz shartnomalari, shuningdek qonun va vasiyat bo`yicha meros olish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali olinishini ko`rsatsa bo`ladi.
Fuqarolik koyedksining 185-moddasida ko`rsatilganidek, shartnoma asosida mol-mulk oluvchida mulk huquqi, agar qonun hujjatlari yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, ashyo topshirilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Agar ashyoni birovga o`tkazish to`g`risidagi shartnoma notarial guvohlantirilishi yoki davlat ro`yxatidan o`tkazilishi lozim bo`lsa, egalik huquqi bunday shartnoma notarial guvohlantirilgan yoki ro`yxatdan o`tkazilgan paytdan e`tiboran vujudga keladi.
Qonunda uy-joy (kvartira)ga mulk huquqining vujudga kelishi belgilangan tartibda ajratib berilgan yer uchastkasida qurilayotgan yangi uy-joyga mulk huquqi davlat ro`yxatidan o`tkazilgan paytdan boshlab vujudga kelishi belgilangan.
Bir yoki bir necha shaxslar tomonidan ko`rilayotgan uy-joy qurilish tamom bo`lguncha va ro`yxatdan o`tkazilguncha mahalliy hokimiyat organlarining ruxsatisiz boshqa shaxsga berilishi mumkin emas. Davlatga qarashli uy-joy (kvartira)ga mulk huquqi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan xususiylashtirish tartibida vujudga keladi.
Kooperativ uy-joyga, kvartiraga, garajga, chorboqqa va boshqa binolarga mulk huquqi kooperativ a`zosi pay badallarini batamom to`lab bo`lgandan keyin vujudga keladi (FKning 210-moddasi). Ba`zi ashyolarga nisbatan esa egalik huquqi ashyo topshirilishidan so`ng yoki ashyoning qiymati to`la yoki qisman to`langandan so`ng vujudga kelishi belgilanishi mumkin.
Xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyolar bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o`tkazilgan holda, agar bunday o`tkazish tegishli organlardan ro`yxatdan o`tkazilishi shart bo`lsa, ashyoga nisbatan egalik huquqi shartnomaning qayd qilinishi paytidan e`tiboran vujudga keladi.
Mulkka nisbatan egalik huquqining o`tish payti qonunda muqarrar belgilanishi birovga o`tkazilayotgan ashyolarning tasodifan nobud bo`lishi yoki buzilishi xavf-xatari, ya`ni buning natijasida yetkazilgan zarar kimning zimmasida bo`lishligini belgilash ham katta ahamiyatga egadir.
FKning 175-moddasida belgilangan qoida bo`yicha mol-mulkning tasodifan nobud bo`lishi yoki buzilishi xavfi, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, yetkazilgan zarar mulk egasining zimmasida bo`ladi.
Agar ashyolarni birovga o`tkazuvchi shaxs topshirishni yoki oluvchi ularni qabul qilishni kechiktirsa, ashyolarning tasodifan nobud bo`lishi yoki buzilishi xavf-xatari kechiktirgan tarafda bo`ladi. Masalan, sotib oluvchi qurilish materiallarini qabul qilishni kechiktirsa, ashyolarning tasodifan nobud bo`lishi yoki buzilishidan kelgan zararni o`z zimmasiga oladi.
Mulk huquqining bekor bo`lish usullari ham xilma-xil. Bu usullarni quyidagicha turkumlashtirish mumkin:
1) mulkdorning o`z erki-irodasi bo`yicha mulk huquqini bekor bo`lishi (masalan, mol-mulkni sotish, hadya qilish va sh.k.);
2) mol-mulkni tugatish va hisobdan chiqarish (yo`q qilib tashlash) yoki nobud bo`lishi natijasida mulk huquqining bekor bo`lishi (FKning 198-moddasi);
3) mulkdorning erki, irodasidan tashqari mol-mulkning olib qo`yilishi orqali mulk huquqining bekor bo`lishi. Mol-mulkni mulkdordan olib qo`yishga qonunlarda nazarda tutilgan hollarda va tartibda mulkdoning majburiyatlari bo`yicha undiruv ana shu mol-mulkka qaratilgan taqdirda, shuningdek natsionalizatsiya qilish, rekvizitsiya va musodara qilish tartibida yo`l qo`yiladi (FKning 199-moddasi).
Agar qonunga asosan shaxsga tegishli bo`la olmaydigan mol-mulk uning mulki bo`lib qolsa, ushbu mol-mulkka nisbatan mulk huquqi sud tartibida bekor qilinib, olib qo`yilgan mol-mulkning qiymati shaxsga to`lanadi (FKning 199-moddasi, 2-bandi).
Ashyolarga nisbatan egalik huquqi ba`zi hollarda mulk egasining erkidan tashqari ham bekor bo`lishi mumkin. Masalan, ashyolar tabiiy ofatlar, yong`in, suv toshqini, zilzila natijasida tasodifan nobud bo`lishida mulk huquqi mulk egasining erkiga bog`liq bo`lmagan holda bekor bo`ladi. Ba`zi hollarda, chunonchi, qarzni qoplash uchun ijro varaqasi bo`yicha haq undirilishida yoki mol-mulkning musodara qilinishida egalik huquqi mulk egasining erkiga bog`liq bo`lmagan holda bekor bo`lishi mumkin.



Download 24.84 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling