Muqimiyshunoslikda amalga oshirilgan ishlar va maktublarining ahamiyati
Download 48.5 Kb.
|
SÔNGGI
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kalit so’zlar
Muqimiyshunoslikda amalga oshirilgan ishlar va maktublarining ahamiyati Baxtiyorova Xumora, Buxoro davlat universiteti, Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik yo’nalishi I bosqich magistranti Annotatsiya: Maqolada XVIII asrning ikkinchi yarmi va XIX asrning boshlarida yashab ijod etgan atoqli o’zbek demokratik shoiri Muhammad Aminxo’ja Muqimiy ijodini o’rganish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda she’riy va nasriy maktublari haqida mulohaza yuritilgan. Kalit so’zlar: Muhammad Aminxo’ja Muqimiy, G’afur G’ulom, H. Razzoqov, G’ulom Karimov, Furqat, maktub, noshir, nashr Ham o‘zbek mumtoz adabiyoti ham milliy uyg‘onish davri ma’rifatparvarligining zabardast vakillaridan biri Muhammad Aminxo‘ja Muqimiydir. 53 yil umr ko’rgan Muqimiy o’zidan boy adabiy va abadiy meros qoldirgan. Shoir, asosan, nazmda – she’riyat yo‘nalishida ijod etgan. Uning asarlari o‘zining mavzusi va badiiy-g‘oyaviy xususiyatlari jihatidan rang-barangdir. Muqimiydan bizgacha yetib kelgan merosning umumiy hajmi taxminan 10 ming misradan iborat. Bu hazilakam meros emas. Shu raqamlar ham shoirning barakali ijod qilganini ko‘rsatadi. Ular lirik asarlar (g‘azal, muxammas, murabba, masnaviy, ruboiy, tuyuq, fard), hajviyot (satira, yumor), «Sayohatnoma»lar, maktublardan tashkil topgan. Shoir о‘zigacha bо‘lgan adabiyotimizning eng yaxshi an’analarini davom ettiribgina qolmay, uni yangi mazmun bilan boyitdi, yuqori pog‘onaga kо‘tardi. Biroq shoir, garchi, o’sha paytlarda urf bo’lsada o’z asarlarini «Majmua», «Bayoz» yoki «Devon», holida tartib bergan emas. Shoirning ijodiy merosini tashkil etuvchi 1960 yilda nashr etilgan 2 jilddik asarlar tо‘plami turli xil manbalardan tо‘plangan asarlaridir. Muqimiy ijodini o’rganish uning hayotlik chog’idan boshlangan. She’rlariga bildirilgan turli-tuman munosabatlar haqidagi bahslar, maqolalar bunga dalil bo’ladi. Shoir vafotidan to’rt yil keyin uning devoni “Devoni Muqimiy” nomi bilan ilk bor 1907-yilda Nikolay Ostroumov tomonidan nashr etilgan. Unda shoirning she’riy asarlari bilan birga tarjimayi holi va ijodi haqida qisqacha ma’lumot ham berilgan.1910-yili Portsev litografiyasida “Devoni Muqimiy maa hajviyot” nomi bilan shoir asarlarining ikkinchi nashri amalga oshirildi. 1912-yilda esa Muqimiyning yana bir she’riy to‘plami chop qilindi. Shoir ijodini jiddiy va samarali o’rganish o’tgan asrning 30-yillarida boshlandi. Gazeta va jurnallarda qator maqolalar e’lon qilindi. Bu xayrli ishning boshida buyuk shoir G’afur G’ulom turdi. Uning tashabbusi bilan 1938-yil “Muqimiy bayozi” tuzilib nashr etildi. ”Bayoz”da shoirning 800 misradan iborat 27 ta she’ri berilgan bo’lib, ular janr xususiyatiga qarab joylashtirilgan (Satira-yumor, lirika) va ularga zaruriy izohlar, lug’atlar berilgan.1950-yil shoir asarlari “Lirika i satira” nomi bilan Moskvada rus tilida bosildi. 1953-yil Muqimiy ijodini o‘rganish tarixida yangi davr bo‘ldi. Shu yili vafotining 50 yilligi munosabati bilan Muqimiy hayoti va ijodiga oid maxsus kitoblar chiqarildi, shoirning tanlangan asarlari o‘zbek va rus tillarida nashr etildi, u haqda bir qator tadqiqotlar yaratilib, Muqimiyshunoslikka asos solindi. Yoqubov, A. Olimjonov, H. Zaripov, H. Razzoqov, G‘. Karimov kabi olimlar hassos shoir haqida kitoblar yozdilar, ilmiy tadqiqot ishlariga rahbarlik qildilar. H.Yoqubovning “O’zbek shoiri Muqimiy, A.Olimjonovning “Muhammad Amin Muqimiy”, H. Zaripovning “ Muhammad Amin Muqimiy”, H.Razzoqovning “Muqimiy va Zavqiy” nomli kitoblari hamda “ Furqat va Muqimiy”nomli maqolalar to’plami nashr etilgan. Ushbu maqolada mustaqillikkacha bo’lgan davrdagi adabiyot darsliklarida Muqimiy hayoti va faoliyatining o’rganilishi yoritilgan. Muqimiyning bizga ma’lum bо‘lgan merosini janrlar jihatidan quyidagicha kо‘rsatish mumkin: 1. Lirika (masnaviy, g‘azal, ruboiy, tuyuq, fard...). 2. Hajviyot (satira va yumor). 3. Sayohatnomalar. 4. Maktublar (she’riy va nasriy, jami: 10 ming misra). Muqimiyning nasr va nazmdagi maktublari epistolyar adabiyot ( xat, noma shaklida yaratilgan turli xil asarlar. Masalan Alisher Navoiyning “ Munshaot” asari ) namunasi hisoblanadi. Shoirning 10 ta she’riy, 20 ga yaqin nasriy maktublari saqlangan. Muqimiyning 1953-yilda G’afur G’ulom noshirligi va Uyg’un tahriri ostida nashr etilgan “Tanlangan asarlar”ida 3 ta maktubi kiritilgan bo’lib, bular: “Toshkentga nazm bilan xat”, “Payg’omi manzuma”, “Bor edi” she’riy maktublaridir. 1960-yilda esa G’ulom Karimov noshirligida Muqimiyning 2 tomlik Asarlar to’plami chop etiladi. Hajviyot (satira va yumor), Sayohatnoma, Maktubot(she’riy maktublar, nasriy maktublar) va Masnaviylardan tashkil topgan 2- tomida esa 9 ta she’riy va 17 ta nasriy maktublari berilgan. G’ulom Karimov to’plamda berilgan nasriy maktublar haqida shunday deydi: “Muqimiyning bizgacha еtib kеlgan bu nasriy xatlari, uning hayoti va ijodini o'rganishda, xususan uning so'nggi davr hayotini o'rganishda mo’tabar manba bo'lganlari uchun kitobga mavjud xatlarning hammasini kiritdik va zaruriyat bo'lmagan o'rinda tеkstni qisqartirmaslikka harakat qildik”. Muqimiy asarlari 1974-yilda qayta nashr etiladi. Nashrga tayyorlovchi yana Muqimiyshunos G’ulom Karimov bo’ladi. Ushbu nashrda 9 ta she’riy maktubi beriladi. Shoir G’afur G’ulomning 1941- yil 8- mayda “Qizil O‘zbekiston” gazetasida “Muqimiy maktublari” nomli maqolasi chiqadi. Maqolada “Yaqinda men Qo‘qonga borgan edim. Ro‘zimat hoji bilan uchrashdim. U menga Muqimiyning 1898—1899 yillar o‘rtasida Peterburg va Moskvaga yozgan 18 ta maktubini olib kelib topshirdi. Muqimiyning bu maktublari, uning tarjimai holida bizga aniq bo‘lmagan ko‘p faktlarni ravshanlashtiradi. Dukchi qo‘zg‘oloni, Andijon zilzilasi, Farg‘onaning o‘sha paytdagi siyosiy-ijtimoiy hayoti, ulug‘ shoirimizning ijodi, shaxsiy hayoti va hayotiy jafolari to‘g‘risida bu maktublar, ayniqsa, ko‘p material beradi. Shoirimizning tarjimai holini yozgan do‘stim o‘rtoq Uyg‘un shu 18 xatni o‘qib chiqishini va katta ilmiy xizmatini yana boyitishini orzu qilardim. Xatlarni Qo‘qondagi Muqimiy nomli muzeyga omonat topshirdim. O‘zFAN Til-adabiyot va tarix institutining bu xazina bilan qiziqishini orzu qilaman” deydi, otaxon adibimiz. Shoir ijodi namunalari yuzasidan ko’plab tadqiqotlar amalga oshirilgan. Afsuski, ularda Muqimiy asarlari sho’ro davri mafkurasi talabiga ko’ra bir tomonlama talqin qilingan. Natijada, shoir nazmiy merosi o’zining asosiy mohiyatidan uzoqlashtirildi. Ya’ni asarlari tahrirga uchradi, qisqartirildi, manbalarda qolib ketdi. Muqimiy asarlari turli qo’lyozma va toshbosma bayozlarda, san’atkorlarning yon daftarlarida, adabiyot havaskorlari kolleksiyalarida, ayrim parcha qog’ozlarda turli kishilar qo’lida saqlanib kelingan.Ta’kidlash joizki, shoir asarlarini yig’ish va nashr etish professor G’.Karimov tomonidan “Asarlar to’plami” jami to’rt marta (1958,1960,1973,1974)chop etilgan. Afsuski, bu nashrlarda Muqimiy ijodi kommunistik mafkuraning kuchli tazyiqi sabab to’liq va mukammal holda nashr etilgan emas8. Muqimiy adabiy merosi qo’lyozmalari yuzasidan A.Shokirov tomonidan ilmiy izlanishlar olib borildi. Ayniqsa, shoir asarlarining sovet davridagi eng so’nggi nashriga [ Karimov 1974] kiritilmagan ayrim she’rlar keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi. Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati: G’afur G’ulom. Muqimiy, Tanlangan asarlar. –Toshkent: O’z SSR davlat nashriyoti, 1953 2. . G’ulom Karimov. Muqimiy, 2 tomlik asarlar to’plami.- Toshkent: O’z SSR Davlat Badiiy Adabiyot Nashriyoti, 1960 2. G’ulom Karimov. Muqimiy, Asarlar.- Toshkent: G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti,1974 Download 48.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling